Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.08.2026 | 12:30

img1053

RIZOIY FOJIASI

Yigirma yillik faoliyatini muallimlikka bag‘ishlagan, o‘zbek tilidagi birinchi “Hikmat” (fizika) va kimyo darsligi muallifi, Turkiston davlat universiteti qoshidagi fizika laboratoriyasini boshqargan xalq professori Husanxon Niyozov (Niyoziy) ma’rifatparvar jadidlardan biridir.

 U 1895-yili Andijon shahrining Birlik dahasida tug‘ilgan. Bobosi Muhammadxon Niyoz o‘g‘li, otasi Matmusa (Muhammad Musa) asli Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidan, onasi Hanifa otin ziyoli ayollardan edi. Otasi qariyb o‘ttiz yil mudarrislik qilgani bois, uning bolalik va o‘smirlik yillari diniy muhitda kechgan. 1905-yildan boshlab maktab ta’limini olgan, Andijondagi madrasada 1915-yilgacha tahsil ko‘rib, arab va fors tillarini puxta o‘zlashtirgan. XX asr boshlariga kelib, jadid g‘oyalari, xususan, “Usuli jadid” maktablaridagi yangi o‘qitish usullari bilan tanishgan.

Uning jiyani, professor Nohidxonning xotirlashicha, quyidagi voqeani unga momosi – Husanxonning onasi so‘zlab bergan: “Bir kuni amaking Husanxon madrasadan qaytib keldi-da, qo‘lidagi o‘zbek va arab tillarida yozilgan kitoblarni so‘rining ustiga tashladi va ulardan bittasini tanlab olib qo‘ltig‘iga qistirdi. Qani o‘g‘lim, qo‘lingdagi kitobingni ber-chi, deb olsam, uning muqovasida “Usuli jadid” deb o‘zbek tilida yozib qo‘yilibdi. Muallifi esimda yo‘q. Xullas, men o‘g‘limga savol berishga tushdim. Shunda yaqin ikki yillik madrasadagi o‘qishi davomida Husanxon hech narsa o‘rganolmaganini ta’kidlab, qo‘shimcha qildi: “Aya, siz endi meni majbur qilmang, men madrasangizda boshqa o‘qiyolmayman. Shu ikki yil ichida oila sharoitida dadam bilan siz menga bergan saboqlaringizga aqalli bir so‘z ham qo‘shilmadi. O‘zingiz aytganingizdek, ularning bolalarni o‘qitish-o‘rgatish uslublari bundan yuz yillar avval Samarqand, Buxoro va Urganch madrasalaridagi o‘qitishlarning ko‘lankasiga ham o‘xshamaydi. Agarda shu ilm dargohlarida ta’lim olgan bizning buyuk bobolarimiz jahon miqyosidagi olimlar qatorida o‘zlariga munosib o‘rinlarni egallagan bo‘lsalar, endilikda esa, daqqiyunusdan qolgan, dunyodan ajragan bu – eski ta’lim tizimi oddiy maddoh va jaholatparast kishidan bo‘lak hech kimni yetishtirmaydi. Shuning uchun bizda dunyoviy bilim va ilmlarning taraqqiyoti to‘xtab qolgan”.

Husanxon shu davrda xorijdan keladigan tatar va turk tillaridagi gazeta, jurnal va kitoblarni mustaqil mutolaa qila boshlaydi. Tatar ziyolisi bilan tanishib, undan rus tilini mukammal o‘rganishga kirishadi. Moskva, Peterburg, Qozon va Toshkent shaharlarida chop etilgan kitoblarni sotib olib, nafaqat ularni o‘qish, balki aytilgan misol va maslahatlarni amaliyotga tatbiq qilishga urinadi. Fizika va kimyo fanlari bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Shu o‘rinda, mana bu holatga e’tibor qaratsak. Husanxon Niyozov 1915-yili Andijondagi ota hovlisidan oqib o‘tadigan ariq suvini to‘sib, kichik bir elektr qurilmasi yasaydi. Ariq ustiga o‘rnatilgan mikroturbina harakati yordamida o‘z qo‘li bilan tayyorlagan generatorni ishga tushiradi va uning vositasida elektr lampochkasini yoqishga muvaffaq bo‘ladi. O‘sha davrda elektr energiyasi asosan temir yo‘l stansiyasidagina mavjud bo‘lganini hisobga olsak, mahalliy o‘zbek yigitining mustaqil ravishda shunday qurilma yaratishi aql bovar qilmaydigan hodisa edi.

Texnikaga qiziqishi baland Husanxon so‘ngra ilk aeroplanlar haqida ma’lumotlar bilan tanishib, ularning tuzilishini sinchkovlik bilan o‘rganadi va planer yasashga kirishadi. Dastlabki ikki tajriba omadsiz tugaydi – yasalgan planerlar havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay yerga qulaydi. Ammo bu qulashlar uni ortga chekintirmaydi. Tirishqoqlik va uzluksiz izlanishlar natijasida yasalgan uchinchi planer Shayxontohur dahasidan havoga muvaffaqiyatli ko‘tarilib, o‘sha paytdagi “Воскресенский” bozorchasi (hozirgi Alisher Navoiy teatri maydoni) yaqinigacha taxminan uch chaqirim masofani bosib o‘tadi. Biroq qurilma tag‘in qulab, voqea kutilmagan yakun topadi: nazoratchilar Husanxon Niyozovni samolyotning kichik maketini yaratib uchirgani uchun g‘ayriqonuniy harakat va din-shariatga shak keltirishda ayblab qamoqqa oladi. So‘ng jo‘yali ayb topolmay, qo‘yib yuborishga majbur bo‘ladi.

