Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.04.2026 | 17:27

img991

IZLARNI IZLAB…

“O‘zga mamlakatlarni zabt etish, ularni idora qilish, g‘anim lashkarlarini sindirish, dushmanni tuzoqqa tushirish, muxoliflarni (ko‘nglini ovlab) do‘stga aylantirish, do‘st-dushman orasida muomala, murosa-yu madora qilish xususida…” ko‘p kengash va tadbirlarni qo‘llagan ulug‘ bobomizni har qancha bosh uzra tutsak, boshimiz shuncha sarbaland bo‘lg‘ay.

Muhtaram Prezidentimiz qarori bilan har yili aprel oyi Amir Temurga bag‘ishlanishi belgilab qo‘yildi. Ilk bor Navro‘z tantanalarida buyuk sarkardamizning muzaffar bayrog‘i mag‘rur hilpiradi. Elning ko‘kayi tag‘in bir chinor bo‘yi o‘sdi. Bul ajib shukuhdan to‘lqinlanib ketgan kamina navkaringiz ham “ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab, shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘y”moq ilinjida ko‘hna Kesh qal’asi sori yo‘lga tushdi.

Sohibqiron tug‘ilgan tuproqni ziyorat qilganimdan so‘ng ko‘nglimga kelgan birinchi kengashim

Amir Temur milodiy 1336-yil 9-aprel kuni hozirgi Shahrisabz yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ilgan. Bu joy bugun Yakkabog‘ tumaniga qaraydi. Ko‘klamda borsangiz, yam-yashil dalani ko‘rib, yayrab ketasiz. Eh-he, agar o‘n yilcha burun kelganingizda edi, “Bu yerda Amir Temur bog‘i ochiladi! Sohibqiron aynan mana shu quduq yonida tug‘ilgan! Bu joy hali jahon sayyohlari bir ko‘rishni orzu qiladigan muqaddas qadamjoga aylanadi!” deya chiranib nutq irod etayotganlarga duch kelardingiz.

Gapni cho‘zmay, Amir Temur tavalludi va bolaligi haqida tarixiy kitoblar orqali ham mavzulashtirilgan bog‘ yaratsak bo‘lardi. Bu joy haqiqatan ham bobomiz tug‘ilgan tuproq bo‘lsa, uning hurmatini qilib, o‘n minglab mehmonlar, ziyoratchilar keladigan muhtasham maskanga aylantirish lozim emasmi?

Keling, o‘zimizga qaytamiz. Kengliklarga qarab kishi hayrat va xayolga ergashadi. Nahotki, jahonni fath etgan buyuk sarkardaning bolaligi shu yerlarda o‘tgan. Ko‘zni yumib, chuqur nafas olgancha tasavvur qilasan kishi:

“Ana, o‘n yoshli Temurbek tengdoshlari bilan kurash tushmoqda. Barini yiqitdi! Qoyil, yashavor, azamat! I-ya, tag‘in bunisi kim bo‘ldi? Olishaman deydimi? Temurbekdan katta-ku? Chamasi, orada besh yosh bor. Tarag‘ay Bahodirning o‘g‘lini qarang, jikkakkina bo‘lib daroz yigitga bo‘yin cho‘zadi-ya! Boboylar soqolini selkillatib, boshni sarak-sarak qilib, yelka uchirib kulishini ko‘ring. Hay, mayli, olishsa-olishsin! Shundog‘am o‘ntasini yiqitib, kuchdan qoldi. Baribiram Oqsoqolimizning to‘ng‘ichiga kuchi yetarmidi? Qo‘yib berishdi. Olish boshlanishi hamonoq Temurbek devdekkina raqibini yelka oshirib otdi. Bechoragina gurs etib tuproqqa tushdi-yu boshini changallab qoldi…”

Xalq orasida yurgan rivoyatga ko‘ra, Temurbek shu to‘ydan qaytar paytida ori chidolmagan qishloq yigitlari o‘rtaga olib, oyog‘ini sindirgan. Aslida, gapning rosti Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Ali Yazdiylarning “Zafarnoma”sida mufassal bayon etilgan. Buyuk bobomizning o‘zlari ham “Temur tuzuklari”da shunday degan: “Seyiston voliysi va’dasiga vafo qilmagani uchun ilojsiz yo‘llarini to‘sib, jang-u jadalga kirishdim. Shu payt bir o‘q kelib bilagimga qadaldi, yana biri oyog‘imga tegib yaraladi… O‘sha viloyatda yaralarim bitguncha ikki oycha turib qoldim”.

