Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.09.2026 | 14:57

img1471

RO‘YXAT BOSHIDA

Qatag‘on bir xonadon eshigini bir marta emas, qayta-qayta buzib kirgan hollar ko‘p edi. Bir oiladan aka-uka, ota-bola, hatto bir necha avlod vakillarining siyosiy ayblovlar girdobiga tortilishi 1930-yillar fojiasining eng og‘riqli sahifalaridan. Gazetaning o‘tgan sonlarida Husanxon Niyozov taqdirini yoritar ekanmiz, arxiv hujjatlari bizni yana o‘sha xonadonga – bu safar akasi Hasanxon Niyozov qismati tomon eltdi.

Hasanxon Niyozov 1895-yili Andijon shahrining “Birlik” dahasida ma’rifatli oilada dunyoga kelgan. Otasi Matmusa (Muhammad Musa) ulamo, onasi Hanifa aya otin edi. Oilada ilm va ma’rifatga munosabat alohida bo‘lgan. Keyinchalik o‘g‘li Odilxon Niyozovning xotirlashicha, onasi savodli ayol bo‘lgani bois, Hasanxon to‘qqiz yoshidayoq xat-savodi chiqib, bemalol o‘qish-yozishni bilgan. So‘ng Andijondagi madrasalardan birida tahsil olib, arab va fors tillarini o‘rgangan. Shuning uchun o‘zi mustaqil ravishda dunyoviy fanlar bilan birga mumtoz adabiyotimizning yirik vakillari haqida ham ko‘proq bilim olishga intilgan. “Otamiz o‘z zamonasining o‘qimishli, madaniyatli, ma’rifatli vakili, Andijon viloyati ma’naviyati va istiqloli yo‘lida kurash olib borgan ziyolilar yetakchisi, diniy va dunyoviy bilimlarga ega bo‘lgan, xalq ichida katta obro‘ va hurmat qozongan kamtarin inson edi”, deydi u.

Matmusa eshon o‘g‘illarini o‘zining ma’rifiy yo‘lini davom ettiruvchi vorislar sifatida ko‘rishni istardi. Hasanxon 1917–1927-yillar davomida otasining ra’yini qaytara olmay, diniy qonun-qoidalarni, ularning kelib chiqishidan tortib shakllanishi va taraqqiy etishiga qadar bo‘lgan masalalarni chuqur o‘rganishga harakat qilgan. Qahramonimiz islom dinining qonun-qoidalarini chuqur bilgan, diniy xurofotlarga qarshi turuvchi arbob bo‘lib yetishgan edi. U hamyurtlariga islom dini yo‘l-yo‘riqlari, ko‘rsatmalari va shariat qoidalarini tushuntirish orqali islom madaniyati va ma’rifatini o‘rganishga chaqirar edi. Shuningdek, sovetlar hukumatining din haqidagi siyosatiga hamohang g‘oyalar va ta’limotlarga tayanib ish ko‘rardi.

Biroq Hasanxon Niyozov hayotining bu yillari faqat diniy-ma’rifiy faoliyat bilan kechmagan. Keyinchalik to‘ldirilgan tergov anketasida uning 1920–1923-yillarda “Milliy ittihod” tashkilotiga a’zo bo‘lgani va unga raislik qilgani qayd etiladi. Aynan shu o‘tmish oradan o‘n yildan ziyod vaqt o‘tgach, qatag‘on tergovining asosiy ayblovlaridan biriga aylanadi.

1927-yili Matmusa eshon vafot etgach, ko‘pchilikning talabi bilan Hasanxon otasining ishini zimmasiga olishga majbur bo‘ladi. Bu ish uzoqqa bormaydi. Chunki sovetlar hukumatining islomga qarshi kurashi keskin tus oladi, masjid-u madrasalar yopiladi, din xodimlari ta’qib qilina boshlanadi. Shunday tahlikali sharoitda bu faoliyatni uzoq davom ettirishning imkoni qolmaydi. 1932–1934-yillarda Hasanxon Niyozov Andijon suv xo‘jaligi idorasida mirob bo‘lib ishlaydi. 1934-yildan shahardagi 18-to‘liqsiz o‘rta maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritib, ayni paytda o‘qituvchilar tayyorlash bilim yurtining kechki bo‘limida tahsil oladi. Shu tariqa, uning keyingi hayoti maktab, ta’lim va kundalik mehnat bilan bog‘lanadi.

