04.06.2026 | 10:41
1212
MUHTASHAM TOPISHMOQ
Nazar Eshonqulning “Giryon” romanini o‘qib…
Eng avvalo, bu g‘alati romanni o‘qishga qiynalganimni aytmoqchiman. Asarni bir so‘z bilan ta’riflash lozim bo‘lsa, uni “topishmoq” degan bo‘lardim. Nazarimda, bu baho kamlik qiladi, yaxshisi, “Muhtasham topishmoq” deyman.

Nazarimda, erkin yozishimga xalal berayotgan yana bitta muammo bor. Roman haqida fikr yozishga chog‘landim, ammo kim bo‘lib yozaman – intellektual esseistmi yoki emotsional kitobxon? Har ikki yondashuvda ham muallifga va sizga – romanning potensial o‘quvchisiga ko‘p gaplarni aytgim keladi.
Kelishib olaylik. Men romanni yaxshi yoki yomon deydigan taqrizchi emasman. Unaqa gaplarni kutmang. Syujetni ixcham ravishda qayta hikoya qilish orqali bu yangi romanni o‘qimoqqa shashtingizni so‘ndirib, mazkur asar mutolaasidan tug‘iladigan estetik huzurdan sizni mosuvo qilgim ham yo‘q. Men bu asar o‘quvchi ongiga qanday o‘rmalab kirib borishini imkon qadar tushuntirmoqchi bo‘laman.

Asar syujeti sodda, lekin tanlangan shakl – janr o‘ta murakkab, matn juda interaktiv, hodisalar shu kunlarda bo‘lib o‘tadi. Voqealar uchta mustaqil, o‘zaro bog‘lanmagan va tub mohiyatiga ko‘ra chambarchas bog‘langan parallel olamlarda sodir bo‘ladi. Muallif roman strukturasi ustida jiddiy ishlagani seziladi: matn o‘quvchidan intellekt, muqarrar psixologik larzalarga tayyorgarlik talab qiladi.
O‘qish jarayonida mavzuning hayot-mamot qadar qaltisligi, ifoda uslubining og‘irligi, yurakni ezadigan darajada ijikilab bayon qilingan tushlar, ong osti tasvirlari, muallifgagina ayon kodlar, sirli raqamlar, g‘ayrishuuriy ishoralar – mana shularning yuki yelkamni bosib turdi.
Tarsoning 20 varaqdan iborat tush tasvirini o‘qirkanman, zerikib ketdim, asabimga tegayotgan, g‘ashimni keltirayotgan va batafsil ming‘irlash bo‘lib tuyulayotgan bu matndan uzoqlashgim kelaverdi. Uch-to‘rt bet o‘qiyman, ko‘chaga chiqaman, aylanaman. Yana uch-to‘rt bet o‘qiyman, fikrim chalg‘ib ketaveradi. Ichimda og‘rinaman: “Dam olish kunlarimni rasvo qildi bu roman”. Bo‘ldi, o‘qimayman, deyman-ku… Biroz o‘tgach, bezovta bo‘laman, zamonaviy San’on va Tarso qissasi nima bilan yakunlanar ekan, degan qiziqish ustunlik qilaveradi. Chunki asarning muqaddimasi – ekspozitsiya kitobxonni hayratga soladigan miqyoslarda go‘zal labirint ustiga qurilgan: qiz va professor tungi vaqtda (soat 22:37 da) suhbatlasha boshlaydi, siz ikki begona odamning skrinshotlarini yashirincha o‘qiyotgandek bo‘lasiz, halizamon bani odamga xos “anunaqa” intim gaplar boshlansami, degan shum gumon ko‘ngildan o‘tadi. Birovning nozik sirini bilishga qiziqish – o‘quvchining yoqasidan mahkam changallab, to romanning 148-sahifasigacha bir nafasda o‘qishga majbur qiladigan omil shu.
Dastlabki sahifalarda raqamli davr estetikasidan sarmast kitobxon 148-sahifa kelganda tuyqus boshqa olamga tushib qoladi. Shu nuqtada ong oqimi bayoni boshlanadi – tor joyga qamalib qolib yuragi yorilayozgan katta odam yoki keng dalada ozod shamolga ergashib chopayotgan uchqur tulpor kabi holga tushasiz, aralash hislar tug‘iladi. Kontrast. Asarning har bobida, har hikoyasi, har tasvirida katta-kichik, dardli-kulgili, o‘tmish-bugun, achinarli-yoqimli singari detallar kontrasti bor.
