09.05.2026 | 09:42
1367
URUSHNING YAXSHISI BO‘LMAYDI
Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi, I-darajali mehnat faxriysi Akmal AKROMOV bilan suhbat

– Assalomu alaykum, Akmal ota! Bilasiz, har yili Xotira va qadrlash kunini umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelamiz. O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev bu yil ham Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish, urush va mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, muhim hujjatlarni imzoladi. Siz bilan mana shunday shukuhli kunlarda ko‘rishganimizdan mamnunmiz.
“Armiya – hayot maktabi” degan gap bor, urush esa tarix sabog‘i. Ana shu saboqning muhim nuqtalari haqida so‘rasak, front xotiralarini eslatsak, Sizni bezovta qilib qo‘ymaymizmi?
– Yo‘qlaganingiz uchun rahmat, xush kelibsiz! Men faqat xursand bo‘laman mehmon kelsa. Mudofaa vazirligidan keladi, agentliklardan keladi, yoshlar keladi… Bu yil dekabrda 102 yoshga chiqaman. Frontchilar kam qoldi. Avvallari har bir mahallada bo‘lardi urush qatnashchilari, odamlar suhbatini olardi. Endi izlab, surishtirib topadigan vaqt keldi.
Farzandlarim, nevaralarim meni ayaydi, yuragidagi eski yaralar tirnalmasin, desa kerak. Men urushda yaralanganman, snaryad parchasi teggan. Uning joyi bitib ketganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Xotiralarning ishi boshqacharoq ekan: u yurakdagi bir yara – qonamaydi, kuchli og‘riq bermaydi, o‘ldirmaydi.
Biroq simillab turadi. Aytib bersam-bermasam, ularni unutib bo‘lmaydi.
Qisqacha aytadigan bo‘lsam, urushga 1942-yilda borganman. “Yuborishgan” desam, yolg‘onga o‘xshab qoladi. Chunki hali o‘n sakkizga kirmagansan deb, qaytarib yuborgan komissiya. “Ташселмаш” zavodida ishlardim. Ahdimda qat’iy turib, ikkinchi marta murojaat qilganimdan so‘ng xizmatga olishgan.
1942-yili bizni Saratov orqali Stalingradga olib borishdi, hozirgi Volgograd. Polkimiz eski traktor zavodi orqasidan o‘tib borganini eslayman. U yerda qishgacha qolib ketdik. Undan keyin Stalingradni ozod qildik. Qo‘shinning bir qismi asirlar bilan shug‘ullanish uchun qoldirildi.
Shundan so‘ng Kursk yoyiga yo‘l oldik. U yerdagi muvaffaqiyatli janglardan keyin, rotamiz Uzlovaya stansiyasini ozod qilishi kerak ekan. Bu vazifani ham bajardik. Keyin Xarkov yaqinidagi Kazachya Lopan stansiyasini, so‘ngra Belaya Serkovni ozod qildik. Keyin Dnepr daryosiga chiqdik. 1943-yilning oktyabr oyida Dneprni kechib o‘tishda va Tryoxatka degan shaharchani ozod qilishda qatnashdim. Bir kuni osmonda bizning qiruvchilarimiz paydo bo‘lib, dushman samolyotlarini ta’qib qila boshladi. Hammamiz xursand bo‘lib, “Ura!” deb hayqirdik. Fashist samolyotlari o‘z bombalarini pala-partish tashlab, qochish payiga tushdi. O‘sha bombalarning biri yaqinimizda portlab, 23 kishi yaralandi. Menga ham oskolka tegdi. Shundan so‘ng biz yaradorlarni parom orqali daryoning narigi betiga o‘tkazishdi va Poltava viloyatidagi Kobelyaki degan joyga, gospitalga yotqizishdi.
