Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.09.2026 | 10:06

img784

RASSOM FIKRLASHI KERAK

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbari, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal NUR bilan suhbat

– Akmal aka, bilamizki, ijodkor va olimlarga azaldan davlat va jamiyatning muhim bo‘g‘inlarida mas’ul vazifalar ishonib topshirilgan. Bu o‘rinda ularning masalaga o‘ziga xos yondashuvi hisobga olingan bo‘lsa, ehtimol. Garchi san’atkor mutlaq erkinlikka intilsa-da, el-yurt manfaati uchun zimmasiga og‘ir yuklarni ham oladi. Kamoliddin Behzodning Hirotdagi saltanat kutubxonasini boshqarishi, Piter Paul Rubensning beqiyos diplomatlik faoliyati so‘zimiz isboti. 14 yildan buyon rahbar lavozimida bo‘lgan Akmal Nur ijod va ish o‘rtasidagi “oltin o‘rtaliq”ni qanday saqlamoqda?

– Suhbatni bir voqeadan boshlasak. Bir kuni o‘rinbosarim Farhod Eminovichni ko‘rgani statsionarga bordim. O‘sha yerda buyuk shoirimiz Abdulla Oripov bilan uchrashib qoldik. Abdulla aka: “Sizga bitta gapim bor. Xalq sizni ijodkor sifatida biladi, hurmat qiladi. Qanaqa holatda bo‘lmang, baribir, bir umr ijodkorligingizni saqlab qolishingiz kerak. Qolgani… endi yolg‘onchi dunyo”, dedi. Shu payt kimdir orqamdan kelib, yelkamga qoqib, “Abdulla akangiz haqiqatni gapiryapti, quloq soling. Men o‘n kundan beri yotibman, lekin biror muxlis telefonda ham xabar olmadi”, dedi. Bu Shuhrat Abbosov edi. Balki o‘sha yillari ko‘rgazmalarim to‘xtab qolganiga ishora qilishgandir. Shundan buyon ijodkor bo‘lib qolish harakatidaman.

Ammo bu degani mas’ul vazifalardan uzlatga chekinish, dunyoga etak silkish degan gap emas. Umuman olganda, ijod va davlat xizmatini bir-biriga zid qo‘yish yaramaydi. Beruniyday daholar ham hukmdorlar qoshiga non so‘rab bormagan, u saroyda bo‘lib, xazinadan ilm-fan uchun, raiyat farovonligi uchun ko‘proq ulushlar ajratilishida jon kuydirgan. Hazrat Navoiyning mol-dunyosi o‘ziga yetmasmidi? Husayn Mirzoning Haq va xalq qoshida manzur bo‘lishida allomaning bemisl zakovati hal qiluvchi rol o‘ynagan. Jadidlar ham oromi-yu qanchadan qancha ijodiy rejalaridan kechib, Turkiston xalqiga yengillik istab, davlat xizmatiga kirgan.

Mening ham zimmamda davlatimiz tomonidan ishonib topshirilgan vazifa bor. Uni vijdonan bajarish kerak. Endi bu har bir odamning, har bir fuqaroning burchi. Badiiy akademiyamizda ijodiy muhit hukmron. Siz aytgan erkinlik kayfiyati ustuvor. Ish jarayonida samimiyat birinchi o‘rinda turadi. “Kursiga o‘tirib o‘zgarib qoldi”, deyishadi ko‘tarilgan odamni ko‘rib. Aslida, uning oldida turgan muammolar avvalgiday yashashga qo‘ymaydi. Mening bir haqiqatim bor: mendan oldingilar ketdi, bir kun men ham kabinetni bo‘shataman; o‘shanda ham bir joydan tuz totganlar bilan uyalmasdan so‘rashishni xohlayman. Birovga ozor bergim, ayniqsa, ijodkorlarning ko‘nglini xira qilgim kelmaydi. Qo‘limdan kelsa,   yordam beraman, qo‘limdan kelmasa, xalaqit bermayman. Shunday ishlab kelyapmiz.

Shu bilan birga, ko‘ngilning ham o‘z “topshiriq”lari bor. Ularni yolg‘iz qolganda, ustaxonada oq matoning oldida “ijro etasiz”. Oqlikka termilganda, ming bir xil rang jilolanadi. Bu – taxayyul. U yerda qanchadan qancha voqealar bo‘ladi. O‘zingiz xohlaganingizdek yashaysiz. Yana nima kerak? Men bundan baxtliman. Kimdir muhit yaratib berishini kutish kerak emas, uni o‘zingiz vujudga keltirishingiz lozim. Ijod erkinligi, ijodiy muhit, avvalo, dunyoqarashga bog‘liq. Qarashlar esa, tabiiyki, xilma-xil. Ularni bir qolipga solaman desangiz, katta xato bo‘ladi.

