29.09.2026 | 10:10
619
XONOBODDAN ELOBODGACHA
O‘tgan hafta ham mamlakatimiz hayoti sermazmun, tarixiy va tizimli voqealarga boy bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashrifi, transport-logistika, “Yashil makon”, ma’muriy odil sudlov va energetika sohalariga oid taqdimotlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi delegatsiyaning BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasidagi ishtiroki mamlakatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi taraqqiyot vektorlarini aniq belgilab beradi.

QORAQALPOGʻISTON – JADAL O‘SISH MARKAZI
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ulkan o‘zgarishlar, evrilishlar har bir yurtdoshimizning qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda. Prezidentning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan doimiy e’tibori, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan aniq maqsadli dasturlar xalqning turmush farovonligini oshirishga xizmat qilayotir. Prezidentimizning “Biz uchun Qoraqalpog‘iston yutug‘i – O‘zbekiston yutug‘i, Qoraqalpog‘iston tashvishi bu − butun O‘zbekiston tashvishi”, degan gaplari hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Davlatimiz rahbarining 18-19-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘istonga tashrifi buning yaqqol isboti bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston “yashil” energetika, agrar sohada ishlab chiqarish va turizm markaziga aylanmoqda. 10 GVtdan ortiq “yashil shamol energiyasi” ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilmoqda – bu mintaqani mamlakat ichidagi energiya eksportchisiga aylantiradi va elektr energiyasi narxini pasaytiradi.
2030-yilgacha jami 3 ming 300 megavattli shamol stansiyalarini ishga tushirish, “yashil” energiya ulushini 76 foizga yetkazish va 400 megavattli energiya saqlash quvvatini yaratish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahalliy udum va sharoitga ko‘ra qayta ishlash va chorvachilikka yo‘naltiriladi. 10 yil ichida go‘sht va sut ishlab chiqarish 3 barobar oshishi kutilmoqda. Kunjut va mosh kabi yangi ekinlarni rivojlantirish Turkiya va Saudiya Arabistoni eksport bozorlariga yo‘l ochadi.
Tibbiyotda yuqori texnologik xizmatlar kengaymoqda. Nukusda jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda, Orolbo‘yi bolalar shifoxonasida 150 turdagi yuqori texnologik xizmat ko‘rsatilyapti.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning boshqaruv konsepsiyasi oddiy, lekin ulug‘vor: inson qadri hamma narsadan ustun. Yillar davomida yakkahokimlik ostida ezilgan paxtakor endi mehnatining evaziga rohat ko‘radi. Majburiy mehnat tarixga aylandi. Dehqon yerga egalik qiladi, fermer hosilini o‘zi sotadi. Bu shunchaki qog‘ozdagi islohot emas, balki inson sha’nining tiklanishidir. Paxta bugun kiyimga aylanib, eksportga chiqmoqda. Fermerlar hayotidan mamnun, bolalar dalada emas, maktabda.
Tashrif davomida 7 milliard dollarlik 47 ta loyiha qurilishiga start berildi. Jumladan, Qo‘ng‘irotda 2 milliard 600 million dollarlik quvvati 1,5 ming megavattli shamol stansiyasi barpo etiladi. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq va 500 kilovoltli 3 ta podstansiya quriladi. 2030-yilgacha jami 3 ming 300 megavattli shamol stansiyalarini ishga tushirish, “yashil” energiya ulushini 76 foizga yetkazish va 400 megavattli energiya saqlash quvvatini yaratish rejalashtirilgan.
Xullas, yaqin paytlargacha o‘z holiga tashlab qo‘yilgan Qoraqalpog‘iston imkoniyatlar o‘lkasiga aylandi.
GLOBAL TRANSPORT – LOGISTIKA XABI
Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining shiddatli o‘sishi, sanoat ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi va tashqi savdo geografiyasining diversifikatsiya qilinishi zamonaviy, ishonchli va ko‘p tarmoqli transport infratuzilmasini talab etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik strategik loyihalarning borishi yuzasidan o‘tkazilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda belgilangan vazifalar va maqsadlar O‘zbekistonni ikki tomonlama dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan mamlakatdan Tinch okeanidan to Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa va xavfsiz quruqlik ko‘prigiga aylantirishdek ulkan tarixiy missiyani ochib berdi.
