Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.10.2026 | 13:55

img648

BIR BUYUK AHD

“Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa, “ih” deydigan yigit emasman…”

Bu – o‘zbek romanchiligi asoschisi, to‘g‘ri so‘zning to‘qmog‘ini yegan, haq so‘zni aytib qalbi yaralangan, “to‘g‘rilik orqasida” jar yoqasiga borgan Abdulla Qodiriyning so‘zi edi.

Ma’lumki, jadidlarning maqsadi ilm-ma’rifat orqali millat ruhini uyg‘otish, xalqning bo‘ynidagi qullik zanjirini yechish va ularning haq-huquqini tanitish edi. Bu yo‘lda ular turli usullardan foydalanar, yangi maktablar, gazeta-jurnallar, teatrlar tashkil etib, yuraklarga tezroq kirib borish va mudroq qalblarni uyg‘otish maqsadida fidoyilik ko‘rsatar edi. Birgina Abdulla Qodiriy misolida oladigan bo‘lsak, “Tarjimayi hol”ida kamtarinlik bilan “Men tartiblik maktab ko‘rmagan nodon bir yigit edim”, deya qayd etadi. Aslida, u 9-10 yoshlarida maktabga chiqqan, keyinchalik rus-tuzem maktabida saboq olgan, Navoiy va Mashrabni, “Yusuf va Zulayho”, “Huriliqo”, “Chor darvesh”, “Qissatul anbiyo”, “Kalila va Dimna”, “Iskandarnoma”, “Rustami doston”ni o‘qigan, Yoqub Qodiriy, Folih Rafiqiy, Ravshan  Ashraf, Yahyo Kamol, Jo‘rji Zaydon, Dante, Gyote, Shiller, Servantes, Chexov, Lev Tolstoy, Gogol kabi yozuvchilar ijodini ko‘p tahlil qilgan, turk, eron, arab tilini yaxshi bilgan barkamol inson edi. Ana shunday salohiyatli, davr talablarini to‘la o‘zlashtirgan Abdulla Qodiriyning ijodiy kamoloti so‘zda va ifodada rostgo‘yligi, millat dardida qayg‘urishi edi.

U 20 yoshida yozgan, “Sadoyi Turkiston” gazetasining 1914-yil 1-aprel sonida e’lon qilingan “Yangi masjid va maktab” nomli ilk maqolasidan boshlab, barcha asarlarida haq so‘zni aytishni o‘zining burchi deb bildi. Oradan ko‘p o‘tmay, “Millatimga”, “Ahvolimiz” kabi otashin she’rlari, “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi bilan tilga tushgan yozuvchi, Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” kitobida ta’kidlanganidek, “Yozganing agar o‘zingni yig‘latmasa-kuldirmasa, o‘zgani hech yig‘latmas-kuldirmas…” tamoyilini ishlab chiqqan va unga to‘la amal qilgan.

Fitrat “Adabiyot qoidalari” risolasida “Bukun Elbek, Cho‘lpon, Botu, Qodiriy, Sh.Sulaymon kabi o‘zbek adib-shoirlari bor. Bularning “ifoda”lari, albatta, o‘zbekchadir”, deydi. Abdulla Qodiriyning adabiy talablari nihoyatda baland edi. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1935-yil 14-mart sonida o‘z ijodi to‘g‘risida yozar ekan, jumladan, shunday deydi: “Men bir asar yozishdan avval shu yozmoqchi bo‘lgan narsam haqidag‘i materiallarni puxta o‘rganib chiqaman. Men biror joy to‘g‘risida yozmoqchi bo‘lsam, o‘sha joyni avval necha martaba ko‘rgan esamda, yana borib tekshirib o‘rganib kelaman”.

Adib “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, “Obid ketmon” qissasini yozishda ham o‘z an’anasiga sodiq qolgan. “O‘tkan kunlar”ni yozishda necha bor Farg‘onaga borgan, Marg‘ilon ko‘chalarida kezgan bo‘lsa, “Mehrobdan chayon”ga material to‘plash jarayonida necha bor Qo‘qonga borgani, xon o‘rdasini ko‘zdan kechirib, eshiklar tepasi, peshtoqlardagi yozuvlarni daftarga ko‘chirib olgani haqida ma’lumotlar bor. “Qizil O‘zbekiston” gazetasining 1935-yil 14-martdagi 60-sonida berilgan xabarga ko‘ra, yozuvchi “Obid ketmon” qissasini yozish maqsadida 1932-1933-yil yoz oylarida Toshkent viloyatining Ko‘kterak qishlog‘i va uning tevaragida, Mirzacho‘l, Alimkent kolxozlarida dalalarni kezib, qo‘llarida ketmon, paxta chopiqlarida qatnashib, bobodehqonlar bilan suhbatlashgan. Qodiriy bu haqda “men kolxozlarda yurganimda haqiqatan ham Obid ketmonning ba’zi xususiyatlariga ega bo‘lgan tipni ko‘rdim”, deydi.

