Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.07.2026 | 10:51

img1193

“ATTANG, SHUNISI CHAKKI…”

Buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning publitsistik asarlari o‘zining qamrovi va keskinligi bilan jadid jurnalistikasida alohida ajralib turadi. Xususan, “Ishtirokiyun” gazetasining 1919-yil 4-noyabrda chop etilgan “Bizda askarlik masalasi” maqolasi ana shunday o‘z vaqtida aytilgan jasoratli fikrlar majmuidir. Maqolada shunday satrlar bor: “Boshqalar tarafindan huquqingning toptalmovi, chetlarga mahkum, mazlum bo‘lmaslik, chet millatlarga o‘z tovushingni eshitdirub, eshitmoqqa majbur etuvg‘a shubha yo‘qkim, qo‘lingdagi qurolingg‘a, askariy kuchingga qarab bo‘lur”.

Qodiriy “chetlarga mahkum, mazlum bo‘lmaslik… qo‘lingdagi qurolingg‘a, askariy kuchingga qarab” belgilanishini to‘g‘ri anglab yetmayotgan zamondoshlariga yuzlanadi. Hurriyatga erishsa-da, “og‘zig‘a quyulg‘on tayyor oshni ham eblab” icha olmayotgan millatning ahvolidan kuyinadi.

Ma’lumki, 1917-yildagi inqiloblardan keyin Turkistonda hokimiyat uchun kurash davri boshlandi. Sovetlar Toshkentda o‘z hukumatini o‘rnatdi, lekin mahalliy musulmon aholi manfaatlari hisobga olinmadi. Xalqning diniy-milliy qadriyatlari poymol etilgach, ziyolilar orasida norozilik kayfiyati ortib, milliy mustaqillik istagi kuchaydi. 1917-yil 18–26-oktyabrda Toshkentda musulmon harbiylari qurultoyi o‘tkazildi. Jadidlar va boshqa ziyolilar siyosiy jihatdan faollashib, Turkistonning o‘z-o‘zini boshqarish g‘oyasini ilgari surdi.

Mustamaka siyosatini ko‘zlagan sovetlar o‘z mavqeyini saqlab qolish uchun barcha choralarni qo‘llay boshladi. Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan “Ishchi milisiyasi to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Hukumat zimmasiga ishchi militsiyasini zarur texnika vositalari va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi. Turkistonda ham mustabid tuzumni himoya qilish uchun ishchi-dehqon militsiyasi tashkil etildi. Lekin sovetlar harbiy sohada kadrlar masalasiga juda hushyor bo‘lib, mahalliy aholiga qurol berishni, armiya tarkibiga olishni qattiq nazorat qilardi.

Turkiston hukumati endigina tashkil topgan vaqtiyoq milliy qo‘shin masalasi muhim ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etgan. Harbiy qudrat tashvishi doim jadidlarning e’tibor markazida bo‘lgan. Turkiston muxtoriyati talablarida milliy armiyani tashkillashtirish ilgari suriladi. “Ulug‘ Turkiston” gazetasining 1917-yil 8-dekabr sonida yozilishicha, “Turkiston muxtoriyatining moliya ishlarin ta’sis qilurg‘a kirishuv, xalq milisiyasi vujudga keltiruvchi hamda Turkistonda yerlashgan millatlarning huquqlarin saqlov uchun tegishli tadbirlar qiluv (askar tashkil qiluv)” nazarda tutiladi.

Muxtoriyat talabida Turkistonning mustaqil milliy armiyasi va bayrog‘iga ega bo‘lishi muhim sanalgan. Ubaydulla Xo‘jayev harbiy ishlar bo‘yicha vazir bo‘lib tayinlangan. O‘sha vaqtda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, “Ushbu yanvarning to‘qqizida Ho‘qandda Turkiston muxtoriyati hukumatining askarina manyovr yasalg‘an. Bir ming qadar musulmon askar tuzulgan ekan, hammasi mulla Abdurazzoqboyning bog‘iga yig‘ilganlar. Hukumat a’zolaridan harbiya noziri Abdullaxo‘jayev ila moliya noziri Islom Shoahmedov borib askarni tabrik qilg‘onlar. Otashli nutqlar so‘zlag‘onlar. Bu manyovrdan so‘ng, naq bir mingga yaqin askar yig‘ilib, hozir muvaqqat hukumat qaramog‘ida ikki ming qadar muntazam milliy armiya bor ekan” (“Ulug‘ Turkiston”, 1918-yil 21-yanvar). Demak, ixtiyoriy ravishda xizmatga bel bog‘laganlar soni ikki mingga yaqin bo‘lgan.

Muxtoriyat vahshiylarcha qonga botirilgandan keyin hukumat nazoratni yanada kuchaytirdi. Xalqqa nisbatan o‘tkazilgan ommaviy qirg‘in ko‘ngilli qo‘shin orasida norozilikni oshirdi. Bunday qarshilik alaloqibat milliy ozodlik harakatining pishib yetilishiga zamin hozirladi.