Temiryo‘l transporti O‘zbekiston eksport va importining 80 foizdan ortig‘ini tashib beruvchi temir karvon hisoblanadi. Sanoat yuklari ortgani sababli tarmoqning asosiy bo‘g‘inlari modernizatsiya qilinadi. Maqtaaral – Sirdaryo, Angren – Pop, Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on, Toshkent – Samarqand va To‘qimachi – Angren temiryo‘l uchastkalari modernizatsiya qilinib, o‘tkazuvchanlik 25–30 foizga oshiriladi.
Asr loyihasi bo‘lmish “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida alohida yangi yuqori tezlikdagi temiryo‘l barpo etish hamda xususiy sektor ko‘magida yuk vagonlari parkini yangilash loyihalari jadallashtiriladi.
Bu – milliy tadbirkorlarimizga jahon bozorlarini eng qisqa, arzon va ishonchli yo‘llar bilan ochib berish, yangi ish o‘rinlari yaratish va O‘zbekistonni mintaqaning eng yirik tranzit markaziga aylantirishning mustahkam poydevoridir.
“YASHIL MAKON”: MIQDORDAN SIFATGA
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda ushbu muammolarni keskin ko‘tarib, ekologiya sohasini son ko‘rsatkichlaridan sifat va ilmiy asoslangan natijadorlikka o‘tkazish bo‘yicha konseptual vazifalarni belgilab berdi.
Davlatimiz rahbari ko‘kalamzorlashtirish ishlarining samaradorligini baholashda balandparvoz raqamlardan voz kechish vaqti kelganini ta’kidladi. Endilikda asosiy mezon – ekilgan ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati va tutib ketish darajasi bo‘ladi. Shu munosabat bilan ko‘kalamzorlashtirish to‘liq ilmiy asosda tashkil etiladi.
XALQ XIZMATIDA
Demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim tayanchi – bu fuqaro va tadbirkorlarning davlat idoralari oldidagi teng huquqi, ularning qonuniy manfaatlari mustahkam va ishonchli sud himoyasida bo‘lishidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriy odil sudlovni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Ushbu taqdimotda ilgari surilgan konseptual takliflar mamlakatimizda ma’muriy sudlar vakolatlarini tubdan kengaytirish, fuqarolar huquqlarini proaktiv (oldindan) himoya qilish hamda mansabdor shaxslar mas’uliyatini oshirishga qaratilgan mutlaqo yangi huquqiy davrni boshlab bermoqda. Endilikda sohada ilg‘or xorijiy tajriba asosida 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish rejalashtirilyapti. Bu o‘zgarishlar ma’muriy sudlovning nafaqat shaklini, balki mazmun-mohiyatini yangi pog‘onaga ko‘taradi.
Ma’muriy sudlovni isloh qilish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan ma’qullangan yangi qadamlar inson qadri va mulk daxlsizligini ta’minlashda tarixiy ahamiyatga ega. Bu islohotlar davlat apparatini yanada ochiq, qonunga itoatkor va fuqaroga hurmat bilan qarashga o‘rgatadi. Eng muhimi, odil sudlov endilikda fuqaro va tadbirkorning muammosi ketidan quvib yuruvchi emas, balki ularning qonuniy huquqlarini oldindan himoya qiluvchi chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylanadi.
ENERGETIKA STRATEGIYASI
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari hamda sohadagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini tubdan takomillashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdimot mamlakatimizning yaqin va uzoq muddatli energetiklari iqtisodiy strategiyasini ochib berdi. Taqdimotda ilgari surilgan g‘oyalar va raqamlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston endilikda energetikada kunlik muammolarni hal qilish bosqichidan o‘tib, talabdan oldinda yuruvchi, yuqori texnologik va bozor tamoyillariga asoslangan strategik rejalashtirishga to‘liq o‘tmoqda. 2030-yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 300 milliard dollarga yetishi, aholi soni esa 41 milliondan ortishi kutilmoqda.