Kengliklarga qaytamiz. Hazratimiz yigirma to‘rt yoshlariga dovur Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida yashagan va ko‘p qatori kurash, ko‘pkari, “oq suyak”, “churr-kes”, poyga, tosh ko‘tarish, “taka lov-lov” va boshqa o‘yinlar bilan shug‘ullangan. Padari buzrukvori barlos qabilasining nufuzli oqsoqoli edi. U kishi Turkistonning o‘sha paytdagi hukmdori Amir Qozog‘on oldida ishonch qozongan hurmati bor beklardan hisoblanar, Chig‘atoy ulusi beklari qurultoylariga qatnashib turardi. Harbiy ishlarga mayli yo‘q, taqvodor, vaqtini darveshlar bilan o‘tkazardi. Sharafiddin Ali Yazdiyning ta’biricha: “Tarag‘aybek ulamo va sulaho va muttaqiylarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…”

Shu qurultoylarda ko‘zi pishgan Temurbekda millatparvarlik qoni jo‘sh uradi. O‘smirlik davridanoq jonajon yurti yovlar qo‘lidaligidan g‘ashi kelar va bo‘lajak janglarga ma’naviy-jismoniy kuch to‘plab borardi.

Darvoqe, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i qabristonida “Polvon tosh” ham bor. Amir Temur yigitlik chog‘larida ushbu g‘ayrioddiy shakldagi qadimiy toshni ko‘tarib mashq qilgan, deyishadi. Og‘irligi yuz kiloga yaqin. Haligacha sayilda yig‘ilgan yigitlar toshni o‘rtaga olib, yeng shimarib musobaqalashib turishadi.

Yakkabog‘ tumanidagi Tutak qishlog‘ida ham Amir Temurning piri Tutak ota (Boboyi Valiy) bilan bog‘liq boshqa bir “Polvontosh” mavjud. Og‘ir yukni yerdan uzarda tish orasidan sirg‘alib chiqadigan “Yo pirim!” degan nido shundandir ehtimol…

Shu payt bahs boshlanib ketadi.

Bilagi zo‘rlar: “Bu – polvontosh!” deydi. Bilimi zo‘rlar esa: “Bu – qabrtosh”, deydi. Bilagi zo‘rlar: “Isbotla!” deydi. Bilimi zo‘rlar: “Uning beshiksimon shakli temuriylar davridagi qabr toshlariga xos, Samarqanddagi Shohi Zinda ansamblidagi qabrtoshlar ham shunday!” deydi. Polvonlar qosh uyib: “Bu bir qairoqtosh bo‘lsa, qabrtosh degani marmardan ishlanmaydimi? Ana, yozuviyam yo‘q-ku?! Toshimizni tinch qo‘yinglar!” deydi. Bilgichlar ham toshingni ter desa, terib ketarmidi? Tag‘in qizishadi: “Toshda yozuv yo‘qligi ham tabiiy hol: o‘rta asrlarda ayrim qabr toshlari, ayniqsa, go‘daklar, ayollar yoki oldindan tayyorlangan, lekin ishlatilmay qolgan toshlarda yozuv bo‘lmagan!” deydi… Xullas, hikmat izlaganga hikmatdir dunyo!

Amir Temur jismoniy kuchni shu kabi toshlardan olgan bo‘lsa bordir. Lekin ma’naviy kuchni avvalo, otasidan va pirlaridan olgan. Anglaganingizdek, keyingi manzil –

“Dorut tilovat” majmuasi.

Ushbu majmua XIV asr oxiri – XV asrning birinchi yarmida shakllangan bo‘lib, uning tarkibiga Ko‘k gumbaz masjidi, Shayx Shamsiddin Kulol va Gumbazi Sayidon maqbaralari hamda bir qator hujralar kiradi. Hatto, Samarqand va Qashqadaryo orasiga tushgan Taxtiqoracha dovonida manglayga kaft tirab qarasangiz ham ko‘zga yaqqol tashlanadigan Ko‘k gumbaz masjidi qadim Shahrisabzning faxri hisoblanadi. U 1434-1435-yillarda buyuk davlat arbobi va olim Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bekning buyrug‘i bilan qad rostlagan. Uning ro‘parasidagi Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi XIV asr oxirida barpo etilgan. “Zafarnoma”da shunday deyilgan: “U (Amir Temur) qadrli shayx Shamsuddin Kulolga sidqidildan ixlos qilardi va uning muborak qabriga (ziyorat uchun) tez-tez borib turardi”.

