21.08.2026 | 12:54
898
JOYSNI ANGLASH
Badiiy ijodning sirli, ong va tafakkur sarhadlaridan keng, goho biror “izm” bilan o‘lchash mushkul izlanishlar sohasi ekanini asoslashga hojat yo‘q. Qalamkashlik zahmatidan jindek xabardor kishi bu sohani qismati sifatida e’tirof etishdan boshqa asos topolmaydi. Mohir adib, serzavq hikoyachi, qalbi-o‘yi betakror falsafiy-badiiy g‘oyalar va tasvirlarga mushtoq Xurshid Do‘stmuhammad “Joys” roman-essesida badiiy ijod sirlarini qahramoni misolida tahlil-tadqiq etgan. Bu dastlabki urinish emas, ammo “Ajoyib kishilar hayoti” majmuasidan joy olishi mumkin izlanish mahsulidir.

Mashhur irland adibi Jeyms Joys tarjimayi holini yozish qiyin emas, lekin uning badiiy olamini anglash, tasvirlash va baholash mushkul. Joys XX asr boshlarida Yevropada boshlangan “intellektual inqilob”ga oid barcha muvaffaqiyat va ziddiyatlarni o‘zida mujassam etgan ijodkordir. Tinmay ko‘chib, yon-atrofdan bezib va yon-atrofini bezdirib yashash, alam-u g‘azablarini jilovlay olmaslik, do‘st tutinib, darrov undan yiroqlashish, badfe’llik, dilozorlik, qo‘pollik, to‘nglik, dimog‘dorlik… Rassel unga “men uchratgan yosh yovvoyilar orasida eng yirtqichi ekan”, deb baho bergandi.
“Joys” asarida yozilishicha, “Jeyms birovning maslahatiga quloq soladigan odam emasdi. U “jamiyatni o‘zining dushmani, raqibi deb e’lon qiladi. Uni hech kim oldiga solib quvmayotgani bilan hisoblashmaydi, balki o‘zini o‘zi quvib solish va ko‘ngilli ayriliq kayfiyatini vujudga keltiradi, avj oldiradi”. Axloqshunoslar uni qoralashi turgan gap, ammo adib undan adiblik mahoratini qidiradi: “Hayotda birdan bir najot – yozishda, ijodda degan aqidaga yopishib oladi. “Yozish – kurash va yashash demakdir!” degan shiorni boshi uzra ko‘taradi. Ijodni hayot-mamot maqomida ulug‘laydi”.
Go‘daklik paytida uyg‘ongan taassurot, shakllangan xislat umr so‘qmoqlarida mutlaq unut ketmaydi. Joys “o‘y odami, xayol odami” edi. O‘y-xayollarga berilish unga zavq-u shavq, kishilar xatti-harakatlarini kuzatishga, ularni baholashga asos berardi. Shu asnoda, ongiga, tasavvurlariga joylashganlarini qog‘ozga tushirish, yozish bilan band bo‘lardi. O‘quvchi paytida shakllangan bu xislat Joysda badiiyatga, yozishga muhabbat uyg‘otgani aniq. Mutaxassislar e’tirofiga ko‘ra, har safar Joys insholari uchun kollej rahbariyatidan mukofot olganida, ruhi erkinligiga yaqin mashg‘ulot bilan shug‘ullanayotganiga iqror bo‘lar, mukofot pullarini oilasiga, onasiga berayotganida esa buyuk ishlarga qodir, hatto insoniyatga kamolot yo‘llarini ko‘rsatayotgan najotkor sezardi o‘zini.
Bu ta’rif-u tavsif psixotahlil nuqtayi nazaridan juda muhim, chunki keyinchalik hayotiy maqsadiga, idealiga aylangan ushbu ichki aniqlovchi tuyg‘u Joysda oilaviy qadriyatlarga sadoqatni shakllantirdi. Joys yigirma ikki yoshida Nora Barnaklga uylanadi va oilasiga sodiq bo‘lishga ahd qiladi. Ahd boshqa, turmush mashaqqatlariga chidab, turli sarguzashtlardan uzoq, tiyilib yashash boshqa. Mudom muhtojlik, ish va osoyishtalik izlab shaharma-shahar, yurtma-yurt kezish, oilaviy mashmashalarga qaramasdan, Joysda oilaga, ayoliga sodiqlik tuyg‘usi mustahkam edi. Uning darbadarligiga chidagan oilasi sabr-toqat bobida Joysga ibrat edi. Bu borada Xurshid Do‘stmuhammad ba’zi bir holatlarga ishora qiladi, ammo ularni kengroq tasvirlashni lozim topmaydi. U ong osti sezimlarini badiiy ijod tomonga yo‘naltiradi. Kitob o‘qish, yozish psixotahlil o‘rganadigan, qiziqadigan ong osti voqeliklarimi? Ular inson tabiatiga singib ketgan instinktlarmi?