Husanxon 1919-yili tahsilni tugallab, o‘qituvchilik faoliyatini boshlaydi. Shu vaqtdan 1921-yilgacha “Milliy ittihod” tashkilotiga a’zo bo‘lib, ma’lum muddat Andijon filialiga rahbarlik qiladi. Tashkilot 1922-yilda tor-mor etilgach, qamoqqa olinadi. Tergov hujjatlarida esa bu voqealar mutlaqo boshqacha talqin qilinadi. Ayblov xulosasida o‘qiymiz: “Aksilinqilobiy, millatchi, qo‘zg‘olon ko‘taruvchi tashkilotning Toshkent filiali rahbarlaridan biri Zuhriddin A’lam Matqosimov tomonidan shu tashkilotga tortilgan, markaz topshirig‘i bilan shu tashkilotning Andijon filialini tuzish uchun keladi. Tashkilot rahbarlari topshirig‘iga ko‘ra, amalda uyushgan holda sovetlarga qarshi millatchilik ishlari olib borgan, O‘zbekistonni SSSRdan ajratib olish uchun qurolli qo‘zg‘olon tayyorlash va O‘zbekistonda burjua-demokratik davlat tuzish uchun kurashgan. Andijonda turgan vaqtida yashirin millatchi tashkilotga 7 kishini tortgan, antisovet faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lgan, mamlakatning yaqin orada mag‘lubiyatga uchrashi haqida gaplar tarqatgan, ya’ni O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58-13, 66-1-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyat qilgan”. Bu ayblovlar keyingi barcha tergov harakatlari uchun asos qilib olinadi.

Tergov materiallari “Milliy ittihod” tashkiloti fosh etilgach, qahramonimizning boshqa tashkilotchilar qatori hibsga olingani, qariyb o‘n oy qamoqda saqlanib, keyin ozod qilinganini ko‘rsatadi. Biroq hujjatlar uning qanday asosda ozod qilinganiga aniqlik kiritmaydi.

Husanxon Niyozov 1924-yili doimiy yashash uchun Toshkentga ko‘chib kelib, o‘qituvchilik faoliyatini boshlaydi. Keyinchalik undan nega Andijonni tark etgani so‘ralganda, u bu qarorga sog‘lig‘i sabab bo‘lganini ta’kidlaydi: “Mening Andijondan chiqib ketishimdan maqsad keyingi vaqtlarda o‘pka kasalligim faol jarayonga aylanib borayotgani tufayli iqlim sharoitlarini o‘zgartirishdan iborat bo‘lgandi. Shu bois, mening kasalligimga mos keladigan iqlim sharoitiga va davolanish uchun imkonga muhtoj edim. To‘g‘ri, mening Andijondan chiqib ketishim bir qator mas’ul partiya va sovet xodimlarining, shu jumladan, ilgarigi ittifoqchilarning qamoqqa olinayotgan paytiga to‘g‘ri kelib qolganligi uchun ehtimol sizga meni aksilinqilobchilikda ayblash uchun bahona bo‘layotgandir”.

Buni qarangki, tergov aynan shu davrni uning ayblov ishidagi asosiy bo‘g‘inga aylantiradi. Ko‘rsatmalarda 1927-yilgacha millatchi kuchlar ochiq faoliyatdan voz kechib, sovet hokimiyati sharoitiga moslashgan holda yashirin usullarga o‘tgani qayd etiladi. Husanxon Niyozov Toshkentda Ilhomjon Islomov, Sa’dulla Karimov, Shorasul Zunnunov, Abdulhamid Sulaymonov (Cho‘lpon) kabi ziyolilar bilan muntazam aloqada bo‘lgani, ular ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda sovet hokimiyatining muhim siyosiy tadbirlariga qarshi qanday yo‘l tutish masalalari muhokama qilinganini bayon qiladi. Tergov talqiniga ko‘ra, tashkilot avvalgi zarbalardan keyin tarqab ketmagan, balki faoliyat usulini o‘zgartirib, 1936-yilga qadar yashirin ish olib borgan. Ish materiallarida yana Zuhriddin A’lam Matqosimovning uyida o‘tkazilgan nolegal yig‘ilishlar tilga olinib, ularda Ilhom Ismoilov, Sa’dulla Karimov va Qirg‘izboyev ishtirok etgani, shu yig‘inlardan birida Husanxon Niyozovga Andijonda tashkilot faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgani haqidagi ko‘rsatmalar ham keltiriladi.