Abdulla Qodiriy o‘z maqolasida vaziyatni boy bermaslik va kurashni to‘xtatmaslik uchun ham milliy qo‘shin zaruriyati haqida alohida to‘xtaladi. Maqola matniga diqqat qaratsak, muallif musulmonlarning haq-huquqlarini himoya qilish masalasini ilgari suradi: “Biz musulmon mehnatkashlari buyuk O‘ktabr inqilobidan so‘ng hurriyatni, istiqlolni yana egallash ila boshladik. O‘zimiz uchun mahkumiyatdan qutulib yashovning mumkinligini sezdik. Boshlab qo‘ldan ketgan huquqlarimiz o‘z qo‘limizga qaytib kira boshladi. So‘ngg‘i vaqtlarda vatanimiz bo‘lgan Turkiston idorasi hammasi bo‘lmasa ham yarmisi deyarlik o‘z yigitlarimiz qo‘lig‘a o‘tdi”. Muxtoriyat qo‘ldan ketgandan so‘ng ham Turkiston idoralarining “yarmisi deyarlik o‘z yigitlarimiz qo‘lig‘a o‘tdi” deyish mumkinmi?

Inqilobdan keyingi yillar millat ziyolilari boshqaruvda mahalliy aholi bo‘lishining tarafdori edi. Bu yerda hali qo‘ldan batamom ketmagan Turkiston mustaqilligi masalasi haqida so‘z boradi. Chunki, bu paytda sovetlar hali hokimiyatni to‘la qo‘lga olib bo‘lmagan, siyosiy-inqilobiy ichki kurashlar kuchayib ketgan edi. Milliy ozodlik harakati o‘lkaning turli burchaklarida tinimsiz suratda davom etardi. Mamlakatda bunday harbiy harakatlar yuz berayotgan pallada milliy armiyani tuzish to‘g‘risida fikr yuritishning o‘zi xatarli va qaltis edi, albatta. Ammo muallif o‘z fikrlarini qat’iyat bilan aytadi. Nazarimizda, adib bu kabi dolzarb maqolalarida o‘zining ijtimoiy-siyosiy vaziyatga nisbatan qarashlarini pardalamasdan, ochiq-oshkora ifoda etavergan.

Maqolada qo‘shni afg‘on xalqicha bo‘la olmagan turkistonliklarning ahvoli juda achinarli ekaniga ishora qilinadi. Zero, Afg‘oniston amiri Omonulloxon 1919-yil 28-fevralda Afg‘onistonni mustaqil deb e’lon qilgan, 1919–1928-yillarda mamlakatda qoloqlikni bartaraf qilish va ishlab chiqarish munosabatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bir qancha islohotlarni amalga oshirgan edi. Muallif afg‘onlar mustaqil bo‘lgan vaqtdagi Turkistonning siyosiy ahvolidan shikoyat qiladi. Bunga sabab, birinchi navbatda o‘zimizda g‘ayrat va shijoat yetishmasligi, deydi.

Maqolada Yevropa va Amerika mamlakatlari o‘zlarining harbiy salohiyati bilan shuhrat qozongani e’tirof etilib, bizning milliy armiyamiz yo‘qligiga diqqat qaratiladi. Shu sabab Turkiston mustamlaka va qoloq o‘lkaga aylanib borayotgani tanqid qilinadi. Muallif chor mustamlakasi olib borgan noto‘g‘ri siyosat tufayli mahalliy aholi qo‘rqoq va qaram bo‘lib qolganiga ishora qilib, har bir mustaqil davlatning o‘z milliy qo‘shini bo‘lmog‘i lozimligi, “istiqlol olib, askarsiz yashamoq butunlay mumkin emas”ligi haqida fikr yuritadi.

Maqola oxirida muallif niyatini ochiqlaydi. “Musulmonlardan ko‘ngilli askar yig‘moq Turkiston o‘zbak ishchilar hayotini ta’min va chetlar tarafindan toptalgan huquqini tirgizu degan so‘zdir”. Murojaatnoma shunday tugaydi: “Musulmonlarning o‘zidan askariy muallimlar yetkuzmak uchun kurslar ochib, shu kundan e’tiboran Eski shahar sinfiy ittifoqlari sho‘rosiga bir nafar o‘z harbiy vakilini doimiy etib tushursun”.

Abdulla Qodiriy harbiy qudrat haqida keyinchalik ham fikr bildirgan. Xususan, bosqinchilarga qarshi janglarda ishtirok etgan otasi Qodirmuhammad bobo haqida yozilgan “Otam va bolshevik” (1922) hikoyasida go‘yo sodda otasidan beozorgina kulmoqchiday tuyulsa-da, aslida, muammoning bizga ko‘rinmagan boshqa tarafiga e’tibor qaratadi.

“– Xudoning xohlagani-da, kofirning qo‘lida qolib ketdik… O‘zimizda g‘ayrat yo‘q. Agar yurt bir og‘izga tupurub, yarog‘ topolmag‘anda ham qora kaltak bo‘lub chiqsa, isni-biska qo‘ymas edi…”

“– Tuzuk, tuzuk, ko‘b yaxshi. Bolshevoying odamoxun ekan, sarbozdan kel, sarbozdan. O‘zimizdan sarbozlar bormi?
– Bor, lekin bo‘lsa ham yo‘q hisobda.
– Attang, shunisi chakki ekan…”

Bobo o‘zi harbiy bo‘lganidan mahalliy aholidan askarlarning bo‘lishi siyosiy-iqtisodiy jihatdan muhimligini tajribada ko‘rgan, buni his-tuyg‘uga berilmay aqli bilan anglab yetadi, afsus chekib, alamli o‘kinadi.

Biz so‘z yuritayotgan maqolada milliy qo‘shin masalasini hal qilish orqali Turkistonning mustaqil va qudratli bo‘lishi mumkinligi asosiy g‘oya sifatida ilgari surilgan. Maqola muhim siyosiy-iqtisodiy ahamiyatga ega fikrlarni jamlagani uchun bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan.

Sanobar TO‘LAGANOVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 17-iyuldagi 29-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605