Ha, ayrim bir shaxslar u yoki bu narsani tabiiy-psixologik borlig‘i sifatida ardoqlashi, jonini jabborga berib, telbalarcha uni himoya qilishi mumkin. Jeyms Joys shunday shaxsga o‘xshab ketadi. Unda Z.Freyd, K.Yung nazarda tutgan ong osti fenomenining badiiy ijodga nima aloqasi bor?
Jeyms Joys “Uliss” romanida qo‘llagan uslub (agar uni uslub deyish mumkin bo‘lsa), ya’ni mavhumlik, chalakam-chattilik, aralash-quralashlik, ongni chalg‘ituvchi nomantiqiylik, mayda-chuydalar tasvirini badiiy ongga taalluqli deyish to‘g‘rimi? Chamasi, biz ong ostidagi ongning ongsizligini hisobga olmay, uni ongga taalluqli voqelik sifatida talqin etamiz. Ong ostidagi ong ongga moyil bo‘lishi ham mumkin, uning ziddi bo‘lishi ham mumkin. Xurshid Do‘stmuhammad ong ostini ham, uning ostidagi ongning zid tomonini ham badiiy ijodga taalluqli, ijobiy narsa sifatida taqdim etadi. Yo‘q, ong ham, ong osti ham, ong ostidagi ong ham zid voqeliklardir, ushbu zid tomonlarni hisobga olmaslik psixotahlilni tor tushunishga olib keladi. Afsuski, psixotahlil asoschilari Z.Freyd va K.Yung ong va ong ostini tadqiq qilganlar, ammo ular uchinchi qatlamni, ya’ni ong ostidagi ongni nazarda tutmaganlar. Ular hayot paytda psixotahlil hozirgi davrdagidek chuqur tadqiqotlarga ega emasdi.
Muallif “Uliss”ni anglash” bo‘limida “Uslub – muallifning o‘zi” degan qoidadan kelib chiqib, Joys uslubi haqida “unda tugal fikr, tugal xulosa yo‘q”, u “hayoti davomida nimani ko‘rgan, bilgan, eshitgan bo‘lsa, hammasini asar syujetiga tortaveradi. Muallif uchun nokerak voqea yo‘q, nokerak so‘z yo‘q, behuda o‘y-xayol, kechinma yo‘q”, “u o‘ziga qadar jahon adabiyotida uchraydigan birorta tasvir uslubidan qanoatlanmagan. Qanoatlangan taqdirda ham qabul qilmagan. Hech bir uslubni tan olmagan… yangicha tasvir uslubini topish, kashf etish yo‘lidagi mashaqqatlardan tap tortmagan”, “jahon xalqlari adabiyoti butkul boshqa o‘zanga ko‘chmog‘i zarur, deb hisoblagan”, degan xulosalarni bildiradi.
Ha, “Uliss”dagi badiiy uslubni topish oson emas. Aralash-quralash voqealar, mantiqsiz lavhalar, ongni chalg‘ituvchi tasvirlar, iboralar, so‘zlar… uch bet o‘qimay bezasiz. Go‘dak-musavvirning turli ranglarni chaplab tashlagan, anglamagan, hissiyotga erk bergan “qoralama”lari tuyuladi ular. Xo‘sh, unda adabiyotshunoslar ulug‘layotgan Joysda nima bor? Gʻayrimantiqiy lavhalar va “so‘z o‘yinlari”dan iborat “Uliss” nimasi bilan yangicha uslubdagi asar bo‘lishi mumkin, degan savollar tug‘iladi. Badiiy asar yangicha uslub yaratish uchun bor tajribalardan voz kechishga qaratiladimi? Badiiy izlanishlar jarayonida adib o‘quvchisini nazarda tutmasligi mumkin, lekin bu oniy xayoldir. Bunday oniy va o‘tkinchi xayollar buyuk badiiy kashfiyot darajasida ulug‘lanishi kerakmi? Yo‘q, men ijod erkinligiga qarshi emasman, ba’zan adibning o‘zi uchun ham yozishidan, ba’zan oniy kechinmalar kashfiyotlarga turtki berishidan xabardorman. Lekin ijodkorning jamiyat va kelajak, ya’ni farzandlari, nevaralari oldidagi mas’ulligini unuta olmaymiz. Badiiy so‘z so‘z uchun yoki yangicha uslub uchun emas, balki insonni yanada insoniylashtirish uchundir.
