Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.05.2026 | 12:19

img890

FARG‘ONA TONGI

“Farg‘ona tong otguncha” qo‘shig‘ini yaxshi bilasiz. Bir tomondan mahalliy to‘ralar, ikkinchi tarafdan chor bosqinchilari kun bermagan Xaziniy bobo jabrdiyda xalq nomidan mazkur g‘azalni jigar qoni bilan bitgan deydilar:

Hijron o‘tig‘a bag‘rim so‘zona
tong otquncha,
O‘rtab yuragim, jismim biryona
tong otquncha…

“Hijron o‘ti” oddiy odamiy firoq haqida emasligi aniq. Yo‘qsa, g‘azal intihosida shoir “Tor o‘ldi Xaziniyga Farg‘ona tong otquncha” demagan bo‘lardi. Mantiqqa ko‘ra, eshon hazratlari Farg‘onadan yiroq ketmagan, demak, kimdandir yiroq tushmagan ham. “Hijron” so‘zi milliyatdan, iymondan, ishonchdan, qadriyatdan, ma’rifatdan qilich vositasida ajralgan ulus holatiga ishoradir…

“O‘tmishga qaytib ish ko‘rmoq”ni ixtiyor etsak, asrlar karvoni g‘am-g‘ussa ortib, nohaqlik va zulm yukini tortib ko‘z o‘ngimizdan o‘taveradi. Axir, qaysi shoir, qay fuqaro yuz yilliklarda ro‘shnolik ko‘rdi, ko‘ngli tinch, yurt osoyishta bo‘ldi? Vodiy misolida elak ko‘tarsak, malikayi davron Nodirabegim baxtiyor edimi? Yo Uvaysiy yo Anbar Otin yo Gulxaniy yo Maxmur yo Muqimiy yo Furqat yo Zavqiy yo Hamza yo Cho‘lpon yo Usmon Nosir yo Erkin Vohidov… Yo ularga zamondosh bo‘lgan afkor ommami?

* * *

Farg‘ona butun O‘zbekiston kabi qog‘ozlardagi, televiziondagi, shiorlardagi “yorug‘ kelajak”ni emas, chinakam, tabiiy tongni intizor kutib yashadi. Nihoyat…

Yaqin tarixning taraddud manzaralari hamon ko‘z o‘ngimizda. Sovet istibdodidan qutulgan, lekin uning Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, “g‘ul (kishan)”laridan, bo‘yinturug‘idan qutulolmagan mehnatkash xalq ko‘nglida umid va ishonch kurtak bog‘lagan paytlar…

Mana endi farg‘onaliklarning Prezident tashrifidan cheksiz quvonchi, shukronasi va iftixori qariyb o‘n yil avvalgi umid g‘unchalari sarhil meva tugganidan dalolat beradi. Xalq bilan Rahbar o‘rtasidagi samimiy muloqotlar shuni ko‘rsatadiki, Erkin Vohidov lutf etganidek, “O‘rtada begona yo‘q”.

Bugun Farg‘ona nafaqat “oltin vodiy”ning gavhari, balki Yangi O‘zbekistonning innovatsion va ma’rifiy lokomotiviga aylanmoqda.

Fayzli, sarishta ko‘chalarda, nuroniylarning duosida va yoshlarning shijoatida aks etayotgan Yangi O‘zbekistonning yangilanish nafasi kelajakning ham gullab-yashnashidan dalolatdir.

Keling, keyingi yillarda butun mamlakat qatori Farg‘ona viloyatining ham taraqqiyotiga nazar solaylik.

Farg‘ona azaldan mehnatkash va izlanuvchan xalqi, serhosil zamini bilan tanilgan. Bugun esa bu ko‘hna zamin taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqib oldi. Yangi uy-joylar, zamonaviy zavodlar, innovatsion agromajmualar va mintaqani bir-biriga bog‘laydigan transport tizimi viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Bu o‘zgarishlar iqtisodiyotdagi raqamlarda ham, shu zaminda yashayotgan mamnun chehralarda ham ko‘rinadi. Viloyatda kechayotgan o‘zgarishlar davlatimiz rahbarining e’tibori va xalqning mehnati birlashgan joyda mo‘jizalar yaratish mumkinligining ibratli namunasi bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chog‘ida butun vodiy ahlining qalbini g‘ururga to‘ldirgan yana bir voqea yuz berdi. Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, aholi zich yashaydigan Farg‘ona vodiysida transport qatnovini yaxshilash, fuqarolarga qulay, xavfsiz va arzon xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi tashish hajmini oshirishga imkon beradi. 324 kilometrlik ushbu temir yo‘l halqasi vodiy viloyatlarini o‘zaro yanada yaqinlashtirib, aholi, tadbirkorlar va sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Xavfsiz, arzon (chipta narxi 15 ming so‘m) va qulay halqa yo‘li mamlakatimizda misli ko‘rilmagan tarixiy voqelikka aylandi. Bu avtomobil transportiga nisbatan ancha arzon va qulay bo‘lishi bilan birga, kuniga 1,5 ming, yiliga qariyb 600 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati orqali hududda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi. Boshqa tomondan, temir yo‘l halqasi Farg‘ona vodiysining turizm salohiyatini ham yangi bosqichga olib chiqadi. Bekatlar atrofida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish maskanlarini tashkil etish istiqbollari mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbayini yaratadi.

