Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


15.09.2026 | 09:57

img696

OG‘U VA DORU

O‘zFA Bioorganik kimyo instituti katta ilmiy xodimi, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nurxo‘ja MUHAMMADOV bilan suhbat

Talabi ilm
Biz uchun ilm izlab yurt kezish ulug‘ ajdodlarimizdan, xususan, jadid bobolarimizdan meros. Bugun bu jarayon davlatimiz tomonidan tizimli tashkil etilmoqda. Masalan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan yosh olimlarning xorijdagi nufuzli dargohlarda amaliyot o‘tashi muntazam yo‘lga qo‘yilgan. Nomzodlar ochiq, shaffof, adolatli va sog‘lom raqobat asosida tanlab olinadi.

Men 2025-yilda Vengriyaning Debresen universitetida tashkil etilgan ilmiy amaliyot tanlovida g‘olib bo‘ldim. Joriy yilning 16-fevralidan 30-martigacha davom etgan amaliyotda turli ilmiy va pedagogik muassasalardan 14 nafar o‘zbekistonlik ishtirok etdik.
Safarimizning eng muhim yutug‘i – biologik faol moddalarni hujayralar darajasida sinovdan o‘tkazish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallash bo‘ldi. Soham – kimyogarlik, asosiy vazifam moddalarni ajratib olish, sintez qilish va tuzilishini aniqlashdan iborat. Yangi bilimlar orqali endilikda biologik faollikni hujayralarda tekshirish bo‘yicha tadqiqotlarimizni yanada yuqori bosqichga olib chiqamiz. Xorijlik olimlar bilan muloqot, ilmiy natijalarni muhokama etish va xalqaro ilmiy muhitdagi tadqiqot madaniyatini chuqurroq o‘rganish ham katta tajriba bo‘ldi.

E’tiborli jihatlaridan biri, Debresen universitetida ilmiy daraja asosiy maqsad sanalmay, balki sifatli ilmiy natijalarga erishish yo‘lidagi bosqich sifatida qaralar ekan. Shuning uchun ham mojor qardoshlarimiz vaqt masalasiga bag‘rikenglik bilan qaraydi, shoshilmasdan shoshiladi. Kamina Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon fizika va kimyo-texnika instituti doktoranturasida tahsil olganman. Bu yerda ilmiy-tadqiqot ishlari nihoyatda jadal sur’atda olib borilishiga guvoh bo‘lganman. Har ikkala lokatsiyada ham natijalar havas qilgulik.

Sharq-u Gʻarb metodlarini ko‘rgach, biz qaysi yo‘ldan borishimiz kerak, degan savol tug‘iladi. Markaziy Osiyo allomalari tarixdan vazminlik, aniqlik va moʻtadillikni afzal ko‘rgani bilan ajralib turadi. Biz uchun ham eng to‘g‘ri yo‘l shu hisoblanadi, nazarimda. Zamon shiddat bilan taraqqiy etaveradi, biroq ilm-fan chuqur nazariya va mustahkam amaliyot bilan rivojlanadi. Eng yangi ixtiro va kashfiyotlar ortida ham o‘n yillik, balki asriy mehnat natijasi yotibdi.

“MEN ILON OG‘ZIDAN SHAKKARTALABMAN”
Boburiy malikalarning jadidi bo‘lgan Zebunnisobegimning ushbu satri bizning tadqiqotimizga eng aniq va go‘zal sharh, deb bilaman. Ixtiro va kashfiyotlar uzoq vaqt olishi bilan birga, faqat bir kishining faoliyati natijasi emas, balki butun bir ilmiy guruhning izlanishlari mahsulidir. Ilmiy guruhimiz rahbari Sharofiddin Mirzaahmedov 1990-yillarda nomzodlik dissertatsiyasi ustida ishlash asnosida baqa zahridan biologik faol moddalarni ajratib olgan. Ushbu moddalar umumiy nom bilan bufadiyenolidlar deb ataladi. Uning bufalin, gamabufotalin, telosinobufagin, arenobufagin kabi bir nechta tabiiy kimyoviy birikmalari mavjud.

