Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


06.08.2026 | 11:34

img1100

RUHIYAT HAYRATLARI

Ong osti, ruhiyat bilan bog‘liq asarlarni o‘qish alohida tayyorgarlikni taqozo etadi. So‘fiyona tasvirlar, obrazlar va ramzlarni reallikka o‘rgangan aqlning idrok etishi qiyin, agar so‘fiylik badiiyat bilan uyg‘unlashsa yoki badiiy asar so‘fiyona ishoralarga, hayratlarga qurilsa, mistisizm o‘quvchi xayollarini mavhum, ezoterika olamiga sudrab ketadi.

Bu olamdan chiqib ketish oson emas, u ruhiyat hayratlari bo‘lib o‘y-xayollaringni ta’qib etaveradi. To‘g‘ri, badiiy ijod ruhiyatga yo‘naltirilishi bilan ilhom, to‘qima, fantaziya deb ataladigan sirli voqeliklar orqali mistisizmga yaqin turadi. Mistisizm, ayniqsa, badiiy ijodda, ruhiyat hayratlari bo‘lib qalbni, o‘y-xayolni, vujudni junbushga keltiradi. Daho ijodkorlarning barchasi yo so‘fiylik, yoki mistisizmga moyildir.

Taniqli adibimiz Nazar Eshonqulning “Giryon” asarini so‘fiylikdan, mistisizmdan xabardor bo‘lmagan oddiy o‘quvchi tushunishi mushkul. Asosiy voqealar Tarso va San’on atrofida ro‘y bersa-da, qahramonlarning tushlari, ularga yashiringan timsollar, bir-biriga ulanib ketgan sensitiv kechinmalar, reallikdan o‘zuvchi, ruhiyatni iztiroblarga soluvchi psixologik lavhalar, xullas, mavhum, ammo qiziqish qo‘zg‘ovchi tafsilotlar o‘quvchini bog‘lab oladi. Tarso shayx San’on yaxshi ko‘radigan nasroniy qiz. Bu ismlar asar g‘oyasiga ham, qahramonlarning hayot va borliq haqidagi tasavvurlariga ham mos tushgan. Muhabbat e’tiqod va aqidalar doirasini kengaytirishga qodir. Ammo adib Tarso va shayx San’on haqidagi so‘fiyona rivoyatni aynan davom ettirmaydi. Qahramonlarini ham, o‘quvchisini ham g‘ayrimantiqiy, tasodifiy voqealarga duch keltirish, aslida, yozuvchining badiiy uslubidir. Bu bilan u o‘quvchi qiziqishini oshiradi.

Adib asarini “eski afsonaning zamonaviy talqini”, deb ataydi. Aslida, u eski afsonalarning davomi. Asardagi barcha voqealar va ular negizidagi falsafiy-psixologik g‘oyalar Z.Freyd, K.Yung, G.Lebon, E.Fromm, K.Yaspers, V.Solovyev, N.Berdyayev kabilarning diniy-falsafiy va ijtimoiy-ekzistensial asarlarida muhokamaga qo‘yilgan. Nazar Eshonqul qahramonlari hayoti va sensitiv kechinmalarini ong osti, ruhiyat kabi tezda anglana bermaydigan, sersir va oddiy o‘quvchida turli savollar, e’tirozlar uyg‘otuvchi hodisalarga quradi. Natijada reallik va noreallik, yaxshilik va yomonlik, savob va gunoh, mehr va qahr, hayot va o‘lim haqida shunday falsafiy-badiiy tasvirlar, fikrlar paydo bo‘ladiki, so‘fiylik, ezoterizm va mistikadan oz-moz xabardor o‘quvchi o‘zbek adabiyotida nodir, psixologizmga boy, kishini borliq haqida o‘ylashga majbur qiladigan ijod namunasi yaratilganini sezadi.

Tush va uning taqdir, reallik bilan bog‘liq syujeti, Tarsoning alamlar to‘fonida yashashiga oid sabablar, tartib va udumlarga qarshi chiqqani, ukasi va otasidan o‘ch olmoqchi, o‘zini o‘zi o‘ldirmoqchi bo‘lgani kabilar psixotahlilda mavjud motivlardir. Ularning ba’zilarini Z.Freyd ehtiros nazariyasi bilan bog‘lagan, Nazar Eshonqul uni, chamasi, Sharqona etika nuqtayi nazaridan chetlab o‘tadi. Fikrimizcha, Tarsoning sevgan kishisini o‘ldirib, qotilga aylanishida nafaqat bedil, serqahr otasidan o‘ch olishi, shuningdek, adib chetlab o‘tgan ehtiros ta’siri ham bor. Qahramonlar o‘rtasidagi noutbukdagi yozishmalar ushbu ehtiros ta’sirini mana-mana ochib beradi deb turganda, adib asar syujetidan yiroqroq nay-odam, qishloqqa qayta-qayta kelish, kitob yakunidagi taktilli yo‘llar quruvchilar haqidagi hikoyalarni keltiradi. Ularga yozuvchi ma’lum bir mazmun yuklamoqchi bo‘lgandir, lekin o‘quvchi bu mazmun nimada ekanini topolmaydi. O‘rni keldi, yana bir e’tirozimni aytay. Tarso xatlarining qop-qora fonda berilishi maqbul bo‘lmagan. Yozuvlarni o‘qish qiyin, ular asarning asosiy g‘oyasi va mazmunini o‘zida mujassam etgani uchun ravon o‘qilishi zarur edi.