Tashrifning ilk kunida Quvasoydagi “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishuv mahalliy xomashyo asosida import o‘rnini bosuvchi va  eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatdi. Xalqimiz “Tuproq olsang oltin bo‘lsin” deb duo qiladi. Ana shu ezgu duolar ijobatini mazkur korxona timsolida ko‘rdik.

Ilm va mehnatning samarasi o‘laroq yuzaga kelgan mahsulot, aniqrog‘i, bozorbop yuqori sifatli kafel birov pisand qilmaydigan oddiy toshdan tayyorlanib, valyutaga sotilyapti. Bu mo‘jiza emasmi?

“Quva Agrostar” va agrovoltaika majmualari bilan tanishuv qishloq xo‘jaligida an’anaviy yondashuvdan kompleks agrobiznes modellariga o‘tish boshlanganini tasdiqladi. Yetishtirish – saqlash – qayta ishlash – eksport zanjirining yagona tizimga aylanishi va Yaponiyaday (o‘nlab!) davlatlarga eksport qilinayotgani dehqon va tomorqa egalari daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, “yashil” energiya, suv tejovchi texnologiyalar va agrodronlardan foydalanish orqali agrar sohada samaradorlik, ekologik barqarorlik va raqobatbardoshlik ta’minlanyapti.

Karkidon suv ombori hududidagi yangi turizm majmuasi ochilishi Farg‘onaning turizm va madaniy meros salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu kabi loyihalar nafaqat sayyohlar oqimini oshirish, balki xizmatlar eksporti, yangi ish o‘rinlari va hududiy brendni shakllantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, tarixiy merosni zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan uyg‘unlashtirish mamlakatning xalqaro imijini mustahkamlaydi.

Quva tumanidagi 1-sonli texnikum va Farg‘ona shahridagi “IT Park Uzbekistan” majmuasiga tashrif inson kapitaliga sarmoya eng muhim strategik ustuvorlik ekanini ko‘rsatdi. Yoshlarni zamonaviy kasblar, xorijiy tillar, IT, sun’iy intellekt va startap muhitiga jalb etish kelgusida yuqori daromadli iqtisodiyot uchun mustahkam kadrlar bazasini yaratadi. Bu esa “resurslarga emas, bilimga tayangan iqtisodiyot” modeliga o‘tishning amaliy ifodasidir.

Tashrif davomida eng e’tiborli jihatlardan biri – tarixiy obidalarning qayta tiklanishi va yangi ma’rifat maskanlarining ochilishi bo‘ldi. Har bir mamlakat, millat taraqqiyoti asosida ma’naviyat va ma’rifat yotadi. Shu nuqtayi nazardan Farg‘onadagi ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlar ham alohida ahamiyat kasb etadi. Marg‘ilon shahridagi “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi xalqimizning boy tarixiy merosini o‘rganish hamda targ‘ib qilish, yosh avlodni ilm-fan va ma’rifatga yo‘naltirishda beqiyos o‘rin tutadi. Bu kabi majmualar milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Milliy me’morchilik an’analari asosida bunyod etilgan 35 gektarlik majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, o‘lkashunoslik muzeyi, adib va san’atkorlar xiyoboni (ayniqsa, Abdulla Qodiriyning o‘lmas asari “O‘tkan kunlar”ning boqiy qahramonlari amaliy san’at vositasida jonlantirilgan Mirzakarim qutidorning hovlisi har qanday adabiyot va san’atdan boxabar insonning yuragini to‘lqinlantirishi shubhasiz), hunarmandlar markazi, mehmonxona va servis shoxobchalarini o‘z ichiga oladi. Majmua Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, hududning qadimiy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi. Milliy me’morchilik an’analari, Marg‘ilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uyg‘unlashgan ushbu majmua qadim shahar ichidagi shaharcha bo‘lib, hududda qadimiy hunarmandchilik an’analarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga ko‘maklashadi. Chunonchi, majmua to‘liq ishga tushgach, viloyatga yiliga o‘rtacha 200-250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi, byudjetga 52 milliard so‘m tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti ta’minlanadi. Muhtasham obida Yangi O‘zbekiston mo‘jizalari qatoridan munosib o‘rin egallab, Farg‘ona viloyatining tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanishiga ishonamiz.

Tashrif chog‘ida Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi. Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etilib, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlari imtiyozli bo‘lishi belgilandi. “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, unga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusi ilgari surildi.

Farg‘ona madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan askiya san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Marg‘ilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etilibgina qolmay, mutasaddilarga yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, tuman madaniyat markazlari va musiqa-san’at maktablarida askiya va qiziqchilik mahorati yo‘nalishlarini ochish topshirildiki, bular Farg‘onaning o‘ziga xos madaniyati va san’ati umrboqiyligini ta’minlashga xizmat qiladi.

* * *

Ufq qizg‘ishtob tus oldi. Keyin azim teraklar uchida tillarang shu’lalar jilvalandi. Musicha, qumrilar subhidam sururidan ilhomlanib, ko‘kis to‘ldirib, “ku-ku”lay boshladi. Marg‘ilonning shirmoy patiri kabi to‘lin oftob ro‘y ko‘rsatdi. Farg‘ona osmoni munavvar bo‘ldi – tong otdi, rosmana, to‘laqonli tong.

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-maydagi 18-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605