Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.06.2025 | 12:34

img560

TAFAKKUR HAM KOINOT QADAR CHEKSIZDIR

Hammamiz xayolan bir marta bo‘lsa ham koinotga oid azaliy jumboqqa javob izlaganmiz, shunday emasmi? Eng kamida Oyning narigi tarafi-yu olamning cheksizligini o‘ylab boshimiz qotgan. Bu o‘ylamlarning aksariyati katta ilmiy tahlil bilan beriladigan javobni talab qilsa, ayrimlari haqida taxayyulning tizginini ozod qo‘yib gapirishga to‘g‘ri keladi. Hamkasbimiz Shahriyor Shavkat bilan birga ana shu kabi fazoviy masalalar bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan taniqli astrofizik, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Bobomurod Ahmedovning suhbatiga oshiqdik.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutida antiqa buyumlar, jahoniy e’tiroflar matni tushirilgan tashakkurnomalar, dunyoning turli tillarida bitilgan qalindan qalin kitoblar taxlangan shinam kabinetda kechgan gurungimizni u kishi ta’lim va ilm integratsiyasidan boshladi: “O‘qitishda yangi texnologiyalarga intilish, innovatsion yondashuvlar ta’lim sifatini oshirishda, albatta, katta ahamiyatga ega. Biroq pedagogning ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi undan-da muhim. Bu orqali o‘qituvchi talabalarga eng so‘nggi bilimlarni yetkazadi va ularga mustaqil fikrlashni o‘rgatadi”.

Bobomurod Ahmedov zamonaviy texnologiyalardan, kerak bo‘lsa “Zed” avloddan ham faolroq, mantiqliroq va unumli foydalanadigan olim. Uning bu boradagi fikrlari ham juda qiziq. Ta’kidlashicha, bugunning odami, ayniqsa, ziyoli inson to‘rtta tilni bilishi kerak. Birinchisi – o‘z ona tili. Kishi ona tilida fikrlaydi, tush ko‘radi, ijod qiladi. Shunday ekan, o‘zini to‘liq namoyon qilishida ona tilini mukammal bilishning ahamiyati beqiyos. Ikkinchisi – ilm-fan tili. Buni bilish, o‘rganish, tushuna olish kerak. Bu ham muntazam shug‘ullanishni talab etadi. Uchinchisi – chet tili. Agar olim chet tillarini bilmasa, butun dunyodan bexabar qoladi. Erishgan natijalarini ham dunyoga ko‘rsata olmaydi. Shuning uchun imkon qadar ko‘proq xorijiy tillarni egallash kerak. Nihoyat, to‘rtinchisi – dasturlash tili.

– Qanday qilib buni o‘rganmay, zamonasini anglamay turib kishi olimman deyishi mumkin? Dasturlash tilini bilmagan olim uchun kelajak yo‘q! Yana bir gap. Eynshteyn, deylik, bir quti qog‘oz sarflab, Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan edi.

Bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari James Webb kosmik teleskopi uchun 10 milliard dollar xarajat qildi. Hali u Nobelga loyiq ko‘riladimi, yo‘qmi, noma’lum. Demak, endi olimlik zamonaviy ilmlarning katta bilimdoni bo‘lish bilan birga, ulkan sarmoya talab qiladi. Darvoqe, fan kibrli, injiq va go‘zal ayolga o‘xshaydi. U xiyonatni kechirmaydi. Unga umringni to‘la-to‘kis bag‘ishlashing shart.

Shu payt Shahriyor qiziq bir savol berib qoldi:

– Biz jahon aholisining 0,5 foizini tashkil qilarkanmiz. Dunyodagi ilmiy yangiliklarning, ixtirolar, innovatsiyalar va yangi ishlanmalarning ham shuncha foizini tashkil qila olyapmizmi?

– Dunyodagi ilmiy yangiliklar, ixtirolar va innovatsiyalardagi ulushimiz bu raqamga nisbatan, afsuski, ayni paytda hali ancha past, – dedi domla bosh chayqagancha. – Jahondagi kashfiyotlar, patent arizalarining 0,1 foizdan ham kamrog‘iga ega chiqyapmiz, xolos. Ilmiy maqolalar borasida ham ahvol shu. Biroq quvonarli holat ham bor. Masalan, Web of Science ma’lumotlar bazasiga har yili taxminan 3-4 millionga yaqin ilmiy maqola qo‘shilsa, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning bu boradagi ulushi barqaror o‘sishni namoyon etyapti. Shunday ekan, ilmiy tadqiqotlar soni va sifatini oshirishimiz, yangi ilmiy jurnallar nashr qilib, anjumanlarni yo‘lga qo‘yishimiz, yuqori saviyadagi tadqiqotchilar safini kengaytirishimiz zarur.

