30.06.2025 | 09:32
1020
“YASHIL DENGIZ” HAYRATLARI
Mundoq do‘ppimni olib o‘ylab qarasam, O‘zbekistonning men bormagan go‘shasi qolmabdi hisob. Biroq so‘nggi yillarda Orolbo‘ylarini hech borib ko‘ray demabman. Shu xayolda tarixchi-olim Umid Bekmuhammad hamrohligida Mo‘ynoqqa otlandim.

Yo‘lning ravonligidan safar mashaqqati sezilmadi. Manzilga yaqinlashar ekanmiz, rang-barang gullar, yam-yashil daraxtlar, bir-biridan ko‘rkam imoratlarga duch kelaverdik. Yoshlar markazi, amfiteatr, muzey, kasb-hunar maktablari, zavod va fabrikalar… Bular yaqin besh-olti yil ichida yuz bergan ulkan evrilish va o‘zgarishlar natijasi. Mo‘ynoqda jaziramaga qaramasdan hayot zavqi avji pallasida.
Bizni ochiq chehra bilan kutib olgan “Orolqum” milliy tabiat bog‘ining ilmiy ishlar bo‘yicha mutaxassisi Zaruxan Matekeyeva gurungni boshlab berdi:
– “Orolqum” milliy tabiat bog‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-martdagi “O‘rmon fondi yerlarida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish bilan bog‘liq qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan.
Umumiy yer maydoni bir million gektar. Bog‘ hududiga har yili saksovul, yulg‘un, qorabaroq kabi butasimon o‘simliklar ekilmoqda. Masalan, “Axantay” hududining 250 gektariga saksovul ko‘chati ekildi, 5 gektarida esa ko‘chat parvarishxonalari rivojlanmoqda. Shuningdek, bu yerda sahro jensheni deya e’tirof qilingan sistanxe va jung‘or qumso‘tasi, qoramiq kabi ming dardga davo o‘simliklarni uchratishingiz mumkin. Yer yuzida yulg‘unning yuzga yaqin turi bo‘lib, bizda 12 tasi o‘sadi. Bir tup yulg‘un o‘n yil ichida 50-60 tupga aylanadi, urug‘i shamolda uchib yerga tushsa bas, bahorda unib chiqaveradi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkilotlari kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aysanam Begimova ham gurungga qo‘shiladi:
– Milliy tabiat bog‘i mas’ullari bir qancha istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, joriy yilda hududga 10 ming nafardan oshiq sayyohni jalb qilmoqchimiz. Buning uchun 30 ta doimiy va 100 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilyapti. Kutiladigan daromad esa 1 milliard 800 million so‘m deb taxmin qilinmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Ayjamal Yusupova bizni muzey sayohatiga taklif qildi. Tashrif buyuruvchilarni qiziqtirish, ularga hudud haqida batafsil ma’lumot berish uchun Mo‘ynoq ekologiya muzeyi hamda Orol dengizi tarixi davlat muzeyi ishlab turibdi ekan.
Eksponatlar orasida Mo‘ynoq tumanidagi baliqchilik sanoati, konserva kombinati ish jarayonini aks ettiruvchi fotosuratlar, “Orol jarchisi” deya ta’rif etilgan rassomlar – F.Madgazin va R.Matevosyan yaratgan san’at asarlari, qoraqalpoqlarning XIX-XX asrdagi milliy kiyimlari, mehnat qurollari alohida ajralib turibdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Orol tarixi muzeyi esa tabiat va hayvonot dunyosiga oid qiziqarli eksponatlarga boyligi bilan ahamiyatli. Muzeyning ichki dizayni o‘tov ko‘rinishida bo‘lib, tashrif buyuruvchilar uchun Orol dengizi tarixiga oid hujjatli filmlar, videoroliklar namoyish etiladi.
Kechagina dengiz to‘lqinlari to‘sh urib turgan sershovqin bandargoh endi “Kemalar qabristoni”ga aylangani qalbimizda hayrat va hasrat hissini qayta uyg‘otdi.
