04.03.2025 | 09:00
495
O‘Z MAKTABINI YARATGAN OLIM
Ashraf Ahmedovni taniganimga ham, o‘ylab qarasam, yarim asrdan oshib ketibdi. Ilm va fanimiz tarixining zukko bilimdoni, katta tarixchi olim, tarix fanlari doktori, professor; ajoyib kamtarin qalb egasi, nodir iste’dodi bilan ko‘p minglab o‘quvchilarning hurmat e’tiborini qozongan, rostakamiga zahmatkash inson, safarlarda dilkash suhbatdosh…

Ashraf akaning olib borgan ilmiy tadqiqotlariga bir nazar tashlasangiz, uning ilmiy dunyoqarashi teranligining, qiziqish olami naqadar kengligining guvohi bo‘lasiz va bundan hayratlanishingiz tabiiy. Avvalo, u tariximizning ulug‘ligi bilan faxrlanadi, unga adolat bilan yondoshishga intiladi, tariximizning sofligi uchun kurashadi.
Ilmiy ko‘lamning kengligi bu – Xudodan. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ibn Is’hak Ibn Hishom, Mirzo Ulug‘bek… Bu olimlarning har biri o‘zi bir olam, ularning ilmiy asarlari esa olamlar ichra olamdir. Bu olam ichra kezish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ashraf Ahmedov bu qutlug‘ va murakkab vazifaning uddasidan chiqa oldi. Biz uning monografik asarlarini, risolalarini, ilmiy-tadqiqiy maqolalarini, yetuk tarjimalarini, ularga bitilgan mazmunli so‘zboshilarni, ilova etilgan ishonchli izohlarni katta qiziqish bilan o‘qiymiz. Ashraf Ahmedov o‘z maktabini yarata olgan olimdir.
Kitob javonimda shundoq ko‘rinib turgan Abu Rayhon Beruniyning (1973) “Tanlangan asarlar”i 5-tomini qo‘limga olaman. U ikki qismli. Bu – “Qonuni Ma’sudiy”. Uni nashr etishda Ashraf Ahmedov birinchi kitobga ham maxsus muharrirlik qilgan, ham izohlarni tuzishda qatnashgan, ikkinchi kitobda (1976) maxsus muharrirlikdan tashqari so‘zboshi yozgan, ko‘rsatkichlar tuzgan, izohlarni B.A.Rozenfeld bilan birgalikda tayyorlagan.
Olimimiz Mirzo Ulug‘bekning ilmiy faoliyati, xususan, uning “Zij”i borasida tadqiqotlar olib boradi. “Mirzo Ulug‘bek “Ziji” haqida ba’zi yangi mulohazalar”, “Mirzo Ulug‘bekning Samarqanddagi ikkinchi madrasasi”, “Ulug‘bek Muhammad Tarag‘ay” risolasi, Ulug‘bek kutubxonasi haqidagi va boshqa maqolalari shular jumlasidandir. Yaqinda olimning sa’y-jasorati bilan “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kitobi to‘rt tilda nashr etilgani madaniy hayotimizda katta voqea bo‘ldi.
Ashraf Ahmedov 2022-yilda Abu Rayhon Beruniy “Tanlangan asarlar”ining yangi nashriga kirishilganda Abdufattoh Rasulov tarjimasidagi ma’lum 5 jildni qayta ishlab, to‘ldirib, nashrga tayyorladi. Ularga kirish maqolasi va izohlar ilova qildi. 6-8-jildlar – allomaning “Tafhim”, matematik va astronomik risolalar va kichik risolalari tarjimalarini esa o‘zi amalga oshirdi. Ularga so‘zboshi, batafsil izohlar bag‘ishladi.