Bu gaplarni tinglab turib, Xitoy Oyda atom elektr stansiyasini ishga tushirishni ko‘zlayotgani haqidagi xabarlar yodimizga tushdi. Domladan ushbu loyihada o‘zbek astrofiziklari ishtiroki qanday bo‘lishi mumkinligi haqida so‘radim.

– Chindan, bu voqea insoniyatning Oyni o‘zlashtirishida yangi davrni boshlab berishi mumkin. Bu kabi loyihalarda ishtirok etish uchun yuqori malakaga ega astrofiziklar, muhandislar va ilmiy-tadqiqot institutlari kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda ham astronomiya va astrofizika sohasida an’anaviy ilmiy maktablar mavjud. Dunyo darajasidagi bunday yirik loyihalarda qatnashishning bir nechta shartlari bor. Masalan, ilmiy tadqiqotlar ko‘lami, xalqaro hamkorlikdagi tajriba, texnik infratuzilma va moliyaviy ta’minot darajasi kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Agar bizning ilmiy muassasalarimiz xalqaro standartlarga muvofiq tadqiqot loyihalarida ishtirokini muntazam oshirib borsa, ishimiz olg‘a siljiydi. Shuningdek, yangi avlod olimlarimizning xorijda tahsil olib qaytishi va dunyo bilan hamkorlik loyihalarida faol qatnashishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishda davom etsak, kelgusida o‘zbek astrofiziklari bundan-da ko‘lamli kosmik dasturlarda munosib ishtirok etishi hech gap emas.

Akademikning ta’kidicha, tarixda Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz Yevropa va Sharqni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajargan. Shu bois dunyo taraqqiyotidan, so‘nggi kashfiyotlar, olamshumul ixtirolardan bevosita xabar topib turilgan. Hozirgi kunda Xitoy iqtisodiy jihatdan kuchli davlatga aylanib bo‘ldi. Yevropa esa ularning mahsulotiga asosiy xaridor sanaladi. Biz yana yo‘l ustida, chorrahadamiz. Shu jihatdan Xitoyning rivojlanishi bizning taraqqiyotimizga ham asta-sekin ta’sirini ko‘rsata boradi. Oxirgi yillarda ta’limda mobillik oshgani bois ko‘plab tadqiqotchilarimiz Xitoyda o‘qib kelishmoqda. Ular juda iqtidorli. Buni xitoyliklar ham ko‘rib-bilib turibdi. Demak, bunday loyihalarda ishtirok etishimiz ehtimoli juda yuqori.

– O‘zi Oyda atom elektrostansiyasini qurishdan qanday maqsad ko‘zlangan? Stansiya bitdi ham deylik, bu energiya nimaga ishlatiladi? – qiziqsinadi Shahriyor.

– Oydan Yerda bo‘lmagan mineral va foydali qazilmalar olish mumkin. Elektr stansiyasi shuning uchun kerak, – deydi olim.

Suhbatimiz Oy masalasidan Quyosh mavzusiga ko‘chadi. Kun yangiliklarida bot-bot magnit bo‘ronlari tarqalayotgani, uning inson salomatligiga salbiy ta’siri haqida muntazam xabarlar kelib turibdi. Iqlimimiz eng issiq hafta, eng issiq oy rekordlarini tez-tez yangilab boryapti. Astrofizik olimdan “Quyoshdagi portlashlar, yildan yilga Yerning qizib borishi qachondir me’yoriga keladimi yoki insoniyat global isish xavfida yashashga mahkummi?”, deb so‘radik. U kishining javobi bizni ham xavotirga soldi, ham xotirjam qildi. Aytishicha, Quyosh o‘z faollik siklini har 11 yilda o‘zgartiradi. Ya’ni, faollik bir ortib, keyin pasayadi. Lekin Quyoshning umumiy isishi astronomik ko‘lamda milliardlab yillar davomida kechadigan, inson ilg‘ay olmaydigan darajada sekin jarayon sanaladi. Shunday ekan, bugungi global isish muammosi Quyosh faolligi bilan emas, asosan Yerdagi antropogen omillar – ya’ni inson faoliyati natijasida atmosferadagi issiqlik effektli gazlar (karbon va metan) miqdorining ortishi bilan bog‘liq. Sodda qilib aytganda, Quyoshdan kelgan energiyaning bir foizdan kamrog‘i yerda qolib, qolgani akslanib, qaytib ko‘tariladi. Agar yer atrofida zararli gazlar miqdori oshib ketsa, o‘sha energiya qaytib ketolmaydi va natijada iqlimning keskin isishiga sabab bo‘ladi. 