2022-yili Qo‘ng‘irot tumanida tashkil etilgan umumiy maydoni 280 ming gektarlik “Borsa kelmas” tabiat qo‘riqxonasi ham sayyohlarni bee’tibor qodirmaydi. Qo‘riqxona hududida 300 ga yaqin o‘simlik turi mavjud bo‘lib, shundan yettitasi “O‘zbekiston Qizil kitobi”ga kiritilgan. Saksovul hamda yulg‘un hududning qariyb o‘n foizini egallaydi. Bu yerda sayg‘oq, jayron, olako‘zan, korsak tulki, hind asalxo‘ri, uzun ignali tipratikan, to‘rt yo‘lli olachipor ilon kabi jonivorlar yashamoqda. Shuningdek, qo‘riqxona to‘da bo‘lib yuradigan yo‘rg‘a tuvaloq, bizqaldoq, burgut va qashqaldoq kabi noyob qushlar uchun qulay makon hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Borsa kelmas” qo‘riqxonasida aniqlangan yigirma uch tur jonzotning o‘ndan ortig‘i Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqining qizil ro‘yxatiga kiritilgan.
Mo‘ynoqdan bir olam taassurotlar bilan sayohatimiz yo‘nalishini Bo‘zatov sari burdik. “Dovudko‘l” suv havzasining shimoli-g‘arbida joylashgan “Orolbo‘yi” milliy tabiat bog‘ini aylandik. Ayni paytda bog‘ hududida 150 ga yaqin turdagi umurtqali hayvonlar yashaydi, 15 turdagi sudralib yuruvchilar, 116 turdagi qushlar va sut emizuvchilarning 15 turi aniqlangan. Shu jumladan, pushti saqoqush, kichik qoravoy, vishildoq oqqush, olaqanotli o‘rdak, oqdumli suv burguti, katta burun, O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi, olako‘zan va boshqalar qatori qirg‘ovullar ham tabiatga fayz bag‘ishlab yuribdi.
Safarimiz davomida Orolbo‘yida tashkil qilingan “Sudoche-Akpetki” milliy tabiat bog‘i hamda “Sayg‘achiy” landshaft buyurtma qo‘riqxonalarida olib borilayotgan bugungi zalvorli ishlar bilan ham tanishdik. Ayniqsa, qariyb bir yarim million gektarda yastanib yotgan “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i bilan bog‘liq yangiliklar kishini hayratlantiradi.
Ustyurt yurtimizning qishi eng sovuq hududidir. Tabiiy to‘siqlarning yo‘qligi tufayli u yerga Arktika va Sibir sovuq havo massalari bemalol kirib keladi. Shunga qaramay, bu go‘shada o‘simlik, hayvonot va qushlarning noyob turlarini uchratish mumkin. Jumladan, qulon, sayg‘oq va jayron, yovvoyi to‘ng‘izlarga duch kelasiz. Bu yerda, shuningdek, qushlarning 100 dan ortiq turi mavjud. Shulardan 52 turi “O‘zbekiston Qizil kitobi”ga kiritilgan.
Sariqamish ko‘lida vishildoq oqqushlar yashayotgani kishini hayajonga solsa, milliy tabiat bog‘ida mahalliy tilda “qizil g‘oz” deb nomlanuvchi flamingolarning qaytayotgani ko‘ngilga umid baxsh etadi. Shuningdek, bu yerda “semurg‘ avlodi” deya ta’riflanadigan qirg‘ovul va kakliklarning ham ko‘payayotgani quvonarli hol.
Yaqinda Turkiya davlatining Egey universiteti dotsenti Luc Ortac Onmus “Orolbo‘yi” milliy tabiat bog‘ining qushlar dunyosini o‘rganish uchun keldi. Chet ellik tadqiqotchi-olim qirg‘ovullarning jo‘ja ergashtirib yurganini ko‘rganida “Bu ertakka o‘xshaydi! Haqiqiy mo‘jiza!”, deb xitob qilgani rost.
* * *
Bular nimadan darak beradi? Demak, yo‘qlikka yuz tutgan dengiz o‘rnida Yurtboshimiz tashabbusi va bevosita sa’y-harakati bilan yashil makon yaratish bo‘yicha qilingan ishlar o‘z samarasini berayotir. 1,5 million gektarlik Orolbo‘yi yer maydonida tashkil etilgan yashil makonda daraxtzorlardan iborat “yashil dengiz” paydo bo‘lmoqda.
Davlat buyurtma qo‘riqxonalari hamda milliy tabiat bog‘lari esa ana shu ko‘kalamzorlashtirish ishlariga ko‘mak berib, ekologik inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish, halokat ta’sirlarini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
Yarim asrdan buyon Orolqum deya tilga olingan bu joylar endi Orolbog‘larga aylanyapti. Bu esa ertangi kunimizga yorqin umidlar bilan birga hamjihatlikda qadam tashlashga undaydi.
Erpo‘lat BAXT,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