U yerda rentgen apparati yo‘q ekan. “Sizlarni rentgen bor joyga olib borishadi”, deyishdi. To‘rt kishini sanitariya poyezdiga chiqarishdi. Shu bilan bizni Penzaga olib borishdi. Penzada to‘xtab turganimizda, qarasam, “Novosibirsk – Toshkent” deb yozilgan sostav turibdi. Shayton yo‘ldan uradi, deng. Bir xayolim shart shunga chiqib, O‘zbekistonga ketib yuborsam…
– Toshkent degan yozuvni ko‘rib ko‘nglingiz buzilib ketgan-da, ota. Baribir, Vatan mehri tortadi-ku!
– Tortadi, tortadi… O‘lim og‘zidan qaytib, begona yurtlarda yurganingda, ayniqsa, “Toshkent” degan yozuv ko‘zga issiq ko‘rinadi. Bir yog‘i kasal odamning ko‘ngli bo‘shab ketarkan. Sovuq temirga yozilgan bo‘lsa ham qalbni ilitadi nomi. O‘zimcha o‘ylayman: “Shuncha azobni ko‘rding, qancha jangdan tirik chiqding. Endi ketsang “dezertir” bo‘lasan…”
Shu joyiga kelganda bitta gapni aytib qo‘ysam. Mana, siz ham shoir ekansiz. She’rda gap ko‘p. O‘sha paytda Hamid Olimjonning bir balladasi bo‘lardi. Hozir o‘qitiladimi-yo‘qmi, bilmadim. O‘shanda jangdan qochmoqchi bo‘lib turgan yigitga pochta borib qoladi. Onasi xat yozib, qochib tirik qolganingdan ko‘ra mardlarcha o‘lganing yaxshi menga, faqat oldinga yur, dushmanni burda-burda qil, agar o‘q tegsa ham orqagamas oldinga yiqil, deb nasihat qiladi.
Shu esimga tushib qoldi, deng. Toshkentga borsam, Hamid Olimjonga rahmat aytaman, degandim, nasib qilmadi.
Keyin Penzada qoldik. Operatsiya qilish uchun “gastrolyor” degan jarrohlar bo‘lar ekan, shahardan shaharga ko‘chib yuradigan. O‘sha guruhdan biri keldi: o‘rta bo‘yli, echki soqol, sal qarigan. Uch kishini operatsiya qildi – bittasining qo‘lini qirqib, “qaychi” qilib berdi; bittasining o‘pkasidan o‘qni oldi, mendan oskolkani oldi. Doktorning xuddi payvandchiday ishlagani haligacha esimda. Peshonamizga qo‘lini qo‘yib: “Mening qo‘lim yengil, qo‘rqmagin”, deb taskin beradi deng.
Bizni Kemerovo yaqinidagi Leninsk-Kuznetskiy shahridagi gospitalga o‘tkazishdi. Barnaulning yonida. U yerda ancha tuzalib qolgandim. Lekin yiringli teshik paydo bo‘ldi. Doktorlar rentgen qilib, qayta operatsiya qilamiz, deyishdi. Shunda gospital bosh vrachi, tibbiy xizmat polkovnigi bo‘lgan bir ayol kelib qoldi. Jarohatimni ko‘rdi-yu: “Davolanish usulini o‘zgartiringlar, operatsiyaning keragi yo‘q, o‘z-o‘zidan chiqib ketadi yiring”, deb to‘xtatdi. Keyin xizmatni jangovar zaxirada davom ettirdim.
– Shularning hammasi esingizda turibdi, qoyil.
– Ha endi boshdan o‘tgandan keyin esda turadi-da. Lekin buyam har kimda har xil.
1945-yil 27-aprel kuni Abakandagi bilim yurtida edik. Aloqachilar birinchi bo‘lib xushxabarni – urush tugaganini aytishdi. Kimdir shapkasini, kimdir botinkasini otib nishonladi. Hamma yig‘lagan, bir-birini qutlagan… Shundan so‘ng men Krasnoyarskdagi garnizon gospitalida 16 kun davolandim. Tibbiy ko‘rikdan o‘tganimda, meni “safda xizmat qilishga yaroqsiz” deb topishdi.