Undan avvalroq, ya’ni 1373-74-yillarda Amir Temur Shamsiddin Kulol qabri yoniga kichik gumbazli maqbara qurdirgan va otasining jasadini shu yerga ko‘chirtirgan. Unga tutash yana bir maqbara “Gumbazi Sayyidon” deb ataladi. Maqbara 1437-yilda Mirzo Ulug‘bek buyrug‘i bilan qurilgan. Ichkarida XV–XVII asrlarga oid, Termizdan kelgan sayyidlarga tegishli bir nechta qabr toshlari bor. Bu yerdan ziyoratchi va sayyohlarning qadami uzilmaydi.

Amir Temurning birinchi qabri.

Ha, eshitgan quloqqa g‘alati tuyulishi mumkin. Dastlab Sohibqiron Shahrisabzda o‘zi uchun hashamatli bino qurdirib, marmartoshdan sag‘ana ham tayyorlatgan edi. Biroq u to‘satdan vafot etgani sababli, Samarqandda, nabirasi Muhammad Sulton uchun barpo etilgan maqbaraga favqulodda holatda, ta’bir joiz bo‘lsa, maxfiy tarzda dafn etildi.

Keshdagi maqbaraga ilk bor, bolaligimda tushganimda vujudimni allaqanday qo‘rquv qurshagan. O‘shanda tuyganim zax va nam tuproq hidi hali ham shunday… Qadam bossangiz o‘zingizga eshitiladi. Olti tomonda muqaddas kalimalar bitilgan. Chirigan qadimiy zanjirlarni ushlasangiz, pashmakday uvalanib ketadi. Birozdan keyin havo yetmayotganini sezasiz. 1941-yilda bu qabrni ham ochib ko‘rishgan. Har ehtimolga qarshi, u-bu narsa topamiz deyishgandir-da. Undan avvalroq bu dahma tasodifan topilgan. Shu mahallaning bolalaridan biri o‘yin avjida tasodifan chuqurga tushib ketadi. Uni qutqarib olishgunicha nimalarni o‘ylagan bo‘lsa bechora…

Dahma ustida Ahmad Yassaviy maqbarasiga birga bir o‘xshaydigan mahobatli maqbara bo‘lgan. Buning kelbatini Klavixo kiftini keltirib maqtagan joylari bor. Umuman olganda, Dor us-siyodat me’moriy majmuasi bir qator tarixiy yodgorliklardan tarkib topgan bo‘lib, ularning orasida eng asosiysi Jahongir maqbarasidir. Amir Temur to‘ng‘ich o‘g‘lini juda qattiq yaxshi ko‘rar, uning shijoatida o‘z bolaligini ko‘rardi. Jahongir Mirzoning o‘g‘li Muhammad Sulton ham ayni shunday mard va jasur jangchi bo‘lgan. Ikkisi ham asosiy taxt vorisi edi. Ikkisining yelkasiga ham ajal qushi juda erta qo‘ndi. Amir Temur taxtining uchinchi qonuniy da’vogari Pirmuhammad Sultonning ham qismati ayanchli yakun topgan. Muhammad Jahongir Mirzoning ikkinchi o‘g‘li bo‘lgan sulton otasining o‘limidan 40 kun o‘tgach tug‘ilgan. 1392-yilda Amir Temur G‘azna, Kobul, Zobuliston, Qandahor viloyati va Sind daryosigacha bo‘lgan yerlarni Pirmuhammad tasarrufiga topshirgan edi. U bobosi Amir Temurning bir necha harbiy yurishlarida, jumladan, Hindiston fathida qatnashgan. Amir Temur vafoti oldidan Pirmuhammadni o‘ziga valiahd deb e’lon qilgan. Biroq uni boshqa temuriy shahzodalar va hatto O‘trorda turgan qo‘shin boshliqlari ham tan olmagan… Xullas, shunday ulug‘ qismat sohiblarining qabri boshidamiz…

Maqbaraga tutash masjid hovlisida 1370-yillarda ekilgan chinorlar bor. Ular barcha temuriylar bilan bir havodan nafas olgan…

“Bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing!” Ushbu ulug‘vor so‘zlar aynan Oqsaroy peshtoqiga yozilgan. U yigirma to‘rt yil mobaynida qurilgan va asrlar davomida sekin-sekin buzdirilgan… Agar hozirgacha aslicha saqlanganida edi, Markaziy Osiyodagi eng haybatli tarixiy bino bo‘lardi. Saroy Amir Temurning onasi Takina xotun xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan. Qurilishda va bezaklash ishlarida Xorazm, Eron va boshqa ko‘plab mamlakatlardan keltirilgan hunarmandlar ishtirok etgan. Jumladan, gumbazli arkni yasash va bezashda tosh kesuvchi usta Muhammad Yusuf Tabriziyning ishtiroki bo‘lgani saroy yozuvlarida saqlangan.

