24.04.2024 | 15:11
592
E’TIROFNI SOTIB OLIB BO‘LMAYDI

O‘zbek milliy estrada san’atining taniqli namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov bilan suhbatimiz Zokirovlar sulolasining o‘zbek san’atida tutgan o‘rni, ota-ona va farzandlar munosabati, bugungi milliy estradamiz, qadriyatlarimiz haqida bo‘ldi.
– Farrux Karimovich, bizning avlod Karim Zokirov, Botir Zokirov va sizning qo‘shiqlaringizdan huzurlanib ulg‘aygan. Shuningdek, Jamshid Zokirovning teatr sahnasida yaratgan betakror obrazlari hali-hamon tomoshabinlar yodidan ko‘tarilgani yo‘q. Sizlarning oilangizni tom ma’noda “san’atkorlar sulolasi” deyish mumkin. Suhbatimiz avvalida ota-onangiz va ularning farzandlarga munosabati haqida gapirib bersangiz.
– Men o‘zimni nihoyatda baxtli inson deb bilaman. Agar mabodo hayotimni qayta boshlash kerak bo‘lsa, hech ikkilanmasdan, yana shu hayot yo‘limni tanlagan bo‘lardim. Chunki Karim Zokirov va Shoyista Saidovadek ziyoli, kamtarin, odamshavanda, oilaparvar, san’atga oshufta insonlar bag‘rida o‘sib-ulg‘aydim.
Esimni tanibmanki, taniqli kishilarning farzandi, mashhur qo‘shiqchining ukasi bo‘lganimdan, keyinchalik jigarlarim ham el og‘ziga tushgan san’atkor ekanidan g‘ururlanib yashadim. Dadam taniqli opera xonandasi, kamgap, mehribon, kamtar, ayni paytda zukko, talabchan inson bo‘lib, madaniyati shunchalik ediki, hammani sizlab gapirardilar. Zarurat tug‘ilganda tunukachilik, duradgorlik, pazandalik ham qilib ketaverardilar. Ko‘kchada buvamiz Zokir oqsoqoldan qolgan kattagina bog‘imiz bo‘lardi. Dadam bo‘sh qoldi deguncha bog‘dagi ishlar bilan shug‘ullanardilar. Bu bog‘ o‘ziga xos san’at xiyoboni ham bo‘lib, o‘z davrining xushxon insonlari to‘planib, latif davralar qurishardi. Komiljon Otaniyozov, Mukarramaxonim, Nazira Ahmedova, Shukur Burxonov, Xoji Qurbon Nazarov kabi san’atkorlar bilan dilkash suhbatlarning guvohi bo‘lib o‘sganman.
Onam Muqimiy nomidagi musiqali teatrda aktrisa edilar. “Tohir va Zuhra”, “Ravshan va Zulxumor”, “Alpomish”, “Xolisxon”, “Nurxon”, “Oftobxon” kabi spektakllarda esda qolarli rollar ijro etganlar. Shu bilan birga, laparlarni mohirona kuylardilar. Onamning fe’llari dadamning teskarisi edi. Farzandlarga qattiqqo‘l, nihoyatda talabchan, bir so‘zli ayol edilar. Biz hazillashib onamni “oila badiiy kengashining raisi” derdik. Muhimi, onam har birimizning qobiliyat va layoqatimizga e’tiborli bo‘lib, yilt etgan uchqunni ilg‘asalar, shu jihatni rivojlantirishga rag‘bat berardilar. Mahallada ham juda faol edilar. Ota-onam bir umr xalq orasida bo‘lib, hayot kitobidan betimsol hikmat yig‘gan edilar. Ularning o‘gitlari bizga hanuzgacha asqotib kelyapti.
– Siz mahallada yashagansiz, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlaridan xabardorsiz. Bugungi kunda Prezidentimiz milliy qadriyatlarimiz, urf-odat, an’analarimizning asrab-avaylab saqlanishida, yoshlar tarbiyasida, umuman, xalqimiz hayotida mahallaning o‘rniga alohida e’tibor berayotganlari bejiz emas. Sizning bu boradagi fikrlaringizni bilmoqchi edik.
