Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.04.2026 | 14:07

img861

TEATRUDA YIG‘LAGAN MALAKLAR KIMLAR?

Vaqtli kelganlar ham kechikdi. O‘zbek davlat drama teatri ostonasi gavjum. Ko‘chaning ikki yuziga katta-kichik ulovlar qantarib qo‘yilgan. Davrimizda bu manzarani ko‘proq restoranlar yo ko‘ngilochar maskanlarda ko‘rib o‘rganganmiz.

Gavjumlik sababchilari ikki turli: chiptani kassadan olishni (“Hozir kim spektaklga tushadi?” deb) o‘ylaganlar va chiptasi bo‘lsa ham, tadbirlar vaqtida boshlanmaydi (kinoda aytadi-ku, “Bilet bizda, poyezd qayerga ketadi?” deb) hisoblaganlar. Ma’muriyat ularni qanday ko‘ndirib, yupatib qaytarib yubordi, bu bizga qorong‘i.

Bu vaqtda biz, bir soatcha oldin kelganlar, bino tolorlarini kezib yurardik. Kimlar yo‘q edi deysiz bu yerda? Akademik Abdulla A’zam, O‘zbekiston xalq yozuvchilari Muhammad Ali, Erkin A’zam, taniqli adabiyotshunoslar Shuhrat Rizayev, Olimjon Davlatov, davlat va jamoat arboblari, olimlar, rektorlar, adiblar, shoirlar, rassomlar, bastakorlar, rejissyorlar, san’atshunoslar va albatta, jurnalistlar. Asosiy yig‘ilganlar esa yoshlar.

Teatrning bir tarafida – sirk, bir yonida bozor. Vaqt ham shanba, kechki payt. Shunday bir makon va zamonda yosh-u qarini, erkag-u ayolni, olim-u tolibni bir tom ostiga jamlagan munosabat nima bo‘ldi ekan? Taraddudni ko‘rib, to‘y deysiz. Aniqrog‘i, to‘yning davomi. Bu haqda keyinroq…

Keling, barchani chorlagan spektakl afishasiga nazar solamiz. U yerda aniq va lo‘nda qilib bitilmish: “Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” dostoni asosida sahnalashtirilgan spektakl PREMYERASI”.

G‘oya muallifi va adabiy maslahatchi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton, inssenirovka muallifi Ikrom Iskandar. Sahnalashtirish badiiy rahbari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Olimjon Salimov, sahnalashtiruvchi rejissyor Asqar Xolmo‘minov.

* * *

2021-yil 25-dekabr. Ulug‘ ingliz adibi Shekspirning “Romeo va Juletta” besh pardali fojiasi O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tarjimasida teatr san’atining “so‘nggi mogikan”i Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtiriladi. Unga ziyolilar ham taklif etilgan, ular orasida taniqli adib Xayriddin Sulton ham bor edi.

2022-yil 1-yanvar. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” (hozirgi “Jadid”) gazetasida bir sahifalik “Qish ichra bahor” maqolasi chop etiladi. Unda muallif “Romeo va Juletta” hamda “Layli va Majnun” asarlaridagi mushtaraklikni ifodalaydi. Spektakl Navoiy baytlari orqali talqin etiladi. Mutlaqo yangi va kutilmagan munosabat teatr jamoasiga ilhom bag‘ishlaydi. Maqola muallifi bevosita g‘oya muallifiga aylanadi.

* * *

“Layli va Majnun” dostoni hazrat Navoiy asarlari orasida ehtimol eng obrazli, sirli va murakkab asar bo‘lsa, ajab emas. Uni bugungi tomoshabinga manzur bo‘ladigan, teatr san’ati qoliplariga mos tushadigan shaklga keltirish katta bilim, mehnat va mas’uliyat talab qilishi bor gap. Bu ishni shunchaki, talab va taklif bilan ado etib bo‘lmaydi. Buning uchun Alisher Navoiyga bo‘lgan yuksak ixlos va havas ham kerak. Ana shu vazifa taniqli shoir, mumtoz adabiyot bilimdoni, muharrir va jurnalist Ikrom Iskandarga yuklangan ekan. U kishiga ustozlar, olimlar va san’atkorlar yordamga keladi. Mana shu dalda mevasi o‘laroq muallif, qodiriyona ifoda bilan aytganda, havasida jasorat etib, “havaskorlik orqasida kechaturgan qusur va xatolardan cho‘chib turmay” ishga kirishadi. Bu jasorat hosilasi bahosini esa, shubhasiz, tomoshaga tushganlar beradi.