– Ayting-chi, astrofizika va relyativistik fizika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlar orqali energiya inqirozi muammolariga yechim topish mumkinmi?

– Albatta, ushbu yo‘nalishlardagi izlanishlar orqali energiya tanqisligi muammolariga yangi yechimlar taklif qilish mumkin. Masalan, koinotdagi “qora tuynuk”lar va neytron yulduzlardagi ulkan energiya manbalariga oid tadqiqotlar yoki yadro sintezi kabi jarayonlarni chuqur o‘rganish kelajakda yangi, samarali va ekologik toza energiya turlarini yaratishga ilhom berishi ehtimoldan xoli emas. Shuningdek, relyativistik zarra tezlatkichlar texnologiyasi ham yuqori samarali energiya manbalari va yangi materiallar ishlab chiqish uchun yo‘l ochishi mumkin.

Bobomurod Ahmedov rivojlangan mamlakatlar bilan muntazam ilmiy hamkorlik qilib kelayotgan izlanuvchan olimlardan. U juda ko‘p davlatlarning ilm ahli bilan doimiy muloqotda, tafakkurni taraqqiyot yo‘liga solgan fidoyi olimlarimizdan biri. O‘rni kelganda u kishidan sayohatning ahamiyati haqida so‘radik. Prezidentimiz tashabbusi bilan har oyning bir shanba va yakshanbasini oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish kuni deb belgilangani zamirida qanday hikmat ko‘rayotganiga qiziqdik.

– Albatta, sayohat va ilmiy mobillik – inson tafakkuri va dunyoqarashini kengaytiruvchi eng ta’sirli omillardan biri. Men xorijiy safarlarim chog‘ida turli mamlakatlardagi fan muhitini ko‘rib, xilma-xil tajribalarga guvoh bo‘ldim. Bu nafaqat ilmiy qarashlarimni, balki inson sifatida fikrlash tarzimni ham o‘zgartirdi. Sayohat odamzodni yangi madaniyat, yangi g‘oyalar bilan yuzlashtiradi. Bu esa toqat, bag‘rikenglik fazilatlarini va yangilikka ochiqlikni shakllantiradi. Hurmatli Prezidentimizning muayyan bir kunni sayohatga yo‘naltirish tashabbusi – shunchaki dam olish emas, balki jamiyatda ijtimoiy birdamlik, madaniy ong, vatanparvarlik hissini oshirishga qaratilgan juda nozik va o‘rinli tashabbusdir. Oilaviy sayohat orqali inson tabiatga yaqinlashadi, o‘z yurtini qaytadan kashf etadi, mehnat jamoalari esa yaqinroq va jipsroq bo‘lib boradi. Qisqasi, sayohat – bu jismoniy harakat emas, balki ruhiy va ma’naviy o‘sish yo‘lidir.

XXI asrga kelib axborot texnologiyalari rivojlanishi va o‘zaro axborot almashinish sur’atining keskin oshishi ilm-fan rivojida ma’lum bir davlat miqyosidagi chegaralarini yo‘qqa chiqardi, – deydi domla. – Xususan, O‘zbekistonda astronomiya fanini o‘rganish, shu sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun tarixiy va noyob astroiqlimiy sharoit mavjud. Shunga qaramay, fundamental astronomiya va astrofizika sohasining yuksalishi, xalqaro aloqalarning rivojlanishi, ularning sifat nuqtayi nazaridan yangi bosqichga chiqishi o‘ta muhim omildir.

Shundan so‘ng domla faoliyat ko‘rsatayotgan Fundamental va amaliy tadqiqotlar institutiga yo‘l oldik. 

