Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.04.2026 | 18:09

img1440

ADIBNING AYVONI

Otam Habibullo Qodiriy shunday qimmatli xotirani aytib bergandi:

“1956–1962-yillarda Toshkent davlat meditsina institutida tahsil olganman. Rektor Abdulmalik Gʻulomov bilan munosabatimiz yaxshi edi. U kishi mening ToshMIga qayta tiklanishimga katta yordam bergan.

Bir kuni Gʻulomovning xonasida so‘zlashib o‘tirsak, qiyofasi kavkazliklarga xos, kumushsoch, o‘rtabo‘y bir oqsoqol kirib keldi. Domla u kishi bilan ko‘rishib, darhol meni tanishtirdi:

– Mana, o‘rtoq Sodiq Aliyevich, bu yigit o‘sha siz hikoya qilib bergan Abdulla Qodiriyning o‘g‘li bo‘ladi…

Toshkent davlat meditsina instituti xirurgiya kafedrasining rahbari, professor Sodiq Aliyevich Ma’sumov (ozarbayjonlik) hikoyasi:

“1937-38-yillar miyonasida siyosiy mahbus sifatida men ham o‘n bir oy Toshkent NKVDsi podvallarida o‘tirganman… Kameralar mahbuslarga to‘lib-toshib ketgan edi. Men o‘tirgan bir kamerada yetmish kishi yotardi. Kameramiz shuncha kishiga juda torlik qilar, yotganda xuddi tuzlangan baliq kabi hamma bir yonboshga yotar, agar ikkinchi yonboshga o‘girilmoqchi bo‘linsa, hamma buyruq bilan o‘girilar edi. Barcha mahbuslar kamera oqsoqoliga bo‘ysunardi.

1938-yil yanvar oyining boshlarida bo‘lsa kerak, tun yarmida eshigimiz qulfi ochilib, kameramizga bir kishini kiritib yubordilar. Hamma: “Yana kim keldi?” deb bosh ko‘tarib qaradi. Kelgan kishi qirq-ellik yoshlar orasida, soch qo‘ygan, ustida qizil paxtalik to‘n, oyog‘ida kalish-mahsi, qo‘lida kichkina to‘shagi bor edi. Men u kishini tanimadim. Ammo yonimda yotgan Muborak Shoxov darhol uni tanidi: “Bu kelgan kishi o‘zbek xalqining sevimli yozuvchisi Abdulla Qodiriy bo‘ladi. Bu odamga yotish uchun amallab joy ajratib berish kerak”, dedi. Muborak bilan ikkimiz ikki yoqqa siqilishib, o‘rtadan amallab bir joy ochib berdik, ko‘rishdik va ko‘p so‘zlashmay, boshqalarning uyqusiga xalal bermaslik uchun ko‘z yumdik.

Shunday qilib, o‘zbekning sevimli yozuvchisi, ya’ni “jinoyatchi”si (Sodiq Aliyevich bu so‘nggi so‘zini kinoya qilib aytar va: “Taniqli yozuvchilardan taniqli jinoyatchilar chiqishini tarixda birinchi eshitishim”, deb kular edi) bilan tanishdik. Qodiriy vazmin tabiatli, kamtar shaxs ekan. Doim birga suhbatlashardik, u kishi bizni zeriktirmasdilar…

…Men otangizning asarlarini o‘qimaganman. Aytishlaricha, “O‘tkan kunlar” yigirmanchi yillardayoq ozarbayjon tiliga tarjima qilingan ekan. Ammo u kishining qiziq suhbatlarini tinglaganman. Bir kun zavqlari kelib, Sharq adabiyoti haqida uzoq so‘zlab berdilar. Men ham Sharq kishisiman, o‘z adabiyotimizni yaxshi biluvchilardan sanalardim. Biroq u kishining bilimi oldida menikini hech desa bo‘lar edi. Qodiriy arab, fors, turk tillarini, klassik adabiyotni to‘la o‘rganib chiqqan, desam, balki yanglishmasman. Qur’on tafsirini, hind falsafasini shu kishidan eshitdim va “Sharq adabiyotining bilimdoni” degan fikr ko‘nglimdan kechdi”.