Biroz ilgarilab aytishimiz kerakki, Ikrom Iskandar premyera kuni aktyorlar va tomoshabinlar talabiga qaramay, ijodkorlar qatorida sahnaga chiqishdan istihola qildi. “Bu asar Navoiy bobomizniki, qancha olqish va alqov bo‘lsa Hazratga oid”, deb oyoq tirab turib olganiga guvohmiz.

* * *

Nega aynan ushbu teatr va jamoa? Yuqorida ishora etilganidek, “Romeo va Juletta” hamda “Layli va Majnun” asarlari o‘rtasida nafaqat mazmuniy-hissiy bog‘liqlik, balki bu ikki daho san’atkorning hayotiy va falsafiy qarashlarida mushtaraklik bo‘lib, ikki spektakl bir-birini to‘ldiradi. Premyera davomida aytilganidek, kelgusida ikki tomosha ikki kun ketma-ket qo‘yiladi. Yangiligi shundaki, bitta chipta orqali ikkita spektakl ko‘rish mumkin. Aktyorlar tarkibi ham deyarli bir xil bo‘ladi. Bu tomoshabinga asarni qabul qilishni yanada osonlashtiradi.

Tan olish kerakki, bugun bir daqiqalik videoga ham toqati yetmayotgan auditoriya diqqatini bir-ikki soatga cho‘ziladigan spektaklga jalb qilish va ushlab turish mushkuldan mushkul. Kamiga teatrlarimizda ham oldi-qochdi tomoshalarga o‘rganib borayotgan tomoshabinga mumtoz asarlarni taqdim etish ikki karra og‘ir. Biroq Olimjon Salimov va Asqar Xolmo‘minovning ustoz-shogirdlik maktabi natijasida bu ish uddalangan, deb baralla aytish mumkin.

Men o‘zim “Romeo va Juletta”ga to‘rt marta tushdim. Biron marta zalda bo‘sh joy ko‘rmadim, keluvchilarning sakson foizi yoshlar, yana bir tomoni, hech kim zaldan chiqib ketgani yo‘q seans davomida. Aksincha, spektakl tugagandan keyin ma’muriyat iltimos qilib zaldan kuzatib qo‘yishadi tomosha ta’siriga tushib qolganlarni.

Darvoqe, “Layli va Majnun” premyerasi haqida yozyapman-u, keyingi seansga jamoamiz bilan birga borishga chipta olishni unutganim yo‘q.

* * *

Nihoyat, zal eshiklari ochilib, ichkari kirildi. Baribir, o‘zbekmiz-da, qo‘lida chiptasi va taklifnomasi bo‘lsa ham jamoat avval yoshi kattalarga yo‘l berdi, ularning joylashib olishini kutdi. Keyin o‘rindiqlar to‘ldi. Shundayam tik turganlar bor edi: ularga stul qo‘yib berildi, ammo… Bu yog‘i o‘zbekchilik, yigitlar qizlarga joyini berib, o‘zlari zina va yo‘laklarga chordona qurdi. Chiroyli ta’mirlangan teatr binosi shu qadar shinamki, bemalol polda ham o‘tirish mumkin. Bir soatda hech kimning maqomi tushib qolmaydi, buning evaziga tarixiy premyeraning ilk tomoshabiniga aylanish baxtiga erishish mumkin bo‘lgan bir paytda.

Parda ochildi. Dekoratsiya ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi: sahna devorlariga, adashmasam, metall qog‘oz (falga) tortilgan, markazda ikkita havoza. Orqa tomonda xonanda va sozanda uchun maydon. Ortiqcha hech nima yo‘q. Ammo shuning o‘zi betakror spektakl uchun kifoya qildi. Syujet kayfiyatiga qarab chiroqlar yordamida sahna muhiti o‘zgartirib turildi. Buning uchun sahnalashtiruvchi rassom Mirjalol Xoliqovga rahmat aytamiz.

Liboslar bo‘yicha rassom Ra’no Xayriddinova fantaziyasiga esa qoyil qolmay iloj yo‘q. Ma’lumki, Layli va Qays – arab qabilalari vakillari. Ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri sahroyilarning kiyimini tanlash eng oson yo‘l edi. Ammo liboslar ijodkorlik va zamonaviylik sintezi orqali yaratilgan. Tanlangan mato va uning bezaklarini bemalol moda namoyishiga olib chiqsa bo‘ladi.