E’tibor bering, bugun badiiy ijod sohasida mistika va irratsionalga berilish avj olib bormoqda. Tasviriy san’atda abstraktsionizm, syurrealizm, kubizm, avangardizm, she’riyatda modernizm, alirizm, antilirizm, prozada individualizm, mistisizm, fantastizm va giperintellektualizm kabi oqimlar paydo bo‘lmoqda. Afsuski, ulardan inson qalbi bilan bog‘liq olijanob g‘oyalarni topish amrimahol.
Joys ijodi Irlandiyadagi katolitsizmga, undagi mutaassiblikka qarshi chiqish bilan bog‘liq. Diniy mutaassiblik hurfikrlik va ijod erkinligiga qarshi turishini u bilgan, katolik cherkovi uni ta’qib etishi ham tabiiy xol edi. Bu uni yurtini tashlab ketishga, Yevropa bo‘ylab darbadar kezishga majbur qilgan. Nimagadir, biz Joysning shu harakatlaridan zarur ma’no-mohiyat qidirmaymiz. Undagi mujmallikni “noyob uslub”, iqtidor ataymiz.
Muallif “Uliss”ni o‘qib, undan mumkin qadar ko‘proq zavq tuyish uchun adabiy axborotimiz, adabiy savodxonligimiz qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha oz ekanini ta’kidlaydi: “Tafakkurimiz, tasavvurimiz, xotiramiz xazinasidagi adabiy bisotimiz-boyligimiz juda-juda g‘arib va hatto nochor ekanligini mardonavor tan olish Jeyms Joys asarlari mutolaasiga kirishgan har qanday kitobxon yuzma-yuz keladigan achchiq haqiqatdir”.
Lekin muallifning o‘zbek badiiy tafakkuridagi “bisotimiz-boyligimiz juda-juda g‘arib va hatto nochor” degan g‘arb modernizmidan saboq olishga undovchi da’vati e’tiroz uyg‘otadi. O‘zbek adabiyoti “bisoti-boyligi”da jahon badiiy tafakkuridan joy olgan asarlar yo‘qmi? Nima, hamma tushunarsizlik, mantiqsizlik, bema’nilik va uslubsizlik yo‘sinida ijod qilishi kerakmi? Achchiq bo‘lsa ham aytay, “ong oqimlari” bayrog‘i ostida ongni chalg‘ituvchi, mujmal va oxir-oqibatda irodasizlikka, ruhiy tushkunlikka yetaklovchi asar bizga namuna bo‘la olmaydi.
Jamiyatimiz taraqqiyoti uchun aql-u idrokni, intellektual kuchlarni rivojlantirishga undovchi g‘oyalar, asarlar, obrazlar kerak. Ushbu obyektiv talabni, albatta, muallif yaxshi biladi, bunga ishonchim komil, balki Joysning hayoti va ijodi tafsilotlari, ayniqsa, “Uliss” asari ta’sirida yuqoridagi mulohazalar uyg‘ongandir? Men barcha Joysdek izlanishi, “Uliss”dek asar yozishi kerak, deb hisoblamayman. Milliy adabiy jarayonlarni, “bisotimiz-boyligimiz”ni ular bilan mezonlash ham noto‘g‘ri. “Uliss”dagi ong oqimlariga taalluqli tasvirlardan oqilonalik izlash ham benaf. Bunday nostandart, noratsional voqelikning badiiy ijod sohasida uchrab turgani yaxshi, ammo u jahon badiiy tafakkuriga ham, milliy adabiyotlar ravnaqiga ham ibrat, namuna bo‘lolmaydi.
Xurshid Do‘stmuhammad o‘zbek kitobxonini ana shunday baholash qiyin bo‘lgan, murakkab va bahstalab yozuvchining hayoti va ijodi bilan tanishtirishga ahd qilgan ekan, muallifga va “Joys” asariga omadlar tilashimiz kerak. Ong va ong osti oqimlari tagida javohirlar ko‘p, ammo inson qalbini, hayotini go‘zal qilish uchun izlanish ulardan ko‘ra faxrlidir.
Viktor ALIMASOV,
falsafa fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 14-avgustdagi 33-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