Ammo o‘tmishdagi siyosiy faoliyat qatag‘on idoralari xotirasidan o‘chmagan edi. 1937-yildagi asosiy hibsdan avval ham Hasanxon siyosiy boshqarma tomonidan ushlanib, besh kun qamoqda saqlangan, biroq unga hech qanday modda qo‘yilmasdan ozod etilgan.  1937-yil yoziga kelib, mamlakatni qamrab olgan qatag‘on to‘lqini uning eshigini yana taqillatadi. “Shu sabab dadam va bizning o‘rtamizdagi aloqa to‘xtaydi”, deb yozadi Hasanxon Niyoziyning katta o‘g‘li – uzoq yillar Andijon davlat universiteti tarix fakultetida dekan lavozimida faoliyat ko‘rsatgan olim, Odiljon Niyozov.

Iyul boshlarida O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligining Andijon sektori xodimlari jadidlardan Hasanxon Niyozov, Abdujalil Haydarov va Abdumutalib Qoramandiyevning uyida tintuv o‘tkazib, ularni hibsga oladi. Hasanxon Andijondagi mashhur Latazavoddagi turmaga olib ketiladi. Shu tariqa, maktabda bolalarga saboq berib yurgan muallimning hayotida endi sinfxona o‘rnini qamoqxona, dars o‘rnini esa uzluksiz so‘roqlar egallaydi. Oradan to‘rt oy o‘tib mahbusning anketasi rasmiylashtiriladi. Unda Hasanxonning 115-uyda yashagani, 18-maktabda o‘qituvchilik qilgani, partiyasiz, ma’lumoti o‘rta ekani va xizmatchi qatlamiga mansubligi qayd etiladi. Oila a’zolari qatorida 31 yoshli rafiqasi Tohira Qoziyeva, to‘rt farzandi, onasi Hanifa Ahmedova hamda ikki ukasi tilga olinadi. Ulardan biri Toshkentda o‘qituvchilik qilayotgan ukasi Husanxon Niyozov edi. Ammo tergov anketasida qayd etilgan bu ismlar ortida qolgan oila taqdiri endi Hasanxonning o‘ziga qarshi boshlangan og‘ir tergov jarayoni soyasida qoladi.

Ko‘pdan ko‘p tergovlar iskanjasida qahramonimiz kun-u tunning istalgan daqiqalarida so‘roq qilingan, guvohlar bilan yuzlashtirilgan. Hasanxon Niyozov barcha qiynoqlarga chidagan. O‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni rad etgan. 1937-yil 1-noyabr. Tergovchi undan “Milliy ittihod”ning sobiq raisi sifatida tashkilot a’zolarining sovetlarga qarshi faoliyati haqida batafsil ma’lumot talab qiladi. Hasanxon esa avval aytganlaridan boshqa faktlarni bilmasligi va eslay olmasligini ta’kidlaydi. Tergovni, tabiiyki, bunday javob qoniqtirmas edi. So‘ngra undan surgundan qaytgan Abdumutalib Qoramandiyev bilan munosabatlari so‘raladi. Hasanxon uning do‘koni va choyxonasida besh-olti bor uchrashganini yashirmaydi. 1937-yil qishidagi uchrashuvlardan birida Qoramandiyev gazeta o‘qib o‘tirgani va mamlakatda kechayotgan sud jarayonlari haqida: “Qimmatli kishilar ustidan sud jarayoni ketyapti, axir ular Oktyabr revolyutsiyasi uchun kurashgan edilar, endi ularni sud qilishyapti”, deganini bayon qiladi. Oddiy suhbat, bir og‘iz fikr, tanish inson bilan bir necha bor uchrashish – qatag‘on mantig‘i ishga tushgan sharoitda bularning har biri siyosiy ayblov zanjirining navbatdagi halqasiga aylantirilishi mumkin edi.

