21.05.2025 | 16:10
844
O‘ZANLARGA QACHON QAYTAMIZ?
Jiyanim qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
– Ammajon, suyunchi bering, o‘g‘illi bo‘ldim.
– Qutlug‘ bo‘lsin, muborak bo‘lsin! – xursand bo‘lib ketdim xushxabardan, – Istiqboli nurli bo‘lsin, ilohim…
– Rahmat, ammajon, aytganingiz kelsin. Ismini Umar qo‘ymoqchiman, nima deysiz?
– Umarbek yaxshi ism. Umarjon desa ham bo‘ladi. (Har qalay qulog‘imga shunday eshitildi).
– Yo‘q, Umar emas, “O” bilan boshlanadi, Omar, ya’ni arabcha haqiqiy aytilishini qo‘ymoqchiman. Hech qanday “bek”, “jon” qo‘shimchalari kerak emas…

O‘ylab qarasam, millatimizga qo‘yilgan ismlarning to‘qson foizini arabiy va forsiy ismlar tashkil etar ekan. Har qalay “jon”, “xon”, “bek” qo‘shimchalari bilan ularni “o‘zimizniki” qilib olamiz. Aslida millatga xos ism ham milliy qadriyat sanaladi. O‘zligini anglagan millat egalari buni unutmasligi kerak.
Akayo, Genrix, Vladimir, Jun-san, Vaso, Akshay, Syaomin… Bu ismlarni eshitgan zahoti qaysi millat vakili ekanligini anglab yetdingiz, shundaymi? Ba’zi ismlar ko‘p millatlarda uchraydi, masalan Denis. Ammo ularning familiyalari orqali bemalol millatini ajrata olasiz. Misol keltiradigan bo‘lsak, gruzin millatining familiyalari “dze” yoki “shvili” qo‘shimchalari bilan aytiladi: Maxarashvili, Shvenadze, Beridze… Arman millatida “yan” qo‘shimchasi mavjud. Rus millati ism-shariflarida esa “vich” bilan “-ov”, “-yev” bor. Bu o‘z davrida bizga ham “meros” bo‘lib o‘tgan.
Ismlari biz bilan bir xil bo‘lgan qo‘shni davlat Tojikistonda familiyalar “zoda” qo‘shimchasi bilan yuritiladi: Qurbonzoda, Rahmonzoda… Ikki-uch yil avval ijtimoiy tarmoqlarda berilgan xabarga ko‘ra, ushbu davlatda tug‘iladigan chaqaloqlarga faqat tojik, ya’ni forsiy ism qo‘yilishi haqida qaror chiqqanini eshitgandim. Bu xabar qay darajada to‘g‘ri bilmadim, biroq buni eshitib xursand bo‘lganman. Chunki ism har bir millatning o‘zligini anglatib turishi kerak.
Xorijda davlat xizmatida ishlovchi o‘g‘lim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Salom-alikdan so‘ng muddaoga o‘tdi:
– Keliningiz shu kunlarda ko‘payadigan, ayajon. Farzandimga o‘zbekcha ism qo‘ymoqchiman.
– To‘g‘ri o‘ylabsan, o‘g‘lim, – xursand bo‘ldim fikridan. – Ism ham millatni anglatib turuvchi qadriyat.
– Shunday, ayajon. O‘zingizga yoqqan o‘zbekcha ismlardan yozib yuboring…
Yevropada tug‘iladigan nabiramga ism tanlash uchun kutubxonalardan turkiy ismlar kitobini izlay boshladim. Baxtga qarshi bunday kitob topa olmadim. Umumiy ismlar kitobida esa asosan arabiy va forsiylari joy olgan. Yurtimizda tug‘ilayotgan chaqaloqlarga asosan arabiy ismlar qo‘yilmoqda. Albatta, bu islom diniga e’tiqod qilishimiz bilan uzviy bog‘liq.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: turk eli farzandlari nima uchun ajdodlaridan meros turkiy ismlarni unutishi kerak? Nima uchun yurtimiz egalari o‘zga millat ismlari bilan dunyoga bo‘y ko‘rsatishi kerak?! Nima uchun Turon elida yashab o‘tgan ota-bobolarimiz, ena-momolarimiz ismi chetda qolmoqda, unutilmoqda? Ko‘ksida Vataniga, millatiga muhabbati sobit inson borki, buni o‘ylab ko‘rishi lozim.
