Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.09.2025 | 12:47

img568

ILM TOGʻINING UCH CHO‘QQISI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23-avgustda imzolagan “O‘zbekistonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum olim va ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni xalqimiz tomonidan ko‘zda yosh, qalbda quvonch bilan kutib olindi. Taqdirlanganlar ro‘yxatini o‘qir ekanmiz, zodagoniy iftixor tuyamiz. Bu ezgu ishning mohiyatini odamlarga yetkazish biz – ziyolilarning vazifamizdir. Shu ma’noda, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan, keng jamoatchilikka nisbatan notanish bo‘lgan uch olim haqida yozmoqchiman.

XX asrdayoq sun’iy intellekt ustida ishlagan olim

Vosil Qobulov jahonga mashhur matematik olim. U XX asrning 2-yarmidayoq O‘zbekistonda kibernetika, sun’iy intellekt, informatsion va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy va amaliy ishlarni tizimli ravishda olib borgan.

Olim mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli Matematika institutining hisoblash texnikasi bo‘limi mudiri, Mexanika instituti va hisoblash markazi direktori, Kibernetika instituti direktori, “Kibernetika” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori vazifalarida ishlagan. Ilmiy faoliyatdan bir lahza bo‘lsin, uzoqlashmagan. Aksincha, nazariyani amaliyotga joriy etish asnosida fizika-matematika fanlari doktori (1961), professor (1964), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1966) kabi ilmiy daraja va unvonlarga erishgan.

Vosil Qobulovning sa’y-harakatlari bilan mamlakatimizga zamonaviy elektron hisoblash mashinalari keltirildi, oliy o‘quv yurtlarida kibernetika, hisoblash texnikasi, informatsion va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan kafedra va fakultetlar tashkil etildi. E’tiborlisi, akademik Qobulovning bevosita rahbarligida 1976-yili Toshkentda sobiq Ittifoqda yagona bo‘lgan “Kibernetika” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi ochildi.

Olimning “Hujayra kibernetikasi. Nanotexnologiyalar”, “Raqamli avtomatlar algoritmlari”, “Aql moʻjizasi”, “Kibernetika va biosfera” kabi kitoblari mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan e’tirof etilgan.

Ilm-fan sohasidagi yuksak xizmatlari uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

Zamonaviy sun’iy intellekt taraqqiyotida Vosil Qobulovning salmoqli ulushi borligi vatandosh sifatida bizga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi. Yurtimizda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishda olimning boy merosiga suyanish va undan unumli foydalanish zarur.

Mintaqamiz transplantOLOgiyasining FAXRI

O‘ktam Oripov – taniqli o‘zbek shifokori hamda olimi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. Uning nomi Markaziy Osiyoda ilk bor buyrak transplantatsiyasini amalga oshirgan jarroh sifatida tarixga muhrlangan.

Akademik Oripov umrining katta qismini tibbiyot sohasidagi mas’ul lavozimlarda o‘tkazgan bo‘lsa ham, tibbiyot fanidan, amaliy faoliyatdan, sohadagi yangiliklardan chetda turgani yo‘q. Kasbiga muhabbati, kuchli irodasi va benazir ilmiy salohiyati bilan O‘zbekistonda tibbiyot, xususan, transplantologiya rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas.

Olim 1971-yilda a’zo va to‘qimalar ko‘chirib o‘tkazishda to‘qima nomutanosibligining bardoshliligini o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muammolari laboratoriyasini tashkil etdi. Bu yerda jahon amaliyotida birinchi marta eshakning antilimfositar achitqi va globulini ajratib olindi hamda ular buyrak transplantatsiyasida muvaffaqiyatli qo‘llanildi. Shuningdek, II guruh qandli diabet kasallari orasida keng qo‘llaniladigan qorako‘l qo‘ylarning oshqozonosti bezi beta-hujayralarini ko‘chirib o‘tkazishning innovatsion usuli ishlab chiqildi.

