Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.02.2025 | 10:20

img1142

Tog‘ay Murodning “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanidan iqtiboslar

Adib “Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi” romanida oʻz ijodiy mezonlariga sodiq qolib, yolgʻon eʼtiqodlar, soxta shiorlarga aldanib, hayotini yelga sovurgan sobiqfirqa rahbarlarining majoziy obrazlarini hajviy boʻyoqlarda tasvirlagan.

Tagi ko‘rmaganga gilam bitmasin.

– Otangni ko‘rdim, ahmadi forig‘, enangni ko‘rdim, tovoni yoriq, deydilar. Otang shul, enang shul, nima qilasan, osmonga chiqib? Tush pastga, tush!

1934-yil oyoqladi. Non chuchukdan-da chuchuk bo‘ldi. Non shirindan-da shirin bo‘ldi. Ilik uzildi! Kulbalarda bekasi bilan xo‘jasi uzala tushib o‘lib yotdi. Bekasi bag‘rida qizalog‘i o‘lib yotdi. Xo‘jasi qo‘ynida o‘g‘ilchasi o‘lib yotdi. Odamzot yo‘llarda o‘lib yotdi. Ariq bo‘ylarida o‘lib yotdi. Daraxt taglarida o‘lib yotdi. Birov zog‘ora nondan shishib o‘ldi. Birov kunjaradan shishib o‘ldi. Birov shularni-da topolmay – ochidan o‘ldi! Qabristonlar liq-liq to‘ldi. Jasad qo‘yajak yer tugul, oyoq bosajak yer qolmadi.

Tirikka topilgan yer, o‘likkayam topiladi!

– Bizga tushunchali odam kerak emas, – dedi komandir. – Bizga yuk tashuvchi odam kerak!

– Nima farqi bor, o‘z ajali bilan o‘ldi nima, ochlikdan o‘ldi nima? Bariyam o‘lim-da, bariyam go‘rga kiradi-da?

Og‘zing to‘la qon bo‘lsayam, dushmaning oldida tupurma, deydilar.

– O‘rtoq komandir, tiriklarni ko‘mish qanday bo‘ladi? – Endi, nima qilaylik, o‘rtoq rais? Zamon shunday! Ocharchilikni bartaraf etmasak bo‘lmaydi.

– O‘liklarga do‘q qilmang, o‘rtoq, o‘liklarga do‘q qilmang.

NKVD gapi – qonun! NKVD gapi – otilgan o‘q!

«Gitler urush boshlashdan oldin… mag‘lub bo‘ldi. O‘z-o‘ziga go‘r kovladi. O‘z boshini o‘zi yedi. Gitler SSSR armiyasi imkoniyatlarini bildi. 1-front kuchlarini tosh-tarozi etib ko‘rdi. 2-front qudratini-da o‘lchab ko‘rdi. Ammo-lekin 3-front haqida o‘ylab ko‘rmadi. Oqibat, 3-frontni hisobga olmadi. 3-front… front orti bo‘ldi. Mehnatkash xalq bo‘ldi. Chol-kampirlar bo‘ldi. Beva-bechoralar bo‘ldi. Yetim-yesirlar bo‘ldi. Mayib-majruhlar bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytsak, tongdan shomgacha… front uchun ter to‘kuvchi jafokash xalq bo‘ldi».

O‘zingdan baland amaldor nima desa – ana shuni bajar. So‘zsiz bajar. Ahmoqona bo‘lsa-da, bajar. Ablahona bo‘lsa-da, bajar. Ko‘r-ko‘rona bajar. Ana shunda – o‘sasan!

O‘zingdan baland amaldordan… qo‘rqib yasha. O‘zingdan katta amaldor.. yetti pushtingni haqorat etib so‘ksa, sen… kechirim so‘ra!

Hammamiz uchun hurmatli va aziz qo‘shimchasi bilan ataluvchi amaldorni… Munkarnakir deb bil! «Muhtaram zot», «ulug‘ zot» «vich-vich» qo‘shimchalari bilan ataluvchi amaldordan qo‘rq. Qo‘rqmasang-da, o‘zingni qo‘rqqanga ol. Boisi, amaldor zoti… hayiqib turuvchi odamni yoqtiradi. Amaldor zoti qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turuvchi odamni yaxshi ko‘radi.

– Unda, sen chinovniklarni..! Chinovniklar to‘nka! Chinovniklar baran! Chinovniklar cho‘chqa! T-fu, chinovniklar, t-fu!

Shizofreniya – ko‘ngliga nima keladi, ana shuni bajaradi, tiliga nima keladi, ana shuni aytadi. Aytgandayam, telbalarcha aytadi, surbetlarcha aytadi. Shu sabab, shizofreniya – partiya-hukumat uchun bamisoli bemahal qichqirgan xo‘roz bo‘ladi.