Bobomizga berilgan mazkur baho bizni ularning asarlariga va o‘tgan hayotlariga yana qayta murojaat etishga undadi. Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanining “Yozg‘uchidan” debochasida: “Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydiq, bas, har bir yo‘sunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchiliq, ro‘monchiliq va hikoyachiliqlarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning “Tohir-Zuhra”lari, “Farhod-Shirin” va “Chor darvesh”lari va “Bahromgo‘r”lari bilan tanishdirishga o‘zimizda majburiyat his etamiz… Moziyg‘a qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar”, deb yozadi.

Asosiy mavzuga kirishishdan oldin asardagi “moziy” so‘zi haqida to‘xtalmoqchimiz. Xo‘sh, moziy nima o‘zi? Moziy – bu o‘tmish deganidir. Bizning o‘tmishimiz esa islom diniga va ko‘hna kitoblarga ham borib bog‘lanadi…

Debochada yozilgan “Tohir va Zuhra” rivoyati taxminan o‘rta asrlarda shakllangan. “Chor darvesh” yozma nasriy asar hisoblanib, Amir Xusrav Dehlaviy tomonidan  o‘n oltinchi asrda yozilgan. Asarning hind yozuvchisi Mir Amman tomonidan soddalashtirib yozilgan varianti keng tarqalgan. Unda to‘rt darveshning boshdan o‘tgan sarguzashtlari va sevgi hikoyalari naql  qilinadi. “Farhod va Shirin” Alisher Navoiy tomonidan 1484-yilda yozilgan. “Bahromgo‘r” dostoni Alisher Navoiyning 1484–1485-yillarda yozilgan “Sab’ai sayyor” asari bilan bog‘liq.

Romanning “Hasanalining hiylasi” faslida: “Bundagi farqni Yusuf-Zulayho qissalarini o‘qug‘an kishi biladir”, degan jumla bor. “Yusuf va Zulayho”qissasi Abdurahmon Jomiy tomonidan yozilgan. Ro‘mondagi “To‘y, qizlar majlisi” faslida: “Yel bilan o‘ynashib yong‘an sham nuri qizlarni allaqanday ajib holatga qo‘ymoqda, majlis ersa “Alif-Laylo” hikoyalaridagi “parilar” bazmini xotirlatmoqda edi”, degan so‘zlarni o‘qiymiz. “Alif va Laylo” “Ming bir kecha” ertaklari to‘plamida uchraydi.

Otam Habibullo Qodiriyni 1945-yil 28-may kuni hibsga olganlarida, uyimizdan quyidagi kitoblar olib ketilgan ekan: Sa’diy, Xondamir (“Ravzat us-safo”), “Ergashxon tarixi”, “Boburnoma”, Jaloliddin Rumiy (“Masnaviy”), “Bayoz” (bir nechta bayozlar), “Kalila va Dimna”, “Umar Xayyom” (ruboiylari), “G‘iyos ul-lug‘at” (bir necha jildlik), “Qomus” (turkcha, bir jildlik), Abu Ali ibn Sino falsafasi (qo‘lyozma, bir jildlik), Farididdin Attor (“Chor kitob”), Yusufxo‘ja Saryomiy (she’rlar to‘plami, 1-kitob), Qur’on kitoblari (turli davrlarda turli xattotlar tarafidan oltin hallar bilan yozilgan 8 dona. Bularning yozilishi o‘zi bir ajoyib san’at edi), Dehlaviy “Chor darvesh”, Xo‘ja Hofiz, Ibn Xaldun (tarix), “Qomus ul-lug‘at”(turkcha, 4 jildlik), Sahihi Buxoriy (2 jildlik) va Navoiy, Nizomiy, Firdavsiy, Bedil, Jomiy kabi shoirlarning juda ko‘p asarlari (jami ikki yuzdan ziyod kitoblar).