– Mahallani bemalol hayot maktabi, hayot dorilfununi deyish mumkin. Mahallada olgan darsni boshqa hech qaysi maktab yo oliy o‘quv yurtida ololmaysiz. Oddiy salomlashishdan tortib, odamlar bilan muomala-munosabat qilish, qo‘ni-qo‘shnilarning holidan xabar olish, to‘y-ma’rakalar, hashar uyushtirish… Eh-he, yoshligimizda mahalla hayotining har bir kuni esda qolarli voqealar bilan to‘la bo‘lgan. O‘sha paytlarda yaqin qo‘shnilar bir-birini tansiq taomlar bilan siylardi, hovlisida qaysi meva pishsa, atrofdagilarga ulashardi. Bolalarning ham birga o‘ynaydigan o‘yinlari juda ko‘p edi. “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona”, degan hikmat mahallaning qadriyati bo‘lgan. Afsuski, tezkor davrda ko‘p yaxshi udumlarni boy berib qo‘ydik. Biz, bolalar, bir vaqtlar “bog‘da sharoit yo‘q, dom yaxshi”, desak, dadam jilmayib: “hali bitta yoz, bitta qish o‘tsin, o‘shanda bilasan”, derdilar. Haqiqatan, vaqt – oliy hakam. Bugun mahallamni qo‘msab chiqargan xulosam shuki, mahallada bilgan va o‘rganganlaringni boshqa hech qanday kitobdan topolmas ekansan… Lekin hozirgi paytda aynan mahalla va uning obodligi masalasiga hukumat darajasida e’tibor berilayotganini ko‘rib, haqiqiy o‘zbekona udumlar o‘z mavqeini tezda tiklab olishiga ishongim keladi.
– Menimcha, kasb tanlashda ota-onaning o‘rnagi muhim ahamiyatga ega.
– Shu topda dadamning bir gaplari yodimga tushdi: “He, senlarni qara, – degan edi u kishi menga, – hech qaysing boshqa bir tuzukroq kasb tanlamadilaring. Mana, sening qo‘llaring nozik, jarroh bo‘lishing mumkin edi”. O‘shanda nega bunday deganlariga hayron bo‘lgandim. Dadam aytgan gapning mag‘zini keyinroq tushundim. Sababi, u kishi san’at yo‘li mashaqqatli ekanini, uning qattiq nonini yeyish oson emasligini yaxshi bilganlar. Bizning o‘rtamiyona ijodkor bo‘lib qolishimizni istamaganlar. Eng muhimi, ota uyida ko‘rganlarimiz, eshitganlarimiz biz uchun hayot maktabi vazifasini o‘tadi. Ayniqsa, Botir akamning taqdiri…
Men o‘zbek milliy estrada san’atining asoschisi bo‘lgan Botir Zokirovning ukasi ekanimdan faxrlanaman. Akam haqida juda ko‘p yozilgan, hujjatli filmlar suratga olingan. Suhbatlarimizdan birida akam shunday degan edilar: “Estrada san’atining asosi O‘zbekistonda qadimdan shakllangan. Uning ildizi o‘zbeklarning masxarabozlik, dorbozlik, askiyachilik, ya’ni maydon tomoshalariga borib taqaladi. Zamonaviy san’at sifatida Tamaraxonim ijrosidan boshlangan”. E’tibor bersangiz, maqomga nisbatan olganda, estradaga yengil janr deb qaraladi. Dadam va akam esa “Estrada – juda og‘ir janr. Mas’uliyati nihoyatda yuqori. Sahnaga chiqib qo‘shiq kuylash madaniyati tuflining ipini bog‘lashdan boshlanadi”, deyishgan.
