Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.07.2026 | 12:21

img1486

ISLOHOTLAR, BUNYODKORLIK VA YANGICHA TAFAKKUR

Jadid namoyandalari “islohot” so‘zining o‘zagini “isloh” deb belgilab, “yaxshilikka o‘zgarish” deb talqin etganlar va ana shunday yuksalishga imkon beradigan zamonni orzu qilganlar. Bugun yurtimizda kechayotgan olamshumul yangilanish va yuksalishni nafaqat millatimiz oydinlari, balki xorijiy mutaxassislar ham chinakam buyuk tarixiy islohot deb baholashyapti.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda Davlat rahbari etib saylanganidan buyon O‘zbekiston hayotining deyarli barcha sohalarida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mazkur jarayonni birgina iqtisodiy yoki siyosiy islohotlar bilan belgilab bo‘lmaydi. O‘zbekistonning tashqi dunyoga ochilishi, davlat va jamiyat munosabatlarining yangilanishi, inson huquqlari, ijtimoiy adolat, milliy qadriyatlar va zamonaviy taraqqiyotga bo‘lgan yondashuvlar o‘zgardi.

Xalqning og‘irini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarning hayot darajasi va sifatini yaxshilash barcha islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi. Albatta, eski tizimni batamom o‘zgartirib, oldinga qo‘yilgan maqsadga to‘liq erishdik, deb aytishga hali erta. Ammo O‘zbekistondagi o‘zgarishlar vaqtinchalik hodisa emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan pragmatik xalqchil siyosat tadrijiy olib boriladi va hech qachon ortga qaytmaydi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 8-sentyabrdan Prezidentlik vazifasini bajarishni Bosh vazirning virtual qabulxonasini tashkil qilishdan boshladi. Qabulxonalar xalq va davlat o‘rtasidagi “yetti paxsa” devorlar, qatlama “filtrlar”ni olib tashlashga yo‘l ochdi. Oqibatda, xalqning dardi to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumatga yetib boradigan tizim yaratildi.

Bu Davlat rahbariga jamiyat rivoji uchun aniq choralar ishlab chiqish imkonini berdi, xalq va davlat o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlandi, “ko‘p yopiqli qozon”lar ochilib ketdi, xalqda davlat boshqaruviga o‘z ta’sirini o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi, haqiqiy demokratiya tamoyillari amalda ishlay boshladi.

Hozir, islohot ibtidosidan salkam o‘n yil o‘tgandan keyin ko‘pchilik o‘sha davrlarni esidan chiqarib qo‘yganday ko‘rinadi: xuddi har doim shunday erkin, bemalol hayot bo‘lganday, yoshlar nazarida esa, jamiyatimizdagi ochiqlik, erkinlik muhiti tabiiy holdek go‘yo…

So‘z erkinligi va ochiq jamiyat sari dadil qadam

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda eng ko‘zga ko‘ringan o‘zgarishlardan biri – axborot muhiti va jamoatchilik muloqotining sezilarli darajada ochilganidir. Ilgari ko‘plab muammolar rasmiy axborot vositalarida deyarli tilga olinmas, mahalliy hokimiyatlar faoliyati, kommunal muammolar, korrupsiya, ta’lim va tibbiyotdagi kamchiliklar haqida ochiq yozish qiyin edi. Bugun esa jurnalistlar, blogerlar va faol fuqarolar jamiyatdagi dolzarb masalalarni keng muhokama qilmoqda.

OAV va ijtimoiy tarmoqlar aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi muhim muloqot maydoniga aylandi. Bu jarayon davlat boshqaruviga ham ta’sir ko‘rsatdi. Rahbarlar jamoatchilik fikrini inobatga olish, matbuot bilan muloqot qilish, aholi murojaatlariga javob berish zarurligini anglay boshladi.

Yangi O‘zbekistonning ochiq va erkin ekanligiga tan bermaslikning hech iloji yo‘q. O‘zbekistonda OAVni erkinlashtirish jarayonlarini kuzatish davomida ushbu jarayonlar jadallashganligi va ijobiy xarakterga ega bo‘layotganligini ko‘rish mumkin. Eng avvalo, so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilik bazasi takomillashtirildi, ko‘plab qonun hujjatlari va farmonlari qabul qilindi. Bugun jurnalistlar qatorida blogerlar axborot makonida qattiq raqobat olib borishmoqda. Bu albatta, Shavkat Mirziyovning siyosiy irodasi bilan boshlangan islohotlarning mevasi.