Bu yo‘nalish guruhimizdagi yosh olimlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Biz ham ustozimiz boshchiligida bufadiyenolidlarning saratonga qarshi biologik faolligini o‘rganishni boshladik. Tadqiqotlar davomida ushbu moddalar saraton hujayralarida muhim rol o‘ynaydigan ayrim fermentlarni bloklashi aniqlandi. Natijalarimiz nufuzli xalqaro jurnallarda e’lon qilindi. Biroq bu moddalarni saratonni davolash uchun zarur bo‘lgan dozalarda qo‘llash muayyan muammoni yuzaga keltiradi. Chunki ular yurak urishini haddan tashqari tezlashtirib, nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, tadqiqotimizning asosiy maqsadi – moddalarning yurak faoliyatiga ta’sirini kamaytirish yoki butunlay yo‘qotish, ayni paytda, saratonga qarshi faolligini saqlab qolish yoki yanada kuchaytirishdir.

Bunga erishish uchun molekulalarning muayyan qismlariga kimyoviy reaksiyalar yordamida qo‘shimcha tuzilmalar va funksional guruhlar biriktirildi. Alhosil, moddalarning kimyoviy tuzilishi o‘zgartirilib, yangi xususiyatlarga ega birikmalar olindi. Xitoy Fanlar akademiyasi institutlarida magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olib, yetarli tajriba orttirgan yosh olimlarimiz va hamkasblarimiz ushbu moddalarni kimyoviy yo‘l bilan modifikatsiya qildilar.

* * *
Bioorganik kimyo instituti laboratoriyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri turli hayvonlar zahri tarkibidan yangi biologik faol moddalarni izlab topish, ularni ajratib olish, tozalash va kimyoviy tuzilishini aniqlashdan iborat. Hayvon zahri tarkibida minglab turli komponentlar mavjud. Ana shu murakkab aralashma orasidan biologik faollikka ega, kelajakda muayyan kasalliklarni davolashda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan moddalarni topish katta ilmiy izlanishlarni talab qiladi.

Hozirda laboratoriyamizda olib borilayotgan jarayonlardan biri “gel filtratsiya” usuli hisoblanadi. Bu usul yordamida, masalan, ilon zahri tarkibidagi moddalar bir-biridan molekulyar o‘lchamlariga qarab ajratiladi. Peristaltik nasos yordamida bufer eritma kolonkaga muntazam uzatib turiladi. Kattaroq molekulyar moddalar tezroq, kichikroq molekulyar moddalar esa nisbatan sekinroq harakatlanadi. Natijada ular bir-biridan ajralib, kolonkadan alohida fraksiyalar holida chiqib keladi.

Dastlab detektorga kelgan moddalar qayd etilib, olingan signal kompyuterga uzatiladi. Jarayonni aks ettiruvchi grafik yordamida qaysi probirkalarda ma’lum modda yoki moddalar guruhi yig‘ilganini aniqlash mumkin. Keyinchalik ushbu fraksiyalar maxsus usullar yordamida quritilib, yana boshqa turdagi xromatografik usullarda qayta ajratiladi. Bu jarayon bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Oxir-oqibat individual toza moddani ajratib olishga erishiladi. Shundan so‘ng, ularning kimyoviy tuzilishi va biologik faolligi o‘rganiladi. Turli fermentlar yoki hujayralarda sinovdan o‘tkazilib, organizmga ta’siri aniqlanadi. Aslida, bu juda murakkab va ko‘p bosqichli jarayon.

KEYINGI BEKAT – SINOV
Debresen universitetida olib borilgan tajribalar davomida sintez qilingan moddalar saraton hujayralarida dastlabki sinovdan o‘tkazildi. Biroq amaliyot muddati cheklangani sababli tadqiqotlarni to‘liq yakunlash imkoni bo‘lmadi. Xususan, moddalar saraton hujayralariga uch xil konsentratsiyada sinovdan o‘tkazilib, ularning hujayralarga ko‘rsatadigan dastlabki ta’siri o‘rganildi. Biologik faol moddalarning samaradorligini baholashda xalqaro miqyosda qabul qilingan muhim ko‘rsatkichlardan biri – 50 foizlik ingibision konsentratsiya, ya’ni, IC50 ko‘rsatkichidir. Bu moddaning biologik jarayon yoki hujayra faoliyatiga 50 foizlik ta’sir ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan konsentratsiyani aniqlash imkonini beradi. Mazkur qiymatni aniq belgilash uchun moddalarni turli xil konsentratsiyalarda kengroq miqyosda sinovdan o‘tkazish talab etiladi. Buning uchun esa ko‘proq vaqt, hujayralar va tadqiqot materiallari zarur bo‘ladi. Shu sababli, bir yarim oylik amaliyot davomida biz faqat dastlabki natijalarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik.