– Ijodkorlik haqida ulug‘ ustozlarning ibratli fikrlarini aytdingiz. Demak, iste’dod tug‘ma bo‘lsa ham, u bilan shug‘ullanilmasa, yo‘qolib qolishi yoki izdan chiqishi mumkin ekan-da.

– Tarbiyalanmagan talantni o‘zani yo‘q daryoga o‘xshataman. U muzliklardan to‘yinib, pishqirib pastga intiladi-da, har tomonga tarmoqlab na odamga, na tabiatga foyda keltirmay, qumliklarga singib ketadi. Iste’dodni sayqallovchi eng muhim omil – mutolaa. Men aslida adabiyot o‘qituvchisi bo‘lishni niyat qilgandim. Badiiy asarlarni sevib o‘qiyman. Hozir ham imkon topishim bilan shoir-yozuvchilarimizning yangi kitoblarini varaqlashga tushaman. Sevimli adibim – Chingiz Aytmatov. Chingiz og‘a bir necha marta ustaxonamga tashrif buyurgan, ko‘p suhbatini olganman. Men baxtli odamman, shunday insonlar bilan ko‘rishish nasib qilgan.

Talabalikning birinchi yilida ustozimiz, O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Muhammad Nuriddinov Aytmatov asarlari asosida kompozitsiya yaratishni topshirgan. Bu to‘g‘ri yo‘nalish ekan, endi o‘ylasam. Hozir ham institutda shuni yo‘lga qo‘yish kerak. Shu orqali bo‘lajak san’at vakillarining kitob o‘qishga rag‘batini oshiramiz. Yana san’at va madaniyat yo‘nalishlari uchun oliy ta’limga kirish imtihonlariga inshoni qaytarish kerak nazarimda. Rassom fikrlashi kerak. U ko‘zi bilan emas, ko‘ngli bilan, tafakkuri bilan ishlaydi, ishlashi kerak.

Iste’dodning yana bir tayanchi – milliy va jahon o‘tmishidan, san’at tarixidan boxabarlik. Yoshlar bizning oliygohlarimizga qadam qo‘yar ekan, xalqimiz, davlatchiligimiz tarixini bilishi, o‘zbek san’atining ildizlarini teran his qilishi kerak. Bilganda ham test uchun raqamlarni yodlab olish emas, tarixdan bugun va kelajak uchun kerakli xulosalarni ajratib olishi, asarlarida ana shularni ifodalashi lozim.

Ilmsiz iste’dodning nuri chaqmoqqa o‘xshaydi. Yoshlar bir yarq etishni istaydimi yoki yulduzlarday asriy umr xohlaydimi, o‘zlari hal qila qolsin.

– Katta avlod vakillarining maslahatlari, nasihatlarini aksar yoshlar og‘rinib eshitadi. Gapirish oson-da, deb qo‘yishadi. Ammo bu inson hozirgi yuksak manzilga qaysi yo‘ldan keldi, qanday to‘siqlarni yengib o‘tdi, degan savol har doim ham xayolga kelmaydi. Shaxsiy namuna borasida o‘zingizni qanday baholaysiz?

– Bu o‘rinda aytganiga amal qilishdan ko‘ra, amalini aytish maqsadga muvofiq. Shunda tinglovchining ham hafsalasi pir bo‘lmaydi. Masala – mehnat qilishdan qochmaslik va sabrda. O‘zimning boshimdan o‘tkazganimdan kelib chiqsam, mehnatdan qochmaslik, o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaslik kerak. Qanchadan qancha xolstlar yaroqsiz holga keladi, o‘chiriladi, qirib tashlanadi moyli bo‘yoqlar. Ana undan keyin sekin-sekin asar paydo bo‘ladi. Sabr-toqat va muntazamlik shart. To‘xtab qolgan ijodkor qayta qo‘zg‘alishga qiynaladi.