Tarjimaning xoh ilmiy bo‘lsin, xoh badiiy – sharti bitta: aniqlik, asliyatga sodiqlik. Ayniqsa, terminlarni tarjima etish, tilimizda uning muqobilini topish lozim, yo‘q esa, yangi so‘z yasashga to‘g‘ri keladi. Hind eposi “Ramayana”ni o‘zbek tiliga tarjima qilish jarayonida buni o‘z boshimdan kechirgandim, hinduizmga oid, hind tarixi va falsafasiga tegishli terminlar, sobit tushunchalarni o‘zbekcha muqobillarini topishga harakat qilgandim.
Ashraf Ahmedovning yaxshi bir odati – qachondir amalga oshirilgan tarjimasi qayta nashr etiladigan bo‘lsa, albatta, uni yana nazardan o‘tkazadi, lozim joylariga tahrir kiritadi, tuzatadi. Chunonchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asari 1997-yilda buxorolik mohir tarjimon Muhammad Ali ibn Darvesh Ali al-Buxoriy tarjimasida “Sharq” nashriyotida bosilib chiqqan edi (nashrga tayyorlovchilar – A.Ahmedov, H.Bobobekov). Darvoqe, “Zafarnoma”ning shu nashri haqida ilk maqolani yozish kaminaga nasib etgan va “Ona tarix kamoli” nomli maqola 1997-yilda “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilingandi. 2023-yilda Xalqaro Amir Temur jamoat fondi mazkur asarni qayta nashr qilishga kirishdi. Ashraf aka tarjimani qaytadan ko‘zdan kechirib chiqdi, ayrim tuzatishlar kiritdi, izohlarni nazardan o‘tkazdi, maslahatlar berdi.
2008-yilda Ashraf Ahmedov “Zafarnoma”ning shu nashridan uni rus tiliga tarjima qildi, so‘zboshi, izohlar va ko‘rsatkichlar bilan Toshkentda nashr ettirdi. Bu ulug‘ asarni keng rus kitobxonlari ommasiga tanishtirish imkonini yaratdi.
Esimda, 2006-yilda Davlat rahbari tomonidan Amir Temur qalamiga mansub “Temur tuzuklari” noyob yodgorligini uch tilda – o‘zbek, rus va ingliz tillarida bir muqovada nashr etish vazifasi topshirildi. Bu ishni amalga oshirish Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi, O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va O‘zbekiston Davlat Matbuot qo‘mitasi zimmasiga yuklandi. Ashraf Ahmedov nashrga mas’ul muharrir qilib belgilandi. Olim bu vazifani a’lo darajada ado etdi, “Tuzuklar”ning avvalgi nashrlari, u haqda xolis va noxolis aytilgan turli mulohazalarni taroziga solib, qayta sinchiklab o‘rgandi, matnga zarur tahrirlar kiritdi. Fondda o‘zbekcha matnga qarab ruscha va inglizcha matnlar qiyoslab chiqildi. Tayyorlangan matn O‘zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi ilmiy kengashlarida muhokama etilib, tasdiqlandi. “Temur tuzuklari” 2011-yilda “O‘zbekiston” nashriyotida yuksak poligrafik saviyada o‘zbek tilida nashr etildi va shu yil Toshkentda 9-aprel – Sohibqiron tavalludining 675 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanada Amir Temur xiyobonida uning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ayrim sabablarga ko‘ra, “Tuzuklar”ning ruscha va inglizcha nashri keyinga qoldirildi.
Ashraf Ahmedov jasoratli, charchamas, sermahsul yirik olim edi. U amalga oshirgan ishlar ko‘lami, yuqorida ta’kidlanganidek, katta… Ularni ta’riflash uchun yirik monografiyalar kerak.
O‘z maktabini yaratgan olim, tarix fanlari doktori, professor Ashraf Ahmedovning fidoyilik bilan olib borgan ilmiy faoliyati, tadqiqotlari fanimizni boyitishda, yosh ilm ahliga o‘rnak bo‘lishda hamisha xolis xizmat etadi.
Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-fevraldagi 8-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



