Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.07.2026 | 10:03

img957

SUN’IY IDROK VA DUNYO

JANG MAYDONIDAGI TAHLILCHI

Sun’iy intellekt haqida gap ketganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga robotlar yoki avtonom qurollar keladi. Ammo bugungi voqelik ancha murakkab va qiziq. Sun’iy intellekt hozircha jang maydonida qo‘lida qurol tutgan “temir askar” sifatida emas, balki jangni boshqaradigan aql markazi sifatida paydo bo‘lmoqda. Masalan, AQSH-Isroil – Eron mojarosida shu holat kuzatildi. Katta til modellariga asoslangan chat-botlar axborot tahlili, tadqiqot va kommunikatsiya jarayonlarida keng qo‘llanilmoqda. Shunday texnologiyalardan biri – Claude sun’iy intellekt tizimi bo‘lib, u Anthropic kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Harbiy strategiyada eng muhim narsa – bu ma’lumot. Kim axborotni tezroq to‘plasa, tezroq tahlil qilsa va to‘g‘ri qaror qabul qilsa, o‘sha tomon tezroq ustunlikka erishadi. Biroq zamonaviy urush sharoitida ma’lumot hajmi shunchalik ulkanki, uni insonning o‘zi tahlil qilishi deyarli imkonsiz. Negaki, bugungi armiyalar jang maydoni haqida ma’lumotni sun’iy yo‘ldoshlar, dronlar, radar tizimlari, elektron kuzatuv sensorlari, razvedka hisobotlari orqali shakllantiradi. Bunday axborot oqimi esa har soniyada millionlab ma’lumot birliklarini tashkil qiladi.

Mana shu o‘rinda sun’iy intellekt maydonga chiqadi. Ular axborotni tezkor tahlil qilib, qo‘mondonlarga strategik variantlarini taqdim etadi. Claude AI kabi zamonaviy modellar razvedka ma’lumotlarini tahlil qilish, ehtimoliy ssenariylarni modellash va jang operatsiyalarini rejalashtirishda harbiylarga chindan qo‘l kelmoqda. Bu tizim jang maydonidagi axborotni tahlil qilib, bir nechta ehtimoliy strategiyani qo‘yadi hamda ushbu savollarga javob topadi: qaysi yo‘nalishda harakat qilish maqbul, qaysi operatsiya katta xavf tug‘dirishi mumkin, qaysi qaror eng samarali natija berishi mumkin?

Albatta, hozircha sun’iy intellekt generalning o‘rnini egallagani yo‘q. Ammo u generalning yonida turgan, har bir ehtimoliy vaziyatni hisoblab beradigan aqlli adyutantga aylanmoqda. Bu holat harbiy strategiya tabiatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Agar avval jang rejalari oylar davomida ishlab chiqilgan bo‘lsa, sun’iy intellekt davriga kelib strategik qarorlar soniyalar ichida qabul qilinishi mumkin. Demak, jang maydonida yangi ishtirokchi paydo bo‘lmoqda: u na tank, na samolyot, na raketa; u – algoritm.

Sun’iy intellekt jang maydonida tahlilchi sifatida paydo bo‘la boshlagani sayin harbiylar orasida algoritmlar urushi degan yangi tushuncha keng tarqalmoqda.

Shu sababli ayrim harbiy strateglar kelajak urushlarini ma’lumot markazidagi urush degan yangi atama bilan ta’riflamoqda. Bu tushuncha juda muhim bir haqiqatni anglatadi: kelajak urushlarida quroldan ham ko‘ra ma’lumot qimmatroq resursga aylanishi mumkin.

DRON TO‘DALARI: YANGI HARBIY STRATEGIYA

Algoritmlar jang maydonida qaror qabul qilish jarayonini o‘zgartirib borayotgan bo‘lsa, sun’iy idrokning yana bir yo‘nalishi harbiy strategiyaning aynan o‘ziga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu dron to‘dalari texnologiyasidir.