Shuning uchun har kuni bir marta bo‘lsa ham ustaxonamga kirishim, nimadir qilishim kerak. Xitoyning grafikasi bor, “goxua” deyishadi, hozir ko‘proq ana shu uslubni o‘rganyapman. Kechqurunlari mashq qilaman. Juda ham qiyin, lekin ko‘p narsa o‘rganyapman. Bundan tashqari, katta bir o‘lchamdagi asarni boshlab qo‘yib, har kayfiyat bo‘lganda oz-ozdan ishlashni yaxshi ko‘raman. Shu bir yarim yil orasida 2.20×5 metrlik katta ish qilganman. Bu o‘zimizning hayot haqida.

Asarlarning bitishi, qanday chiqishi kayfiyatga ham bog‘liq-da. Ba’zan ish yuzasidan turli gaplar bo‘lsa, oylab qiynalib yuraman. Nima sababdan mening nomimga shunaqa gapirildi? Vaholanki, bunaqa emas-ku. Nega shunchalar dilozorlik? Bundan maqsad nima? Savollarga javob qidirib yashayman. Sabr qilib, arqonni uzun tashlab qo‘yishni bilaman.

– Bir sohaning rahbarisiz. Shu narsa ham balki ziddiyatlar va ichki muvozanat buzilishiga sabab bo‘lar.

– Men laganbardorlikni yoqtirmayman, lekin bor gapni aytish kerak. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining shart-sharoitlari mintaqada ham, TDT, MDHga a’zo davlatlar ichida ham eng yaxshilaridan biri ekanidan g‘ururlanaman. Xizmat safarlarida qator mamlakatlardagi holatga guvoh bo‘lganman. Bizda san’at va san’at vakillari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Xorijiy konferentsiyalardan birida rassomlar uyushmasi raislari to‘plangandik. O‘shanda bizdagi holatni tushuntirib bersam, ishonishmayapti. “Marhamat, Toshkentga keling, o‘zingiz ko‘rasiz”, dedim.

Bilasizmi, Gʻarbda san’at ahliga zodagon oilalar homiylik qilgan, masalan, Medichilar. Sharqda esa bu g‘amxo‘rlik hukmdorlarda aksini topgan, Buyuk Temuriylar saltanati buning misoli. Yangi O‘zbekistonda san’at vakillariga aynan davlat tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda.

Biz so‘nggi yillarda chinakamiga akademiya degan salohiyatga ega bo‘ldik. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashkil qilingan 1997-yilda binosi ko‘rsatilmagan edi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan muhtasham va xos bino Badiiy akademiyaga berildi. Uni rekonstruksiya qilish uchun mablag‘ ham ajratildi. Bu, birinchisi. Ikkinchidan, tasviriy va xalq amaliy san’atini rivojlantirish borasida Prezidentimizning qator qarorlari imzolandi. Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari chiqdi.

Bizga ishonch bildirildimi, bu yog‘iga o‘zimiz tortib ketishimiz kerak. Asosiy vazifalarimizdan biri: xalqimizning etik va estetik didini shakllantirish. Dostoyevskiyning qahramoni ta’biri bilan aytganda, dunyoni go‘zallik qutqaradi.

– Badiiy akademiyani qiynayotgan, u hal qilishi kerak bo‘lgan qanday masalalar bor?

– Bizda o‘zgartirish kerak bo‘lgan, yechimini kutayotgan muammolar ta’lim bilan bog‘liq. Yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari uchun chiqarilgan qarorlar ijodiy oliygohlarga to‘g‘ri kelavermaydi. Bizda stajyorlik kursi bor. Unga tanlov asosida o‘n nafar talabgorni ikki yilda bir marta qabul qilamiz. Lekin ular, albatta, magistraturani bitirgan bo‘lishi kerak. Shu yerda, bakalavrni bitirgan oliy emasmi, degan savol paydo bo‘ladi. Shu bois, oliy ta’lim tasviriy san’atda olti yil, amaliy san’atda besh yil bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

– Bugun milliy san’atimizda jadidlar mavzusiga e’tibor qanday?

– Bu mavzuni muhtaram Prezidentimizning siyosiy irodasi va jadidlar merosiga bo‘lgan yuksak ehtiromini e’tirof etmay boshlay olmaymiz. So‘nggi yillarda Turkistondagi ma’rifatparvarlik harakati ilmiy jihatdan chuqur o‘rganila boshlandi. Shu bilan birga, adabiyot, kino, musiqa, tasviriy san’at, haykaltaroshlikda ayni mavzuda qator asarlar dunyo yuzini ko‘rdi, ular o‘z muxlislarini topib ham ulgurdi. Bu faqat davlat buyurtmasi bilan bo‘ladigan ish emas. Mazkur harakat mohiyati keng va xolis ochib berilgach, ijodkorlarning o‘zi ilhom bilan ishga kirishib ketdi.

