16.09.2026 | 14:42
890
YANGILIKCHILAR – YAXSHILIKCHILAR

JADIDLAR SHARQIYSI
1
Bu olamda har yil o‘zicha yangi,
Yangilik bor yilning to‘rt faslida ham.
Yangidir, shuningdek, hafta hamda kun,
Kunning ichidagi har lahza, har dam.
Faqat buni ko‘rmoq, bilmoq, anglamoq
Hammaga ham nasib etavermaydi.
Ko‘rgan, anglaganlar, bilganlar – baxtli,
Baxt – oz, hammaga ham yetavermaydi.
2
Biz – Cho‘lpon, Qodiriy, Avloniy, Fitrat…
Yuz mingmiz, sanamoq emasdir oson.
Zamon tan olmadi, boqmadi bizga,
Boqmadik bizlar ham beun, beomon.
Qurol-yarog‘-la xalq qahramonlari,
Biz qog‘oz-qalam-la jang qildik tun-kun.
Jisman mahv etildik, ruhan sog‘-omon,
Ibrat bo‘ldik avlod-avlodlar uchun.
3
Ha, biz yangilovchi, yangilikchilar,
Ya’ni jadidlarmiz! Ona xalqini
Oldinga boshlagan. Himoya qilgan
Millat huquqini, millat haqqini.
Kimni va nimani yangiladik, xo‘sh?
Kimdan va nimadan himoya qildik?
Mutelikda yashash mumkindir balki,
Qoloqlikda yashab bo‘lmaydi, bildik.
Bilishimiz kerak edi biz, axir,
Daho ajdodlarning vorislarimiz.
Qur’oni Karimga asoslangandi
Qilgan, qilolmagan bor ishlarimiz.
Dushman bo‘la turib o‘zingiz elga,
Aybladingiz bizni “xalq dushmani” deb.
O‘zbeklar ishonar dedingiz bunga,
Qo‘ygan dedingizmi xalq esini yeb?
Bu ham yetmaganday, qamab, ottirib,
Shahid ayladingiz tutib birma-bir.
Bilmadingiz jannat bog‘chalariday
Gullarga burkangan biz yotgan qabr.
Demak, biz – barhayot, siz esa yo‘qsiz,
Yo‘qdir yolg‘on-yashiq shiorlaringiz.
Yozganlari axlat uyumlarida,
Yo‘q sizni madh etgan shoirlaringiz.
Va oson bo‘lmadi ziyo tarqatmoq,
Qaqnus qush singari yoqildik, yondik.
Tug‘ildik qaytadan o‘z kulimizdan,
Siz bizdan emas, yo‘q! Biz sizdan tondik.
Taraqqiyot uchun bo‘lsa bir nima,
Tatbiq etish uchun xalq hayotiga,
Osmonga ham chiqar edik, ehtimol,
Minib tasavvurning uchqur otiga.
Sizga qizig‘i yo‘q bu gaplarning hech,
Qullar kerak edi sizga, ko‘p qullar.
Erkakdir, ayoldir – farqi yo‘q sira,
Ishlasa bas edi oyoqlar, qo‘llar.
“Boshlar-chi?” – dedik biz,
– “Axloq-chi? Ong-chi?
Muhabbat, hayajon, oriyat, hayo?”
Sizga – Ishchi-dehqon hukumatiga
Yov bo‘ldi yurtga kim tarqatsa ziyo.
“Ziyoli – ziyonli!” – degan gapni ham
Siz o‘ylab topgansiz – noshud, nobakor.
Bor olam ziyoga talpingan chog‘da,
Yo‘lto‘sar bo‘lmoq – bu qay rusumda bor?!
4
Siz yoqqan, yo‘qotgan kitoblar o‘rni
O‘yilgan ko‘zlardek qoraygandi, bas.
Yangi alifboda qancha hikmatni
Tiriltirdik takror, qalbga hamnafas.
Inchunin, imloni o‘zgartirish-la
Qila olmadingiz xalqni savodsiz.
Imlo bilan birga o‘zgarmadi el,
Qoldi dilda sobit o‘sha aziz so‘z.
Oradan bir asr vaqt o‘tib, mana,
Yana yangilandi millat va Vatan.
Yangi O‘zbekiston tan oldi bizni,
Na-da O‘zbekiston, dunyo oldi tan.
5
Dunyo tan olmoqda O‘zbekistonni,
Bizning mamlakatni – jannat makonni.
Hayratga solmoqda yangilanib U
Qartaygan, shalag‘i chiqqan jahonni.
Hissamiz bor bunda biz – jadidlarning,
Meva berar chekkan azoblarimiz.
Yo‘lchi yulduz bo‘lib porlaydi, albat,
Avlodlar qalbida biz qoldirgan iz.