– Bizning bo‘limimizda asosan qirq yoshgacha bo‘lgan yosh olim va tadqiqotchilar yig‘ilgan, – deydi u kishi. – Ular ko‘plab xalqaro ilmiy loyihalarda faol ishtirok etib kelishmoqda. Bu yerda ilmiy izlanish bilan shug‘ullangan yosh olim, hozirda Manxetten universiteti professori F.Fattoyev AQShning turli nufuzli universitetlarida faoliyat olib bordi, Florida davlat universitetida ilmiy ishini yoqladi. U neytron yulduzlarning ichki strukturasini o‘rganish borasida yaxshi natijalarga erishmoqda. Yana bir yosh olimimiz Y.Abdukamolov Kaliforniya texnologik institutida kompakt obyektlarning o‘zaro to‘qnashishi natijasida hosil bo‘luvchi gravitatsion dolg‘alarning to‘lqin shakllari bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi. Bunday ibratli misollarni yana davom ettirishim mumkin. Bizning iqtidorli va intiluvchan yosh olimlarimiz AQSh, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Chexiya va boshqa ko‘plab rivojlangan davlatlarda samarali faoliyat ko‘rsatish bilan birga, nufuzli xalqaro grantlarga sazovor bo‘lishmoqda.

Darhaqiqat, mamlakatimizda ilm-fanga qaratilgan e’tiborning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi Astronomiya instituti yoshlariga ham keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Tarixan bu fanning yuragi bo‘lgan O‘zbekiston zaminida zamonaviy astronomiya va astrofizikaning rivojlanishida yoshlarning hissasi ortib borayotgani quvonarli hol, albatta. Umid qilamizki, bunday iste’dodli olim va mutaxassislarimiz Mirzo Ulug‘bek izidan borib, O‘zbekiston nomini dunyoga yanada kengroq tanitishadi.

Bobomurod Ahmedov yaqin o‘n yillikda dunyoda va mamlakatimizda astrofizika sohasida qanday ilmiy yutuqlar kutilayotgani haqidagi savolimizga puxta tahlil bilan, faktlar asosida javob berdi:

– Yaqin yillarda qorong‘i modda va qorong‘i energiya tabiati haqida aniq ma’lumotlar olinishi kutilmoqda. Bugun James Webb teleskopi va Euclid missiyasi orqali olinayotgan ma’lumotlar bu yo‘nalishda jiddiy ildamlashni ta’minlayapti. Istiqbolda gravitatsion to‘lqinlarning yangi manbalari aniqlanib, LIGO va Virgo detektorlari vositasida “qora o‘ra”lar va neytron yulduzlarning to‘qnashuvlarini kuzatish orqali olam haqidagi tasavvurimiz yanada kengayadi. Ekzosayyoralarda hayot belgilari (biomarkerlar)ni izlash borasida ham katta muvaffaqiyatlar kutib turibdi. Chunki James Webb va PLATO kabi missiyalar Yerga o‘xshash sayyoralarda atmosfera tahlili orqali hayot ehtimolini baholash imkonini beradi. Quyosh va yulduzlardagi magnetizm va portlashlarni tushunish esa inson hayotiga ta’sir ko‘rsatayotgan kosmik xavflar prognozini yaxshilashga xizmat qiladi.

“Qora tuynuk”larga oid yangi nazariya va kuzatuvlar borasida ham inqilobiy yangiliklarga guvoh bo‘lishimiz, O‘zbekiston ushbu jarayonlarda xalqaro teleskop tarmoqlariga qo‘shilishi mumkin. Masalan, Maydanak astronomik observatoriyasi o‘ta muhim kuzatuvlarning ma’lum bir qismini monitoring qilishda faol ishtirok etadi. Maxsus yoshlar dasturlari orqali xalqaro astrofizika tadqiqot markazlari bilan stajirovkalar va akademik mobillik yo‘lga qo‘yiladi. Big Data va Machine learning texnologiyalari orqali kosmik ma’lumotlarni qayta ishlash sohasida kadrlar yetishtiriladi. Biz nufuzli xalqaro grant va dasturlarda, qo‘shma loyihalarda ham faol ishtirok etishni rejalashtirganmiz.

Xullas, akademik Bobomurod Ahmedov bilan xayrlashib, ortga qaytarkanmiz, u kishining koinot ilmiga oid fikrlari mohiyatini anglash uchun atroflicha fikr yuritish zarurligiga  amin bo‘ldik. Zero, tafakkurning chegarasi ham koinot qadar cheksizdir.

Shavkat DO‘STMUHAMMAD yozib oldi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 6-iyundagi 23-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596