Shubhasiz, bu janrga qiziqishimning ilhomchisi ham, ijod yo‘limning boshlanishida hamfikr, hamdard, yo‘lboshchi bo‘lgan ham Botir akam edi. Faoliyatim davomida akamning “Arosatdan Xudo saqlasin”, degan so‘zlari men uchun mezon bo‘lib kelyapti. Xabaringiz bor, u kishi nafaqat xonanda, balki yaxshigina rassom ham bo‘lganlar. Botir akam haqida ishlangan hujjatli filmda iste’dodlarining bu qirrasi ham yoritilgan. Hikoyalari, she’rlari ham dilga yaqin. “So‘g‘d elining qoploni” nomli librettolari asosida Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida spektakl ham sahnalashtirilgan. Akam har qancha e’tirofga arziydigan haqiqiy inson, haqli ravishda jahon estrada sahnasi yulduzi edilar. Vafot etganlarida (1985-yil edi) sobiq Sverdlov konsert zaliga vidolashish uchun yurtimizning barcha taniqli insonlari, akamning minglab muxlislari to‘planishgan. Xalqimizning sevimli san’atkori Tamaraxonim ko‘zlarida yosh bilan: “Botir menga “oyi” deb murojaat qilardi. Ha, u buyuk san’at bilan mening nikohimdan tug‘ilgan o‘g‘lim edi”, degandi. Kosmonavt Yuriy Gagaringa “O‘zbekistonni qanday tasavvur qilasiz?” deb savol berishganida “O‘zbekiston deganda ko‘z oldimga qo‘shiqchi Botir Zokirov va uning quyoshli yurti keladi. Uning ko‘zlarida O‘zbekistonni ko‘raman”, deb javob bergan. Umrining ko‘p qismini xastalik bilan o‘tkazib, 49 yoshida dunyodan ko‘z yumgan bo‘lsa ham akamning nomi, qo‘shiqlari xalqimiz qalbida abadiy yashab qoldi. Ha, Botir Zokirov o‘zbek milliy estradasi osmonida charaqlagan yorqin yulduz bo‘lib bo‘y ko‘rsatdi va bu buyuk fenomen hamon o‘zining so‘nmas nurlari bilan qo‘shiqchilik olamimizni yoritib turibdi.
– Farrux aka, ota-onangiz teatrda faoliyat yuritishgan. Lekin beshta farzand estrada san’atini tanlagan holda birgina Jamshid Zokirov ota-ona izidan ketdi…
– To‘g‘ri aytasiz. Ko‘pchiligimiz estrada yo‘nalishini tanlashimizda, menimcha, Botir akamning hissalari katta. Luiza opamning qo‘ng‘iroqdek ovozi borligini ham akam ilg‘ab, o‘z davrida muxlislar orasida mashhur bo‘lib ketgan qo‘shiqlari yaralishiga ilhomlantirgandi. Luiza opam hind filmlaridagi qo‘shiqlarni jozibali, go‘zal ohangda kuylardi. Opam 15-16 yosh paytlarida Hindiston Respublikasining rahbari Javoharla’l Neru qizi Indira Gandi bilan birga O‘zbekistonga kelishgan. Alisher Navoiy nomidagi teatrda bo‘lib o‘tgan konsertda Luiza Zokirova hindcha “Bayju Bavra” filmidan qo‘shiq kuylagan. O‘shanda Indira Gandi sahnaga ko‘tarilib, opamning yoqasiga fil suyagidan ishlangan chiroyli to‘g‘nog‘ichni qadab qo‘ygani hamon ko‘z oldimda turadi. Ukam Navfal, afsuski, betob bo‘lib oramizdan juda erta ketdi. U ham qo‘shiq aytar, ham go‘zal suratlar chizardi. Mendan ikki yil keyin tug‘ilgan ukam Jamshidni xalqimiz yaxshi taniydi. U yoshligidan muloyim, kamsuqum edi. Xalqimizda “qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan”, degan ibora bor-ku, nazarimda, bu gap Jamshid haqida aytilgandek. Qayerda bo‘lmaylik, dadamga “Shu Jamshid o‘g‘lingiz boshqacha”, deyishardi. Fe’l-atvori, insonparvarligi, odamshavandaligi, hammaning holidan xabardor bo‘lib turishi dadamga o‘xshardi. Yaxshi fazilatlari behisob edi rahmatlining. Karim Zokirovning munosib farzandi edi. O‘zbek milliy akademik drama teatrining yetuk aktyorlari safida rafiqasi Gavhar Zokirova bilan o‘zingizga ma’lum bo‘lgan “san’at tanazzuli” davrini birgalikda yengib o‘tib, millatning fidoyisi sifatida teatrimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Eng kichigimiz Ravshan Zokirov 1951-yilda tug‘ilgan. Qo‘shiqlari bilan nufuzli tanlovlarda qatnashib, yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘lgan. Lirik mavzularda suratlar va portretlar chizadi. “Botir Zokirov jamg‘armasi”ning direktori sifatida sulolamizga taalluqli tadbirlarda faol.
