Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2026 | 15:55

img725

O‘T-ALANGA ICHIDA

Har gal arxiv hujjatlariga yuzlanar ekanmiz, mudhish qatag‘on yillaridagi tergov ishlari va ayblov xulosalarida bir xil manzara bot-bot ko‘zga tashlanadi. Turli qatlam, turli kasb egalari – u xoh ishchi, dehqon bo‘lsin, xoh savdogar yo hisobchi, xoh jamoat arbobi – kim bo‘lmasin, yoppasiga “xalq dushmani”ga chiqarilgan.

Ular go‘yoki “aksilinqilobiy tashkilot”ga a’zo, “millatchi guruh” faoliyatida ishtirokchi yoki “sovetlarga qarshi targ‘ibotchi” sifatida tuhmatlar bilan qatag‘on domiga tortib ketilgan. Tergov ishlari aynan shu asosda yuritilgan.

Bugun hikoya qilmoqchi bo‘lgan ikki taraqqiyparvar shaxs – Mardonbek Nosirbekov va Otaxon Nazirxonov hayoti ham ana shu davrning tipik, ayni paytda fojiali manzarasini ko‘z o‘ngimizda ro‘yirost gavdalantiradi.

Mardonbek Nosirbekov 1889-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Inqilobgacha Toshkent tramvayida vagon haydovchisi bo‘lib ishlagan bu insonning hayoti bir qarashda oddiy shahar ishchisining taqdiriga o‘xshaydi. Biroq XX asr boshidagi siyosiy silkinishlar ko‘plab insonlar hayotiga ta’sir qilgani kabi Nosirbekovning taqdirini ham o‘zgartirib yubordi. 1918–1921-yillarda u Toshkentda faoliyat yuritgan so‘l eserlar tashkilotiga qo‘shilib, uning nufuzli, faol a’zolaridan biriga aylandi. Bolsheviklarga qarshi bosh ko‘targan Osipovning safdoshi polkovnik Abdusolihov (ismi noma’lum, 1919-yilda isyonga rahbarlik qilgani uchun otib tashlangan) bilan birga qo‘zg‘olonda qatnashgani hujjatlarda qayd etilgan.

Isyon tor-mor qilingach, Nosirbekov qo‘zg‘olonda ishtirok etganlik vaji bilan 11 kun hibsda saqlanadi. Bu voqeadan so‘ng u siyosiy faoliyatdan chetlashib, hayotini oddiy mehnat bilan davom ettirishga urinadi. Turli muassasalar, jumladan, “Matbuot uyushmasi” (“Союзпечат”)da hisobchi vazifasida ishlay boshlaydi.

Tashqaridan qaraganda, bir inson hayoti go‘yo iziga tushgandek ko‘rinardi. Ammo 1930-yillar oxirida avj olgan ommaviy qatag‘onlar davrida “o‘tmish izlari” qayta kovlanib, Nosirbekovning taqdiri ham davlat xavfsizlik idoralari “nazaridan chetda qolmaydi”. Shunday qilib, bir paytlar go‘yo o‘chib, hovuri tarqalgandek tuyulgan cho‘g‘ qayta olovlanib, qahramonimiz hayoti o‘t-alanga ichida qoldi. U 1938-yil 23-fevralda Ichki ishlar xalq komissarligi xodimlari tomonidan so‘l eserlar tashkiloti bilan aloqada bo‘lganlikda, sovet hukumatiga muxolif “Milliy ittihod” tashkilotiga a’zolikda, sovetlarga qarshi tashviqot olib borganlikda ayblanib hibsga olinadi va Toshkent turmasiga olib ketiladi.