Mazkur roman o‘zbek adabiyotidagi shakliy izlanishlarning eng noyob namunalaridan biri bo‘lgani uchun uch yo‘nalishdagi hikoyalar haqida alohida to‘xtalishni ma’qul ko‘raman.
Birinchi yo‘nalish. Xonanishin professor – ruhshunoslik sohasi bo‘yicha tan olinmagan daho olim o‘tar dunyo ishlariga etak silkib, umr shomini o‘tkarayotgan rangsiz kunlarining birida unga notanish qiz telegramdan xat yozadi. So‘ngra uzun va sermazmun muloqotlar, sirlashishlar, hayotning mohiyati, Xudo, o‘lim, tushlar xususidagi ichkin suhbatlar boshlanadi.
Muloqotlar kuchayib, rivojlanib borgani sayin ular ko‘hna “Shayx San’on va Tarso qiz” hikoyatiga taqlidan telegramdagi yozishmalarida o‘zlarini shu nom (nikneym) bilan atay boshlashadi. Qiz endi Tarso bo‘lib yozadi, keksa professor San’on nomini oladi. Suhbat asnosida ma’lum bo‘ladiki, ular avvalroq ikki marta real hayotda ko‘rishishgan: dastlab qizning bolalik kezlarida va keyinroq u pyesa yozib, ko‘rsatishga olib kelganida.
Ikkalasining muloqoti mazmunini tashkil etadigan falsafiy g‘oyalar, qo‘rqinchli tushlar, qiz qachondir yozgan murakkab asar va o‘sha asardagi bosh qahramon – Yaldo ismli qiz o‘quvchini tafakkurning sirli zinalariga qavatma-qavat boshlab ketaveradi. Ha, men hozir yuqorida qandaydir mavhum va mahobatli, serqatlam jumla tuzib boshingizni qotirgan bo‘lsam, professor va Tarsoning virtual muloqoti ham sizni ana shunday tushuniksiz mahobat qarshisida giryon qiladi.
Keyin asar ichida asar paydo bo‘ladi, telegramda suhbatlashib o‘tirgan bu professor va qizning suhbatiga ergashib, qiz o‘zini tasvirlab yozgan pyesasi tahliliga qo‘shilib ketasiz. Sanoqsiz tushlarida nogiron ukasi va o‘gay otasini o‘ldirayotgani uchun aybdorlik hissi bilan yashayotgan Tarso professorga o‘z og‘riqlarini, bu og‘riqlarning paydo bo‘lish tarixini ma’lum qiladi. Tajribali psixolog, o‘jar olim esa bu tushlar kodlar ekanini anglaydi va qizga bu ruhiy labirintdan chiqish yo‘llarini ko‘rsatishga intiladi. Lekin qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Qiz qotilligini tan oladi va internetdan g‘oyib bo‘ladi. Bundan keyingi voqea esa muallifning favqulodda topilmasi, dahshatli va alamli drama.
Ikkinchi yo‘nalish. Ayni paytda telegramdagi yopiq guruhlarda (ehtimol, o‘n-o‘n besh yillar avval mashhur bo‘lgan chat-forumlarda) 5-6 nafar adabiyottanir (ustoz Q.Yo‘ldosh so‘zi) odamlar gurunglashib o‘tiradi, fikr almashiladi. Professor bu virtual gurungning bahs mavzusiga qiziqadi, falsafa, adabiyot, psixologiyaga doir va yana allaqanday voqelikka aloqadorligi sezilib turadigan gurungni qunt bilan o‘qiydi. Shu joyini eslab qoling.
O‘quvchida savol tug‘iladi. Kim o‘zi bu nom-u nishoni g‘alati odamlar, nega ular Ko‘kboil, Jablit, Raqobil singari g‘ayriodamiy ismlar bilan nomlangan? Ularning forumga o‘xshagan virtual davra suhbati san’atning mohiyati haqidagi bahslardan boshlanib, keyingi o‘rinlarda qandaydir badiiy asarga doir xulosanamo gaplar bilan yakunlanadi. To‘g‘rirog‘i, ularning suhbati yakunlanmaydi, romandagi ishtiroki yakunlanadi.
Shunda gapning payrovidan tushunasizki, syujetni emas, fundamental g‘oyalarni muhokama qilib o‘tirgan bu odamlar davrasi siz bilan birga romanni o‘qiyotgan kishilar bo‘lib chiqadi! Ya’ni, roman o‘zini o‘zi muhokama qilayotgan struktura ekanligini tushunib qolasiz.
