07.08.2026 | 11:04
1323
“OSMONDAN TUSHGAN” ISMLAR
Dinimizda “Farzandlaringizga go‘zal ism qo‘yinglar”, deb buyurilgan. Insonlarga qo‘yiladigan ismlar vaqt va zamonlarga moslashuvchanligi ham bor. Yaqin-yaqinlargacha keksa yoshdagi kishilar ismlariga ajablanib qarardik. Qo‘chqor, Qo‘ziboy, Bo‘riboy, Ketmonboy, Dehqonboy, Ulbo‘lsin, Oypo‘pik, Jumabika… kabi ko‘plab turkiy ismlarning ham o‘z tarixi, sabablari bor. Yoki Xorazmda katta avlod vakillariga qo‘yilgan Qozoq, Turkman, Yovmut kabi ismlar zamirida xalqimizning ko‘p asrlik hayoti, turmush tarzi, birodar millatlarga hurmati aks etgan. Bu misollarda qadim qadriyatlar, an’ana va odatlar alomatlari mavjud.

Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Negaki, bunda ixtiyoriylik mujassam. Yoki farzandlariga futbol ishqibozi bo‘lgan otalar qo‘ygan Maradona, Ronaldino, turli kino qahramonlariga taassub qilib atalgan Osiola, Van Dam, Chingachguk kabi ismlarni “zamonalashuv rusumi” sifatida qabul qilamiz. Ammo… Antiqa ismlar qo‘yilishi ortida majburiylik ham bo‘lganki, mavzumiz shu haqida.
Ba’zan davralarda: “Sizlarda sovetlar davrida “dohiy”lar ismini farzandlariga qo‘yish boshqa viloyatlarda qaraganda nega keng tarqalgan?” – deb so‘rab qolishadi. Hatto ayrimlar buni sovet tuzumiga sadoqat belgisi va maddohlikka ham yo‘yishadi. Og‘riqli savol, kishini o‘ylantiradigan, mulohazaga chorlaydigan mavzu. Buning ortida ommaviy ongsizlik yotibdimi yoki yolg‘onlarga ishonish kuchliroqmi? Balki, boshqa sabablari bordir?
Esingizdami, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida “Osiyo ustida bo‘ron” filmi oynayi jahonda ko‘p namoyish qilinardi. Film sovetlar “zulm va adolatsizlik o‘chog‘i”, “mehnatkashlarni eksplutatsiya qilgan yovvoyi feodal tuzumlar” – xonliklarni ag‘darib, o‘rniga “dunyodagi eng adolatli”, “ishchi-dehqon birdamligi” o‘rnatgani borasidagi yolg‘on mafkuraning ekranlarga ko‘chgan nusxasi edi. Filmda bosh qahramon asrab olgan yetim bolaga sovetlar dohiysi nomini (aslida, partiyaviy laqabini) qo‘yishni so‘rab, Moskvaga shoshilinchnoma yuborgan va uning javobini kutib, aloqa bo‘limidan bir necha bor xabar olgan sahnalar bor. Filmga atay kiritilgan bu ko‘rinishlar yakunda kutilgan xabarnoma kelgani bilan yakunlanadi. Bundan sovet siyosatchilari nomlarini ommaviy qo‘yish targ‘iboti ham olib borilgan, degan xulosaga kelish mumkin. Ayni shu targ‘ibot samarasi o‘laroq, Mels (sovetlarning to‘rt dohiysi: Marks, Engels, Lenin, Stalin ismlari bosh harflari yig‘indisi) yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri Leninza, Stalina, Marks kabi ismlar ko‘p qo‘yilgan. Ammo, lekin tanganing ikkinchi tomoni borligini ham unutmaylik!
O‘tgan asrning 37-yili sovetlar o‘tkazgan “katta terror”ga tayyorgarlik, aslida, ancha oldinroq boshlangan. Birgina voqeani eslatib ketamiz: 1932-yili O‘zbekiston SSR Oliy sudining raisi qamoqqa olinishi ortidan “qosimovchilik” jarayoni boshlangan. Shundan so‘ng tizimda ishlayotgan katta-kichik rahbarlar ommaviy tarzda qatag‘onga uchragan – ho‘l-u quruq barobar yongan. Shajarasi mashhur tasavvuf pirlaridan Abduqodir Giloniyga borib taqaladigan, tarix taqozosi bilan vohani vatan tutgan, otasi xonlik zamonida Gʻazovot bekligi hokimi bo‘lgan Abduqodir Asqarov o‘sha mash’um yillarda avval Xonqa tumani prokurori, so‘ng viloyat sudi sudyasi bo‘lib ishlagan. Hamkasblari birin-ketin qamoqqa olinayotganini ko‘rgan, voyaga yetmagan bir etak bolalari taqdirini o‘ylagan Abduqodir Asqarov 1934-yilning qishida dunyoga kelgan qiziga Leninza ismini qo‘yadi. Sayyidzoda inson sovetlarning dinsiz dohiysi ismini farzandiga qo‘yishi ilojsizlikdan – “Shoyad shu tufayli qamalmay qolsam, oilam parokanda bo‘lib ketmasa”, degan ilinj sababli edi.