– Bu kasalxona emas, tirik insonlar qabristoni. Asl qabristonga o‘lik insonlarni ko‘madi, bu qabristonga… tirik insonlarni ko‘madi.

– Namoz o‘qishni birov ko‘rishi shartmi? Namoz o‘qish – e’tiqod. E’tiqod – yurakda bo‘ladi.

Hamma gap – imonda! Insonni inson etuvchi – imon. Dunyoni dunyo etuvchi – imon. Bir so‘z bilan aytsak, imon bilan yashash kerak!

Intellektuallar xalq hisobiga yashovchi betayin bir toifa bo‘ladi. Intellektuallar xalq qalbida nima dard bor, hech qachon anglab yetmaydi. Shu sabab, intellektuallar xalqdan oyog‘i uzilib qolgan zotlar bo‘ladi. Intellektuallar kitobga qarab o‘ylaydi, kitobga qarab fikrlaydi. Intellektuallar kitob sahifalarida yashaydi, kitobiy yashaydi. Shu sabab, kitoblardan og‘zini to‘ldirib sitatalar keltiradi, tarixdan saboqlar o‘qiydi. Ammo… ko‘chat ekib, daraxt o‘stirolmaydi. Loy qorib, imorat qurolmaydi. Go‘ng sepib, yerni to‘ydirolmaydi. Sababi, intellektuallarda hayotiy aql bo‘lmaydi! Kitob boshqa, hayot boshqaligini tasavvur ham etolmaydi. Oqibat, hayot haqida qog‘ozday quruq o‘ylaydi, qog‘ozday jonsiz o‘ylaydi. O‘ylari hayotdan juda-juda olis bo‘ladi. Lekin intellektuallar o‘zlarini nihoyatda aqlli deb biladi, nihoyatda zamonaviy deb biladi. Shu sabab, o‘zlarini hamisha men haq, deb biladi. Aslida esa, intellektuallar jisman ham, ruhan ham zaif zotlar bo‘ladi. Masalan, intellektuallar izg‘irin shamol nimaligini yaxshi biladi, ammo ana shu shamolga bardosh berish qo‘lidan kelmaydi. Intellektuallar o‘z maqsadlari yo‘lida hech balodan tap tortmaydi. Marazlik bilan bo‘lsa ham – ko‘zlagan martaba-mansablarini egallaydi. Ablahlik bilan bo‘lsa ham – o‘ylagan shon-shuhratlariga erishadi. Keyin… Vatani yonib ketmaydimi – intellektuallar televizorga qarab o‘tiraveradi. Xalqi o‘lib ketmaydimi – intellektuallar gazeta-jurnal o‘qib o‘tiraveradi.

Qayta quruvchilar ozodlik, ozodlik, deydi. Ozodlik – to‘rt tarafing qibla, og‘zingga kelganini gapir, degani emas-ku? Ozodlik – baqirib-chaqirib mansab egalla, shon-shuhratga erish, degani emas-ku?

Ozodlik demak – o‘z olamini o‘zi topib olish demak. O‘z yo‘lini o‘zi topib olish demak. O‘zligini topib olish demak.

Ming afsuslar bo‘lsin, biz hali… ozodlikka tayyor emas edik! Ongimiz… ozodlikka tayyor emas edi! Aqlimiz… ozodlikka tayyor emas edi! Ozodlik-ozodlik, so‘zlarini bilar edik. Ammo mazkur so‘zlarni mazmuni nima ekanini bilmas edik! Chunki mazkur so‘z bag‘rida… bir kun bo‘lsa-da… ha-ha, bir kun bo‘lsa-da… yashab ko‘rmagan edik! Mana, Yaratganni o‘zi bizni mazkur so‘z bag‘riga topshirdi. Biz mazkur so‘z bag‘rida… chaqaloq bo‘lib yotibmiz! Biz hali otamiz kim, bilmaymiz, onamiz kim, bilmaymiz. Eng fojiali joy… do‘st-dushmanimiz kim – bilmaymiz!