* * *

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon (1908–1982) hazratlarining xotirasi:

“Abdulla Qodiriy (Julqunboy) xalqimizdagi maqbul va mashhur bo‘lgan yozuvchilardandir. U qalami o‘tkir, ilm-ma’rifatga o‘ch, sohibi ilmlarni nihoyat ehtirom etuvchi shaxs erdi. 1929–1930-yillarda bo‘lsa kerak, Abdulla Qodiriy bilan bir necha o‘ltirishlarda birga bo‘lganman. O‘shal o‘ltirishlarning ba’zilari xotiramda yaxshi saqlangan.

Ko‘kaldosh madrasasi ortida bo‘yra sotuvchi Yusuf hoji ismli bir kishi bo‘lar edi. Bu kishini Bo‘yrachi hoji deb ham atashar, o‘zi ilm va adabiyotga muxlis, qiblagohimiz muftiy eshon Boboxon hazratlariga oshna, shul tufayli men ham ul kishiga yaqin erdim. Bir kuni yumush bilan shu Bo‘yrachi hoji do‘koniga kirsam, qozog‘istonlik bir olim kishi bilan (ismini unutdim) so‘zlashib o‘tirisharkan. Uchovlon suhbatimiz xiyla qizib ketdi. Gap Abdulla Qodiriy xususiga kelib to‘xtadi. Mazkur olim Abdulla Qodiriy bilan bir ko‘rishish orzusi borligini Bo‘yrachi hojiga izhor qildi. Bo‘yrachi hoji o‘zining Abdulla Qodiriy bilan yaqin oshnaligini aytib, agar istasalar shu kuniyoq ul kishining uyiga boshlab borishi mumkinligini bildirdi va yo‘lga otlandilar. Men ham, garchi toshkentlik bo‘lsam-da, o‘shal kungacha Abdulla Qodiriyni faqat asarlari orqali tanib, o‘zlarini ko‘rmagan va bir ko‘rishga ishtiyoqda yurardim. Bul tasodifdan foydalanib, men ham ularga hamroh bo‘ldim.

Peshin chog‘i yayovlashib Samarqand darvozadagi Abdulla Qodiriy bog‘iga chiqib bordik. Ochiq eshikdan boqqa kirdik. Bog‘, chamasi, tashqari hisoblanarkan, shekilli, kimsadan xoli ko‘rinardi. Bog‘ juda tartibli, oro berilgan, chetlariga qoziqtol ekilgan uzun ariqdan suv sharqirab oqar, o‘rta bir yerda ikki qavatli yangi shiypon qurilgan edi. Bo‘yrachi hoji bizni takallufsiz shiypon tagiga boshlab kirib, stullarga o‘tqazdi va o‘zi uy egasini chaqirgani ketdi.

Biz stol ustidagi kitoblardan olib o‘qib o‘tirdik. Yodimda, shul kitoblardan birining nomi “G‘iyos ul-lug‘at” deb ataluvchi qomus, shekilli, katta ko‘hna kitob edi. Biz undan ba’zi so‘zlarning mazmunini o‘qib angladik.