Jadid namoyandalari, xususan, Abdulla Qodiriyga bir necha haykallar yaratildi. Misol uchun, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi hovlisidagi adib haykali yosh haykaltarosh Bahrom Norboyevning ijod mahsuli. Juda chiroyli asar.

– Adabiyot va san’atning o‘q ildizi muhabbat zaminida nish urgan, deyishadi. Bugungi globallashuv davrida odamzodning eng buyuk tuyg‘usi sanalgan ishq arzon-garov havas, mazax va balandparvozlik nishoniga aylanib qolmayaptimi? Rassom sifatida bunga qanday qaraysiz?

– Og‘riqli savol. Ijodimda sevgi asosiy mavzu hisoblanadi. Shuning uchun qariyb ellik yildan buyon bu tuyg‘uning avlodlar qalbidagi evrilishini kuzataman.

Bir paytlar qizlarga “Siz menga yoqasiz” yoki “Men sizni sevaman!” deyish, bilasizmi, qanchalik mushkul edi? Buning uchun oshiqlar oylab taraddudda yurardi. Izhori dilga vosita izlab nimalar o‘ylab topilmagan, deysiz. Jarayonning o‘zi qanchalik go‘zal edi. Bu sharq-u g‘arbni tanlab o‘tirmasdi. Bashariyat ana shu pok tuyg‘udan bahramand bo‘lib, Yer yuzini yangi avlodlar uchun obod etardi. Uzoqqa bormaylik, o‘zimiz nima qilar edik? Xat yozardik. Satrlarni o‘n martalab o‘chirardik, bitta so‘z mundayroq bo‘lib qolsa ham yirtib tashlardik. Yana hammasi boshidan boshlanardi. Tayyor maktubni og‘aynimiz bilan velosipedda o‘sha qizning devoridan otib qochardik. Birov ko‘rib qolishidan uyalardik. Agar qiz rozilik bildirsa, ro‘molcha yoki biror narsasini sovg‘a qilardi. Or-nomus kuchli edi. Bu go‘zal emasmi? Bu his-tuyg‘ular bokira edi, sof edi. Biz knyaz Mishkinning gapini esladik. Ibrohim Gʻafurov butun boshli kitobini “Hayo – xaloskor” deb nomlagan. Mana bu – o‘zbek xarakteri.

Buni kinolarda ham, tasviriy san’atda ham, badiiy adabiyotda ham ishlatsa bo‘ladi. Mening ilhomim shu sarchashmalardan suv ichgan. Chunki ishimni ko‘radiganlar agar qalbida o‘sha his-tuyg‘ularni allaqachon ko‘mib tashlagan bo‘lsa, qaytalab uyg‘otsin. “Sevaman” degan so‘zni ayta olsin. Yuragi ishqqa mubtalo bo‘lsin. Bilasizmi, sevgan va sevilgan odamdan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Ularning xayolida chiroyli orzular yashaydi.

Eng go‘zal davr ham yigit bilan qizning bir-biriga bo‘lgan izhor davri. Men ko‘proq o‘sha lahzalarni ishlashni yaxshi ko‘raman.

– Ko‘ngil olamiga sayr uchun rahmat. Mana shu kayfiyat endi bayramlarga ulanib ketadi. Yaqinda Mustaqillik kunini nishonlaymiz. Yurtdoshlarimizga dil izhorlaringiz bo‘lsa, marhamat.

– Biz jadidlar kutgan, shuning uchun kurashgan davrda yashayapmiz. Istiqlol davrida, xususan, oxirgi o‘n yillikda ko‘p narsaga erishdik. Fikrlashimiz o‘zgardi, dunyoni taniy boshladik, qolaversa, dunyo bizni taniy boshladi. Mustaqilligimizga ko‘z tegmasin. Farzandlarimiz, shogirdlarimiz mustaqil O‘zbekistonning bayrog‘ini dunyo sahnalarida baland ko‘tarishsin. Mana shu yurtda yashaganimizga shukronalar bildiraylik. Qolaversa, davlatning kelajagi uchun befarq bo‘lmaylik.

– Mustaqillik davri milliy tasviriy san’atini Sizning asarlaringizsiz tasavvur qilolmaymiz. Kelgusida ham Yangi O‘zbekistonni, Uyg‘onishni abadiyatga muhrlovchi asarlar yaratishingizga tilakdoshmiz. Samimiy suhbat uchun tashakkur!

Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 21-avgustdagi 34-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img603