Kompozitor Aepbergen Otegenov ijodi esa yig‘ilganlarga doston mohiyatini qalbdan tushunishga ulkan hissa qo‘shdi. Chunki hamma ham doston syujetini bilmaydi, sahnada yangrayotgan baytlar (garchi imkon qadar bugungi tilga yaqinlashtirilgan bo‘lsa-da) mag‘zini chaqa olmaydi. Ammo aktyorlar harakati va so‘ziga hamohang ketayotgan musiqani tarjimasiz tushundi hamma.

Spektakl ramzlarga qurilgan. Har bir harakat ortida falsafa yashirin. Aktyorlar o‘rni kelganda samo va balet raqslarini ijro etishiga ham to‘g‘ri keldi. Opera va balet teatri bo‘lmasa-da, baletmeyster Erkin Qahhorov yordami bilan buni muvaffaqiyatli uddalashdi.

* * *

Tomosha nihoyaladi. Layli va Majnuning vafoti sahnasidan keyin chiroqlar yoqildi. Ishonasizmi-yo‘qmi, ko‘pni ko‘rgan nuroniylardan tortib 16-17 yashar yigit-qizlargacha barchaning ko‘zida yosh miltillardi. Orqaroq qatorda o‘tirgan qizlar o‘zini tuta olmay baralla yig‘lab yubordi. Biz oldinroqda o‘tirgandik. Yonimdagi talaba qizlarning dastro‘molchasi ho‘l bo‘lib ketganidan ortiq namlikni singdirolmay qoldi. Yoshi kattalar ham parda qayta ochilguncha, tezda yoshini artib oldi. Devday yigitlarni yig‘latgandan keyin tomosha ta’sirchanligi haqida ortiqcha gapirish shart bo‘lmasa kerak.

Ochig‘i, bugun axborot oqimi shu darajada kuchayib ketdiki, yaxshi-yomon xabarlardan diydamiz qotdi. Ayniqsa, yoshlar uncha-muncha narsaga istehzo, kinoya, bepisand, dahshatlisi, loqayd qarashga o‘tdi. Biz o‘lim xabarlari, ofat tafsilotlaridan seskanmay qo‘ydik. Arzon kulgiga xaridor bo‘lib qoldik. Ko‘zlarimiz telefon ekraniga uzoq vaqt tikilishdan yoki piyoz achchig‘idangina yoshlanadigan holga keldik. Shunday bir paytda teatr o‘rindiqlarida “piq-piq” yig‘lab o‘tirgan nafis xilqat vakilalari bir lahzaga ko‘zimga ko‘kdan tushgan malakday ko‘rinib ketdi.

Yoshlar kattalar astoydil yozg‘irganiday adabiyot, kitob, san’atdan yiroqlashib ketmabdi. Ko‘ngli ozoda mardum bor. Ko‘ngillilarni saqlab qolish va safini kengaytirish esa yaxshi asarlarni yozish, targ‘ib qilish, teatr sahnasiga olib chiqish, kino qilish orqali bo‘ladi.

* * *

Aktyorlar tomoshabinlarga ta’zimga chiqqan vaqti birdan momaqaldiroq gumburlaganday, bino tomi va ravoqlari silkinib ketganday bo‘ldi. Sizga yolg‘on, menga chin: yig‘ilganlar yarim soat to‘xtovsiz qarsak chaldi.

Premyeradan so‘ng O‘zbekiston xalq yozuvchisi, g‘oya muallifi va adabiy maslahatchi Xayriddin Sultonning teran fikrlari yig‘ilganlarni yana bir bor to‘lqinlantirdi.

Ijodkorlar quchog‘i gulga to‘lib ketdi.

Ushbu spektaklda asosiy rollardan birini ijro etishi kerak bo‘lgan, ammo bugun oramizdan ketgan, repititsiya jarayonida sahnada yuragi xuruj qilgan ardoqli aktrisa Dono Boboxonova yod etildi.

* * *

“Layli va Majnun” spektakli Alisher Navoiy hazratlarining 585 yillik yubileyi, Javohir Sindorovning Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turnirida qozongan tarixiy olamshumul g‘alabasi singari milliy teatr san’atimizda bir uyg‘onish bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Otabek BAKIROV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-apreldagi 17-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596