Boshida virtual davra suhbatini tushunib-tushunmay o‘qiysiz, asar voqealari rivojlanib borar ekan, sezasizki, bu interdistsiplinar insonlar, ya’ni ko‘plab fanlar qamrovida qomusiy fikr yuritadigan intellektual toifa berilib muhokama qilayotgan voqea – romanning o‘zi.
Soddaroq tushuntiraman. “Giryon” romani shaklan uch turli hikoyadan iborat: a) roviy; b) internetdagi yozishmalar; v) ong osti tasvirlari. Internetdagi yozishmalar ikkiga bo‘linadi: professor bilan qizning “lichka”si va telegram guruhda fikrlashayotgan odamlar. O‘sha telegram guruhida fikrlashayotgan odamlar siz o‘qiyotgan roman voqealari xususida gaplashib o‘tirganini tushunib qolasiz. Faqat bu g‘alati holatni – romanning noyob konstruktsiyasini kimdir ertaroq, kimdir kechroq payqaydi. Lekin muallif “shunday-shunday” deb konstruksiyani biron joyda izohlamaydi.
Uchinchi yo‘nalish ong oqimi tasvirlaridan iborat. Asarning bir qarashda zerikarli, ammo malham singari foydali qismi – shu. Tarso va professorning suhbatidan toliqqan kitobxon ong osti tasvirlari boshlanganida xayolga ergashib ketaveradi, ketaveradi. Muallif dastlab sizni bolalikning qo‘rqinchli ertagidan olib o‘tadi, so‘ngra alahsirashga o‘xshagan, g‘irrom munosabatlardan bezgan ko‘ngilning kechinmalariga to‘xtaladi, oxirida esa yo‘l – bunday psixologik asarga eng oqilona final uchun mos detal keladi.
Ong oqimi tasviri uchun tanlangan mangu doiradan iborat shahar va bog‘lovchi ichki yo‘llar, yo‘lsozlar hikoyasi juda serqatlam va absurd mohiyatini ochishi bilan mumtoz bir badiiy qiymatga ega. Nazar Eshonqul shu nuqtada o‘quvchi tafakkurini katta falsafiy dilemmaga ustalik bilan yo‘naltiradi. Bu dilemma mohiyatni ochishi emas, uni izohlashi bilan xotirangizga mahkam o‘rnashadi. Asar g‘alati ravishda tugadi, lekin eng oxirgi ong oqimi bayoni bilan muallif o‘quvchining yuziga tarsaki tortadi: qalbingdagi dastlabki idollar mangu yashaydi, baribir, ularga qaytasan! Keng ma’noda esa bunday deydi: o‘zliging seni bir umr ta’qib qiladi, dunyo qochib qutulish uchun juda tor.
Bu romanda alohida to‘xtalib sharhlash kerak bo‘lgan nuqtalar ko‘p. Deylik, har bir bo‘lim uchun tanlangan, suhbat o‘zaniga qarab almashib turadigan ranglar; aniq qayd etilgan muloqot vaqtlari; o‘qish emas, tomosha qilish hissini beradigan surat-skrinshotlar; umumiylikdan xususiylikka evrilish tasvirlari; muallif sezilar-sezilmas ravishda ongingizga muhrlayotgan falsafiy-psixologik bilimlar romanni noyob adabiy hodisaga aylantiradi.
Qizig‘i shundaki, romanni o‘qib bo‘lganingizda siz bir badiiy asar mutolaasini yakunlagan o‘quvchi holatida bo‘lmaysiz. Siz kuchli psixolog qabulidan qaytgan, yurak-yuragini o‘rtayotgan hasratidan forig‘ bo‘lgan odamga aylanasiz. Aristotel aytgan “katarsis” sodir bo‘ladi. Bundan ham qizig‘i shundaki, sal keyinroq roman voqealari, uning g‘alati konstruksiyasi, ong oqimidan iborat finalni eslab, psixolog-muallif yuragingizga joylab qo‘ygan absurddan dahshatga tushasiz. Xayr, katarsis. Yana kontrast.
Nafsilamrini aytganda, san’at shunday: ommaga yoqishga intilmaydi, o‘z-o‘zicha voqelik bo‘ladi, uni tushunish va his qilish o‘quvchining saviya-darajasiga bog‘liq.
Behzod QOBULOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-maydagi 22-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605