Sohadagi asosiy natija – faqat so‘z erkinligi to‘liq qaror topdi, degan xulosa emas, balki mamlakatda ochiq muloqot va jamoatchilik nazorati uchun yangi muhit shakllanayotganidadir.

Majburiy mehnat barham topdi

O‘zbekistonning eng muhim ijtimoiy islohotlaridan biri paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatni tugatish bo‘ldi. Ko‘p yillar davomida paxta terimiga o‘qituvchilar, shifokorlar, talabalar, byudjet tashkilotlari xodimlari va boshqa aholi qatlamlari majburan jalb etilar edi. Ahvol shu darajaga yetib bordiki, paxtazorni ikkinchi uyimiz deb atadik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalari ham paykalga haydaldi. Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi.

Muallimning obro‘si, sha’ni, qadri haminqadarligi tufayli, aksariyat o‘qituvchilar ishini tashlab, boshqa sohalarga o‘tib ketdi. Tizimda erkak o‘qituvchilar deyarli qolmadi. Ta’lim sifati va samaradorligi, o‘qituvchilarning sifat tarkibi ham shunga mutanosib edi. Davlatimiz rahbarining talabi va topshirig‘i asosida o‘qituvchi va o‘quvchi, umuman, ijtimoiyat vakillari barcha majburiy yumushlardan ozod etildi.

Ta’limdagi boshboshdoqlikka barham berildi: maktab 11 yillikka o‘tdi, litsey va kollejlar qayta ixtisoslashtirildi.

Maktab o‘qituvchilarining oylik maoshlari 2-3 baravar, oliy ta’lim professor-o‘qituvchilarining oyligi 3-4 baravar ko‘paytirildi. O‘qituvchilarning jamiyatda obro‘sini, ijtimoiy maqomini oshirish maqsadida Yangi Konstitutsiyada alohida 52-modda qabul qilindi. So‘nggi yillarda davlat majburiy mehnatni cheklash va unga barham berish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rdi.

Eng muhimi, paxtaga endi faqat xom ashyo sifatida emas, balki chuqur qayta ishlangan tayyor mahsulot manbai sifatida qaralib, ip-kalava, mato, kiyim-kechak va tayyor brend mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor kuchaydi.

Natijada moddiy foyda karrasiga oshdi.

Konstitutsiyaviy islohotlar va yangi huquqiy poydevor

O‘zbekistonda 2023-yilda o‘tkazilgan Konstitutsiyaviy islohotlar (yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi) shunchaki huquqiy hujjatni yangilash emas, balki mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan strategik qadam bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu islohotlarni boshlash orqali davlat va jamiyat boshqaruvini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilganligini ta’kidlash o‘rinli bo‘lardi.

Ilgari amal qilgan tizimda davlat manfaatlari inson manfaatlaridan ustun deb qaralar, shu sababdan, islohotdan ko‘zlangan asosiy maqsad ushbu munosabatni tubdan o‘zgartirish bo‘ldi.

Prezidentimizning yana bir maqsadi davlat idoralarining fuqaro oldidagi mas’uliyatini qonuniy mustahkamlashdan iborat bo‘lib, qonunlardagi noaniqliklar va ziddiyatlar fuqaro foydasiga hal qilinishi qonunan mustahkamlandi.

Konstitutsiyaviy islohotlar orqali davlat hokimiyati tizimini muvozanatlashga erishildi. Oliy Majlisning Hukumat faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi. Bosh vazir va vazirlar nomzodlarini tasdiqlashda parlamentning ishtiroki kuchaytirildi. Mahalliy darajada ijro hokimiyati (hokimlar) va qonun chiqaruvchi hokimiyat (Xalq deputatlari Kengashlari) vakolatlari alohida bo‘ldi. Ilgari hokim bir vaqtning o‘zida Kengash raisi ham edi (o‘zini o‘zi nazorat qilardi), yangi tartib bilan bu ikki vakolat bir-biridan ajratildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu islohotlarga tashabbuskorlik qilish orqali bir qator strategik maqsadga erishishni ko‘zlaganligi bugun ma’lum bo‘lyapti. Eng avvalo, tizimning orqaga qaytmasligi ta’minlandi. Eski, yopiq va avtoritar davlat modeliga qaytish yo‘llari qonunan yopib tashlandi.

