Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.10.2026 | 15:21

img737

TOSHGA MUHRLANGAN TARIX

Jahon sivilizatsiyasi tarixida har bir buyuk madaniyat o‘zining siyosiy, falsafiy va madaniy mustaqilligini muayyan fundamental matnlar orqali insoniyat xotirasiga muhrlagan. Qadimgi Mesopotamiya uchun “Hammurapi qonunlari”, Misr ehromlaridagi “Iyeroglifik matnlar” qanchalik ulug‘vor poydevor bo‘lsa, Markaziy Osiyo geosiyosiy makonida gurkiragan turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek ulusi uchun O‘rxun obidalari ayni shunday umumsivilizatsion qimmatga egadir.

Ana shunday buyuk yodgorliklardan biri milodiy 759-yili Ikkinchi Turk xoqonligi va Uyg‘ur xoqonligi davrining o‘tish bosqichiga oid deb qaraluvchi Mo‘yunchur bitiktoshidir. Ushbu qutlug‘ toshning 21 satridagi birgina jumla bugun bizning milliy g‘ururimizni osmon qadar yuksaltirib, tariximizning yangi qirralarini ochadi: “Biɳ yïllïq, tuman künlik bitigimin, belgümün anta yasï tašqa yaratïtdïm (Ming yillik, tuman [o‘n ming] kunlik bitigimni, belgimni o‘sha yerda yassi toshga yozdirdim)”.

Uzoq yillar davomida ushbu yodgorlik faqatgina harbiy yurishlar va siyosiy voqealar xronikasi sifatida o‘rganib kelindi. Vaholanki, mazkur satrda aks etgan konseptual qarash shunchaki hukmdorning maqtov bayoni emas, balki turkiy dunyoning aqliy yuksalishini, qonunchilik an’anasining zaminini tasdiqlovchi eng muhim madaniy-huquqiy hujjatdir. Mazkur ulug‘vor qaydlar ortida elimiz davlatchiligi va madaniyatining mustahkam asoslari yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Matnda biɳ yïllïq (ming yillik) birligining dadil qo‘llanishi o‘sha davr jamiyatida yozuv madaniyatining paydo bo‘lganiga VIII asrgacha ham kamida ming yil to‘lganligi haqidagi tarixiy xotirani tasdiqlaydi. Bu esa turkiy qavmlar toshlarni tilga kiritishdan avval ham juda uzoq va tizimli yozuv yaratuvchilik yo‘lini bosib o‘tganining dalillangan isbotidir. Bizning yozuvimiz toshga tasodifan o‘yilgan belgilar emas, balki asrlar sinovidan o‘tib, sayqal topgan teran madaniy tafakkur mevasidir.

Bitiktoshlarga ulug‘vor matnlarni siyosiy mafkura darajasida o‘yib yozish uchun jamiyatda yuksak savodxonlik va mukammal ta’lim tizimi mavjud bo‘lishi shart edi. Oddiy jamiyat yoki savodsiz ulus bu qadar yuksak aniqlik va teran mushohada bilan fikrlay olmas edi. Qadimgi bitikchilar shunchaki oddiy kotiblar emas, balki davlatning mafkuraviy dasturini tuzuvchi yuksak aqliy salohiyat egalari – bilim kishilari bo‘lgan. Ularning merosi butun boshli xoqonlik yuksak savodxonlik muhitida yashaganidan dalolat beradi. Ulkan geosiyosiy makonda yashagan turli qavm va urug‘larning bu bitiklarni birdek o‘qib, birdek tushunishi zamirida markazlashgan yagona adabiy til – turkiy standart til ustuvor bo‘lgani yotadi. Bu vaqt sinovidan o‘tgan, sayqallashgan, imlo va adabiy me’yorlari qat’iy shakllangan davlat tilining kuchi edi. Tilimiz bundan 1300 yil avval ham ulkan imperiya hududida yashovchi xalqlarni birlashtira olgan tugal muloqot vositasi bo‘lgan.