Qaydlardan fahmlash qiyin emaski, tergov o‘ta shafqatsiz, zo‘ravonlik va inson sha’nini poymol qiluvchi usullar bilan olib borilgan. Mardonbek Nosirbekovga nisbatan tuzilgan “ayblov xulosasi”da uning uzoq yillar savdogarlik bilan shug‘ullangani va inqilobdan keyin eserlar partiyasining faol a’zolaridan bo‘lgani keltirilgan. Osipov qo‘zg‘olonida ishtirok etgani, qo‘zg‘olonchi eserlarning eski shahar tashkilotida podpolkovnik lavozimida bo‘lgani ayb sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, otib tashlangan polkovnik Abdusolihov o‘rniga isyonga rahbar etib tayinlangani, qo‘zg‘olon bostirilgandan so‘ng ham sovet hokimiyatiga qarshi kurashni davom ettirgani, “aksilinqilobchilar” deb baholangan Mirzo Alimov va Mirzo Mahmud bilan yaqin aloqada bo‘lgani ta’kidlangan.

Ustma-ust qalashtirib tashlangan bu “ayblovlar” asosida Mardonbek Nosirbekov O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligining 1938-yil 5-apreldagi qarori bilan 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinadi. Oradan bir yil o‘tgach, u o‘zining nohaq ayblangani va tergovda bergan ko‘rsatmalari jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan yozilganini isbotlash maqsadida SSSR Prokuraturasiga shikoyat xati bilan murojaat qiladi. Unda ta’kidlashicha, Nosirbekov 1938-yil 25-fevralda “Союзпечат” idorasida kassir bo‘lib ishlab turgan paytida Toshkent Ichki ishlar xalq komissarligi vakolatli xodimi Saxarov tomonidan hibsga olinadi.

“Nima sababdan hibsga olindim?” degan savolga javoban Saxarov: “Sovet hokimiyatiga qarshi targ‘ibot qilgansan”, deb odatiy javob qiladi. Biroq Nosirbekov bu targ‘ibot qachon, qayerda va qanday sharoitda amalga oshirilgani haqida tushuntirish berishlarini talab qiladi. Tergovchi talmovsirab, odaticha: “O‘zing biladigan va gapirgan narsalaringni aytib ber”, deydi xolos. Qahramonimiz o‘zini qat’iy himoya qiladi. Ilk so‘roq shu bilan yakunlanadi. Biroq tergovchilar unga: “Baribir biz seni aybingni tan oldirishga erishamiz, boshqa yo‘llar bilan bo‘lsa ham”, deya tahdid qiladi.

Nosirbekov “boshqa yo‘llar” nima ekanini hibsdayoq tushunib yetadi. “Ayblanayotganlarni qattiq kaltaklashlarini eshitdim va ko‘p o‘tmay bunga o‘z ko‘zlarim bilan ham guvoh bo‘ldim. Ikki kishi tergovdan qaytgach, ularni yarimjon holatda kaltaklanganini ko‘rdim. Keyingi tergovga chaqirilganimda ular meni kaltaklashni boshladilar. Men esa qariya, sog‘lig‘i zaif odam sifatida bu jismoniy azoblarga dosh berishdan ko‘ra, balki hech qachon bunday azoblarga chiday olmasligimni tushunib yetib, ular talab qilgan narsani imzolashga qaror qildim”, deb yozadi murojaatida.

Shunday qilib, Nosirbekov tergov bayonotini turli bosim, tahdidlar ostida o‘qimasdan imzolaydi. Shu munosabat bilan u “uchlik” tomonidan qabul qilingan qarorni qayta ko‘rib chiqishni va yolg‘on ko‘rsatmalar asosida berilgan jazoni bekor qilishni so‘raydi. Bir yilcha vaqt o‘tgach, 1940-yil 26-avgustda Mardonbek Nosirbekovga berilgan jazo muddati 10 yildan 5 yilga qisqartirilib, uning o‘zi “Volgolag” mehnat-tuzatuv lageriga ko‘chiriladi. Taassufki, uning bundan keyingi taqdiri noma’lum…