Ochiqlik, so‘z erkinligi va bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosiy qonunda muhrlandi. Davlat va fuqaro o‘rtasida yangi ittifoq yaratildi.

Bunda fuqaro davlatga sodiq bo‘ladi, davlat esa o‘z navbatida fuqaroning ta’limi, sog‘lig‘i, uy-joyi va erkinligini ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi.

Mudofaa va xavfsizlik

O‘zbekistonda so‘nggi o‘n yil ichida mudofaa va davlat xavfsizligi tizimida amalga oshirilgan islohotlar mamlakat tarixidagi eng tizimli va chuqur o‘zgarishlardan biri bo‘ldi. Ilgari konservativ, ko‘p jihatdan yopiq va sovet harbiy modeli andozalariga tayangan Qurolli Kuchlar bugungi kunda tezkor, yuqori texnologik va zamonaviy xavf-xatarlarga javob bera oladigan mobil armiyaga aylandi.

2018-yil boshida O‘zbekiston tarixida ilk bor mutlaqo yangi, mohiyatan mudofaa xususiyatiga ega bo‘lgan Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Natijada O‘zbekistonning harbiy siyosati ochiq va pragmatik tus oldi. Hujjatda O‘zbekistonning harbiy bloklarga qo‘shilmasligi, o‘z hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi va harbiy xizmatchilarning xorijdagi tinchlikparvarlik operatsiyalarida ishtirok etmasligi qat’iy belgilandi. Bu mintaqadagi yirik geosiyosiy o‘yinchilar o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga xizmat qilmoqda.

Prezident tashabbusi bilan mahalliy hokimiyat organlari va armiya o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etish uchun dunyo tajribasida kam uchraydigan Harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Viloyatlar hokimlari o‘z hududlaridagi harbiy sektor rahbarlari etib tayinlandi. Bu armiya infratuzilmasini yaxshilash, harbiy shaharchalarni modernizatsiya qilish va safarbarlik tayyorgarligini mahalliy byudjetlar hisobidan tezkor moliyalashtirish imkonini berdi. Eng muhimi, “armiya va xalq birligi” konsepsiyasi qog‘ozdan amaliyotga ko‘chdi.

Ilgari O‘zbekiston harbiy texnika va hatto oddiy o‘q-dorilarni ham to‘liq import qilar edi. 2017-yilda Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi (hozirgi Mudofaa sanoati agentligi) tashkil etildi. Mamlakatda ilk bor harbiy texnikalarni mahalliy ishlab chiqarish va modernizatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi.

Eski sovet harbiy o‘qitish usullaridan butunlay voz kechildi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi tubdan qayta tashkil etildi va u yerda eng zamonaviy simulyatorlar, kiberxavfsizlik bo‘limlari va vaziyatni tahlil qilish markazlari yaratildi. O‘qitish dasturlariga sun’iy intellekt, raqamli xaritalar va zamonaviy urushlar tajribasi kiritildi. Natijada mustaqil va ijodiy fikrlaydigan yangi avlod ofitserlar korpusi shakllandi.

Ilgari harbiy xizmat kam daromadli va ijtimoiy himoyalanmagan soha hisoblangan bo‘lsa, Davlatimiz rahbarining e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun tizimli imtiyozlar paketi joriy etildi. Yuzlab zamonaviy harbiy shaharchalar qurildi, harbiylarga imtiyozli uy-joylar berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Nafaqadagi harbiylarning ijtimoiy ta’minoti yaxshilandi. Harbiylar farzandlariga oliygohlarga kirishda alohida kvotalar ajratildi. Bu choralar natijasida armiyada xizmat qilish nufuzi keskin oshdi.

Ushbu tizimli islohotlar natijasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari dunyo armiyalarining jangovar salohiyatini baholovchi nufuzli Global Firepower xalqaro reytingida uzoq yillardan beri Markaziy Osiyoda mutlaq yetakchilikni saqlab kelmoqda va dunyoning kuchli 60 ta armiyasi qatoridan muqim joy olgan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan mudofaa va xavfsizlik sohasidagi islohotlar O‘zbekistonni mintaqadagi eng barqaror va mudofaa qobiliyati kuchli davlatga aylantirdi. Bugungi o‘zbek armiyasi nafaqat davlat suvereniteti va chegaralari daxlsizligining kafolati, balki mamlakat ichida amalga oshirilayotgan barcha siyosiy va iqtisodiy islohotlarning tinch va osoyishta muhitda kechishini ta’minlovchi eng asosiy tirgakdir.