San’on, aslida, adib psixotahlilchi rolini o‘ynaydi, Tarso esa o‘z qismatini, o‘z hayotini o‘ynashga ahd qilgan. Qiz psixotahlilchi uchun qiziqarli taqdirga, o‘tmish va noodatiy tajribalarga ega mijoz. Adib – davolovchi, u qizga ruhiy iztiroblar berayotgan aql bilan ong o‘rtasidagi ziddiyatning boisini aniqlamoqchi. Uning nazarida, qizning “ruhi boshi berk ko‘chada adashib qolgan”, “ruhiy holati qandaydir bir gunoh yuki ta’qibida”. Qiz qalbi sevishga, kimningdir ardoqlashiga mushtoq. U sevib, iqror bo‘ladi: “Men uni rostdanam yaxshi ko‘raman. Judayam. Usiz yasholmayman, deb o‘ylayman… Uni ko‘rsam, shu paytgacha men uchun murakkab va ma’nisiz bo‘lib kelgan dunyo birdan soddalashardi, ma’ni bilan to‘lardi, go‘zallashardi”. Beorom qiz qalbi taskin topdi, deb o‘ylaysizmi? Ming afsuski, qiz yozganidek, “Menga bir umr gunohkorsan deb kelishgan. Gunohkor ekanligim uni sevishimga xalaqit berardi”. Gunohkorlik hissi bilan sevish mumkinmidi? N.Berdyayev fikriga ko‘ra, odam avval-boshdan gunoh bilan tug‘ilgan. Demak, sevgan ham gunohda, sevilgan ham; ikki gunohkorning bir-birini sevishida mantiqsizlik yo‘q. Mantiqsizlik – sevgan insoni qiyofasida sevmaydigan kishini ko‘rishda. Bu mantiqsizlik sertuyg‘u qahramonni fojialarga yetaklamay qo‘ymaydi.

“Biz teatrdagi qo‘g‘irchoqlarmizmi? – deydi Tarso. – Nega yashab yuribmiz?” Qahramonning ibtidoga murojaatidan psixotahlilchi “unda o‘zining dunyoga kelishi va bolaligi bilan bog‘liq muammolar bor”, degan xulosaga keladi. Bu muammolar shunchalik chuqur ediki, asarda ular izchil va mahorat bilan ishonarli ochib berilgan. Goho ular tafsillaridagi dostoyevskiycha ezmalikni kechirib yuborasiz, qahramonga ham achinasiz, ham undan nimanidir olgingiz, ruhiyatingizga singdirgingiz keladi. Psixotahlilchilar fikriga qo‘shilasiz: “ruhiyatni aql bilan tahlil qilib bo‘lmaydi”.

To‘g‘risini aytsam, ibtido bilan bog‘liq tafsilotlar diniy-falsafiy mohiyati bilan o‘quvchini o‘yga soladi, Tarso bolaligiga yopishmay turadi. Ular mutlaq boshqa muammo, ularning qiz taqdiriga daxli yo‘qdek. Biroq qiz ruhiyati va undagi tuyg‘ular oqimi sizni sudrab ketadi, ko‘z oldingizda sertuyg‘u, hatto psixotahlilchilar ham anglay olmaydigan hayotiy g‘avg‘olarga botgan inson obrazi paydo bo‘ladi. Uni bor ziddiyatlari bilan anglashga (tasvirlashga emas) adibning o‘zi ham ojizlik qiladi. Adib qiz ruhiyati ostonasida turib tasvirlaydi, demak, muammoning, ruhiyat hayratlarining davomi bor, adibni ham o‘yga soladigan savollar behad ko‘p. Shubhasiz, Tarsoning xabar-iqrorlari yozuvchi badiiy usulining maftunkorligini, ta’sirchanligini tasdiqlaydi. Ularda shiddat, aql-u idrokdan yuqori, mistikaga yaqin qandaydir kuch bor, ularni qabul qilgingiz, ishongingiz kelmaydi, lekin ular o‘y-ixtiyoringizni band etib, o‘jar da’vatlari bilan e’tirozlaringizdan ustun keladi. Sizda endi ishonmaslikka asos, kuch yo‘q.

Asar oxiridagi ikki voqea – Tarsoning tosh yumalatayotgan Sizif smayli yuborgani va rolini o‘ynayotgan pyesa muallifidan asarini boshqa hech bir teatr sahnalashtirmasligi uchun yoqib yuborishni talab qilgani e’tiborlidir. Ikkala voqea ham sirli, birinchisida – hayot bema’ni, ikkinchisida – umr betakror degan g‘oya jo. Odam ular orasida sarson yashashga mahkum etilgan.

Tarso taqdiri ustida adib rosa ter to‘kkan, uzundan uzun tafsilotlarni psixotahlil nuqtayi nazaridan qayta-qayta ishlagan, erinmagan, shoshmagan, ruhiyat o‘rasiga tushgach, undan insoniy idrok bilan kishilar davrasiga qaytish oson emasligini bilgan. Ushbu sirni badiiyatga tatbiq etish, qahramonlar ruhiy hayratlarini o‘quvchi kechinmalariga aylantirish mashaqqatli vazifa. Qahramonlarining ayanchli taqdiridan, aziyatli qismatidan yosh to‘kmagan adib topilmaydi, ammo o‘quvchini yosh to‘kish emas, ta’sirchan tasvir orqali hayotni sevishga, insonni ulug‘lashga ishontirish kerak. Nazar Eshonqul asarlarida bu maqsad bo‘rtib turadi. “Giryon” ham hayotni, insonni bor sirlari, turfa tuyg‘ulari bilan e’zozlashga chorlaydi. Ha, asarda ikir-chikirlar bilan o‘ralashib qolish, o‘y-xayolni o‘rtovchi injiqliklar uchraydi. Ammo ularda ruhiyat hayratlariga mahliyolik va ushbu mahliyolikka uyg‘un badiiy mahorat bor…

Viktor ALIMASOV,
falsafa fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 31-iyuldagi 31-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604