Siz-chi? Qoralanib qaytadan, hayhot,
La’nat botqog‘iga botayotirsiz.
Uvada jandangiz yelkaga tashlab,
Unutilish tomon ketayotirsiz.
QODIRIYNING VODIY SAFARI
“Men ushbu kitobka material yig‘ish uchun Qo‘qon bordim, yashagan kishilar bilan so‘zlashib yurdim”.
Abdulla QODIRIY
Shomda kirib bordi vodiyga adib.
Namoz uchun masjid qolganmi biror?
So‘ramoqqa tirik jon ko‘rinmadi,
Azon tovshin kutib, vaqt o‘tdi bekor.
Ot ustida ado etdi noiloj
Ibodatin qibla tomon burib yuz.
“Bu el, bu yurt qanday topadi rivoj?
Din-u e’tiqodsiz iymon bo‘lar sust”.
Yo‘q, adashgan ekan, chiqdi yo‘lidan
Yashagan kishilar xon zamonida.
Nafaqat yo‘lidan, chiqdi ko‘nglidan,
Mehmon qildilar qalb xonadonida.
Adibni vodiyga yetaklab borgan
Maqsad nima edi, dard nima edi?
Mustabid davrga yo‘l ochib bergan
Xonlik qanday edi – bilmoqchi bo‘ldi.
Qonga botirilgan muxtoriyat-chi?
Nega bu xususda kimsa so‘z demas?
El-u yurt qaqshadi. Adabiyot-chi?
Nega u mum tishlar? Bu – to‘g‘ri emas!
Oh chekmoqda, axir, millatdoshlarim,
Dindoshlarim, qadim o‘zbegim, jonim.
Ko‘zimdan ichimga oqar yoshlarim,
Ichimdan tashimga chiqmaydi qonim.
Ayb ularda emas, hukmronlarda
Va shiorlarida erur ularning,
Jaholatlarida, yolg‘onlarida…
Men yozishim kerak avval shularni.
Gʻanim istibdodi, Toshkandan keyin
Qo‘lin Xo‘jandga ham cho‘zgan pallalar
Demay: “Qo‘qonga ham bo‘lar xo‘jayin”,
Qilsa bo‘lmasmidi unga hamlalar?!
Yo‘q, o‘rniga, yoqay deya xon yovga,
E, voh, mansab-amal ta’masida go‘l,
O‘z ona xalqini oldi burovga,
Aytsin deb bosqinchi “Bu xon – qattiqqo‘l!”
Ko‘rinay deb yana “madaniyatli”,
Binolar qurdirdi xalq hisobidan.
Ariq ham qazdirdi “Xon ariq” otli,
Ulus qoni oqdi ariq tubida.
Alloh peshonaga yozgani – Vatan
Mustamlaka bo‘ldi. Baribir ham, xon
Yayramadi, tushdi ko‘hna taxtidan,
Qul bo‘ldi kofirga ahli Turkiston.
Hamon shunday. Biroq diyorimizda
Tuzum-u siyosat bobida xonni,
Mustabid g‘animni etguvchi izza
Mirzo Anvarlar ko‘p ekan iymonli.
Chirkin zamonasi fojialari
Asosiga qarshi ongli kurashgan
Yusufbek hoji-yu, zamon sarvari –
Otabekday mardlar ko‘p ekan jo‘shgan.
Ha, shunday, moziyda, tariximizning
Eng kirlik va qora kunlarida ham
Muhabbat, sadoqat hamda nomusning
Parilari bo‘lmish – hayoli, o‘ktam –
Kumush-u Ra’nolar yashab o‘tkanin
Yozgan-bitganimda ko‘rsatishim shart:
Asal bo‘ldi – zahar-zaqqum yutkani,
Muslimayi jasur, moʻminayi mard…
Va bilsin, anglasin zamondoshlarim –
Loqayd va beparvo yashab bo‘lmaydi.
“Baxtlisan!..” – qotirar zamon boshlarni,
Qotgan boshlar o‘truk, sayoz o‘ylaydi.
Ayting, qonda mavjud xislat yo‘qolmas,
Sho‘ro davrida ham yurtparvarlar bor.
Ular ham bir kun bosh ko‘tarmay qolmas,
Bosh ko‘targan kabi qalbda g‘urur, or.
Yetarmanmi, yo‘qmi, u kunga, bilmam,
Bilaman va lekin keladi u kun.
Shuning-chun sho‘roni nazarga ilmam,
Suzaman oqimga qarshi shuning-chun.
Keldi shu qarorga vodiyga borib
Adib yurib unda yashaganlar-la.
Muxtoriyat, deya xalqni erk sari,
Abadiyat sari boshlaganlar-la.
Shukur QURBON,
“Do‘stlik” ordeni sohibi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 11-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605