Olomonda to‘rtta tarkibiy xislat bo‘ladi. Bu qanday xislatlar? Bular – g‘oya, iroda, ruh, axloq. Ana shu to‘rtta xislat jam bo‘lsa – olomon bo‘ladi. Ana shu to‘rtta xislat tufayli olomon qudratli ham dahshatlidir. Olomon – bo‘ron, olomon – yong‘in, olomon – sel! Shu boisdan-da, olomon bo‘lar-bo‘lmasga qo‘zg‘ola bermaydi. Olomon biror-bir g‘oya uchun qo‘zg‘oladi. Yangi bir g‘oya dunyoga kelsa – olomon ana shu yangi g‘oya uchun qo‘zg‘oladi. Mazkur g‘oya porloqmi yo tubanmi – olomon uchun ahamiyatsiz bo‘ladi. Olomon qatordan qolma, ko‘pdan qolma – shiorlari ostida saf bo‘ladi. Olomon uchun jamiyatni yaxshi kuniyam bir, yomon kuniyam bir. Jamiyat biror yutuqqa erishsa – olomon qo‘zg‘oladi. Jamiyat biror parokandalikka uchrasa – tag‘in olomon qo‘zg‘oladi. Olomon yaxshi kunda bir siyosatdonni ulug‘laydi. Yomon kunda… ayni shu siyosatdonni yer bilan baravar etadi! Olomon… to‘qimtabiat bo‘ladi! Bir kunlik kayfiyat bilan jam bo‘ladi. Bir soatlik maqsad bilan yig‘iladi. Keyin, birdan… aynib qoladi. Birdan… tariqday tarqab ketadi! Olomon juda osonlik bilan o‘ziga lider topadi. Chunki olomon lidersiz bir qadam bosolmaydi. Lidersiz bir so‘z aytolmaydi! Lider olomon nomidan g‘animiga qarata birinchi bo‘lib tosh otadi. Birinchi bo‘lib o‘q otadi. Shu bois, olomon o‘z lideri ketidan… ko‘rlarcha ergashadi! O‘z lideri izidan… podalarcha yuradi! Kim olomon lideri bo‘la oladi? O‘zida yo‘q… fazilatlar bilan olomonni ishontira oluvchi, yolg‘on-yashiq g‘oyalar bilan olomonga ta’sir eta oluvchi, maza-bemaza shiorlarni xorijiy tillar bilan qo‘shib so‘zlay oluvchi zot – lider bo‘la oladi! Inson general bo‘lishi mumkin, aksincha, lider bo‘lolmaydi. Inson ministr bo‘lishi mumkin, aksincha lider bo‘lolmaydi.

So‘zlovchi nodon bo‘lsa, sen dono bo‘l! Xalq maqoli!

O‘zining to‘rtta mustaqil fikri yo‘q zot… qanday qilib demokratiya quradi?

Dehqon o‘z oti o‘zi bilan dehqon. Dehqon bechoraga ketmon bo‘lsa bo‘ldi.

Odatda, uch toifa odam xalq e’tiborini oladi. Uch toifa odam ovoz oladi. Birinchi toifa – ritsar bo‘ladi. Bizda ritsarni xalq qahramoni, deydi. Xalq qahramoni botir bo‘ladi, jasur bo‘ladi. Shu bois, kurashsiz yashay olmaydi. Xalq qahramoni osoyishta hayot nimaligini bilmaydi. Bilsa ham tinch-osoyishta yashamaydi. Boisi, xalq qahramoni… tinchlikni yomon ko‘radi. Bu toifa odam inqilob vaqtida birinchilardan bo‘lib qo‘liga qurol oladi. Yalovbardor bo‘ladi, ura-urachi bo‘ladi, otashzabon bo‘ladi. Qahramonliklar ko‘rsatgisi keladi. Mardlik-jasorat namoyish etgisi keladi. Shon-shuhrat orttirgisi keladi. Orden-medallar olib taqqisi keladi. Ikkinchi toifa odam – olijanob odamdir, ulug‘namo odamdir, avliyonamo odamdir. Bu toifalar xo‘rlangan xalq uchun qayg‘uradi, haqoratlangan xalq uchun qayg‘uradi, ezilgan xalq uchun qayg‘uradi. G‘arib xalq uchun, mushtipar xalq uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qiladi. Bechora xalq uchun oylik maoshini beradi, qarilik nafaqasini beradi, o‘limligini beradi. Bu toifalar el-yurtga ezgulik ham ma’rifat tarqatadi. Uchinchi toifa odam – ishbilarmon odamdir, tadbirkor odamdir, uddaburon odamdir. Bular faqat kirim-chiqimni biladi, foyda-ziyonni biladi. Yaratib beradi, qurib beradi. Bir so‘z bilan aytsak, bu toifa odamlar faqat foyda beradi. Ana, ana shu uch toifa odam ko‘p ovoz oladi!

Millatchilik misoli bir olov, – deya o‘yladi Botir firqa. – Olov o‘z oti o‘zi bilan olov. Olov bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Odam olovni ehtiyot qilmasa, bet-qo‘lini kuydirib qo‘yadi. Odam olovni avaylamasa, o‘z uyini olov oldirib yuboradi. Butun… dunyoni o‘t oldirib qo‘yadi!

