13.10.2026 | 09:21
1571
ILM VA EL XIZMATIDA
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi, Xalqaro oliy ta’lim akademiyasi akademigi, Belorussiya Milliy fanlar akademiyasining Mexanika va polimer tizimlar instituti Faxriy fan doktori, texnika fanlari doktori, professor Negmatov Soyibjon Sodiqovich 1941-yil 16-aprelda Andijon shahrida ziyolilar oilasida tavallud topdi.

Butun hayoti ilm-fan bilan chambarchas bog‘liq kechgan yirik olim mamlakatimizda kompozitsion materiallar, mexanokimyo va polimer kompozitlar sohasida mustaqil ilmiy maktab yarata olgan kam sonli mutafakkir ustozlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Uning faoliyati va xos maktabi xalqaro ilmiy doiralarda ham tan olingan.
Tolibi fununning ilmiy jihatdan shakllanishida, albatta, o‘sha davrning yirik olimlari va muhiti katta ahamiyat kasb etdi. Doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlagan yillar Negmatov hayotida alohida bosqich bo‘ldi. Moskvadagi SSSR Fanlar akademiyasi qoshida akademik Semyonov nomidagi Kimyoviy fizika institutida akademik N.S.Yenikolopov ilmiy rahbarligi va B.A.Shipilevskiy, S.S.Berlin, V.A.Beliy kabi mashhur olimlar bilan uzviy hamkorlikda olib borilgan izlanishlar ortida zahmatli mehnat, o‘ziga o‘ta talabchanlik turardi. Olimlik faoliyati va ilmiy fikrlash uslubi shakllanishida akademiklar M.Urazbayev, X.Usmonov, M.Asqarovlarning ta’siri benihoya kuchli bo‘lgan.
Uning ilmiy faoliyatida nazariya va amaliyot doimo uyg‘un bo‘lib kelgan. Ilmni hayotdan ajratmagan olim nazarida har bir g‘oya amalda ishlashi, mamlakat iqtisodiyoti va sanoatiga foyda keltirishi lozim edi. Shu sabab, uning rahbarligida yaratilgan texnologiyalar tog‘-kon metallurgiyasi, neft-gaz, mashinasozlik, qurilish va kimyo sanoatida keng qo‘llanilyapti.
Ayniqsa, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida joriy qilingan mis ishlab chiqarishning chiqindisiz texnologiyasi kombinatga yiliga qo‘shimcha 792,58 t mis, 43,39 kg oltin va 10,915 t kumush ishlab chiqarish hisobiga 20,1 mln AQSH dollari miqdorida iqtisodiy samara bermoqda.
Shu bilan birga, akademik S.S.Negmatov va uning shogirdlari ma’danlardan metallarni flotatsiya qilib ajratib olish uchun mahalliy xomashyolardan yangi, arzon kimyoviy vosita (flotoreagent) yaratishdi. Bu mahsulot chet eldan olib kelinadigan qimmatbaho “T-92” vositasining o‘rnini bosa oladi va undan 1,5–2 baravar arzonroqqa tushadi. Yangi vositani ishlab chiqarish uchun Toshkentda yiliga 2500–3000 tonna mahsulot tayyorlaydigan kichik zavod ishga tushirildi va mahsulot “Olmaliq KMK” kombinatidagi sinovlardan juda yaxshi o‘tdi. Neft-gaz sanoatida import o‘rnini bosuvchi reagentlar, kompozitsion materiallar va yangi texnologik yechimlar yaratilishi S.Negmatov rahbarligidagi ilmiy jamoaning yirik yutuqlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Haqiqiy olim ilmiy natija qoldirish barobarida, fikrlay oladigan, izlanuvchan va tadqiqotni davom ettiradigan kuchli avlodni ham tarbiyalaydi.
Soyibjon Negmatov faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri ham u yaratgan ilmiy maktabdir. Uning rahbarligida yigirma yetti nafar fan doktori va qariyb to‘qson nafar fan nomzodi tayyorlangan. Biroq bu yerda gap faqat raqamlarda emas. Eng muhimi, u yaratgan ilmiy maktabning natijadorligi va barqarorligidadir.
Akademik Negmatov yigirma sakkizta monografiya, sakkiz yuzdan ortiq ilmiy maqola, saksondan ziyod ixtiro va patentlarning muallifi hisoblanadi. Uning ilmiy ishlari dunyoning turli mamlakatlaridagi xalqaro kongress, simpozium va konferensiyalarda taqdim etilgan.
Bugungi kunda ham ilmiy faoliyatini to‘xtatmagan, hamisha izlanishda bo‘lgan akademik S.Negmatov o‘zi asos solgan “Fan va taraqqiyot” davlat muassasasiga 1990-yillardan buyon rahbarlik qilib kelyapti. Prezidentimizning ilm-fanni rivojlantirish, yurtimizni ilg‘or mamlakatlar qatoriga qo‘shishga qaratilgan Farmon va Qarorlari ijrosini ta’minlash borasida ilm-fan taraqqiyoti, yosh kadrlar tarbiyasi va yangi ilmiy yo‘nalishlar haqida o‘ylashdan to‘xtamagan ustozimiz ham yurt ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelyapti.
Ilm ahli, shogirdlar va oila ardog‘idagi zabardast olim-murabbiy, bag‘rikeng va oliyjanob inson, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Soyibjon Sodiqovich Negmatovning butun faoliyati tom ma’nodagi fidoyilikning yorqin namunasidir.
Baxtiyor OMONOV,
siyosiy fanlar doktori, professor,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-oktyabrdagi 41-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
33
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
119
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
311



