30.04.2026 | 12:36
394
ISKANJA
Qanchadan qancha bilimli, el koriga yaray deb o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urgan insonlar, fidoyilar zamonning shafqatsiz bo‘ron-u to‘fonlari ichida qolib ketgani tarixdan ayon. Bu to‘fonlar ne bir taqdirlarni sovurib, butun umrlarni izdan chiqargan. Kechagina orzu va ulkan maqsadlar bilan yashagan, yurtiga naf keltirishni o‘ylagan insonlar bir zumda ana shu siyosiy girdob qurboniga aylangan.

Temurbek Kazbekovning taqdiri ham aynan shunday og‘ir qismatlardan biri. Tergov hujjatlarida qayd etilishicha, 1937-yil 19-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Davlat xavfsizligi boshqarmasining 3-bo‘limi tezkor vakili Gaynetdinov tomonidan so‘roq qilinadi. Qahramonimiz shaxsiga doir ma’lumotlarni asosan shu bayonnomadan topamiz.
1904-yilda Andijon shahrida tavallud topgan Temurbek Kazbekov o‘z davrining ilg‘or yoshlari qatorida voyaga yetgan. Uning kamolotida jadidlar ilgari surgan g‘oyalar, yangi bilimga chanqoqlik muhim o‘rin tutdi. Shu bois, 1922-yili Turkiston Respublikasi xalq maorifi komissarligi tomonidan iqtidorli yoshlar safida Germaniyaga o‘qishga yuborildi. Manbalar, xususan, tergov hujjatlarida qayd etilishicha, 1922-yilda Turkistondan Germaniyaga yuborilgan yoshlar tarkibi haqida ayrim ma’lumotlar aynan so‘roq jarayonlarida keltirilgan. Jumladan, Sulton Matqul tomonidan berilgan ko‘rsatmada ta’kidlanishicha, Toshkentda “Ko‘mak” jamiyati doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng bir guruh yoshlar xorijga o‘qish uchun yo‘l olgan. Ushbu guruh cheklangan tarkibga ega bo‘lib, ular orasida Temurbek Kazbekov ham bor edi.
Ko‘rsatmada tilga olinishicha, mazkur safda Kazbekov bilan bir qatorda To‘lagan Mo‘minov, Xayriniso Majidxonova, Solih Muhamedov, Abduvahob Is’hoqov, Sobir Ibrohimov va Azimbek Berimjonov kabi yoshlar ham bor edi. Bu ma’lumotlar orqali Germaniyaga yuborilgan talabalar guruhi muayyan tashkiliy asosda shakllangani, ularning tanlanishi esa o‘sha davrda milliy kadrlar tayyorlash siyosati bilan bog‘liq bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Germaniyada o‘tgan yetti yil (1922–1929) davomida Kazbekov to‘qimachilik sohasida chuqur bilim egallab, oliy ma’lumotli muhandis sifatida shakllandi. “Germaniyadagi turkistonlik talabalar jamiyati” faoliyatida ishtirok etib (1923-1924), ta’limni yakunlaguniga qadar “Germaniyadagi SSSR talabalari ittifoqi” a’zosi sifatida faoliyat yuritdi. Ayrim manbalarda esa ana shu muhitning ichki manzarasi yanada ravshanroq chizib beriladi. Unda 1923-1924-yillarda mazkur jamiyat doirasida Ahmad Naim, Azimbek Berimjonov, Abduvahob Murodiy va To‘lagan Mo‘minov kabi yoshlar faol qatnashgani tilga olinadi. Ular Berlinda – turli madaniyatlar tutashgan muhitda ham ta’lim olgan, ham o‘z millatining kelajagi haqida o‘ylagan, bahslashgan, izlangan. Bu muhitga Zaki Validiy kabi shaxslarning ta’siri bo‘lgan. O‘sha yillarda shu jamiyat tashabbusi bilan turkistonlik talabalar uchun Berlin va Turkiyada vatanparvarlik, millatparvarlik ruhidagi jurnallar nashr etilib turgan. Germaniyada talabalik yillari Temurbek Kazbekov shaxs sifatida shakllangan, orzu va rejalari mustahkamlangan.
1929-yilda Vatanga qaytgan Temurbek o‘z bilim va tajribasini amaliyotga joriy etishga kirishdi. Toshkent to‘qimachilik kombinati tizimida faoliyat yuritib, qisqa vaqt ichida o‘quv-ishlab chiqarish bo‘limi direktorining o‘rinbosari lavozimigacha ko‘tarildi. Bu esa uning nazariy bilim barobarida amaliy boshqaruv qobiliyatiga ega mutaxassis bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘sha yillarda O‘zbekistonda sanoatni rivojlantirish jarayoni kechayotganini hisobga olsak, bunday kadrlarning ahamiyati nihoyatda yuqori edi. Biroq 1937-yilga kelib mamlakatdagi siyosiy vaziyat keskin o‘zgardi. Ommaviy repressiyalar avj oldi va ko‘plab ziyolilar qatorida Temurbek Kazbekov ham bu qirg‘indan chetda qolmadi. U 1937-yilda hibsga olinib, unga qarshi og‘ir ayblovlar ilgari surildi.