Qurilish va bunyodkorlik: shaharsozlik

Ilgari oddiy aholi uchun yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olish juda murakkab, ipoteka tizimi esa deyarli mavjud emas edi. Endi esa mamlakatning barcha hududlarida zamonaviy, ekologik toza va ko‘p qavatli turar joylarni o‘z ichiga olgan yaxlit “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etildi. Bu uylar atrofida maktablar, bog‘chalar va tibbiyot maskanlari bir vaqtning o‘zida qurilmoqda. Ehtiyojmand oilalar, xotin-qizlar va yosh oilalarga boshlang‘ich badal yoki foiz xarajatlarini qoplash uchun davlat tomonidan tizimli ravishda subsidiyalar ajratilishi yo‘lga qo‘yildi. Islohotlarning eng muhim falsafiy jihati – investitsiyalarning faqat yirik shaharlarda markazlashib qolmay, chekka qishloq va mahallalarga kirib borgani bo‘ldi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida uzoq yillar davomida e’tibordan chetda qolgan minglab mahallalarda ichki yo‘llar asfaltlandi, toza ichimlik suvi va elektr tarmoqlari tortildi, infratuzilma tubdan yangilandi. Qaysi mahallada nima qurilishi yoki ta’mirlanishini hokimlar emas, balki aholining o‘zi ovoz berish yo‘li bilan aniqlaydigan shaffof tizim – “Tashabbusli byudjet” yaratildi.

O‘zbekiston shaharlarini xalqaro moliyaviy, madaniy va sayyohlik markazlariga aylantirish uchun yangicha shaharsozlik modellari joriy etilgani yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotir. Poytaxt markazidagi Tashkent City majmuasi zamonaviy osmono‘par binolari, kongress-xollari va yashil bog‘lari bilan mamlakatning yangi, ochiq va texnologik qiyofasiga aylandi. Poytaxtimizning ekologik va transport tizimini yengillatish uchun Chirchiq daryosining narigi sohilida mutlaqo yangi, yashil va aqlli “Yangi Toshkent” loyihasi barpo etilishi boshlandi.

Yirik shaharlarda tirbandliklarni kamaytirish va hududlararo aloqalarni tezlashtirish uchun ulkan infratuzilma loyihalari amalga oshirildi. Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yo‘li va Sergeli yo‘nalishlari qurilib, tizim ikki barobardan ziyodga kengaytirildi.

Shaharlarda o‘nlab ko‘p darajali ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar qurildi. Temir yo‘llar elektrlashtirilib, “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari Buxoro va Xivagacha uzaytirildi. Bunyodkorlik ishlarida tarixiy an’analar va milliy me’morchilikni saqlab qolishga alohida e’tibor qaratildi. Samarqandda “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi va undagi “Boqiy shahar” etnografik parki Sharq va G‘arb madaniyatini birlashtirdi. Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazidek muazzam majmua o‘zbek me’morchiligi an’analari asosida qurilgan ilmiy-ma’rifiy durdona hisoblanadi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan bunyodkorlikning asosiy mezoni faqat bino soni emas, balki uning inson hayotiga qanchalik qulaylik olib kirishi bo‘lishi kerak.

Yurisprudensiya va sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Qonun ustuvor – jazo muqarrar” va “Sud – adolat qo‘rg‘oni” tamoyillari asosida tizimda inqilobiy o‘zgarishlar qilindi.

2016-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston sud tizimida oqlov hukmi chiqarilishi deyarli mumkin bo‘lmagan hodisa edi (yiliga barmoq bilan sanarli oqlov hukmlari chiqarilardi). Agar jinoyat ishi sudga yetib kelsa, shaxs muqarrar ravishda aybdor deb topilardi. Ammo so‘nggi 10 yil ichida sudlar tomonidan minglab fuqarolarga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. Bu tergov organlarining xato va kamchiliklarini sudlar tomonidan ochiq fosh etish va fuqarolarning haq-huquqlarini haqiqiy himoya qilish imkonini berdi. Ilgari oddiy fuqaro yoki tadbirkor mahalliy hokim yoki davlat organining noqonuniy qarori ustidan shikoyat qilishi o‘ta murakkab bo‘lib, sudlar davlat idorasi tarafini olishga moyil bo‘lganligini hammamiz yaxshi bilardik.