To‘dada olomonga xos to‘rtta xislat yo‘q bo‘ladi. Shu bois, to‘da olomondan tuban turadi. O‘z oti o‘zi bilan to‘da bo‘ladi. To‘da biror yomonlikni oldini olish uchun to‘da bo‘lmaydi. To‘da biror masala yuzasidan qayg‘urmaydi. To‘dada aniq bir maqsad ham bo‘lmaydi, orzu-niyat ham bo‘lmaydi. To‘da hamisha aybdor izlaydi, hamisha gunohkor izlaydi. O‘sha aybdor yo gunohkor, mana men, deya to‘da oldiga otilib chiqsa – to‘da nima qilishini bilmay qoladi, nima deyishini bilmay qoladi!

Mansab-martaba dardi – davolab bo‘lmas dard. Shon-shuhrat dardi – surunkali dard. Bu dardlarga yo‘liqqan odam… o‘lib qutuladi! Shu bois, mansab-martaba dardiga yo‘liqqan odam – qalloblik, poraxo‘rlikdan qaytmaydi. Shon-shuhrat dardiga yo‘liqqan odam – marazlik, yovuzlikdan qaytmaydi.

– Sobiq… hayiting o‘tdi, demakdir! Sobiq… hayiting o‘tgach, xinoni… ketingga qo‘y, demakdir!

Imon bilan yashaguvchi, nohaqlikka chidolmovchi, xo‘rlik – zolimlikdan nafratlanuvchi, chin inson bo‘lib yashaguvchi zot – asl ziyolidir!

Insonda vatan bitta bo‘ladi. Vatan yolg‘iz bo‘ladi. Shu bois – vatanga ohanjoma taqib bo‘lmaydi. Vatanga upa-surma qo‘yib bo‘lmaydi. Vatanga gard yuqtirib bo‘lmaydi. Vatan o‘z oti o‘zi bilan – vatan! Juda bo‘lsa – vatanga ona so‘zini qo‘shib aytsa bo‘ladi. Boisi, vatan bilan ona ayrilmasdir. Vatan bilan ona mangudir. Shu boisdan – ona-vatan, deymiz. Ona-vatan!

Odam qarisa… umidini yo‘qotadi. Umidini boy beradi. Kelajakdan umidini uzadi. Odamni ana shu… odam qilib turadi. Odamni ana shu umid… suyab yuradi. Shu bois, odam… umidsiz yashay olmaydi!

Aynan… o‘lim inson kim ekanini ko‘rsatadi! Inson tosh-tarozisini… taroziga qo‘yib ko‘rsatadi. Inson qiyofasini oynaga solib ko‘rsatadi. Inson qadr-qimmatini… oppoq qog‘ozga bitib ko‘rsatadi. Asl insonni asl bahosini… o‘lim beradi! Shu bois, asl inson uchun o‘lim pisand emas! Asl inson o‘limni ochiq yuz bilan kutib oladi. Asl inson o‘limni tabassum bilan kutib oladi.

Qari odamni enagasi – go‘rkov!

Keksa odam… yashamaydi, yashamaydi! Keksa odam… so‘nggi marosimiga hozirlik ko‘radi. Keksa odam… dafn marosimini poylaydi! Dafn marosimini… uzikib-uzikib poylaydi…

Men shtat qisqarishlardan ham qo‘rqmayman. Yuzlab ish joylar taqa-taq yopilib qoladi. Ammo… o‘lim ishi taqa-taq yopilmaydi! Dunyoda hamma shtat qisqaradi. Ammo… o‘lim qisqarmaydi! Dunyoda hamma narsa tamom bo‘ladi. Ammo o‘lim tamom bo‘lmaydi! O‘lim mangu yashaydi! O‘lim barcha tuzumlar uchun abadiydir! Yashasin, o‘lim!

Mana, odamzotni otasi. Mana, odamzotni onasi. Mana, odamzotni beshigi! Dunyodan necha-necha jamiyatlar o‘tdi – faqat yer qoldi. Necha-necha partiyalar o‘tdi – faqat yer qoldi. Necha-necha siyosatlar o‘tdi – faqat yer qoldi. Demak, bu dunyoda-da, u dunyoda-da… yerdan boshqasi bekor ekan!

Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi! Bu dunyoda yashab bo‘ladi. Shu boisdan-da, bu dunyo otini hayot, deydi. Hayot – yashash, demak, quyosh – yashash, demak. U dunyoda… o‘lsa bo‘ladi!

Bu dunyoga keldingmi? Endi chida! Dunyo – chidaganniki! Oxirigacha chida, xudo bergan kungacha chida!

“Otamdan qolgan dalalar” romanidan iqtiboslar

Oqil Abdubarnoyev tayyorladi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img123

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img633

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img628