02.05.2024 | 17:26
574
MENING KO‘RKIM – KO‘NGIL

TAVALLO
Oq yo‘rgakka o‘ragansan o‘zing bizni,
Ham oq yuvib-taragansan o‘zing bizni.
Beshigimiz uzra bedor ona bo‘lib,
Kunimizga yaragansan o‘zing bizni.
Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!..
Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga,
Alpomishlar ruhi yor har o‘g‘loningga.
Asragaymiz giyohing ham gulday o‘pib,
Yovlar yaqin yo‘lolmagay qo‘rg‘oningga.
Adoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston.
Tuzing totib, unutganlar xor bo‘ladi,
Ko‘zlariga ikki dunyo tor bo‘ladi.
Shodon daming ko‘rolmagan yurtfurushlar
Bir kun bir kaft tuprog‘ingga zor bo‘ladi.
Yoningda turgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!..
Gul ko‘ringan dashtingdagi giyoh-xasdir,
Soddadil-u ulug‘vorlik senga xosdir.
Sevamizki, cho‘llaring ham bizga jannat,
Tuprog‘ing ham Makka misol muqaddasdir.
Onadek ko‘rgaymiz seni, O‘zbekiston,
Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston!
MALAGIM
(Ushbu she’r matbuotda ilk bor e’lon qilinmoqda)
Kimga berdim jondan sevgan malagimni
Chaman ichra so‘ldi gulim, so‘ldi gulim.
Qon yig‘latdim shundoq ham qon yuragimni,
O‘z dilimning dilozori bo‘ldim o‘zim.
Yot yor quchdim go‘shangada ko‘rmay turib,
Yolg‘izimsan dedim ismin so‘rmay turib,
Tunim kechdi oy botguncha xayol surib,
Gul umrimning gunohkori bo‘ldim o‘zim.
Hamma odam bir odamdir menga endi,
Ikki dunyo bir qadamdir menga endi,
Suydim, suymay nima g‘amdir menga endi,
Suymaganning suymas yori bo‘ldim o‘zim.
* * *
Sevgi bamisoli lolaqizg‘aldoq,
Teginmay bo‘lmaydi,
Tegsang to‘kilar.
Alvon bir gumbazning o‘rtasi oppoq…
Buni bir men-u bir kapalak bilar.
Men o‘sha gumbazga boshimni suqdim –
Qizil ko‘ylakli bir qizgina kular:
Bunday boqma menga, uqdingmi? Uqdim…
Buni bir men-u bir kapalak bilar.
So‘ng u oqqanotim uchdi-yu ketdi,
Uning umri bir kun – choshgohda o‘lar.
Momo yer aylanib manzilga yetdi,
Buni bir men-u bir charxpalak bilar…
Sevgi bamisoli g‘arq pishgan shotut,
Teginmay bo‘lmaydi,
Tegsang to‘kilar.
Sevdingmi, yuz yil kut,
Sevmasang unut!..
Bunisin bir men-u bir malak bilar.
U meni kutadi yuz yildan so‘ng ham.
Ko‘r bo‘lib qolguncha yo‘lga termular…
Sevgi – mening barcha dardimga malham
Buni bir o‘zim-u bir yurak bilar.
XAYOL
Xayol qanday yaxshi,
Akangga o‘xshar.
O‘ynatar yelkaga ko‘tarib olib.
Bu parvoz so‘ngida yig‘lashing mumkin
Sog‘ingan onangning oldida qolib.
Xayol qanday yaxshi,
Xayol qanday soz.
Qo‘shiqlar sochadi bosgan izingga.
Bir kechada borib aytishing mumkin
Izhori dilingni suygan qizingga.
Beg‘ubor bolalik yulduzday olis,
Ammo xayol uchun u ham bir qadam.
Tarsillab qovunlar yorilgan poliz,
Sen yolg‘iz yotibsan ostida bodom.
Gullari to‘kilar o‘sha bodomning,
Kapalakday kelib yuzingga qo‘nar.
Xayol ham tug‘ishgan ukasi odamning,
Qayoqqa yuborsang g‘ing demay jo‘nar.
Ko‘ksida xayoling tursa yig‘ilib,
Quyoshni uyg‘otib kelsa bo‘ladi.