Holbuki, qahramonimiz bu paytda bor diqqatini ilm-fan va maorif sohasiga qaratgan. O‘qituvchilik qilib, fizika va kimyodan dars bergan, darsliklar va terminologik lug‘atlar tayyorlagan. Uzoq yillik faoliyatini muallimlikka bag‘ishlagan.

1938-yil 8-avgust kuni Husanxon Niyozov hibsga olinadi. Shu kuniyoq tuzilgan anketada uning shaxsi, ijtimoiy kelib chiqishi, ma’lumoti, oilasi va avvalgi faoliyati haqida ma’lumotlar qayd etilar ekan, o‘sha-o‘sha –“Milliy ittihod” tashkilotining Andijon filialiga rahbarlik qilgani tergov uchun asosiy ayblov nuqtasiga aylanadi. Shundan so‘ng ustma-ust so‘roqlar, ayblov xulosalari va yuzlashtirishlar boshlanib ketadi.

Ko‘ringki, akasi Hasanxonning uyida tintuv vaqtida millatchilik ruhidagi she’rlar yozilgan kitob topiladi. Bu borada Hasanxonning ko‘rsatmasida diqqatni tortadigan bir jihat bor. U o‘sha kitobni faqat tintuv o‘tkazilayotgan paytda ko‘rgani, uning bu yerga qanday kelib qolganini mutlaqo bilmasligini aytgan.

O‘zbekiston SSR Oliy sudi 1940-yil mayida Husanxon Niyozov ishini ko‘rib, Jinoyat kodeksining 58-moddasini qo‘llagan holda, uni otuvga hukm qiladi. Tabiiyki, hukmdan norozi qahramonimiz yuqori tashkilotlarga shikoyat bilan murojaat qiladi. 1940-yil 12-dekabrda Respublika NKVD tergov bo‘limi ishni qarab chiqish uchun SSSR NKVD huzuridagi maxsus kengashga yo‘llaydi. Nihoyat, 1941-yil 14-noyabrda Niyozov ayblov xulosasi bilan tanishadi.

Suddagi ko‘rsatmalarning eng e’tiborli jihatlaridan biri tergov jarayoni haqida qahramonimiz aytgan fikrlardir: “Tergov paytlarida meni urib, kaltaklashganlari uchun men aksilinqilobiy targ‘ibot olish uchun Toshkentdan Andijonga keldim, deb ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganman. Mening dadam eshon bo‘lgan va uyda uning kitoblari saqlangan, biroq mening uyimdan hech qanday kitob chiqmagan. Akam ham menga o‘xshab so‘roqda urib kaltaklangani uchun ko‘rsatma berishga majbur bo‘lgandir. So‘ng tergovda akamni otuvga hukm qilishganini bildim. Uning qaysi jinoyati uchun bunday jazo berganlariga hayron qoldim…”

1941-yil 20-noyabrda sud hukm qiladi: “Husanxon Niyozov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58/67-moddalari bo‘yicha aybdor deb topilsin va 10 yil ozodlikdan mahrum etilsin, 67-moddasi bilan jazoning yuqori chorasi – otuvga hukm qilinsin. 51-modda asos qilib olinib, unga taalluqli bo‘lgan mol-u mulk davlat foydasiga konfiskatsiya qilinsin”.

Bu ish shu bilan yakunlanmaydi. Husanxon Niyozov sud hukmidan norozi bo‘lib, yuqori tashkilotlarga arizalar bilan chiqadi, tergovlar qayta avj oladi. SSSR Oliy sudi 1942-yil 29-aprelda Husanxon Niyozov ishini qarab chiqib, unga berilgan otuv hukmini bekor etib, 10 yil qamoq jazosi bilan almashtiradi. Qahramonimiz uzoq Magadanga surgun qilinadi. 1947-yili mehnat mashaqqatlari ostida jon beradi.

Husanxon Niyozovning o‘g‘li, marhum Kozimjon aka 1960-yili O‘zSSR prokurori o‘rinbosari Kopeyka nomiga yozgan xatida otasi qamoqqa olingunga qadar Andijondagi Voroshilov nomli ishchilar fakultetida, Andijon kechki pedinstitutida fizikadan o‘qituvchilik qilgani, Toshkentda 1922-yili fizika va kimyodan darslik, 1926, 1929-yili kimyodan, 1927-yili fizikadan darsliklar, 1931-yili rus-o‘zbek, fizikadan atamalar lug‘ati kitoblarini nashr etgani, 1933-yili esa “Tuproq va o‘g‘it” kitobini nashrga tayyorlab qo‘yganini yozadi.

Nohidxon Niyozovning eslashicha, amakisi Husanxon Niyozov Rizoiy taxallusi bilan she’rlar ham bitgan.

Olim, pedagog va muhandis Husanxon Niyozovning shaxsiy kutubxonasini tintuv qilish oqibatida mingdan ortiq kitob olib ketilgan. Ular orasida jahon miqyosida bosilgan, 60-100 tomdan iborat ensiklopediyalar, qomusiy lug‘atlar, shuningdek, tarix, tibbiyot, fizika, kimyo, texnika va boshqa sohalarga oid nodir kitoblar yo‘qolgan. Afsus…

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 14-avgustdagi 33-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605