Eng katta og‘riqli masalalardan biri tergov paytida jismoniy kuch yoki ruhiy bosim ishlatib, soxta ko‘rsatmalar olish edi. Prezident farmoni bilan qiynoqlar yoki ruhiy bosim ostida olingan har qanday dalil sud tomonidan mutlaqo maqbul emas (yaroqsiz) deb topilishi belgilandi. Tergov izolyatorlari va so‘roq xonalari majburiy ravishda 100 foiz videokuzatuv kameralari bilan jihozlandi. Videoyozuvsiz olingan ko‘rsatmalar qonuniy kuchini yo‘qotdi. Jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan faqat jazolash emas, balki ularni jamiyatga qayta moslashtirish tizimiga o‘tildi.

2019-yilda Prezident qarori bilan xalqaro hamjamiyat va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ko‘p tanqid qilingan, Qoraqalpog‘istonning chekka hududidagi Qorovulbozor (Josliq) jazoni ijro etish koloniyasi butunlay tugatildi. Bu qadam O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini keskin yuksaltirdi.

Ilgari deyarli qo‘llanilmagan Prezident afv etish instituti tizimli ishga tushdi. Diniy va siyosiy sabablar bilan qamalgan, xatosini anglagan minglab mahkumlar afv etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi. Sudlar faoliyatining raqamlashtirilishi qog‘ozbozlik va sud idoralaridagi navbatlarga barham berish maqsadida amalga oshirildi. Shaffoflik ko‘zgusi sifatida “E-XSUD” axborot tizimi ishga tushirildi.

Bu o‘zgarishlar aholining adolatga va davlatning huquqiy kafolatlariga bo‘lgan ishonchini tiklashda bosh omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tashqi siyosatda ochiqlik va pragmatizm

O‘zbekiston yetakchisining siyosiy irodasi va pragmatik tashqi siyosati tufayli butun Markaziy Osiyo mintaqasining geosiyosiy iqlimi tubdan o‘zgardi. 2016-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston tashqi siyosatda ko‘p jihatdan izolyatsiya, ehtiyotkorlik va qo‘shni davlatlar bilan tizimli kelishmovchiliklar girdobida qolganligi ma’lum. Chegaralarning yopiqligi, minalashtirilgan tog‘li hududlar, viza rejimlari, suv-energetika masalasidagi keskin bayonotlar va doimiy chegara nizolari mintaqani xalqaro maydonda “porox bochkasi” sifatida ko‘rsatardi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng “Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi” degan konseptual g‘oyani ilgari surdi. Bu qadam qo‘shni davlatlar bilan munosabatlardagi ko‘p yillik “muzliklarning erishiga” sabab bo‘ldi.

2016-yilgacha Toshkent va Dushanbe munosabatlari o‘ta keskin edi. Bahs markazida Tojikiston tomonidan qurilishi boshlangan Rog‘un GESi turardi. O‘zbekistonning sobiq rahbariyati bu loyihaga keskin qarshi chiqib, suv taqchilligi haqida bayonotlar bergan, hatto mintaqada “suv urushlari” boshlanishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Ikki davlat o‘rtasida temir yo‘l qatnovi to‘xtatilgan, tog‘li chegaralar minalashtirilgan va qat’iy viza tizimi joriy etilgan edi.

Shavkat Mirziyoyevning qat’iyati va irodasi bilan Rog‘un GESi bo‘yicha e’tirozlar to‘xtatildi. O‘zbekiston nafaqat bu loyihaga qarshilik qilishni bas qildi, balki Tojikiston bilan Zarafshon daryosida qo‘shma GESlar qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Tog‘li hududlar minalardan to‘liq tozalandi. 25 yil davomida yopiq bo‘lgan chegara o‘tkazish punktlari ochildi. Davlatlar o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etildi, aviareyslar va avtobus qatnovlari tiklandi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari Ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Farg‘ona vodiysidagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasi uzoq yillar davomida qonli to‘qnashuvlar, mahalliy aholi o‘rtasidagi nizolar va yaylovlar ustidagi bahslar o‘chog‘i edi. So‘x va Shohimardon kabi anklavlarga borish-kelish oddiy odamlar uchun chinakam azobga aylangandi. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy jasorati tufayli chegara demarkatsiyasi masalasi 100 foiz hal qilindi. Andijon (Kampirobod) suv ombori bo‘yicha tarixiy kelishuv imzolandi. Suv ombori hududi va undan foydalanish masalasi ikki tomon manfaatlarini inobatga olgan holda muvofiqlashtirildi. So‘x anklaviga olib boruvchi yo‘llar ochildi, chegara punktlaridagi uzun navbatlarga barham berildi. “Qambar­ota-1” GESi qo‘shma qurilishi va asr loyihasi hisoblangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvlar imzolanib, amaliy ishlar boshlandi.