Mashhur adib Ernest Xemingueyning “Kishi buyuk yozuvchi bo‘lishi uchun iste’dod, bilimdan tashqari, baxtsiz bolalik davrini boshdan kechirgan bo‘lishi kerak”, degan gapi bor. Bunday taqdir Qodiriyni ham chetlab o‘tmagan. O‘zi ham “boshimdan kechirganlarim mening yozuvchi bo‘lishimda kattagina rol o‘ynagan”, deb yozgan. Tag‘in u murakkab bir davrda yashadiki, ijodkorlarning har bir so‘zi to‘qmoq bo‘lib qaytib, o‘zining boshiga ham urilar edi. Garchi adib buni bilsa-da, lafzidan og‘ishmay yashadi.

Abdulla Qodiriy eskicha odatlarni, davr illatlarini yaxshi bilar va bunga jim qarab tura olmasdi. Dastlab ularni “Uloqda” hikoyasi orqali ifodaladi va Oybek ta’biri bilan aytganda, ijodda “turmushni badiiy ko‘rsatish” mahoratini namoyon eta boshladi. Keyinchalik qator publitsistik maqolalar bilan birga “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” asarlari e’lon qilindi. Ularda sovetlar davrida xalqni diniy qadriyatlardan mahrum etish jarayoni kechayotgani ro‘yirost qalamga olinadi. Shuningdek, turli adolatsizliklarga chidab turolmagan yozuvchi “Mushtum” jurnalining 1926-yil 25-fevral sonida “Ovsar” taxallusi bilan “Yig‘indi gaplar” maqolasini e’lon qiladi. Shu bilan Abdulla Qodiriy boshi uzra qora bulutlar suza boshlaydi. Muallif o‘z boshiga balo keltirgan “Yig‘indi gaplar”da: “…mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, muharrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarg‘a jabr-u zulm, domlalarg‘a din va salla, “Mushtum” yozg‘uchilarig‘a faqat shaxslarning yoqasiga yopisha berishlik va boshqa mavzular to‘g‘risida o‘ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘pdur”, deydi.

Abdulla Qodiriy nohaqmidi? Afsuski, davr bunday haq so‘zni ko‘tarolmasdi. Oqibatda to‘g‘ri so‘zning to‘qmog‘i o‘z boshiga kelib urildi. Adabiyotshunos Umarali Normatovning yozishicha, “tergov hujjatlarini kuzatganda bir narsa ayon bo‘ladi. Huquq-adliya xodimlari Qodiriyni hibsga olgan daqiqalardan boshlab to sud hukmi chiqarilgunga qadar adolat yo‘lidan borib haqiqatni aniqlashga emas, har bir bob bilan adibga qo‘yilgan ayblarni tasdiqlashga, hatto jinoiy ishni chuqurlashtirishga harakat qilganlar”.

“Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa, “ih” deydigan yigit emasman…” Qodiriy ana shunday so‘zi bilan amali bir, haqiqat, ozodlik, adolat yo‘lida mardona kurashgan shaxs, yoniq ijodkor edi. Haq yo‘lida u hech narsadan tap tortmasdi. Hatto uch oydan ortiqroq qamoqda yotgan kezlarida, tergov, har xil tazyiqlar paytida ham o‘z sha’nini, qarashlarini mahkam himoya qilgan, bunday alolatsizlikka norozilik sifatida ochlik e’lon qilgan edi. Adibning “Suddagi nutq”idan o‘rin olgan “garchi men turli bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar bilan ham anglashilmovchiliklar orqasida ikkinchi oqlanmaydurgon bo‘lib, qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qorako‘zlarning ko‘ngli uchun bo‘lsa ham menga eng oliy bo‘lg‘on jazoni bera ko‘ringiz. Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmog‘on sodda, go‘l, vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir!” degan so‘zlari nafaqat Abdulla Qodiriy, balki “boshini zo‘r ishga berib qo‘ygan” jadidlar tilidan aytilgan muqaddas so‘z, buyuk bir ahd edi.

Xoliyor SAFAROV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605