Shoirlarning bari yerda tug‘ilib,
Osmon-u falakda o‘ladi.
DUNYO
Menga boqib miyig‘ida kulgan dunyo,
Meni tuproq, o‘zni osmon bilgan dunyo,
Seni momom cho‘miltirgan yuvib-tarab,
Seni bobom tetapoya qilgan, dunyo!..
Ey o‘tmishdan o‘tgan kunin so‘ramagan,
O‘zbek borsa kim qo‘liga qaramagan?
Botirlari qul bo‘lishga yaramagan,
Suluvlari bo‘yniga osilgan dunyo!
Moziy manim borimni yod etib siylar,
Dilin obod, ruhlarin shod etib siylar.
Shoh Gʻazzoliy, shoh Tabriziy, shoh Rumiylar…
Chorig‘ini yelkasiga ilgan dunyo.
Sen sig‘ingan – o‘sha jondin ortiq senga
Tojmahal ham bir bobomdan tortiq senga.
Kulma menga, iddaolar qilma menga –
To‘qqiz kunda Temur bosib olgan dunyo!
Yuzlaringni yoritgan shu sharq ziyosi,
Dardlaringni aritgan shu sharq ziyosi.
Sinoning etagin o‘pib Ovruposi,
Amriqosi Beruniydan qolgan dunyo.
Mening ko‘shkim ko‘kda – unga yetmaydi qo‘l,
Mening ko‘rkim – ko‘ngil, unga eltgay bir yo‘l,
Tirikman men, kel, istasang muridim bo‘l –
Sen Islomdan iymon darsin o‘rgan, dunyo!..
* * *
Mana shu – men tug‘ilgan go‘sha,
Uyga yetdim – ariq hatladim.
Shu yerlik bir qizga yoqay deb
Uzun-uzun she’rlar yodladim…
Yodladim-u aytolmay unga,
Bag‘ri dilim to‘ldi dog‘ bilan.
Osmonlarga termulib yotdim
Tomda singlim qizg‘aldoq bilan.
Osmon deganlari keng ekan,
Bo‘yi bo‘yim bilan teng ekan.
Bu dunyoda dardingiz bo‘lsa,
Yulduzga baxtliman deng ekan…
Hamma yulduz menga mo‘ltirar,
O‘lsam meni savol o‘ldirar.
Ayvondagi qaldirg‘ochlardek
Ular tizilishib o‘ltirar.
Qarang, qanday baxtli bolaman!
O‘ylarimda gullar uxlaydi.
Ko‘zlarimda jaranglab kulgu,
Yuragimda… yo‘lbars… yig‘laydi.
QUSHLAR HAM YIGʻLAR
Terlar oqdi suv bo‘lib bizdan
Va gursillab yiqildi terak…
Aka, bizning qilmishimizdan
Tunda qushlar yig‘lasa kerak.
Ona chumchuq aylanib ketmas,
Ko‘ngliga qil sig‘masa kerak.
Eski indan tashib borib xas,
Yangi inda yig‘lasa kerak.
Baland bo‘lar uyimiz tog‘dek,
Ayvonida ustun ul terak.
Biz yasharmiz, ko‘nglimiz chog‘dek,
Shunda qushlar yig‘lasa kerak…
MANZARA
Bedapoya to‘ridagi juftin qidirib,
Sayray-sayray jimib qoldi bedana dilgir.
Suvsumbulni va’dasiga ko‘mib, ko‘ndirib,
O‘ynatgani olib ketdi irmoq qaygadir.
Qir tomondan poda qaytib kelarkan qator
Kumush sohil bo‘ylariga changlar yastanib,
Qishloqning eng chekkasidan bahaybat chinor
Ufq tarafga qarab qo‘ydi xavotirlanib.
Quyosh osmon etagiga osilib mana,
Bir xo‘rsinib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi-yu keyin
Qo‘shni qizning havasini keltirib yana
Tolko‘chaga suv sepishni boshladi kelin…
Muhammad YUSUF,
O‘zbekiston xalq shoiri
“Jadid” gazetasi 2024-yil 26 -aprel 18-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
593
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



