03.08.2026 | 16:12
1058
ANBAR IN’OM ETAR SENGA CHECHAKLAR
* * *
Sohibdilim – diloro,
Ayyit, to‘xtasin karvon,
Nay puflagan quyunning
Enasimi biyobon?
Sohibdilim – diloro,
Qayda u chashma giryon.
Jilg‘a bo‘lgan ko‘nglimni
Quritib bo‘ldi mijgon.
Sohibdilim – diloro,
Ko‘zim mening qulfmidur,
Ochib, nigohim chiqsa,
Chopgan qilich zulfmidur?
Sohibdilim – diloro,
Qaqnus gulxani qani?
Bor bo‘lsa, yuzga surtay,
O‘tini yo kulini.
Sohibdilim – diloro,
Ko‘p riyozat chekdim-ku.
O‘zim ketdim. Yo‘lingga
Toatimni ekdim-ku.
Sohibdilim – diloro,
Vasling sarobmi – ro‘yo.
Hofiz emasman, ishqda
Abduvaliman go‘yo.

* * *
Subhlar ho‘playdi patli havoni,
Bir kun yolg‘onchilik qiladi aprel.
Men sening kelishing hech istamayman,
Biroq kel.
Zar ip eshayapti yog‘dular toshib,
Zim-ziyo hovoncha ezg‘ilaydi un.
Qavib, taxlab qo‘ydi shoyi ko‘rpani
Sen uchun tun.
Jarangdor soching ham bo‘lar po‘pakli,
Tillaqosh topilar ko‘k sandig‘ida.
Uch gaz bulut kessa bo‘lar chimildiq,
Visol tog‘ida.
…Kiprikka ilingan shabnam cho‘g‘dayin,
Bir kun haqiqatgo‘y bo‘lmadi aprel.
Men sening kelishing hech istamayman,
Biroq kel.
Eshityapsanmi?
Anbar in’om etar senga chechaklar,
Tobe mamlakatdir senga xush chaman.
…Men esa chimildiqqa kiraman-u,
Tizzangga bosh qo‘yib uxlab olaman.
Eshityapsanmi?
Suronlar chulg‘aydi patli havoni,
Bir kun o‘zim kabi laqmadir aprel.
Men sening kelishing hech istamayman,
Biroq kel…
* * *
Bulbullar mastona kashta gullarida,
So‘zana chetida uxlagan laylak.
Darparda ortida shamol ko‘pirtirgan
Bir kosa sharbat.
Sen ich-ey, boshlanur ajib hikoya,
Bahor jilmayadi chumchuq inidan.
Senga musichalar yasar zinapoya,
Yaproqdan.
Qani tush!
Adirlar ko‘ksini kesib beradi,
Ohista o‘ltirib uchamiz baland.
Biz uchun humolar donlar teradi
Ma’vo saltanati dalalaridan.
Shafaqlar xonatlas yanglig‘ yoyilur,
Dutor chertib asta porlar kahkashon.
Qo‘shiqlar yangraydi senga atalgan.
Sen ishon.
Oqqushlar paryostiq berar keltirib,
Yetti qavat ko‘rpa to‘shaydi tovus.
Shundoq yonimizga ketadi qo‘yib,
Oy tilla fonus.
Tizzangni quchoqlab boqasan dilgir,
Soatga qaraysan, kulimsiraysan:
Kech bo‘ldi, soat bir…
Bulbullar yiqilar kashta gullaridan,
So‘zana chetida o‘ladi laylak.
Darparda ortida shamol guvillar,
Kosa to‘la hasrat.
* * *
Minorlarni sog‘ingan laylak,
Kiyib kelar yangi oq ko‘ylak,
Aylantirar betinim parrak
Osmon, osmon.
Kashtalarni osar kamalak,
Ipin uzib uchadi varrak.
Chapak chalib yelar yelvizak, –
Ajab, ajab.
Registonda yechinar oqshom,
Yumshab, to‘shak bo‘lar keng maydon.
Qirdan oshib o‘tolmas Darg‘om, –
Nahot, nahot?
Bu yerda men yuragim halak,
U yerda sen og‘rigan ko‘krak.
O‘rtamizda hijron chirpirak, –
Hamon, hamon.
Minorlarni sog‘inib laylak,
Kiyib keldi yangi oq ko‘ylak…
VISOL
Yig‘ladim. Hovuchim to‘la suv bo‘ldi,
Tishimdan qon sizar, yurak – chanqovuz.
Boshingni eg, jonim, majnuntol kabi,
Bu hovuz.
Pichirlab ovozing suzmakdadirmi,
Ushatib tashlangan o‘zimmi butkul.