Turkiya davlati kinorejissyorlari tomonidan suratga olingan “Choliqushi” badiiy filmi barchamizga yaxshi tanish. Yodingizda bo‘lsa, shu filmda qizlardan iborat sinf o‘quvchilari ustozlariga bir-bir o‘zlarini tanishtiradi: Ayshe, Ayshe… ya’ni qizlarning asosiy qismining ismi Ayshe bo‘ladi. Hozirda esa turk filmlaridagi qahramonlarning ismlari deyarli turkona: Chechak, Go‘zal, Sevgi, Sevinch, Qorako‘z, Turon, Arslon, Qilich… Qanday go‘zal ismlar. Darhaqiqat, qadim ajdodlarimiz tabiat bilan uyg‘unlikda ism qo‘yishgan. Qo‘shnimiz Qozog‘istonda ham bizga nisbatan turkiy ismlarga ko‘proq e’tibor qaratilishiga guvohman.
Nevaramga ism tanlash jarayonida turkiy ismlar berilgan kitobni topa olmagach, ijtimoiy tarmoqdan foydalandim. Afsuski, tarmoqda ham turkiy ismlar ro‘yxati berilmagan. O‘zbekcha ismlar ma’nosi degan bo‘limda esa uchta rukn bo‘lib, birinchisi “Arabcha”, ikkinchisi “Boshqalar”, uchinchisi “Fors-tojikcha”, deya belgilanibdi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, o‘zbekcha ismlar bo‘limida “O‘zbekcha” degan ruknning o‘zi yo‘q. Bu qay darajada afsuslanarli ekanligini anglab yetgandirsiz?!
Men muxbir sifatida vatanparvarlik ruhidagi ko‘plab tadbirlarda ishtirok etganman. Biroq mana shu yig‘inlarning birortasida o‘g‘il-qizlarimizga o‘zbekcha ism qo‘yish haqida so‘z yuritilganini eslay olmayman. To‘g‘rirog‘i, bu borada biror marotaba fikr bildirilmagan, bahs-munozara bo‘lmagan.
Donolarimiz “Ismlarda hikmat bor”, deyishadi. Darhaqiqat, qadim ajdodlarimiz shu haqiqatga qattiq amal qilishgan. Chaqaloqqa ism qo‘yishga katta e’tibor qaratilgan. Yangi mehmonga kattalar ishtirokidagi marosim orqali ism tanlangan. Ma’nosi, jarangdorligi inobatga olingan.
O‘zbekcha ismlarni izlash chog‘ida Otabek va Kumush ismlariga duch keldim. Qarang, o‘zbekning ulug‘ yozuvchisi Abdulla Qodiriy o‘zining betakror asari “O‘tkan kunlar”ning bosh qahramonlariga o‘zbekcha ism tanlagan. Bu bejiz emas, albatta. Millat erki deya ko‘ksi kuyib o‘tgan, jadidlik harakatining ilg‘or vakillaridan bo‘lgan yozuvchining chin ma’noda vatanparvarligidan dalolat bu. Millatsevar inson o‘zgacha bo‘lishi mumkin emas.
Yaqinda hamkasblarimdan biri nabirasiga Alp-Arslon, deya ism qo‘ydi. Turkiylarga xos qanchalar chiroyli ism. Umidim, tilagim yurtimizda mana shunday Alp-Arslon, Alp-Tegin, Oybarchin va To‘maris kabi turkiy ismlar ko‘paysin.
Zulfiya YUNUSOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 16-maydagi 20-sonida
OG‘RIQ NUQTA
Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]
17.11.2026 | 14:24
109
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
216
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
701