Sun’iy intellekt orqali birgalikda harakat qiluvchi ko‘p sonli dronlar guruhida o‘nlab, ba’zan yuzlab kichik uchuvchisiz qurilmalar bir vaqtda osmonga ko‘tariladi. Ular markaziy buyruqni kutmaydi. Har bir dron o‘z sensorlari orqali atrof-muhitni kuzatadi va boshqa dronlar bilan ma’lumot almashadi. Sun’iy intellekt esa bu ma’lumotlarni tahlil qilib, guruh ichidagi vazifalarni avtomatik tarzda taqsimlaydi. Natijada dronlar alohida qurilmalar emas, balki bir butun tizim sifatida harakat qiladi.

Masalan, guruhdagi ayrim dronlar razvedkachi vazifasini bajaradi. Ular dushman pozitsiyalarini aniqlaydi, koordinatlarni belgilaydi va ma’lumotni boshqa dronlarga uzatadi. Boshqa dronlar esa nishonni kuzatadi, uning harakatini nazorat qiladi. Ularning yana bir qismi zarba berish vazifasini bajaradi. Bunday tizimning asosiy afzalligi – murakkabligi va moslashuvchanligidadir. Agar bir necha dron yo‘q qilinsa ham, qolganlari vazifani davom ettirishi mumkin. Ularning harakati doimiy ravishda qayta hisoblanadi va strategiya shu zahotiyoq o‘zgaradi.

Dron to‘dalari texnologiyasining yana bir muhim jihati nisbatan arzonligida. Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, havo urushlari taktikasini tubdan o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan bu texnologiya bir necha million dollarlik samolyot yoki raketadan afzal bo‘lishi mumkin. U havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari uchun ulkan muammo tug‘diradi. Chunki bir vaqtning o‘zida yuzlab kichik nishonlarni to‘xtatish mushkul. Shu sababli dron to‘dalari texnologiyasiga qiziqish oshib bormoqda.

SI VA YADROVIY XAVFSIZLIK

Sun’iy idrokning harbiy sohadagi imkoniyatlari haqida gap ketganda, eng nozik masalalardan biri – yadroviy xavfsizlik masalasi bo‘lib qoladi. Ma’lumki, yadroviy davlatlar ehtimoliy raketa hujumlarini erta aniqlash uchun doimiy kuzatuv tizimlariga ega. Sun’iy yo‘ldoshlar, radarlar va turli sensorlar osmondagi har qanday raketa uchirilishini qayd etishga mo‘ljallangan. Bu tizimlar har soniyada ulkan ma’lumotni qayta ishlaydi.

Sun’iy intellekt sensorlardan kelgan ma’lumotlarni tahlil qilib, raketa hujumi haqida signalni insondan ancha tezroq aniqlashi mumkin. U sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, infraqizil sensorlar va radar ma’lumotlarini bir vaqtning o‘zida tahlil qilib, ehtimoliy tahdid haqida bir necha soniya ichida xulosa chiqara oladi.

Bir qarashda bu xavfsizlikni oshiradigandek ko‘rinadi. Ammo bu yerda juda muhim savol bor: agar algoritm xato qilsa-chi?

Tarixda bunday holatga misol bor. Sovuq urush avjiga chiqqan 1983-yilning 26-sentyabr kuni Sovet Ittifoqining erta ogohlantirish tizimi AQSH tomonidan yadroviy raketa uchirilgani haqida xabar berib, Amerikadan bir nechta qit’alararo raketa uchirilganini ko‘rsatgan. Navbatchi ofitser, podpolkovnik Stanislav Petrov yo‘riqnoma bo‘yicha bu haqda qo‘mondonlikka darhol xabar berishi, agar signal haqiqiy deb topilsa, bu tahdidga javob tariqasida yadroviy zarba berish haqida qaror qabul qilinishi mumkin edi. Ammo vaziyatni sog‘lom aql bilan tahlil qilgan Petrov shunday xulosaga keladi: agar bu haqiqiy hujum bo‘lsa, u bitta raketa bilan emas, balki yuzlab raketa bilan boshlanishi kerak. Demak, kompyuter xabarida xatolik bor.