Afsuski, hali beshikda yotgan, o‘ziga qanday ism taqalganidan bexabar qizaloq uch yildan so‘ng yarim tunda xaroba kulbalari eshigini taqillatib kirib kelgan odamdan o‘zini olib qochadi, onasi va akalari tinmay bag‘riga bosayotgan “notanish kishi”ga yovqarash qilib turadi. Keyinchalik esi kirgach, otasi qatag‘onga uchrab uch yil qamoqda yotganini biladi. Nohaq qatag‘on jabrini tortish otasi qismatiga baribir yozilgan ekan.
Mudhish davrlarda otasi majburan begona ism qo‘ygan qiz vaqti kelib turli mas’ul vazifalarda ishlaydi, voha tarixida ilk bor (va hamon yagona) viloyat markazining birinchi rahbari darajasiga ko‘tariladi, uzoq yillar viloyat kasb-hunar boshqarmasi boshlig‘i sifatida minglab yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida yordam beradi.
Onaxon bugun 92 yoshda. Haliyam tetik, faol, turli tadbirlarda yoshlarga mustaqilligimiz bergan eng aziz ne’matlar haqida gurung berishdan charchamaydi. Otasi nohaq qamalgan davrda onasi bir etak bolalari bilan yaqinlari xonadonlarida jon saqlashgani, otasi qamoqdan qaytgach, sud-huquq tizimiga yaqinlashtirilmasdan xo‘jalik ishlariga jalb qilingani sababli, bolaligi, o‘quvchilik davri bir emas uchta tumanda kechgani, otasi peshonasiga urilgan “xalq dushmani” tamg‘asi bir umr farzandlarini ham ta’qib qilgani, shahar rahbarligidan bo‘shatilishi ortida ham shu “ishonchsiz kadr” maqomi turgani, bugun viloyat ahli hurmat bilan hoji ona deb e’zozlashi sababini istiqlol sharofatidan deb bilishi haqida so‘zlaydi.
Mustaqillikdan keyin Xorazm viloyatining birinchi hokimi bo‘lib ishlagan rahmatli Marks aka Jumaniyozov “Esimda qolgan onlar” xotira kitobida o‘ziga qo‘yilgan ism tarixini ham aynan qatag‘on bilan bog‘lagan. Otasi Jumaniyoz aka kolxozda oddiy brigadir bo‘lgan. 1937-yil qatag‘oni u kishining ko‘plab hamkasblari, tanishlarini o‘z domiga tortib ketgan. Har kuni radiodan “Xalq dushmanlariga o‘lim!”, “Troskiychi-zinovyevchi xoinlarga shafqat bo‘lmasligi kerak!” kabi shiorlar yangrab turgan zamonda dunyoga kelgan o‘g‘liga qishloq soveti raisi taklifi bilan kommunistlar dohiysi ismini qo‘ygan. Balki taqdirdir, balki ayni shu ism boisdir, qamalmay qolgan.
Jadid harakatiga qo‘shilib, istibdoddagi elni ma’rifat nuri bilan bahramand qilishni orzu etgan, shu yo‘lda mubham davr va siyosat to‘siqlariga necha bora boshlari urilgan ziyolilar o‘z hayotlarini ihota qilish uchun zamonasozlik yo‘lini tutishga majbur bo‘lganini ham bilamiz. Xorazmda jadid harakati ta’sirida kurash maydoniga chiqqan Qurbon Beregin yoki Qosim Sorokin kabi ziyolilar o‘zlariga o‘zga zabonli sharif tanlashlari ortida ham majburiylik yotibdi. Afsuski, “beregi” – “saqla” so‘zini sharif qilib olgan inson hayoti sovet zindonlarida yakun topgan.
Bizga yot ismlar siyosat tufayli majburiy qo‘yilganini tushunish mumkin. Ammo sovet davrida soxta tarix ongiga quyilgan, yolg‘onlarga ishongan ayrim ota-onalar farzandlariga Frunze, Marks kabi ismlarni tanlagani achinarli. Bu kabi ismlar ko‘proq sovet davrida mas’ul vazifalarda ishlagan, o‘zini “chin kommunist” sanagan shaxslar tomonidan farzandlariga qo‘yilgani ortida esa manfaat yotgani sir emas.
Yana bir achinarli hol: o‘tgan asrning 70-80-yillari qishlog‘imiz mahkamasida kotib vazifasida ishlagan rus tili muallimi o‘z tanishlari, yaqinlari farzand ko‘rganida, ularning “tug‘ilish shahodatnoma”lariga Vladimir, Nikolay kabi ismlarni yoppasiga yozavergan. Nega bu ismlarni beruxsat yozdingiz, deb e’tiroz bildirganlarga, “Tepadan shunday topshiriq keldi! Nima, siz davlat siyosatiga qarshimisiz? Proletariat dohiysi ismini yomon ko‘rasizmi?” – deb qo‘rqitgan. Noiloj qolgan ota-onalar farzandlarini oila davrasida o‘zlari tanlagan boshqa ism bilan chaqirishgan, hujjatidagi ism bilan faqat sinfdoshlari atagan. Majburiy-ixtiyoriy ikki ismga ega bo‘lgan bu insonlar mustaqillik davrida o‘z ismlaridan uyalishdi, ayrimlari ismlarini rasman o‘zgartirdi.
Nima deymiz, salkam sakson yil davr surgan sovetlar nafaqat qadim qadriyatlarimiz, tilimiz, dinimiz, yozuvimiz, balki ismimizga ham o‘chmas jarohatlar qadab ketdi…
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 31-iyuldagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



