Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.04.2026 | 18:06

img859

ENDI SALOHIYATIMIZNI KO‘RSATISHIMIZ KERAK!

Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad ALI bilan suhbat

– Prezidentimizning “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekkani tarixiy hodisa bo‘ldi. Bu ulug‘ ajdodimiz siymosini badiiy asarlarida gavdalantirib kelayotgan adib, u zot nomi bilan ataluvchi tashkilot raisi sifatida qanday hissiyotlar uyg‘otdi?

– Bu qaror, nafaqat Amir Temur, balki uch ming yillik davlatchilik tariximizni o‘rganish, idrok etish yo‘lidagi muhtasham hujjat bo‘ldi. Kuni kecha muhtaram Yurtboshimiz bizning muzeyga tashrif buyurgan chog‘ida yana bir bor boy tariximiz, buyuk tarixiy shaxslarimizning millat tarbiyasidagi muhim o‘rni to‘g‘risida to‘xtalib, ibratli fikrlar bildirdilarki, biz bu qimmatli ko‘rsatmalarni kelgusi ishlarimizga dasturulamal qilib olamiz. Imkondan foydalanib, suhbatimiz avvalida bizga buyuk daholarimizni to‘laqonli qaytarib, millat g‘ururini yuksaltirgani, jumladan, muzeyimizni zamonaviy darajaga ko‘tarishga bosh-qosh bo‘lgani, tarixchi va yozuvchilarga ijod imkonini berib, rag‘batlantirayotgani uchun Prezidentimizga keng jamoatchilik nomidan minnatdorlik bildirib o‘tmoqchiman.

Endi qarorga qaytadigan bo‘lsak, unda Buyuk temuriylar davrini tadqiq qilish bo‘yicha ilmiy-amaliy chora-tadbirlar belgilab berildiki, bu tariximizning boshqa davrlarini qanday o‘rganish kerakligi bo‘yicha yo‘llanma vazifasini o‘taydi. Chunki “oltin davr” hisoblanadigan Sohibqiron Amir Temur davri va faoliyati shonli tariximizning o‘zagini tashkil etadi-da.

Qaror muqaddimasida shunday satrlarni o‘qiymiz: “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temur milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida beqiyos o‘rin tutadi. Mustabid tuzum tomonidan nohaq qoralab kelingan bu ulug‘ zotning muborak nomi va xotirasi mustaqillik yillarida tarixiy adolat asosida qayta tiklandi. Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan ma’naviy kuch bag‘ishlab kelmoqda”.

Shundan kelib chiqib, mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichi – Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish mamlakatimizda yangi Uyg‘onishga zamin hozirlaydi. Bu ezgu ishda, avvalo, siz-u biz – ziyolilar, olimlar, ijodkorlar kamarbasta bo‘lishimiz kerak.

– Mazkur hujjatda “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishi bo‘yicha chora-tadbirlar ham o‘z aksini topgan. “Buyuk” sifatiga jahon tarixida tez-tez duch kelamiz: Buyuk Britaniya, Buyuk boburiylar saltanati, Buyuk Pyotr va hokazo.

Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini hisobga olsak, ularga nisbatan bu sifatni ishlatish mantiqan to‘g‘ri bo‘libgina qolmay, tarixiy adolatning tantanasi ham bo‘ladi. Shunday emasmi?

– Juda ham to‘g‘ri! Fikringizga qo‘shilaman. Haqiqatda bobolarimiz buyuk zotlar edi. Nega biz shu paytgacha ularga yetarlicha baho bermay keldik? Nega jahon ayvonida Amir Temur va temuriylarga nisbatan yangrayotgan turli gap-so‘zlarga dadil javob qaytarmadik. To‘g‘ri, bir vaqtlar buning iloji yo‘q edi. Ammo Istiqlol davrida Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov kabi “Aytgum, bu kun u manim, manim!” deb hayqirsak arzimasmidi?.. O‘tgan ishga salovat deydilar. Mana, zamoni keldi, endi salohiyatimizni ko‘rsatishimiz kerak!