“Milliy ittihod” va so‘l eserlar tashkilotiga a’zolikda ayblangan yana bir qatag‘on qurboni Otaxon Nazirxonov bo‘ladi. U 1887-yili Toshkent shahrining Shayxontohur dahasi Zanjirlik mahallasida tug‘ilgan. Uning hayot yo‘li ham o‘sha davr shahar aholisiga xos ijtimoiy manzarani aks ettiradi. Inqilobgacha u yollanma ishchi bo‘lib mehnat qilgan, keyinchalik savdo bilan shug‘ullangan. Yangi iqtisodiy siyosat davrida uch yil savdogarlik qilgan. 1919-yilda VKP(b) partiyasiga a’zo bo‘lgan bo‘lsa-da, 1922-yilda partiya safidan chiqarilgan. Keyinchalik kommunal bankda hisobchi bo‘lib ishlagan. Biroq…

1930-yillar oxiriga kelib shunday muhit shakllangan ediki, insonning o‘tmishga doxil har qanday harakati (hatto, harakatsizligi ham) tayyor ayblovga aylantirilishi mumkin edi. Savdo qilib ro‘zg‘or uchun g‘imirlagani ham, hech kimga ozori tegmay jim yurgani ham shubhaga olinardi. Qatag‘on davrining mantig‘i mashhur masaldagi bo‘rining qo‘zichoqqa qarata: “Aybing shuki, uchrab qolding qornim ochganda”, deganiga o‘xshab ketardi.

1938-yil 23-fevralda Nazirxonov Toshkentdagi uyidan hibsga olinadi. U 1918-yildan eser partiyasi a’zosi, “Ittihod va taraqqiy” hamda “Milliy ittihod” tashkilotlarining a’zosi bo‘lganlikda, uning Andijon filialini tashkil qilganlikda, tashkilotga yangi a’zolarni jalb etganlikda ayblangan. So‘nggi vaqtgacha Osipov qo‘zg‘oloni yetakchisi Mardonbek Nosirbekov bilan yaqin aloqada bo‘lgan, degan ayblov ham qo‘yilgan.

1938-yil 5-aprelda chiqarilgan qarorga ko‘ra, Otaxon Nazirxonov ham 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinadi. Biroq u og‘ir mehnat sharoitlariga bardosh berolmay, 1938-yil 7-oktyabrda halok bo‘ladi.

Otaxon Nazirxonovning fojiali taqdiri, garchi oradan qariyb o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tganiga qaramay, uning oilasi uchun mavhumligicha qolgan edi. 1968-yilda o‘g‘li O‘lmas Otaxonov padarining o‘shandan keyingi taqdirini bilish ilinjida O‘zbekiston davlat xavfsizlik idorasi rahbariga murojaat qiladi. Ariza yana bir jihati bilan o‘quvchini o‘ylantirmay qo‘ymaydi. O‘g‘il otasi taqdiri haqida so‘ray turib, oilada uning haqida ma’lumot berishi mumkin bo‘lgan biror yaqin qarindoshi qolmaganini yozadi. Akasi Ulug‘bek Ikkinchi Jahon urushida halok bo‘lgan, onasi 1950-yilda vafot etgan. Bu holat qatag‘on fojiasining bir oila taqdirini qanday izdan chiqarib yuborganini yaqqol ko‘rsatadi.

Arizada katta talab yoki ayblov qo‘yilmagan, yagona savol: “Otam oqlanganmi yoki yo‘q?” Bu so‘roq ortida mohiyatan butun bir avlodning iztirobi, haqiqatni bilishga bo‘lgan ehtiyojini anglab yetamiz. Shu ma’noda, O‘lmas Otaxonovning murojaati qatag‘on davrida jabr ko‘rgan minglab oilalar taqdirini ifodalovchi tarixiy hujjat sifatida qimmatli, ahamiyatli manba hamdir.

Mardonbek Nosirbekov va Otaxon Nazirxonov taqdiri arxiv hujjatlarida saqlangan ko‘plab fojiali hikoyalardan faqat ikkitasi, xolos. Bu ikki taraqqiyparvar shaxs vafotlaridan so‘ng, 1962-yil 20-iyunda rasman oqlangan. Lekin oradan yarim asr o‘tgachgina, tarixiy adolat tiklanib, bugun ularning nomi munosib yodga olinmoqda, qadr topmoqda.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-martdagi 13-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596