TARAQQIYOT CHORRAHASIDA
Ayonki, Andijon mamlakatimizdagi hududi eng kichik, aholisi esa eng zich viloyat hisoblanadi. Viloyat respublika hududining 1 foizini, aholisi esa qariyb 10 foizini tashkil qiladi. Shuning uchun ham Andijonda yerning har qarichidan oqilona foydalanish talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga qilgan tashrifi hudud iqtisodiyotida chinakam sanoat, investitsiya, innovatsiya va infratuzilmaviy inqilob davrini boshlab berdi. Yangilangan xalqaro aeroportdan tortib, sun’iy intellekt bilan jihozlangan to‘qimachilik korxonalari, mikrogidroelektr stansiyalari, ishlab chiqarish, sun’iy intellekt markazlari va infratuzilmaviy mega-loyihalar Andijonning nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki butun mamlakat miqyosidagi strategik ahamiyatini yangi bosqichga ko‘tardi.
Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifi doirasida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ham ishtirok etdi. Marosimda umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar bo‘lgan 206 ta loyiha qamrab olindi. Shundan 2 milliard 50 million dollarlik 98 ta loyiha ishga tushirildi, 7 milliard 350 million dollarlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlandi.
Tashrif yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Eng assosiysi, tashrif davomida qabul qilingan qarorlar, amalga oshirilgan va start berilgan mega-loyihalar viloyatni sanoat, yuqori texnologiyalar, “yashil” energetika va logistika sohasida Markaziy Osiyoning eng ilg‘or va jozibador hududlaridan biriga aylantirishi shubhasiz.
GLOBAL DIPLOMATIYA
Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasidagi yuqori darajali haftalik o‘z ishini davom ettirmoqda. Dunyoning diqqat markazida bo‘lib turgan mazkur global anjuman xalqaro munosabatlar tizimidagi eng nozik va murakkab jarayonlarni muhokama qilish, dunyo kelajagini belgilovchi muhim qarorlar qabul qilish uchun asosiy minbar hisoblanadi.
22-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barqaror rivojlantirish maqsadlari, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish hamda Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. BMT rahbariyati O‘zbekistonning mintaqaviy integratsiyani kuchaytirish, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va gumanitar vaziyatni yaxshilash borasidagi tashabbuslarini doimiy ravishda yuqori baholab kelishi bugungi kunda O‘zbekiston – BMT munosabatlari naqadar ishonchli va strategik tus olganini ko‘rsatadi. O‘zbekistonning bunday nufuzli global jarayonlarda faol qatnashishi, mamlakatimizning tashqi siyosatdagi ochiqlik, konstruktiv hamkorlik va tinchliksevarlik tamoyillariga sodiqligining yana bir yorqin isbotidir.
23-sentyabr kuni Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlab, O‘zbekistonning tinchlik va xalqaro huquq bo‘yicha pozitsiyasini bayon qildi. U mamlakatning BMT Xavfsizlik kengashiga nomzodi, Qo‘shilmaslik harakatiga raisligi, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va global muammolar bo‘yicha tashabbuslarini ma’lum qildi. Shuningdek, Administratsiya rahbari xalqaro siyosiy vaziyatga baho berarkan: “Bizga faqat qaror qabul qiladigan emas, qarorlarni amalga oshirishga qodir BMT kerak. Bizga har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak”, – deb ta’kidladi.
* * *
Ushbu hafta voqealari va Davlat rahbari ilgari surgan tashabbuslar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim bir falsafasini ochib beradi. Rivojlanish faqat bugungi kun muammolarini hal etish emas, balki o‘n yillardan keyingi avlod farovonligini kafolatlovchi mustahkam poydevor qurishdir. Xonoboddan Elobodgacha amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar mamlakatimizning milliy mustaqilligi va global raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Iqbol MIRZO
“Jadid” gazetasining 2026-yil 25-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