Hayratlanarlisi, bitta jumla tarkibida kelgan bitig va belgü so‘zlari shunchaki lug‘aviy birlik emas, balki yaqqol huquqiy tushunchalardir. Qadimgi turkiy tilda biti fe’lidan yasalgan bitig so‘zi ilk ma’noda matn yoki kitobni anglatgan. Turk xoqonligi davriga kelib u oddiy kitob maqomidan davlatning huquqiy asosi, xoqonlikning qonunlari, hujjat anglami darajasiga ko‘tarilgan. Bitik huquqiy kuchga, ya’ni davlat nizomiga aylangan. Bu o‘sish belgü (belgi, nishon, tamg‘a) so‘zining qurshovida yanada qat’iylashadi. Ularning juftlikda, bir qurshovda bitigimin-belgümün kelishi siyosiy-huquqiy tus olib, toshga yozilgan matn shunchaki xotira emas, balki xoqonlik hokimiyatining qutlug‘ va o‘zgarmas ramzi – qonun ustuvorligi ekanini anglatadi. Xoqon o‘z davlatini faqat qurol kuchi bilan emas, balki toshga tamg‘alangan hujjat bilan boshqargan. Matnni jamiyatga yetkazuvchi axborot tashuvchisi sifatida yasï taš belgilangan. Bu esa o‘z davrining eng mukammal, o‘zgarmas va manguga muhrlangan o‘chmas arxiv tizimi edi.

O‘z vaqtida ayrim rus turkshunoslari “ming yil va tuman kun” qolip birligini turkiy xalqlar qo‘shni ellardan o‘zlashtirgan, degan fikrni ilgari surgan edi. Biroq manbalarning chuqur tahlili ushbu qolip ifoda sof turkiy tafakkur mahsuli ekanini ko‘rsatadi. VIII asrdayoq xoqonlar davlat nizomini biɳ yïllïq, tuman künlik deya toshga o‘ydirgan edi. Bu ibora vaqt o‘lchovi birligi o‘laroq, davlatchilik ildizlari va qonunlarining mangu va barqarorligi ishorasi, ya’ni siyosiy metaforasi bo‘lgan.

Bu siyosiy-huquqiy formulyar vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketmadi. Aksincha, u rasmiy-huquqiy uslubga kengroq o‘rnashib, keyingi XIII-XIV yuzyilliklardagi notarial bitimlarning ham bosh formulyariga aylandi. Xizmatkorlar, yer yoki bog‘, uzumzorlarning oldi-sotdisiga oid vasiqalarda mulkdorning umrbod va mutlaq egalik huquqi aynan shu qolip bilan kafolatlandi. Hujjatlarda “mıŋ yïl tümän küngä tägi Qutluğ Temür erklig bolsun” (ming yil tuman kunga qadar Qutlug‘ Temur ega bo‘lsin) ko‘rinishidagi huquqiy qolipli ifoda shakllari keng tarqalganini bizga qadar yetib kelgan yuzlab hujjatlar misolida ko‘rish mumkin. VIII asrda davlat boshqaruvi va mafkurasi darajasida qo‘llangan “ming yil tuman kun” ifoda qolipi keyingi asrlarda turkiy rasmiy uslubning huquqiy poydevoriga aylanib, fuqarolik hujjatlarida mulkchilik va egalik huquqini kafolatlovchi qat’iy me’yor vazifasini bajargan.

Mo‘yunchur bitiktoshidagi ushbu satrlar turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek xalqi jahon madaniyati maydoniga kecha yoki bugun chiqmagani, balki o‘z yozuvi, kitobat an’anasi, qonunchiligi va yuksak madaniyati bilan insoniyat sivilizatsiyasiga ming yillar davomida poydevor qo‘yib kelganini anglatuvchi bosh dalildir. VIII asrda toshga o‘ydirilgan va asrlar osha yashab qolgan ushbu ulug‘vor ifoda ajdodlarimizning huquqiy tafakkuri naqadar yuksak bo‘lganini isbotlaydi. Bitiktoshdagi satrlar turkiy qavmlarning jahon madaniyati sahnasidagi munosib mavqeyini hujjatlashtirgan eng yuqori sivilizatsion meros sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman, ajdodlarimiz bu o‘chmas jumla orqali o‘z yozuvi va madaniy merosini asrlar emas, mingyilliklar osha yaratganini anglatgan holda, uni kelajak avlodlarga omonat qoldirganidan dalolat beradi.

Qudratulla OMONOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari doktori

“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604