Shu sababdan mazkur Qarorda Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini dunyoga keng ko‘rsatish niyatida xorijiy davlatlarda xalqaro ilmiy muomalaga “Buyuk temuriylar” atamasining istiloh sifatida kiritilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, uchrashuvlar, muloqotlar, mediatadbir va anjumanlar o‘tkazilishi belgilandi.

O‘z-o‘zidan, Mirzo Ulug‘bek, Ibrohim Sulton, Boysung‘ur Mirzo, Iskandar Mirzo, Sulton Husayn Mirzo, Bobur Mirzo, Gulbadanbegim, Zebunnisobegimlarning mo‘tabar nomlari tilimizga keladi. Barchasi – temuriylar. Ularning har biri haqida alohida suhbat joiz.

Men ikki siymo haqida to‘xtalib o‘taman. Ibrohim Sulton ibn Shohrux. Avval Balx, keyin Sheroz viloyati hokimi bo‘ldi. O‘tkir siyosatchi edi. Xattotlik bobida ustozlik qilardi. U Qur’oni Karim nusxalarini ko‘chirishda mohir edi. Bu nusxalardan ikkitasi Eron muzeylari, xususan, Sheroz shahrida joylashgan “Pars” va Mashhaddagi “Astan Quds Razaviy”da saqlanadi. Tadqiqotchi Dilbarxon Ahmedovaning guvohlik berishicha, milodiy 1427-yilda Ibrohim Sulton tomonidan ko‘chirilgan “Qur’oni-jomiy” nusxasi Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyida saqlanadi.

Hayratga tushadigan joyi – mazkur nusxa ko‘chirilgach, oradan ikki asrcha vaqt kechib, boburiy podshoh Avrangzebning qo‘liga o‘tgan va podshoh uni e’zozlab (Ibrohim Sultonni “o‘sha zamonning eng buyuk sultoni va zamon podshohlarining eng ulug‘ining nabirasi”, deb ta’riflaydi) nusxaning oxirgi sahifasiga kitobni milodiy 1638-yilda o‘qib tugatganini, ulug‘ ajdodlaridan meros sifatida uni asrab-avaylashni o‘z burchi deb bilishini ifoda etib o‘z qo‘li bilan dastxat bitgan.

Ibrohim Sultonning  ulug‘ savob ishlaridan yana biri – milodiy 1420–1425-yillarda o‘zi bosh bo‘lib muarrix Sharafuddin Ali Yazdiyni jalb etib, mashhur “Zafarnoma” asarining yozilishiga sababchi bo‘lganidir. Bugungi kunda bu asar o‘zimizda ham, xorijda ham Sohibqiron Amir Temur haqida yozilgan tarixlarning mukammali hisoblanadi.

Ikkinchisi, Boysung‘ur Mirzo ibn Shohrux. Tarixchilar uni o‘ta zukko, donishmand, san’at fidoyisi, bilimdon xattot, xushfe’l inson sifatida ta’riflaydi. U, asosan, otasining huzurida, saroyda xizmat ko‘rsatgan. Mamlakatdagi jami shaharlardan eski qo‘lyozmalarni yig‘dirgan. Bog‘i Safid bog‘ida o‘zi bosh bo‘lib mohir xattotlarni jamlagan, har tomonlama ularni moddiy ta’minlagan va qo‘lyozmalarni ta’mirlatgan yoki yangidan ko‘chirtirgan, tayyor nusxalarni madrasa, masjid va mahallalarga tarqatgan.

U Hirot naqshinnigor (miniatyura) maktabining asoschisi hisoblanadi. O‘zi onasi Gavharshodbegimning Mashhadda bunyod ettirgan madrasa devorlariga naqshlar solgan. Uning tarixiy ishlaridan yana biri Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostoni qo‘lyozmalarini to‘plab, bir-biriga qiyoslab, shaxsan o‘zi kotiblar yo‘l qo‘ygan ayrim sahvlarni tuzatgan va “Shohnoma”ning mukammal nusxasini yaratgan. Uning ustiga, dostonga so‘zboshi, muqaddima yozgan. Muazzam “Shohnoma”ga so‘zboshi yozish… bu juda katta bilimni, jur’atni talab qiladi. Ana shu nodir nusxa hozir Tehron muzeylaridan birida saqlanadi.