– Nazarimda, mavzumiz ravishi o‘zingizga keldi. Mana, qariyb ellik besh yil mobaynida muxlislarga zavq-shavq ulashib kelyapsiz. Menimcha, bugun yetuk san’atkor sifatida dunyoga tanilgan Farrux Zokirovning bolalik xotiralari ham ibratli bo‘lsa kerak.
– Nimadan boshlasam ekan… Men sho‘x, o‘yinqaroq, ayni paytda, romantik bola bo‘lganman. Bu juda ko‘p kitob o‘qiganimdan bo‘lsa kerak. Hozir ham kitoblar mening do‘stim, maslahatchim. Bolaligimda shanba, yakshanba kunlari dadam ishlagan teatrga borardik. Birinchi bor tomoshaga tushganimda moʻjizaviy olamga kirib qolganday bo‘lganman. O‘shanda bizga teatrning yon tomonidagi rasmiy balkondan joy teggandi. Bu yerdan orkestr “o‘ra”si ko‘rinmas ekan. “O‘ra” o‘rtasida yonib turgan chiroqqa hayratlanib qarab tursam, uning yoniga nurli chehrasi kulib turgan oppoq sochli bir odam kelib, qo‘lidagi tayoqchani ko‘tardi. Shu zahoti zal bo‘ylab g‘aroyib musiqa tarala boshladi. Mendek olti yoshli bola uchun bu chinakam g‘aroyibot edi. Uyimizda plastinkalar juda ko‘p bo‘lib, deyarli har kuni maqomlar, ashulalar, yevropa kuylarini tinglardik. O‘sha kuni uyga kelgach, ko‘rganim moʻjizadan ta’sirlanib, novdadan qilingan tayoqchani ushlab, oldimdagi toshoynaga lampani qo‘yib olib, dirijyorlikni mashq qildim. Bu hol anchagacha davom etdi. Onam bolalarcha qiziqishimni qo‘llab, mashg‘ulotimni rag‘batlantirdilar. Aytganimdek, bolalikda qiziqqanim “sehrli tayoqcha” tufayli (aytgancha, keyinroq o‘sha oq sochli, nuroniy odam ulug‘ san’atkor Muxtor Ashrafiy ekanini bilganman) dirijyor-simfonist bo‘lishni orzu qilardim. Lekin bora-bora yuragim estradaga tortib ketdi.
1957-yili Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan jahon talaba va yoshlar festivalida birinchi marta rasmiy suratda sahnaga chiqqanman. 8-sinfni tamomlagach, musiqa bilim yurtiga o‘qishga kirdim. Aynan shu dargohda musiqa olami juda keng va murakkab dunyo ekanini tushunib yetdim. Estrada san’atiga haqiqiy qiziqishim shu yerda boshlandi.
Qo‘shiq kuylashni boshlaganimda xayolimda hamisha “Botir akamga o‘xshab ashula yoza olamanmi?” degan savol aylanardi. Akam ijodimni kuzatib, “Bular hali xom, bitta yaxshi ashula yaratish uchun yillar kerak bo‘ladi, sen hozir faqat o‘qishing kerak”, derdilar. 1969-yili Toshkent davlat konservatoriyasining xor dirijyorligi fakultetini tugatib, ukam Ravshan bilan Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida tashkil etilgan talabalar vokal ansambli safiga qo‘shildik. 1970-yil dekabr oyida orkestr rahbari, kompozitor Yevgeniy Shiryayev g‘oyasi asosida teatr san’ati instituti va konservatoriya talabalaridan iborat ansambl tashkil topdi. Eson Qandov, men va akam Navfal Zokirov shu yerda yakkaxon ijrochi edik. Ana shu paytda Moskvadan Yevgeniy Maslyakov kelib bizni o‘sha davrda juda mashhur bo‘lgan “Allo, talantlarni izlayapmiz!” deb nomlangan tanlovga taklif qilgan. Ustoz Anatoliy Qobulov repetitsiyalarimizda yordam berardi. Bir safar Shahboz Nizomiddinov bilan birga kompozitor Enmark Solihovning “Qiz bola” qo‘shig‘ini ayta boshlashimiz bilanoq, Anatoliy Qobulov “Ansamblning nomini topdim, “Yalla” bo‘ladi”, deb qoldi. Haqiqatan ham ismi jismiga mos bo‘lgandi. O‘sha kungi holatimiz hech yodimdan chiqmaydi: hammamiz quvonchdan sahnada yugurib yurganmiz. Xalq ijodi bitmas-tuganmas boylik ekanini ansambl tuzilgandan so‘ng yanada ko‘proq his qildim. Repertuar tuzishda onamning yordamlari katta bo‘lgan. Teatrdagi faoliyat, mahalladagi, uydagi ishlardan ortib, ansamblimiz bilan birga safarlarga borardilar. Hamisha “Sahnada 3-4 daqiqadan ortiq turib qolma, tomoshabinni toliqtirma”, derdilar.