Ichki ishlar xalq komissarligi Andijon sektori 3-bo‘lim boshlig‘i, davlat xavfsizligi katta leytenanti Berg tomonidan 28 nafar mahbusga nisbatan ayblov xulosasi tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi “uchligi”ga taqdim etiladi. Mahbuslar ro‘yxatida Hasanxon Niyozovning ismi birinchi bo‘lib qayd etilgan edi.

Ushbu 28 nafar mahbusga VKP(b) Markaziy Komiteti va sovet hukumati rahbarlariga, shuningdek, “xalqlar dohiysi”ga qarshi terrorchilik kayfiyatini ifoda etish, partiyaning markscha-lenincha milliy siyosatiga tuhmat qilish, “xalq dushmanlari” deb e’lon qilingan trotskiychi-buxarinchilar, qo‘poruvchilar va josuslarning rejalariga xayrixohlik bildirish, fashistlarga ijobiy munosabatda bo‘lish kabi umumiy ayblar qo‘yilgan. Shuningdek, ular sovet xalqining ahvoli va Stalin konstitutsiyasi to‘g‘risida aksilinqilobiy tuhmatlar tarqatish hamda muhojirlikka chiqib ketishning afzalliklarini targ‘ib qilishda ham ayblangan.

Hasanxon Niyozovga qo‘yilgan ayblar esa yanada og‘irlashtiriladi. Ayblov xulosasida uning 1928-yil avgustida o‘z uyida yig‘ilish o‘tkazgani, unda Abdujalil Haydarov, ukasi Husanxon Niyozov, Boqi Mahmudiy, Zokir Nusratov va boshqalar ishtirok etgani qayd etiladi. Tergov talqiniga ko‘ra, Hasanxon 1919–1921-yillarda Mahkam hoji qo‘rboshi boshchiligidagi harakatda qatnashgan, 1921-yili “Milliy ittihod” tashkilotiga raislik qilgan va uning yig‘ilishlarini o‘tkazgan.

Ayblov shu bilan cheklanmaydi. U 1936-yilning noyabrida o‘z maslakdoshlari orasida sovet hokimiyatiga qarshi fikrlar tarqatish, yapon fashistlarini maqtash, aholi o‘rtasida “musulmonobod” davlatini tuzish g‘oyasini targ‘ib qilish, bosmachilarning sovet hokimiyatiga qarshi kurashini yoqlashda ayblanadi. Shuningdek, 1931-yili Abdujalil Haydarov bilan birgalikda Muso Nurullo hojining muhojirlikka chiqib ketishiga ko‘maklashgani ham uning “jinoyat”lari qatoriga qo‘shiladi.

Shu tariqa, turli yillardagi voqealar, uchrashuvlar, suhbatlar va eski aloqalar bitta ayblov zanjiriga tiziladi. O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66- va 67-moddalari bilan rasmiylashtirilgan bu ayblovlar Hasanxon Niyozovning taqdirini hal qilish uchun yetarli, deb topiladi. Sud ham bo‘lmaydi. O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi “uchligi” ayblov xulosasiga asoslanib, Hasanxon Niyozovni otuvga hukm qiladi. Oila uchun esa 1937-yil iyul oyida to‘xtagan aloqa abadiy ayriliqqa aylanadi.

Hasanxon Niyozovning o‘g‘illari keyinchalik otasining ilm yo‘lini davom ettirdilar. Katta o‘g‘li Odilxon Niyozov tarix fanlari nomzodi, dotsent bo‘lib, Andijon davlat universitetida qariyb oltmish yil faoliyat ko‘rsatdi. Uning yana bir o‘g‘li Nohid Niyozov texnika fanlari doktori, professor bo‘lib, respublika miqyosida turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qildi. Farzandlar otasi nomidan “xalq dushmani” degan tamg‘aning olib tashlanishini uzoq kutishlariga to‘g‘ri keldi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 36-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605