Tergov materiallarini tahlil qilar ekanmiz, ayblovlar tizimidagi mantiqiy ziddiyatlar va zo‘rma-zo‘rakilik ko‘zga yaqqol tashlanadi. Uning Germaniyada o‘qigani, xorijiy muhitda bo‘lgani, turli jamiyatlarda qatnashgani, bir so‘z bilan aytganda, faol bo‘lgani o‘zining boshiga balo bo‘ldi. Ayniqsa, “Ozod Turkiston” nomli tashkilotga a’zolik haqidagi ayblovlar uning ishida markaziy o‘rin egallaydi. Tergov bayonnomalarida keltirilgan “iqror”lar esa o‘sha davr amaliyotiga xos bo‘lib, ular qanday qilib olingani sizga yaxshi ma’lum, hurmatli o‘quvchi.
Ilmiy nuqtayi nazardan qaraganda, bunday manbalarni tanqidiy tahlil qilmasdan turib, ularni haqiqat sifatida qabul qilish mutlaqo mumkin emas. Aksincha, ular totalitar tuzumning soxta ayblov mexanizmlarini fosh etuvchi dalillar sifatida qaralishi lozim.
Kazbekovga O‘zSSR Jinoyat kodeksining 59-, 63-, 13-, 67-moddalari bo‘yicha bir qator ayblovlar qo‘yiladi. Oradan qariyb o‘n oy o‘tib, 1938-yil 7-oktyabrda ish yangi bosqichga ko‘tariladi. SSSR prokurori A.Vishinskiy hamda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari D.Apresyan tomonidan tasdiqlangan ayblov xulosasida Temurbek Kazbekovga nisbatan qo‘yilgan ayblar yanada kengaytiriladi. Endi u nafaqat avvalgi ayblovlar, balki O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57-1, 64-, 65- va 67-moddalari bo‘yicha ham javobgarlikka tortiladi. Ayblov xulosasida Kazbekov 1922-yildan boshlab go‘yo Germaniya razvedkasi tomonidan boshqarilgan tashkilotning faol a’zosi sifatida ko‘rsatiladi. Unga SSSRga qaytgach josuslik faoliyatini davom ettirgani, respublika tekstil sanoatiga oid ma’lumotlarni dushmanga yetkazib bergani, Toshkent to‘qimachilik kombinatida diversion-zararkunandalik ishlarni amalga oshirgani, hatto Oktyabr inqilobining 20 yilligi arafasida qo‘poruvchilik harakatlarini tayyorlagani kabi ayblar yuklanadi.
Bir-biriga mantiqan bog‘lanmagan, asossiz ayblar zanjiri orqali ish atay “og‘irlashtirilib”, yakunda oldindan belgilangan hukmga huquqiy tus beriladi. Bu holatni, ayniqsa, 1938-yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor sessiyalari misolida yaqqol kuzatamiz. Qisqa vaqt oralig‘ida – 4-oktyabrdan 16-oktyabrgacha yuzlab inson taqdiri muhokamasiz hal etiladi. Hujjatlarga ko‘ra, 507 nafar o‘zbekistonlik o‘ta og‘ir jazoga hukm qilingan. Ayniqsa, 1938-yil 8-oktyabr kuni qabul qilingan qarorlar bu jarayonning o‘ta shafqatsiz va shoshma-shosharlik bilan amalga oshirilganini ko‘rsatadi. Shu kunning o‘zida 40 nafar shaxs otuvga hukm etilgan va ular orasida qahramonimiz Temurbek Kazbekov ham bor edi. Bor-yo‘g‘i 34 yoshni qarshilagan iste’dodli muhandis, millatning oydin farzandi hayoti shu tariqa fojiali yakun topdi.
Temurbek Kazbekov taqdiri yakka shaxsdan ko‘ra ko‘proq butun bir davrning fojiali manzarasini ifoda etuvchi tarixiy dalildir. Uning nomi o‘sha qora ro‘yxatda qayd etilgan yuzlab vatandoshlarimiz qatorida turishi qatag‘on yillarida ilmli, tashabbuskor va mustaqil fikrlaydigan kadrlarga nisbatan qanday munosabat shakllanganini anglatadi.
Bugun arxiv hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni ilmiy muomalaga kiritish orqali bunday insonlarning haqiqiy qiyofasini tiklash – ham ilmiy vazifa, ham tarix oldidagi mas’uliyatdir. Temurbek Kazbekov kabi insonlar nomi unutilmasligi shart. Shu ma’noda, uning nomi tug‘ilib o‘sgan yurti Andijonda abadiylashtirilsa, ko‘chalardan biri uning nomi bilan atalsa, xayrli ish bo‘lar edi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-apreldagi 17-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605