Qozog‘iston va Turkmaniston bilan munosabatlar ham yangi sifat bosqichiga chiqdi. Markaziy Osiyoning lokomotivlari hisoblangan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi raqobat o‘rnini yaqin hamkorlik egalladi. Munosabatlar Ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Chegara hududida Markaziy Osiyo xalqaro sanoat hamkorligi markazi barpo etilmoqda. Ikki davlat tashqi siyosiy masalalarda blok bo‘lib harakat qilmoqda. Turkmaniston bilan suv resurslarini boshqarish bo‘yicha tarixiy  shartnomalar imzolandi. Kaspiy dengizi va Eron orqali tranzit yo‘laklaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Chegaraoldi erkin savdo zonalari tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning eng katta xalqaro tashabbuslaridan biri — Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini tashkil etish bo‘ldi. Bu nima berdi? Ilgari mintaqa rahbarlari faqat Moskva, Pekin, Vashington yoki Bryussel vositachiligida uchrashardi.

Maslahat uchrashuvlari formati esa besh qo‘shni davlat rahbariga hech qanday tashqi – uchinchi omil ishtirokisiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashib, ichki muammolarni muhokama qilish imkonini berdi. Bu format Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi yagona geosiyosiy subyekt sifatidagi vaznini keskin oshirdi. Endilikda “AQSH + Markaziy Osiyo” (C5+1), “Xitoy + Markaziy Osiyo”, “Germaniya + Markaziy Osiyo”, “Ko‘rfaz davlatlari + Markaziy Osiyo” kabi yirik xalq­aro sammitlar muntazam o‘tkazilib, ularda mintaqa tarqoq emas, balki bir yoqadan bosh chiqarib gapiradigan blok sifatida ishtirok etmoqda.

Qo‘shnilar bilan munosabatlarni sog‘lomlashtirish O‘zbekistonga jahonning yirik kuch markazlari bilan munosabatlarda kuchli pozitsiyani taqdim etdi. O‘zbekiston Xitoy, Rossiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Ko‘rfaz arab davlatlari bilan teng masofadagi, milliy manfaatlarga asoslangan muvozanatli siyosatni olib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan global geosiyosiy qarama-qarshiliklar (Ukrainadagi urush, AQSH va Xitoy raqobati) fonida O‘zbekiston hech bir blogga qo‘shilmasdan, o‘z mustaqil pozitsiyasini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lmoqda.

O‘zbekiston xalqaro maydonda yopiq va ehtiyotkor davlat emas, balki muloqotga ochiq, o‘z manfaatlarini himoya qiladigan va mintaqaviy jarayonlarda faol ishtirok etuvchi davlat sifatida namoyon bo‘ldi.

Milliy qadriyatlar, til va tarixga munosabat

So‘nggi yillarda milliy qadriyatlarga, tarixiy merosga, davlat tiliga va milliy o‘zlikni anglashga munosabat sezilarli darajada o‘zgardi.

Buyuk ajdodlar – Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ab-u Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Beruniy va boshqa allomalar merosini o‘rganishga keng e’tibor berildi. Tarixiy shaharlar – Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz va Qo‘qonning madaniy salohiyatini rivojlantirish, ularni xalqaro turizm markazlariga aylantirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Davlat tilining maqomini mustahkamlash, o‘zbek tilini zamonaviy ilm-fan, texnologiya, davlat boshqaruvi va xalqaro muloqot tiliga aylantirish vazifasi belgilab berildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning tili va madaniyatiga hurmat tamoyili saqlanmoqda.

Milliy qadriyatlar zamonaviy taraqqiyotga qarshi qo‘yilmayotgani muhim. Aksincha, milliy o‘zlik, tarixiy xotira va zamonaviy bilim uyg‘unligi yangi jamiyatning ma’naviy asosi sifatida qaralmoqda.