Bolaligimda dadam: “Bu saroyning g‘ishtlari Xorazmdan keltirilgan. Ikki qadam oraliqda askarlar saf tortib, bir-biriga g‘isht uzatishgan. Yerga tushib singanlari olinmagan. Shu tarzda Xorazmda tayyorlangan g‘ishtlar Shahrisabzgacha qo‘lma-qo‘l yetkazilgan. Uning qorishmasiga tuya suti va asal qo‘shilgan”, der edilar. Bu ma’lumot qanchalik to‘g‘riligini bilmadim, ammo keyingi voqea chinligi chin. Podsho hukumati Oqsaroy va qal’a devorlarini buzdirib, g‘ishtlaridan hukumat idoralari tiklarkan. Shunda tayyor ishchi kuchi sifatida mahalliy bolalardan foydalanarkan. Bir yong‘oqqa bitta g‘isht…

Inshoot avvaliga 73 metrlik bo‘lishi kerak edi. Shahrisabz sharqida Suvtushar sharsharasi bor. Uning balandligi ham shuncha. Aytishlaricha, Amir Temur shu sharshara balandligiga havas bilan termulib, Oqsaroyning bo‘yi ham shuncha bo‘lishini buyurgan ekan… Saroyning tom qismida kichik hovuz bo‘lgan. Unga Taxtiqoracha dovonidan qo‘rg‘oshin (ba’zan qamish, ba’zan sopol deyishadi) quvurchalar orqali suv tortilgan. Tepadan tushgan suv sharshara hosil qilgan. Davlat uchun muhim siyosiy gurunglar sharshara shovqini ostida o‘tgani uchun xufyalar ma’lumot ololmagan. Bundan tashqari, Oqsaroy va uning qurilishi haqida ming xil afsona to‘qilgan.

Saroyni bezashi kerak bo‘lgan ustaning to‘satdan qochib ketishi, malikaga oshiq naqqosh, qanot bog‘lab uchgan me’mor, eh-he, gapirsa gap ko‘p… Bino bitgach, asosiy bezakchi tepadan yerga tegar-tegmas zanjir tashlab, o‘zi ko‘zdan g‘oyib bo‘larkan. Oradan bir necha oy o‘tib, askarlar gunohkorni tutib kelarkan. Sohibqiron huzurida qo‘rquvdan dir-dir titrab turgan usta so‘nggi so‘z so‘rarkan… “Olampanoh, bir qoshiq qonimdan keching. Saroy qurilgach, bir necha quloch yerga cho‘kadi. Bezaklash ishlari bekor ketmasin deb ishni paysalga soldim. Ishonmasangiz, men qoldirib ketgan zanjirga qarang…” Usta haq bo‘lib chiqqan va mukofotlangan. Oqsaroy joylashgan hudud haqida ham afsonalar yuradi. Masalan, u yer avval botqoq va sershabada bo‘lgani uchun shu yerda qurilgani to‘g‘risida…

Asrlar davomida bu maskanda manaman degan hukmdorlarning toj kiyish marosimi o‘tkazilgan. 1707-yilda Buxoro xoni Ubaydullaxon Oqsaroy peshtog‘i ostida toj kiyib, taxtga o‘tirganligi peshtoqning o‘sha paytda butun ekanligidan darak beradi. Ashtarxoniylar hukmronligi davrida Oqsaroy Shahrisabzdagi kenagas beklari uchun ham qarorgoh vazifasini bajargan.

Podsho hukumati va sovetlar davrida mazkur muhtasham binoga juda ko‘p shikast yetkazilgan. To‘pga tutishgan, buzib, boshqa bino qurishga urinishlar bo‘lgan, ammo asrlar zarbiga dosh berib kelayotgan Oqsaroy hamon o‘z salobatini saqlab turibdi… Yaqin-yaqin yillargacha ham binoning chap qismidagi ravoqlari orqali yuqoriga ko‘tarilish mumkin edi. Lekin tarixiy binolarga munosabatimiz tufayli kirish to‘xtatildi.

Hay, davron o‘zgaryapti, munosabatimiz ham o‘zgarib qolar…

Shahriyor SHAVKAT

“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-apreldagi 16-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605