Bir vaqt Bo‘yrachi hoji oq qalpoq, oq ko‘ylak-lozimli, yalang‘oyoq, qop-qora bir kishi bilan so‘zlashib kirib keldi. U kishi biz bilan ko‘rishib, belbog‘iga qistirgan teshasini olib qo‘yib o‘tirgach, qozog‘istonlik mehmon bilan suhbatlasha boshladi. Men bul kishini biron xizmatchi yoki binokor usta bo‘lsa kerak, deb faraz qildim va ko‘nglimdan “Bul usta ham ilmdan boxabar kimsa ko‘rinadi”, degan andishani o‘tkazdim… Ular go‘yo bir-birlarini imtihon qilmoqchidek, arab adabiyoti bobida yarim soatdan mo‘l suhbat qildilar. Men suhbat uzulish bo‘lgan fursatdan foydalanib: “Abdulla Qodiriy bor ekanlarmi, keladilarmi?” deb so‘radim. Ul kishi kulib: “Hozir kelib qoladilar”, dedi va hammalari kulib yuborishdi. Bilsam, shul kishi Abdulla Qodiriy ekanlar. Biz borgan fursatda ul kishi o‘zlari ustachilik qilayotgan ekanlar…

Men ul choqlarda, garchi oz-moz ilmdan boxabar bo‘lib, arab-fors tillarini birmuncha bilsam ham, yosh (20-21 yoshlarda) erdim. Fikr yuritishlarim, yozuvchilik borasidagi aqidalarim ham yoshlarcha erdi. Shu kun, suhbat asnosi, fursati kelib, Abdulla Qodiriyga shunday savol berdim:

– Kechirasiz, odobsizlik bo‘lsa ham… Siz-ku, yozuvchisiz, hamma narsani ichingizdan to‘qib chiqarasiz. Shu holda mana bu “G‘iyos ul-lug‘at” singari eski kitoblarni mutolaa qilish sizga ne darkor?

Abdulla Qodiriy   kulib dedilar:

– Yozuvchi hamma-hamma narsadan imkon boricha xabardor bo‘lmog‘i shart. Bilimsiz, xabarsiz, quruq ichdan to‘qiyverishlik, bu quruq yozuvchilikdir”.

* * *

Aytishlaricha, Shayx Alouddin Mansur Qur’oni Karimning o‘zbekcha izohli tarjimasiga kirishishdan oldin “O‘tkan kunlar”ni qirq martadan ortiq o‘qigan ekan. Shayx bilan bo‘lgan so‘nggi izdihomda yig‘ilgan ziyolilar o‘rtasida qatag‘onga uchragan jadidlarimizning asarlarini muqoyasalash boshlanibdi… Shunda u kishi hurmatli olimlarimizdan biri Bahodir Karimdan: “Siz qanday fikrdasiz?” deb so‘rabdi. Bahodir aka: “Imoni bor o‘quvchi, albatta, Abdulla Qodiriy asarlarini o‘qiydi”, degan ekan. Shayx janoblari esa: “To‘g‘ri javob!” deb munozaraga chek qo‘ygan ekan. Biz esa “Adabiyot – anavi ot birinchi keldi, boshqasi keyin keldi, deb baho beradigan, ot poygasi emas! Balki, u bir bog‘ bo‘lib, undagi har bir gulning o‘ziga yarasha isi bor”, deymiz.

* * *

Shoir Muhammad Ismoil bir suhbatda: “Ustoz, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov:

– Biz, bugungi ijodkorlar, Abdulla Qodiriy barpo etgan adabiyotning “ayvon”ida o‘tiribmiz, hali “uy”iga kirolganimiz yo‘q, – degandi”, deya hikoya qilgandi.

Biz qo‘liga qalam olgan har bir ijodkorga o‘tgan jadid bobolarimiz kabi bebaho Sharq adabiyotlari bilan “to‘yinib”, o‘sha adabiyot “ayvon”idan “uy”ga kirish baxtini tilaymiz. Ularni faqat qatag‘onga uchragani uchun e’zozlamay, e’tiborini ulug‘larimiz qoldirgan xazinalarga qaratishni so‘rab qolamiz. Xulosa qilib aytmoqchimizki, ular qoldirgan boy merosni yorqin fikr bilan o‘qib mulohaza yuritsak, albatta, hayot haqidagi tushunchalarimiz ham boyib boradi.

Sherkon QODIRIY

“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-apreldagi 15-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600