Keyinchalik radar tizimi chindan xato qilgani ma’lum bo‘lgan. Shu tariqa, bir insonning tahliliy qarori ehtimoliy yadroviy mojaroning oldini olgan. Agar o‘shanda qaror to‘liq avtomatik tizimga topshirilganida nima bo‘lar edi?

Bu savol haligacha harbiy tahlilchilarni o‘ylantiradi.

Shu sababli bugungi kunda yadroviy xavfsizlik tizimlarida muhim tamoyil saqlanmoqda. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt ma’lumotni tahlil qilishi, ehtimoliy ssenariylarni hisoblashi mumkin, ammo yadroviy qurol bilan bog‘liq hal qiluvchi qarorni inson qabul qiladi.

SI FAQAT URUSH UCHUN EMAS

Sun’iy idrokni faqat jang maydoni bilan bog‘lash uning haqiqiy imkoniyatlarini ancha kamaytirib ko‘rsatishdan boshqa narsa emas, aslida. Uning eng katta ta’siri odam hayotini o‘zgartirishida namoyon bo‘lmoqda. Bugun SI rentgen va kompyuter tomografiyasi tasvirlarini tahlil qilib, o‘pka saratoni yoki yurak kasalliklarining dastlabki belgilariga shifokordan ham tezroq e’tibor qaratmoqda. AQSH va Yevropa klinikalarida SI asosidagi dasturlar ko‘krak bezi saratonini aniqlashda qo‘llanilmoqda. Chunki bunday tizimlar ayrim hollarda tashxis qo‘yishda insondan ham yuqori aniqlikka egaligi isbotlangan.

Ta’lim sohasida ham sun’iy intellekt yangi imkoniyatlar yaratyapti. SI asosidagi platformalar har bir o‘quvchining bilim darajasini tahlil qilib, unga mos mashqlar va tushuntirishlar taklif qila oladi. Shu bois, ta’lim jarayoni shaxsiylashtirilgan shaklga o‘ta boshladi.

Qishloq xo‘jaligida ham sun’iy idrokning imkoniyatlari keng. Zamonaviy fermerlar sun’iy intellekt asosida ishlaydigan dronlar va sensorlar yordamida dalalarni kuzatadi. Tuproq namligi, o‘simlik holati, o‘sish dinamikasini tahlil qilib, qachon suv berish yoki o‘g‘it solish kerakligi borasida qaror qabul qiladi. Natijada suv va boshqa resurslar tejalib, hosildorlik ortadi.

Sun’iy intellekt banklar va moliyaviy kompaniyalarda algoritmlar yordamida millionlab tranzaksiyalarni tahlil qilib, firibgarlik holatlarini aniqlamoqda. Zavodlarda robotlashtirilgan ishlab chiqarish tizimlari mahsulot sifatini nazorat qilib, ish samaradorligini oshiryapti. Logistika kompaniyalari sun’iy intellekt yordamida transport marshrutlarini optimallashtirib, vaqt va yoqilg‘i sarfini kamaytirmoqda. Demak, sun’iy intellekt faqat yangi qurollar yaratish vositasi emas, u jamiyatning deyarli barcha sohalariga ta’sir qilayotgan universal texnologiyadir.

Shu sababli aksar ekspertlar sun’iy idrokni sanoat inqiloblari bilan taqqoslaydi. Demak, sun’iy intellekt urushlarni qanday o‘zgartiradi, deb emas, u inson hayotini qanchalar yaxshilikka o‘zgartiradi, deb savol qo‘yish to‘g‘riroqdir.

SUN’IY INTELLEKT VA XAVFSIZ JAMIYAT

Globallashuv sharoitidagi radikallashuv, zo‘ravon ekstremizm va terrorizm jamiyat barqarorligiga tahdid solayotgan hodisa sifatida kun tartibidagi o‘rnini hamon saqlab qolmoqda. Bu tahdidlarga qarshi kurashda an’anaviy yondashuvlar bilan bir qatorda, sun’iy intellekt texnologiyalari mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochib berishi mumkin. Eng muhimi, SI mazkur muammolarga faqat reaktiv emas, balki preventiv yondashuvni ham ta’minlaydi.