Aytib o‘tganimdek, o‘sha paytlari hamma havaskor san’atkorlar kabi tezroq tanilishni, ko‘zga ko‘rinishni xohlardim. O‘zim yaratgan qo‘shiqlarni dastlab Botir akamga eshittirib, “Shuni aytsangiz-chi, aka”, deb iltimos qilardim. U kishi mening ruhimni sindirmaslik uchun avaylab, shu bilan birga, o‘zlariga xos talabchanlik bilan “Mayli, o‘ylab ko‘raman”, deb javob qaytarardilar. Shu tariqa yillar o‘tdi. Kechagidek esimda, 1974-yili oilaviy shanba-yakshanba yig‘ilishlarimizdan birida Botir akam “Majnuntol” qo‘shig‘ing yaxshi chiqibdi, aytsam maylimi”, deb qoldilar. Bu gap men uchun kutilmagan mukofot, eng qadrli e’tirof edi. Xursand bo‘lib ketdim, ko‘nglim ko‘tarildi. Lekin men ham sir boy bermay, u kishining o‘ziga xos ohanglarida “Mayli, o‘ylab ko‘raman”, deb hazilomuz javob qildim.
– Demak, shu bilan “Yalla” va Farrux Zokirov ijodida yangi davr boshlandi…
– 1979-yili ansamblimizda biroz qiyinchilik yuzaga keldi. Ayrim sabablarga ko‘ra, guruh tarqalib, Shahboz ikkimiz qolgandik. Shunda “Botir aka, keling, birga ishlaylik”, dedim. Rozi bo‘ldilar va shu yildan ansamblning ikkinchi umri boshlandi. Ikkinchi to‘lqin boshqacha bo‘ldi, bu burilish oddiy emas edi. O‘sha yili Yalta shahrida Estrada qo‘shiqlari festivali bo‘lib o‘tdi. Botir akam hay’at a’zosi edilar, birga bordik. O‘sha yerda Rustam Ilyosov bilan tanishganman. Botir akam bilan birgalikda “Yalla”ga badiiy rahbar bo‘lishni taklif qilganmiz. Javobini yigirma kuncha kutdik, oxiri rozi bo‘ldi. Shu odamning kelishi ansamblga katta yordam berdi. Yonimda Alisher To‘laganov ham bor edi. O‘zbekona oilada tug‘ilib-o‘sgan Rustam milliy kuy-qo‘shiqlarni yaxshi bilardi. Mana, hozirgi kungacha Abbos Aliyev, Javlon To‘xtayev, Temur Xoliqov bilan birgalikda ijodda davom etib kelyapmiz. Repertuarimiz ansambl nomidan kelib chiqqan holda, rosmana xalqona, oddiy, hayotiy, milliy mentalitetimiz bilan bog‘liq qo‘shiqlardan tarkib topgan.
– Farrux Karimovich, siz bugun nafaqat estrada, balki san’atimizning yorqin yulduzi sifatida bu sohaga baho berishga ma’naviy haqlisiz. Ayting-chi, munosib izdoshlaringiz bormi? San’atimizning eng katta muammosi nimada deb o‘ylaysiz?