1972-yil 14-sentyabr kuni O‘ktam Oripov rahbarligida Toshkent shahrida ilk bor buyrak transplantatsiyasiga oid jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu voqea milliy tibbiyotimizda inqilob sifatida qabul qilingan. Bungacha a’zolar ko‘chirib o‘tkazish sobiq Ittifoqning sanoqli yirik shaharlaridagina joriy etilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo tibbiyotida hali bunday sharafli va mas’uliyatli tajribaga qo‘l urilmagan edi. Ushbu jarrohlik amaliyotidan so‘ng O‘zbekistonning tibbiyot sohasidagi ilg‘orligi xalqaro ilmiy konferensiyalarda ham e’tirof etildi.

53 yil muqaddam qo‘yilgan ilk qadam keyingilariga yo‘l ochdi. Mamlakatimiz va mintaqamizda transplantologiya tarmog‘iga e’tibor kuchaytirildi. Bugungi kunda minglab yurtdoshlarimiz murakkab jarrohlik amaliyoti uchun chet elga chiqish, minglab dollar sarf etish mashaqqatidan xalos bo‘lib, yurtimizda davolanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bularning barchasi bevosita O‘ktam Oripovich nomi bilan bog‘liqdir.

Ilmiy rahbar sifatida uning qo‘l ostida 26 ta doktorlik va 65 ta nomzodlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilingan. O‘zining ham sohaga oid 500 ta ilmiy maqolasi chop etilgan bo‘lib, uchta darslik va 16 ta monografiya yaratgan. 1983-yilda Beruniy nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Agar O‘ktam Oripovga bugungi asrimizdagi ilf-fan yutuqlari mahsulini ko‘rish va ulardan foydalana olish nasib etganida edi, O‘zbekiston transplantologiya bo‘yicha Hindiston, Turkiya kabi lokomotiv davlatlardan o‘zib ketardi, deb o‘ylayman.

Shu ma’noda, buyuk akademikning ilmiy maktabini davom ettirish, faoliyatini chuqur o‘rganish yo‘lida marhum xotirasiga hurmat ko‘rsatilgani ayni muddao bo‘ldi.

Milliy geologiyamiz jadidi

Akademik, O‘zbekistonda va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, geolog Ibrohim Hamraboyev 32 yil O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya va geofizika instituti direktori bo‘lib ishlagan. Ilmiy ishlari asosan Markaziy Osiyo magmatizmi, ayrim majmuali formatsiyalarning geokimyoviy va metallogenik xossalariga bag‘ishlangan. 50-yillarda Markaziy Osiyoda oltin bilan margimushning uzviy paragenezisini aniqlagan. Shu asosda yangi oltin konlari – Chormiton, Muruntov, Tom-ditov va boshqalar topilgan. Oltinli ruda konlari hosil bo‘lishida Yer ichki tuzilishining ahamiyati haqidagi g‘oyani rivojlantirgan va O‘zbekistonda oltin va boshqa muhim rudalarni qazib chiqarish sanoatini rivojlantirish bilan shug‘ullangan. Ilk bor Gʻarbiy O‘zbekistonning metallogenik xaritasini tuzgan.

Olim xalqaro geologik kongresslar qatnashchisi bo‘lgan. Geologiya sohasidagi nazariy va amaliy ishlari ko‘lami, sohadagi novatorlik harakatlari jahon ilmiy doiralari hamda yurtimiz olimlari tomonidan bir ovozdan tan olingan.

Olimning pok nomini abadiylashtirish va porloq xotirasiga hurmat ko‘rsatish maqsadida yangi topilgan mineral Ibrohim Hamraboyev sharafiga “hamroboyevit” deb qo‘yilgan. Hamroboyevit – titanning V va Gʻe aralashmasi bilan birgalikdagi tabiiy karbidi. 1984-yilda topilgan. Arashon tog‘laridagi bazaltli porfirlar va Zarafshon tizmasidagi kvarslangan granitoidlar tarkibida uchraydi.

* * *

Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, uch buyuk olim davlatimizning yuksak mukofotlariga bejiz loyiq ko‘rilmagan. Ularning xotirasini ulug‘lash zamirida aniq fanlar, sun’iy intellekt, tibbiyot, geologiya tarmoqlariga berilayotgan katta e’tibor ifodasini ham ko‘rishimiz mumkin.

Mansur MUSAYEV,
siyosiy fanlar doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 36-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599