Adabiyot, san’at, fan va sportga e’tibor

Adabiyot va san’at inson ma’naviyatini yuksaltirish, jamiyatning fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Shu sababli so‘nggi yillarda ijod maktablari, Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va madaniy markazlarga e’tibor kuchaydi. Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh shoir va yozuvchilarni kashf etish, teatr, kino, musiqa, tasviriy san’at va milliy hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Muzeylar, kutubxonalar va ilmiy muassasalarni rivojlantirish O‘zbekistonning tarixiy va ma’naviy salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etishga xizmat qilmoqda. Ilm-fanda ham grantlar, ilmiy markazlar, xalqaro hamkorlik va startaplarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kengaydi. Texnologik taraqqiyot, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, energetika, tibbiyot va agrotexnologiyalar bo‘yicha tadqiqotlarga talab oshdi.

Sport sohasida ham O‘zbekiston xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda. Olimpiya, Osiyo va jahon chempionatlarida o‘zbek sportchilarining muvaffaqiyatlari mamlakat yoshlariga kuchli ruhiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Sport inshootlari, sport maktablari va ommaviy jismoniy tarbiyani rivojlantirishga e’tibor kuchaydi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etdi.

Shaxmatchilarimiz jahon Kubogi bahslarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Bu ham Yetakchining sportga berayotgan e’tiborining yuksak natijasi.

Iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar: inson kapitaliga sarmoya

O‘zbekiston rahbari iqtisodiyotni liberallashtirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, soliq tizimini isloh qilish, tadbirkorlikka to‘siqlarni kamaytirish va xususiy sektor rolini oshirish bo‘yicha muhim ishlar e’tiborni kuchaytirgani bejiz emas. Maqsad aniq. O‘zbekiston xalqining roziligiga erishish, mamlakatni rivojlangan mamlakatlar qatoriga olib chiqish. Milliy valyutani konvertatsiya qilish imkoniyati kengaydi, investitsiya muhiti yaxshilandi, xorijiy investorlar bilan hamkorlik kuchaydi. Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, IT va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlandi. Qishloq xo‘jaligida klasterlar, zamonaviy agrotexnologiyalar, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish va suv tejovchi tizimlar joriy qilindi. Sanoatda metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika va to‘qimachilik tarmoqlarida yangi korxonalar ochildi.

Islohotlarning umumiy maqsadi yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.

Birinchidan, O‘zbekistonni yopiq va ma’muriy boshqaruvga asoslangan tizimdan ochiq, raqobatbardosh va huquqiy davlatga aylantirish. Ikkinchidan, iqtisodiyotni xom ashyoga qaramlikdan chiqarib, sanoat, texnologiya, ilm-fan va inson kapitaliga tayangan rivojlanish modeliga o‘tkazish. Uchinchidan, davlat va jamiyat munosabatlarida “davlat – hokim, xalq – ijrochi” degan eski qarash o‘rniga “davlat xalqqa xizmat qiladi” tamoyilini qaror toptirish. To‘rtinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim, kasb va tafakkur bilan qurollantirish orqali Uchinchi Renessans poydevorini yaratish. Beshinchidan, O‘zbekistonning xalqaro maydonda ochiq, ishonchli, tinchlikparvar va pragmatik davlat sifatidagi nufuzini mustahkamlash.

Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatidagi o‘n yillik faoliyati O‘zbekiston tarixida ulkan o‘zgarishlar davri sifatida baholanishi aniq. Bu davrda mamlakat tashqi dunyoga ochildi, qo‘shnilar bilan munosabatlar yaxshilandi, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar o‘z samarasini bera boshladi. Eng asosiysi – mamlakatda yangi siyosiy va ijtimoiy muhit shakllandi. Odamlar o‘z fikrini bildirish, davlat organlaridan javob talab qilish, islohotlarni muhokama qilish va hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘lmoqda. Albatta, islohotlarning haqiqiy samarasi faqat qonunlar va qarorlar bilan emas, balki har bir fuqaroning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Bu samara nechog‘li zalvorli bo‘lishi esa, millatning o‘z Yetakchisi atrofida yanada jipsroq birlashishi, buyuk maqsadlar yo‘lida yakdil va fidoyi bo‘lishiga bog‘liq. Zero, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va yangi kelajak yaratamiz!”

Iqbol MIRZO

“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-iyuldagi 30-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600