O, nechun izillab yig‘ladi, aytgil,
Bul – bul.
Qaragin, yanchilgan osmon sepildi,
Zarralar sanchildi achchiq kuydirib.
Bir qozon atala ag‘dardi kecha
O‘kirib.
Chippa-chip yopishib g‘arq bo‘ldikmi-ey,
Etimiz tutashib birgamiz, bitta.
Bizni qiymalashga ulgurmaydilar,
Axir, bu ertaaakkk!
Yig‘ladim. Yig‘lading. Hovuch suv to‘la,
Tishlardan qon sizar, yurak – chanqovuz.
Egilsak sochimiz chirmashibdi-ya,
Qo‘shilib ketibdi
Ko‘zimiz.
HAJR
Hijron qish tuniday cho‘zilganida,
Kunlar ko‘k bag‘ridan uzilganida,
Yoshim piyoladan suzilganida,
Sog‘inchdan dil to‘lib buzilganida –
Kapalak qonini topinglar menga.
Yellar sudrab kirsa meni bog‘larga,
Sarg‘ayib to‘kilgan tillar qarg‘asa.
Meni ostonada changlar tupurib,
Visol keltirmagan yo‘llar qarg‘asa –
Kapalak qonini keltiring menga.
Xayr-u ehsonlarin to‘kkanida yoz,
Hidlab bug‘doylarni semirsa avgust,
Chumoli inida yo‘qolgan xasday
Qolsam-u hech kimsa tutinmasa do‘st,
Kapalak qonini beringlar menga.
Tog‘larning dahani bo‘lsa agar g‘or,
Falakka chirmashib o‘rlasa bug‘i,
Bu qadar armonga chiday olmasam,
Ko‘zimda muz kabi erisa yig‘i,
Kapalak qonini ichiring menga.
QASAM
Faromush bog‘larda sollanib mahzun,
Zarrin sarpolarda, davlati fuzun,
Qalbimga yedirar non hamda tuzin,
Yo jonim muhabbat,
Sim-sim-ey, sim-sim,
Mabodo aldasam, qo‘llarim sinsin.
O‘kinch tilaklarda bolalik badbaxt,
Sevgining nomidan yozadi tilxat.
Agarda yashasam qaldirg‘ochsifat,
Qizg‘aldoq enamdir,
Sim-sim-ey, sim-sim,
Mabodo aldasam, qo‘llarim sinsin.
Ortimda cho‘l dedim, ko‘rsam, Badaxshon,
Qadimiy tangaday behamyon, beshon.
O‘zimni izlasam – mendan yo‘q nishon,
Al-amon, men qayda,
Sim-sim-ey, sim-sim.
Mabodo aldasam, qo‘llarim sinsin.
So‘nggi dam o‘zim-la o‘chakishsam, hay,
Sohir ko‘zlaringdan talab etsam may,
E, voh, kekirdagim kesib etsam nay,
Puflasam – kuy yonsa,
Sim-sim-ey, sim-sim.
Mabodo aldasam, yuragim tinsin.
* * *
Moviylik qudug‘ida raqslar tugaganda,
Yolg‘izlik arqonini bo‘ynimga o‘raganda,
Kimdir Abduvalini ohista so‘raganda,
Qo‘shiqchi bo‘lsam edi, loaqal, bir sozanda.
Kaptarlarim, kaptarlar hay-u, ha-yu, hay-ula.
Barmoqlarimga bog‘lab quyoshni sudrasaydim,
Qorong‘u yerda yonib, kul bo‘lib titrasaydim,
Tutar paytimda nogoh, meni sen chorlaganda,
Qo‘shiqchi bo‘lsam edim, hech bo‘lmasa sozanda.
Kaptarlarim, kaptarlar hay-u, ha-yu, hay-ula.
Adadsiz manzillarim boumid oqqanida,
Qattiq tikanlarini qalbimga qoqqanida.
Tomirimni shimsam-u, hayotga bo‘lib banda,
Qo‘shiqchi bo‘lsam edi, hech bo‘lmasa sozanda.
Kaptarlarim, kaptarlar hay-u, ha-yu, hay-ula.
Xayolim oynasidan nedir uchib ketganda,
Sevgimni mo‘miyolab tushlar qochib ketganda.
Muhabbatim o‘zimdan so‘raganda rizolik,
Qo‘shiqchi bo‘lsam edi, hech bo‘lmasa sozanda.
Kaptarlarim, kaptarlar hay-u, ha-yu, hay-ula.
Abduvali QUTBIDDIN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 31-iyuldagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



