31.08.2026 | 15:34
655
E’TIBOR VA E’TIROF
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 1-iyun kuni adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalari bilan uchrashib, oldimizda turgan eng muhim vazifalarni hamda ijod ahlini qiynab kelayotgan masalalar yechimlarini belgilab berdi. Eng muhimi, tadbirda aytilgan fikrlar, belgilangan ustuvor vazifalar quruq gap bo‘lib qolmadi – ertasi kuniyoq Prezidentimizning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, barcha ishlarning mas’ullari, aniq muddatlari, mablag‘lari ham belgilab berildi.

Mazkur hujjatga muvofiq, sohada iste’dodlarni yuzaga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Bu birlashmalarga bir tomondan ustoz ijodkorlar, ikkinchi tomondan vazirlar va kompaniya rahbarlari hamrais bo‘ladi. 2027-yildan boshlab ijodiy birlashmalarning yillik ijodiy hisoboti shaklida Milliy ijodkorlar qurultoyi o‘tkaziladi, unda birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan faollari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan rag‘batlantiriladi.
Iste’dodlarni aniqlash va rivojlantirish, ularning prodyuserlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan biznes loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Madaniyat vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi. Mazkur jamg‘armaga har yili respublika byudjetidan 200 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Madaniyat vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2027-yildan boshlab har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasida tuman–viloyat–respublika darajasida tanlovlarni o‘tkazib borishni yo‘lga qo‘yadi. Bunda har bir yo‘nalish bo‘yicha respublika darajasidagi tanlovda g‘olib deb topilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 500 million so‘mdan grant beriladi. Respublika tanlovi g‘oliblari madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ta’lim tashkilotlariga kirishda ijodiy imtihondan ozod etiladi va ularga maksimal ball beriladi.
Ko‘pincha san’at sohasidagi iste’dodli bolalar chekka qishloq yoki olis hududlarda qolib ketadi. Ular o‘z qobiliyatini namoyon etish uchun imkoniyat topa olmaydi. Tuman–viloyat–respublika bosqichlarini qamrab olgan yangi tizim esa mamlakatning har bir hududidagi navqiron iqtidorlarni aniqlash va ularni professional san’at ta’limiga yo‘naltirish imkonini yaratadi. Eng muhimi, bu tanlovlarda faqat alohida o‘quvchi emas, balki butun maktab jamoasi ishtirok etishida. Har bir yo‘nalish bo‘yicha respublika g‘oliblariga 500 million so‘mlik grant ajratilishi tashabbusning moddiy asoslari puxta o‘ylanganini ko‘rsatib turibdi.
Farmonda sohani qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish bo‘yicha qator choralar belgilangan. Jumladan, 2026-yil 1-sentyabrdan 2036-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish bo‘lgan subyektlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mol-mulk solig‘idan, ularda ishlovchi xodimlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. Xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino mahsulotini yaratish bilan bog‘liq faoliyati natijasida olgan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga to‘lov manbayida soliq solishda soliq bazasiga kiritilmaydi.
Hujjatda bolalar uchun kontent yaratish bilan shug‘ullanuvchi subyektlarni qo‘llab-quvvatlash ham alohida qayd etilgan. Bu juda dolzarb masala. Bugun bolalarning axborot muhiti ko‘p jihatdan chet el mahsulotlari ta’sirida shakllanmoqda. Milliy qadriyatlar, til va ma’naviyatni aks ettiruvchi sifatli multfilmlar, spektakllar, musiqiy dasturlar va kino mahsulotlariga ehtiyoj katta. Soliq imtiyozlari mahalliy prodyuserlar va ijodiy jamoalarni aynan shu yo‘nalishga sarmoya kiritishga rag‘batlantiradi. Bu esa kelajak avlodning ma’naviy tarbiyasi va milliy o‘zligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino mahsulotini yaratishdan olgan daromadlarini soliq bazasiga kiritmaslik to‘g‘risidagi me’yorlar mamlakatni xalqaro kinoindustriya uchun jozibador hududga aylantirishga qaratilgan strategik qadamdir. Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kino ishlab chiqarish uchun qulay soliq siyosati mamlakatlarni xalqaro media markazga aylantirishi mumkin. Masalan, Gruziya, Vengriya va Birlashgan Arab Amirliklari shunday mexanizmlar orqali yirik kinoloyihalarni jalb etgan.