1945-yil 25-oktyabr kuni, shanba oqshomida poyezddan tusharkanman, “Mana, Vatanga keldim, Toshkent tuprog‘iga keldim!” deb hayrat va quvonch bilan atrofga boqdim. Yerni qattiq-qattiq bosdim, o‘zingni tuprog‘ing ko‘taradi-da erkalikni. Nima deb aytishni ham bilmayapman, rosti.
– Ota, Sizni tushundik. Hamid Olimjon Sizni shunaqa hissiyotingizni oldindan bilib, she’r yozib ketgan:
Izingni o‘padi sog‘ingan yerlar,
Mehr-u vafo bilan qaraydi senga.
Yo‘lingga chiqadi Barchin kelinlar,
Qadim dostonlarni solib esingga…
Qahramon bo‘lib qaytgansizlar. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili gapirdi, o‘zbeklardan rosa ko‘p qahramon chiqqan, lekin ko‘pchiligi xat-hujjat ishiga hafsala qilmay, ro‘yxatlardan nomi qolib ketgan ekan. Qahramon unvoni berilmagan ekan keyin.
– Juda to‘g‘ri gap. Endi, urushda e’tiborsizlik bo‘lishi mumkin. Taloto‘pda ko‘p narsa esdan chiqib qoladi. Qahramonlik berishda, orden-medal berishda bo‘linma komandiri xarakteristika beradi. Uni shtab boshlig‘i tekshiradi. O‘shanga qarab beradi. Lekin bu ishning yana bir siri bor edi: yopiq qarorga ko‘ra, har bir millatdan Qahramon chiqarish kerak edi. Shunaqa yashirin tomonlari ham bo‘lgan.
Menimcha, bugun bizda bu unvonni olganlar qolmadi.
– Siz ham qahramonsiz, ota. Haqiqiy qahramonsiz. Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Siz va safdoshlaringizga qahramonlarga munosib e’tibor qaratib, g‘amxo‘rlik qilyapti.
– Juda to‘g‘ri gapirdingiz. Endi, mana men bir asrdan ko‘p kechgan hayotimdan kelib chiqib aytaman. Prezidentimiz ilgari hech qachon bo‘lmagan e’tiborni beryapti urush va mehnat faxriylariga. Bu kishi kelgandan keyin yurt obod bo‘ldi, xalqni xursand qildilar.
“G‘alaba bog‘i” qurib berdi. 2021-yili Rossiya televideniyesi vakillari shu bog‘ga keldi. O‘ttizga yaqin faxriylarni, shular qatori meniyam taklif qilishdi. Mehmonlarning boshlig‘i bir rus ayol ekan. Men undan: “Qanday, bog‘ sizlarga yoqdimi?” deb so‘radim. U: “Hatto butun dunyoda ham bunga o‘xshashi yo‘q. Faqat Belarus Respublikasidagi bog‘ yaqin keladi biroz”, deb javob berdi. Shunda men: “Prezidentimiz biz uchun hech narsani ayamaydi, bor mehrini beradi!” deb faxr bilan aytdim.
To‘g‘risi-da, mana, faxriylarning hammasiga mukofot berdi. “Аргументы и факты” gazetasida o‘qidim, sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan respublikalar ichida mustaqillikka erishgach, urush va mehnat faxriylariga eng ko‘p e’tibor berayotgan, eng ko‘p g‘amxo‘rlik qilayotgan davlat O‘zbekiston ekan.
Har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan qimmatbaho sovg‘a, bayram tabrigi va bir martalik pul mukofoti topshiriladi bizga.
Shavkat Miromonovichning o‘zi uyimizda mehmon bo‘lgan. Menga mashina sovg‘a qilgan.