Daryo dengiz daragini beradi. Agar Temurbekning ommaga ko‘pam ma’lum bo‘lmagan nevaralari shunchalik ulug‘ ishlarga qodir bo‘lsa, uning o‘zi qanchalik katta fenomen bo‘lgan ekan?! Buni daf’atan tasavvur qilish aqlga og‘irlik qiladi. Shuning uchun ham qarorda “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish, “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi”, “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish, temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, Temuriylar davri manbalari elektron platformasini yaratish belgilab qo‘yildi.

– “Tirik tarix” loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish masalasi ham qarorda o‘z aksini topdi. Amir Temur va o‘zbek kinosi masalasida fikrlaringiz o‘quvchilarimizni qiziqtiradi.

– Men O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton ssenariysi asosida suratga olingan “Ulug‘ Amir va donna Mariya” badiiy filmi taqdimotida bo‘ldim va juda ta’sirlandim. Unda Amir Temurning jahoniy shaxs ekani ko‘rsatib berilgan. Film menga yoqdi. Ijodkorlarning mehnati maqtovlarga arziydi. Film bizda Amir Temur mavzusini qanday yoritish kerak, deb chalkash xayollarga mubtalo bo‘lib yurgan ijodkorlarga yo‘l ko‘rsatib berdi yoki boshqacha aytganda, yo‘l ochib berdi. Shuning o‘zi ham katta xizmat.

Umuman, qilingan yaxshilik, ezgulik hech qachon unutilib ketmasligi haqidagi tarixiy hikmat film zamiriga jo bo‘lgan. Amir Temurday dunyo tashvishi bilan band bo‘lgan ulug‘ zotning tutqunlikka tushgan ayollar taqdiri bilan qiziqishga, e’tibor berishga vaqt topganining o‘zi hayratlanarli! Shu emasmi insonparvarlik?! Real hayotda shundoq. Endi ularni yuvib-tarab Ispaniya qiroliga elchilar kuzatuvida yuborishi tahsinga sazovor. Ular Ispaniyada kanizaklar emas, malikalar qatorida ko‘rildi, chunki ular Sohibqiron Amir Temur tomonidan yuborilgan! Kanizaklarning tarixi Ispaniyada mashhur bo‘lib ketdi, shoirlar she’rlar bitdi. Ispaniyada donna Mariya deb nomlangan kanizak, aslida Vengriya qiroli Sigizmund I ning nabirasi bo‘lgan.

Filmning kulminatsiyasida Sohibqiron Amir Temurning Yevropa mamlakatlari monarxlariga yo‘llagan maktublari alohida-alohida ko‘rsatilib, o‘qib beriladi. Ularning munosabatini sahnada gavdalantiradi. Mana shu epizodlar uchun ham bu filmni dunyo bo‘ylab taqdimotini o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bu asar Amir Temurning jahon tamadduniga, xususan G‘arb sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini yana bir bor ta’sirchan shaklda ko‘rsatib beradi.

– Ustoz, keyingi yillarda dunyo kino ustalari bizning buyuk bobolarga e’tibor qarata boshladi…

– Ha, buning sababi aniq. Avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bizning o‘z buyuk bobolarimizga qarashimizni o‘zgartirdi. Natijada, xorij ham o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.