Endilikda tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirib, istiqbolli moddalarning aniq biologik faolligini va IC50 ko‘rsatkichlarini aniqlash rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng, eng samarali birikmalarni jonivorlarda sinovdan o‘tkazish bosqichiga o‘tiladi.

E’TIBOR VA ISHONCH
Kelgusida saraton kasalliklarini davolash va oldini olish imkoniyatlari yanada kengayadi, deb o‘ylayman. Chunki bugungi kunda bu masalaga davlat miqyosida katta e’tibor qaratilmoqda. Onkologik kasalliklarga qarshi kurashuvchi tibbiyot muassasalari zamonaviy moddiy-texnik baza va malakali kadrlar bilan ta’minlanmoqda. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida ham bu boradagi imkoniyatlar yildan yilga kengayib boryapti. Masalan, bugun biz suhbatlashib o‘tirgan zamonaviy jihozlarga ega mana shu laboratoriya besh yil avval bo‘m-bo‘sh xona edi. Yillar davomida bosqichma-bosqich zarur mebellar, ilmiy jihozlar, reaktivlar va tajribalar uchun kerakli butlovchi vositalar olib kelindi. Bugun bu yerda turli ilmiy tadqiqotlar va tajribalar olib borilmoqda.

Bunday imkoniyatlarga, avvalo, davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan turli ilmiy loyihalar orqali erishilmoqda. Ilmiy-tadqiqot institutlarida mutasaddi tashkilotlar va olimlarning tashabbuslari bilan yangi turdagi dorilarni yaratish va o‘rganish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.

Oldimizdagi asosiy rejalarimizdan biri, albatta, olib borayotgan tadqiqotlarimiz natijasida yaratilayotgan moddalarni imkon qadar tezroq amaliy mahsulot darajasiga olib chiqishdir. Yangi dori moddasini kashf etishdan tortib, uni tayyor mahsulot sifatida amaliyotga joriy etishgacha ba’zan o‘nlab yillar talab qilinadi. Hatto shunday dorilar borki, ularni kashf qilgan olim o‘z ishlanmasining tayyor dori vositasiga aylanganini ko‘rishga ulgurmagan. Bunda faqat ilmiy izlanishlar yoki laboratoriya imkoniyatlarining o‘zi yetarli emas. Dori vositasining amaliyotga kirib borishiga bozor muhiti, ishlab chiqarish imkoniyatlari va farmatsevtika sohasidagi iqtisodiy omillar ham katta ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, olim o‘zining ilmiy qiziqishlari asosida yangi va samarali dori moddasini yaratishi mumkin. Ammo uni ishlab chiqarish xarajatlari yuqori bo‘lib, tayyor mahsulot bozordagi mavjud dorilarga nisbatan qimmatroq bo‘lib qolish ehtimoli bor. Aksincha, olim samarali va nisbatan arzon dori vositasini yaratishi ham mumkin. Biroq bunday mahalliy ishlanmaning bozorda o‘z o‘rnini topishi, ommalashishi va keng qo‘llanishi hamisha ham oson kechmaydi. Farmatsevtika bozoridagi mavjud sharoit va raqobat kabi omillar ham yangi dori vositalarining amaliyotga kirib borishiga ta’sir qilishi mumkin.

Shunga qaramay, vaqt o‘tishi bilan olimlarimizning ilmiy mahsulotlari amaliyotga joriy etilib, insonlar salomatligi va hayoti uchun real foyda keltirishiga umid qilamiz. Chunki ilmiy tadqiqotning eng katta maqsadi – bilim va natijalarni inson manfaatiga xizmat qildirishdir.

Vasila HABIBULLAYEVA yozib oldi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 11-sentyabrdagi 37-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605