Bu tarixiy hujjatda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan har yili moliyalashtiriladigan qator yo‘nalishlar ham ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, endilikda yiliga kamida 50 ta eng sara asarni yaratish uchun shoir va yozuvchilarga ijodiy buyurtma beriladi. Opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar bo‘yicha har yili kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun ijodkorlarga davlat buyurtmasi taklif qilinadi.
Har yili milliy adabiyotimizning eng sara 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o‘tkazish xarajatlari qoplab beriladi. Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarni nashr etish uchun qog‘oz xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplanadi. She’riyat bilan san’atni uyg‘unlashtirgan holda tashkil etiladigan eng sara 100 ta she’riy konsertni o‘tkazish bo‘yicha davlat buyurtmasi shakllantiriladi.
Farmonda yosh iste’dodlar va ularning ustozlarini qo‘llab-quvatlash bo‘yicha yangi tartib o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘olib va sovrindorlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Chunonchi, gran-pri va 1-o‘rin g‘olibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 300 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha 100 million so‘m bilan taqdirlanadi. Tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster)ning oylik maoshiga esa bir yil davomida 100 foizgacha ustama to‘lanadi. Nufuzli xalqaro tanlovlarning g‘olib (sovrindor)lari va ularning o‘qituvchi (konsertmeyster)larining tanlovlarda ishtirok etishi xarajatlari to‘liq davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Ushbu bandda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralari xususiy sektorda faoliyat yurituvchi shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ko‘p yillar davomida madaniyat va san’at sohasi vakillari haqida gap ketganda ularning ijodiy yutuqlari, sahnadagi muvaffaqiyatlari yoki ma’naviy xizmatlari haqida ko‘p so‘zlanardi. Biroq har qanday ijodkor ham, avvalo, inson. Uning ham oilasi, farzandlari, turmush tashvishlari bor. Shu ma’noda, har yili 1000 nafar uy-joyga muhtoj madaniyat, san’at va ijodiy soha vakili uchun ipoteka kreditlari ajratilishi nazarda tutilgani soha vakillarining eng dolzarb ehtiyojlaridan biriga samarali yechim bo‘ldi. Mazkur dasturning ahamiyatini yanada oshiradigan jihat – davlatning boshlang‘ich to‘lov va kredit foizlarining muayyan qismini o‘z zimmasiga olishidir.
Yana bir muhim yangilik – boshqa hududdan kelib ishlayotgan madaniyat, san’at va adabiyot vakillarining ijara xarajatlarini qisman qoplab berish tizimining joriy etilishidir. Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining olti baravari, hududlarda to‘rt baravari miqdorida ijara xarajatlarining qoplab berilishi kadrlar mobilligini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur qaror orqali madaniyat markazlari faqat poytaxtda emas, balki barcha hududlarda shakllanishi uchun zamin yaratiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab hududlarda inklyuziv ijodiy ustaxonalar tashkil qilinadi.
Sohada nodavlat sektor faolligini oshirish, kinoindustriyani yanada rivojlantirish, hududlarda madaniyat tadbirlarini tashkil etish va kitobxonlikni yuksaltirish, ta’lim tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq yana ko‘plab chora-tadbirlar belgilanganki, bularning barchasi jonajon Vatanimizda madaniyat, san’at va adabiyotni yanada taraqqiy ettirishga xizmat qilishi shubhasiz. Bu xalqimizni azaliy orzulari ijobatiga yanada yaqinlashtiradi. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning mazkur muhim farmoni O‘zbekistonda madaniyat, san’at va adabiyot sohalariga davlat taraqqiyotining strategik yo‘nalishi sifatida qarashga o‘tilganining yaqqol tasdig‘idir.
* * *
Mustaqillik bayrami ostonasida ming hayajon va cheksiz ehtirom bilan yurtimizning tinchligi va osoyishtaligiga ko‘z tegmasin deb, o‘z mehr-muhabbatimni izhor etmoqchiman. Osmoni musaffo, xalqi farovon, san’ati va madaniyati buyuk O‘zbekistonimizning mustaqilligi abadiy bo‘lsin! San’atkorlar shu jannatmonand yurt madhini kuylab tolmasinlar! Vatan sarhadlarini qo‘riqlayotgan Amir Temur nabiralari omon bo‘lsin! Zero, Vatanni sevmoq iymondandir.
Ozodbek NAZARBEKOV,
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri
“Jadid” gazetasining 2026-yil 28-avgustdagi 35-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605