Shu bois Sohibqiron haqida yaqin-yiroq davlat ijodkorlari filmlar ishlamoqda. Ularning ham o‘ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bor, albatta. Lekin unutmaylik: hech bir xalq boshqa bir xalqning milliy qahramoni obrazini asliday ochib berolmaydi. Bu yerda faqat aktyorlik mahorati haqida ketmayapti gap. Gap: milliy g‘urur, millat sha’ni va millat taqdiriga daxldorlik masalalarida. Shu sabab mavjud tajribalar va jahon amaliyotidan foydalanib, Temurbek haqida yangi kinomahsulotlar yaratish ustida bosh qotirishimiz zarur. Buning uchun esa avvalo, intellektual aktyorlar jamoasini, dangal aytganda, Amir Temurni o‘ynaydigan aktyorni shakllantirish, tarbiyalash kerak.

– Bugun Amir Temur va temuriylarga bag‘ishlangan ilmiy, badiiy, ommabop asarlar yaratilmoqda. Afsuski, aksari ikki daryo oralig‘ida qolib ketyapti. Xalqaro maydonda targ‘ibot tarjimasiz bo‘lmaydi.

– Tarjima masalasi jiddiy va dolzarb. Adabiyot boshqarilmaydi, degan gap to‘g‘ri. Lekin tarjima boshqarilishi zarur. Birinchidan, tarjimonlarga haq to‘lash masalasi jiddiy ko‘rib chiqilishi kerak. Ikkinchidan, “Jahon adabiyoti” jurnalimiz chiqib turibdi, tarjimonlar maydonini kengaytirmoq lozim. Aniq taklif aytaman, faqat tarjimaga ixtisoslashgan nashriyot ochish zarur. Yana ta’kidlayman, tarjima – ijodiy ish, lekin boshqariladigan ish.

– Sohibqiron haqida hech kim sizchalik ko‘p va xo‘b yozmagan. 80-yillarda “Sarbadorlar” bilan boshlangan ijodiy zanjir bugun ham davom etib kelyapti. O‘tgan yili “Temurbek” asaringizdan parcha “Jadid” sahifalarida chop etilgan edi. Mana, bu yil, qutlug‘ sana arafasida kitob holida qo‘limizga tegdi. Yangi asaringiz haqida o‘quvchilarga aytib bersangiz.

– Muhtaram Prezidentimiz ziyolilar bilan bo‘lgan muloqotlaridan birida savol qo‘ygan edi: “Nima uchun bobolarimiz yoshligi haqida asarlar kam? Xususan, Amir Temurning yoshligi haqida asar qani?”

Shundan keyin o‘ylanib qoldim. Bu gap xuddi menga aytilganday edi. Shu payt Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ham uchrashuvdan hayajonlanib chiqib qoldi. U, shu asarni siz yozishingiz kerak, ustoz, yordam – bizdan, dedi. Yaxshi, oqko‘ngil insonlarning so‘zi, ayniqsa, yozuvchiga juda zarur. Ko‘nglimga uchqun tushdi, ikki yil davomida Amir Temur bobomizning ajdodlari tarixini ilgari ham o‘qigan bo‘lsam-da, endi boshqacha tavajjuhda yondashib o‘rganib chiqdim. Rivoyatlar bilan tanishdim.

Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘iga bordim. Bu tabarruk maskanni u boshidan bu boshigacha kezib chiqdim, kechqurunlari yaqin kelib qolganday tuyuladigan osmonlarni tomosha qildim, oqsoqollar suhbatlarini oldim, tasavvurlarim kengaya boshladi.

Tarixiy qissa bitgandan so‘ng yozuvchi va olimlarga o‘qishga berdim, fikrlarini tingladim. Bari foydali bo‘ldi.

Kuni kecha “IT-park” majmuasida kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitobni Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorlikda nashr qildi. Fursatdan foydalanib, ularga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

– Sohibqiron tavalludi yil davomida nishonlanishi belgilab berilgan. Jamoat fondining va ustoz adib Muhammad Alining kelgusi rejalari qanday?

– Shu kunlarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazilyapti.

Fondda esa Amir Temur haqida yozilgan asarlarni nashr etish, ularga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Chunonchi, shu yil aprel oyi ikkinchi o‘n kunligida Turkiston shahrida Sohibqironga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Hozirgacha Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarini, Amir Temur saltanati haqida ilk kitob – G‘iyosiddin Alining “Hindiston yurishi kundaligi” kitobini chop etdik.