– Estrada san’atimizda o‘ziga xos ijro yo‘liga ega, milliylikdan chekinmay yaxshi asarlar yaratayotgan yoshlar kam emas. Turli bayram tadbirlarida ko‘ryapmiz ularni. Jonli muloqotga, jonli ijroga hech narsa teng kelolmaydi. San’atkorman deb sahnaga chiqdimi, ovoz imkoniyatlari shunga yarasha bo‘lishi kerak. Ayniqsa, konsert saroylari, uchrashuvlardagi chiqishlar jonli ijroda o‘tgani ma’qul. Ayni paytda fonogrammaga ruju qo‘yish kuchayayotgani ham bor gap. Ba’zan o‘zimiz ham fonogrammadan foydalanamiz. Konsert bergani, aytaylik, chekkaroq joylarga borganimizda, sharoit yo‘q vaqtlarda, texnik asbob-uskunalarni olib yurishning imkoni bo‘lmaganda fonogramma qo‘l keladi. O‘shanda ham fonogrammada, ham jonli ijroda kuylaymiz. Umuman, bu borada vijdonan munosabat zarur. Muxlisni hurmat qilish shart.
Ne zamonlarni, qanday insonlarni ko‘rmadim. Izlandik, xulosa chiqardik. Nokamtarlik bo‘lmasin-u, ijodiy yutuqlar ongga ham bog‘liq ekan. Xalq e’tirofi degan yuksak unvonni pulga sotib olib bo‘lmaydi.
Bugungi to‘ylarimizda haqiqiy milliy institutimiz – kelinlarning boshiga oq ro‘mol tashlab davraga kirib kelishi, to‘ylarda “Yor-yor”, “To‘ylar muborak”, “Hay-hay o‘lan” kabi qo‘shiqlar yetishmaydi. To‘g‘ri, o‘zim ham “Kelibdi-yo, kelibdi”ni aytaman. Buni zamon talabi, deyishadi. Lekin bular ongga bog‘liq, millatni hurmat qilish, o‘zligini yo‘qotishga yo‘l qo‘ymaslikka bog‘liq. Agar bu borada Botir akam aytgan “arosatdan” qutulmas ekanmiz, milliy qadriyatlarimiz ildiziga bolta urilaveradi. Bugun gastrol-konsert faoliyati, jonli uchrashuvlar yetishmaydi. Bularning bari katta maktab. Yoshlar bu maktablarni ko‘rishi, xalq imtihonidan o‘tishi kerak. Aytaylik, talaba institutni tugatdi. Xo‘sh, endi qayerga boradi? Iste’dodga yordam kerak. Iste’dodsizlar o‘zi yorib chiqadi. Yurtimizda estrada orkestrining bo‘lishi, estrada san’atining yuksak mavqega erishishi bizning juda katta yutug‘imiz. Botir akam Tamaraxonim boshlab bergan yo‘lni davom ettirib, katta bir maktab yaratdilar. Maktab bo‘lganda ham professional amaliy maktab edi bu. Konservatoriyada ham, san’at, madaniyat institutlarida ham estrada o‘qitilmasdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan ikki yil avval akam tavalludining 85 yilligi munosabati bilan Botir Zokirov nomidagi estrada san’ati instituti tashkil etildi. Men bugun shu institutning professori ekanimdan faxrlanaman. Bundan tashqari, yaqin kunlarda Botir Zokirovga bag‘ishlab o‘rnatilgan mahobatli haykalning ochilish marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan. Hademay Toshkent shahri xaritasida u kishining nomida prospekt paydo bo‘ladi. Bunday e’tibor, albatta, bizga kuch-quvvat, rag‘bat beradi.
Xursand qiladigan yana bir jihat shuki, bugun Zokirovlar sulolasining munosib davomchilari yetishib kelyapti. Dastlab Botir akamning o‘g‘illari Baxtiyor va Bahodir Zokirovlar ijodga kirib kelishdi. Afsuski, Baxtiyorning umri qisqa ekan. Bahodir yaxshigina rassom, she’r yozadi, kuylar bastalaydi. Jamshidning farzandlari Ohista va Javohir Zokirovlar ham san’atda o‘z o‘rniga ega ijodkorlar. Shu kunlarda Botir akamning nabiralari Sayyora Zokirova ikkovimiz “Buva va nabira” deb nomlangan duet-qo‘shiqni konsertda ijro etishga tayyorlanyapmiz. To‘g‘ri, sulola yoshlari hali olamshumul dovrug‘ qozonib ulgurgani yo‘q. Lekin ulardan umidimiz katta. Xullas, hayot davom etyapti. Biz, “Yalla” ansambli ijodkorlari esa muxlislarni xursand qilish yo‘lida izlanishdamiz.
Gulchehra UMAROVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasi 2024-yil 19-aprel 17-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