Uning eng katta afzalligi – radikallashuv jarayonini ilk bosqichdayoq aniqlash imkoniyatiga ega ekanligidir. Zamonaviy algoritmlar katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, onlayn muhitdagi xavfli tendensiyalar, keskinlashib borayotgan qarashlar va ta’sir kanallarini barvaqt fosh etadi. Bu esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mas’ul tuzilmalarga voqea sodir bo‘lishidan avval chora ko‘rish imkonini beradi. Shu jihatdan, SI “hodisadan keyin javob berish” modelidan “hodisaning oldini olish” modeliga o‘tishni ta’minlaydi.

Preventiv o‘chirish mexanizmi sun’iy intellektning muhim ustunliklaridan biri. Zararli kontentni keng tarqalishidan avval aniqlash va cheklash ekstremistik g‘oyalarning ommalashuvini sezilarli darajada kamaytiradi. Algoritmlar orqali kontent tarqalishining ilk bosqichida aralashish uning ta’sirini bir necha barobarga qisqartirishi mumkinligi amaliyotda allaqachon isbotlangan. Albatta, bunday yondashuv inson huquqlari, so‘z erkinligi va huquqiy me’yorlar bilan uyg‘un holda amalga oshiriladi.

Sun’iy intellektning ahamiyati faqat xavfsizlik bilan cheklanmaydi. U jamiyatda huquqiy savodxonlikni oshirishda ham samarali. Interaktiv platformalar va intellektual chat-botlar orqali aholiga huquqiy ma’lumotlarni sodda va tushunarli shaklda yetkazish, fuqarolarning huquq va majburiyatlarini anglash darajasini oshirish mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, radikal g‘oyalarga nisbatan ijtimoiy immunitetni kuchaytiradi.

Mazkur texnologiya milliy madaniyat va qadriyatlarni asrash hamda targ‘ib qilishda ham yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Milliy merosni raqamlashtirish, uni zamonaviy formatlarda yoshlar auditoriyasiga yetkazish orqali axborot makonida ijobiy va ma’rifiy kontent ulushini oshirish mumkin. Bu esa, “axborot maydoni”ni radikal g‘oyalar bilan emas, balki milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan to‘ldirishga xizmat qiladi.

Diniy sohada ham sun’iy intellektning o‘z o‘rni bor. U Islom ma’rifatini, uning insonparvarlik va bag‘rikenglikka asoslangan mohiyatini ilmiy va ishonchli manbalar asosida tushuntirish orqali dinni noto‘g‘ri talqin qilishning oldini olishi mumkin. U radikal axborot ta’siriga tushib qolgan shaxslar bilan ishlashda ham samarali instrument vazifasini bajara oladi. Ma’lumotlarni tahlil qilib, xavf guruhlarini aniqlab, ularga manzilli va ishonchli ma’rifiy kontentni yetkazishni tartibga solish bu texnologiya uchun xamirdan qil sug‘urishday gap. Bu esa buzg‘unchi qarashlar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni bosqichma-bosqich sog‘lom fikr va to‘g‘ri dunyoqarashga qaytarishga xizmat qiladi.

Axborot xavfsizligi nuqtayi nazaridan esa SI dezinformatsiya va manipulyatsiyalarni aniqlash, jamoat kayfiyatidagi xavfli o‘zgarishlarni monitoring qilish orqali davlatchilik tamoyillarini muhofaza qilishga xizmat qiladi. Aynan shu holat ijtimoiy birlikni ta’minlashda o‘ta muhim.

Sun’iy intellekt radikallashuv va terrorizmga qarshi kurashda keng qamrovli ijtimoiy, ma’rifiy va strategik vosita rolini o‘ynaydi. U xavflarni oldindan aniqlash, tarqalishini cheklash, jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy immunitetini kuchaytirish orqali barqaror va xavfsiz taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Abdulhamid MUXTOROV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-iyuldagi 27-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605