Kuni kecha quvonchli hodisa yuz berdi: “Temur tuzuklari”ning uch tilda – o‘zbekcha, ruscha, inglizcha nashri bosmadan chiqdi. Kitob muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi bilan ochiladi.

Kamina xodimingiz ijodiga kelsak, to tanda jon, yurakda mador bor ekan, millat va Vatanga daxldor mavzularda izlanishdan to‘xtash yo‘q. Katta ishonch, mas’uliyat zimmamizda ekanligi doimo bizni qo‘lga qalam olishga chorlayveradi.

– Ma’lumki, jadidlar ham Amir Temur shaxsini yuqori baholagan, undan madad olgan. Xususan, Fitrat boshchiligida xorijga o‘qishga ketayotgan talabalarning Amir Temur maqbarasida qasamyod qilishi voqeasi yurakni titratadi. Demak, Temurbek faqat o‘rta asrlar shaxsi emas, har bir davrda millatning o‘lmas siymosi, mangu barhayot daho ekan-da.

– Darhaqiqat, buyuk Amir Temur siymosi, ruhi hamma zamonda ham xalqimizning qalbida bo‘lgan, jumladan, jadidlarda ham. Abdurauf Fitratning Amir Temur haqidagi o‘tli xitoblari, “Yurt qayg‘usi” maqolasi, “Temur sag‘anasi” dramasi buni ko‘rsatib turibdi.

Siz aytgan talabalar Olmoniyaga yo‘l olgan edi. U yerga Sohibqiron qadami yetmagan, ammo o‘rta asrlar Yevropasi aynan bobomizning himmati va olijanobligi tufayli erkin nafas ola boshladi hamda ilm-fan yutuqlariga erisha boshladi. Turkistonlik talabalar esa ilmga chanqoqligi, vatanparvarligi bilan “Temur tig‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi”. Aslida, ana shu qasamyod har bir chet elga o‘qishga ketayotgan, o‘zimizda ilm yo‘lini tutgan yoshlarning ham qasamyodi bo‘lishi kerak.

Amir Temurni boshqa jahongirlardan ajratib turadigan jihatlaridan biri: ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi, bog‘lar va imoratlar bunyodkori ekanidir. Bugun ne-ne sarkarda-yu davlat arboblarining nomini faqat kitoblarda ko‘ramiz. Ammo Temurbek nomi u bunyod ettirgan binolar ko‘rinishida Yer yuzi bo‘ylab qad rostlab turibdi, uning soyasida yaratilgan va ko‘chirilgan kitoblarni ahli jahon xatm qilmoqda. Shu ma’noda, Amir Temur tavalludi sanasi faqat milliy emas, umumbashariy muhim sanadir.

– Ustoz, O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida Amir Temur tavalludining 690 yilligini nishonlash, “Mirzo Ulug‘bek” nomli birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshning uchirilishini e’lon qilish, Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligini o‘tkazish, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilishi, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasining qayta ochilishi, Pokistonda Bobur bog‘ining bunyod etilishi xalqimizga bitmas-tuganmas faxr va g‘urur bag‘ishlamoqda.

Ma’lumki, davlat suvereniteti ramzlaridan biri bu bayroqdir. Agar xayolga erk beradigan bo‘lsak, Tarix, Ilm, Adabiyot, Iymon otlig‘ dunyolarda har bir xalqning o‘z ramzlari bor. Amir Temur va Temuriylar xonadoni ham millatimizning iftixor bayroqlaridan. Niyatimiz, ushbu bayroqlar sarbaland bo‘lib, mangu hilpirab tursin!

Ustoz, ulug‘ bobomiz tantanalari jarayonida suhbatga rozi bo‘lganingiz, qimmatli mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashganingiz uchun rahmat! Salomat bo‘ling!

I.MIRZAALIYEV suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-apreldagi 15-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600