– Ota, 2017-yilda 2 million so‘m pul mukofoti olgan ekansiz. Mana, bu yil 30 million so‘m berilyapti. Boshqa hech kim berayotgani yo‘q bu rag‘batni.
– Qulluq! Gap faqat pulda ham emas-da. Prezidentimiz yangi kelgan vaqtlarida 15 kishini, kuzatuvchilari bilan 30 kishini Makkaga yubordi. Hammaga aravacha berdi. Saudiya Arabistonida bizni yuksak hurmat-izzat bilan kutib olishdi. O‘sha yerda har birimizga soat sovg‘a qilishdi. Bunaqa g‘amxo‘rlikni qayerdan topamiz? Hamma duo qildi. Har kuni duo qilamiz.
– Ota, yurtimizga ko‘z tegmasin. Yana dunyo notinch bo‘lib turibdi-ku. Nima degan bo‘lardingiz shularga?
– Xalq urushni xohlamaydi. Buni pulim ko‘paysin, dunyoda nomim chiqsin, deganlar boshlaydi. Urushning yaxshisi bo‘lmaydi. Men G‘afur G‘ulomni tanirdim. 1949-yil tanishganman. Juda ulug‘ odam bo‘lgan – “Vaqt” degan she’rini o‘z og‘zidan eshitganman. Shuhrat qoldirish, nom qoldirish uchun ibodatxonalarni yoqish shartmas, xalq uchun bir binoga g‘isht qo‘yib, ulush qo‘shsang bas, deb yozgan.
Lekin Vatan himoyasi uchun urushga kirish boshqa narsa. Har bir davlat o‘zini himoya qilish, mudofaa uchun armiyasini kuchaytirishi kerak.
– Akmal ota, Siz bilan hali ko‘p suhbatlar quramiz. Urush haqida ko‘p kitob o‘qiganmiz. O‘zim Ernest Xemingueyning muxlisiman. Biroq Siz aytgan gaplar birorta asarda yo‘q. O‘zingiz tirik kitobsiz. Yuz yoshdan keyin odam yosharishni boshlar ekan. Siz ham, mana, Yangi O‘zbekistonda yangicha hayot boshlayapsiz. Endi bir duo qilib bersangiz.
– Shoshma. Duodan oldin yana ikki-uch og‘iz gapim bor. Odamlar yangilikka, yaxshilikka tez o‘rganadi. Go‘yo o‘zi shundoq bo‘lishi kerakday, o‘z-o‘zidan bo‘layotganday. Nega dunyoda tinch joy kam, lekin O‘zbekistonimiz osoyishta? Nega qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida mojaro chiqsa, tezda tinchib qolyapti? Nega Surxondaryoning tevaragidagi jilovsiz toifa jim yuribdi? O‘z-o‘zidan bo‘lyaptimi? Bularning hammasi nimaning evaziga, kimning mehnati badaliga tushyapti? Albatta, Prezidentimizning aqlli siyosati, shaxsiyati, Vatanni yaxshi ko‘rishi asosiy omil! Buni hamma bilishi, gapirishi kerak. Qadrlash kerak! Ko‘rdik-ku, televizorda boshqa gap, hayotda boshqa tomosha. Ana endi duoga o‘tsam bo‘ladi.
Yaratgandan so‘raymanki, Prezidentimizga, yoshlarimizga, xalqimizga barakali umr bersin! Yurtimizni obod qilib, Yangi O‘zbekiston qurish yo‘lidagi ishlarga rivoj bersin! Yoshlarimi z omon bo‘lsin, ilmli bo‘lib, Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish niyatiga yetsin! Prezidentga, xalq noiblariga, vazirlarga, xalqqa qayishadigan odamlarga kuch-quvvat bersin! Kim yaxshi niyat qilgan bo‘lsa, murodiga yetkazsin!
Iqbol MIRZO suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 8-maydagi 19-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



