09.06.2026 | 10:39
1201
BUYUK XIZMATLAR UNUTILMAYDI!
Bugungi kunda inson qadrini ulug‘lash, ajdodlar xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatish davlat siyosati darajasida hayotga tatbiq etilayotgani barchani birday quvontirmoqda. Yaqinda o‘zining yorqin iste’dodi, ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati bilan kelajak avlodlar uchun bebaho meros qoldirgan, Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimizning ma’rifiy-badiiy tafakkuri va intellektual salohiyatini yuksaltirish, yurtimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlar davlatimizning yuksak ordenlari bilan mukofotlandi. Prezident farmonidagi ro‘yxatni birma-bir o‘qir ekansiz, quvonch va hayajon butun borlig‘ingizni qamrab oladi. Zero, ro‘yxatda nomlari zikr etilgan har bir ijodkorning betakror va umrboqiy san’ati siz-u biz uchun birday aziz, birday qadrdondir.

“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan
Odil YOQUBOV
O‘smirlik paytim “Billur qandillar” asarini o‘qib, voqea bayonigina yaxshi ekan, deb xom xulosa qilganimni unuta olmayman. Chunki buvimning dashnomidan keyingi ikkinchi o‘qishda asarning mohiyati va asar muallifining maqsadini uqqan edim.
O‘smir qalbim “Muqaddas” qissasining mutolaasidan keyin yana o‘sha tuyg‘u bilan ro‘baro‘ kelgan. Bayon usulining ravonligi kitobxonni o‘ziga jalb etar ekan, asarda asta-sekin, biroq dadillik bilan jamiyatda ko‘zga tashlanavermaydigan, shu bilan birga, taraqqiyot uchun katta to‘siq bo‘ladigan poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik tanqidiy tahlil qilib boriladi.
Bu dadillikni oliy minbardan turib so‘zlangan tarixiy nutqda ham ko‘rish mumkin. Notiq o‘n to‘rt respublika xalq noiblari qarshisida O‘zbekiston xalqining haq-huquqlarini himoya qilib so‘z olgan, o‘z xalqini himoya qila olgan adib o‘z asarini ham munosib himoya qila olgan edi.
O‘sha tuzum g‘oyasining soyasi va chizig‘idan chiqmaslikka urinib qo‘liga qalam olganlarning jild-jild kitobi chop etilganida, Odil Yoqubov badiiy kengashda “Ulug‘bek xazinasi” qo‘lyozmasini mardonavor himoya qiladi. Bugungi kunda minglab kitobxonlar uchun juda yaxshi tanish bo‘lgan roman dunyo yuzini ko‘rgunicha, muallifi ko‘p malomat toshlariga ko‘ksini qalqon qilishiga to‘g‘ri kelganiga tarix ham, yozuvchining zamondoshlari ham guvoh.
Adibning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan davri esa alohida kitob bo‘lgulik ijodiy faoliyat.
Bir odamda shuncha iste’dod va fazilat qayerdan, desam, toza vijdon va “Tilda, fikrda, ishda birlik”da ekan. Buni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “Yozuvchi” hikoyasidan o‘qib, teranroq anglaydi, kishi: “Odil Yoqubov “qahramon”ga aylangan chog‘da men ich-ichimda buyuk qanoatni tuyaman va maqtangim keladi: “Yozuvchilar borki, durust yozadilar. Ammo shaxs sifatida… gaplashging kelmaydi. Ular siz-u bizga do‘st ham bo‘lolmaydilar. Chunki odamga “material” deb qarashadi, o‘zlari bilmagan holda… Ha, Shaxs – Yozuvchilar kam bo‘lar ekan: xayriyat, bittasi yonimizda…”
Zaynab SADRIYEVA
Zaynab Sadriyeva – xalqchil san’atkor. “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektakli 800 marta sahna yuzini ko‘rgan. Shu 800 ta chiqishda yetti o‘g‘ilning ham, yetti kelinning ham obrazini yaratuvchi aktyorlarning dublyorlari bo‘lgan. Ammo Farmonbibini 800 martada ham aktirisaning o‘zi ijro etgan, dublyori bo‘lmagan. Bu nafaqat o‘zbek, balki dunyo teatri tarixida ham kam uchraydigan holatdir.
Qolaversa, 1950-yillarda Maqsud Shayxzoda qatag‘on qilinib, uning tarjimasidagi spektakl repetitsiyalari to‘xtatilganida va pyesani boshqa tarjimon o‘zbekchalashtirishi aytilganida, teatr jamoasidan faqat Maryam Yoqubova mafkura idoralari korchalonlariga e’tiroz bildirib, Shayxzoda tarjimasida spektakl premyera qilinishiga erishadi. Shayxzoda oqlangach, uni birinchi yo‘qlab borganlar Zaynab Sadriyeva va Maryam Yoqubova bo‘lgani haqida o‘qigandim. “Xalq dushmani”ning rafiqasi sifatida teatrdan bo‘shatilgan birinchi professional o‘zbek aktrisasi Ma’suma Qoriyevani teatr va sahnaga qaytarishda bu fidoyi san’atkorning ham hissasi bor.
Zaynab Sadriyeva shunchaki rol ijro etmagan, balki sahnada, ekranda tirik qahramon yaratgan. Bu obrazlar, faqatgina so‘z va monologlari uchun xalqchil emasdi. Qahramonlarning nigohlari, har bir harakati o‘zbek xarakterini ko‘rsatib beradi. Inchunin, o‘zbek teatr va kino san’atida yaratilgan ona yoki qaynona qahramoni to‘g‘risida so‘z borsa, dastlab Zaynab Sadriyeva va u yaratgan Farmonbibi hamda Anzirat buvi obrazlari eslanadi, e’tirof etiladi.
Odatda, har bir ijodkorning bitta ezgu orzusi bo‘ladi. Bu – bir ijrosi, bir asari orqali xalq mehri va muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lish. Shu ma’noda, o‘zining (“Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektakli va “Suyunchi” filmi)dagi rollari orqali san’at shaydolarini mahliyo qilgan Zaynab Sadriyevaga barcha ijodkorlar havas qilsa arziydi.
Hamza UMAROV
1987-yil 27-noyabr kuni o‘zbek san’ati va madaniyati og‘ir judolikka uchradi. Shu kuni O‘zbekiston xalq artisti Hamza Umarovning so‘nggi nafasini mezon shamollari chin dunyoga olib ketgan edi. Biroq, shuning bilan san’atkor o‘ldi, degan jo‘n xulosa chiqarish xato.
Eng yaxshi rol, ehtimol, faqat yaxshi o‘ynalgani emas, balki qalb bilan “ich-ichidan yashab berilgan” roldir. Hamza Umarov har bir rolida yashagan, butun bir umrni o‘tkazgan aktyor edi, deyishga to‘la asos bor. “O‘tkan kunlar”, “Galatepalik avliyo”, “Mahallada duv-duv gap”, “Shum bola”, va yana boshqa o‘nlab filmlarda yaratgan qahramonlari misolida shunday deyish mumkin.
Hamza Umarov hamisha salohiyatli, ulkan iste’dodli aktyor sifatida tilga olinadi. Zero, tirikligidayoq o‘ziga xos maktab yaratgan, o‘zbek teatr va kino san’atida yangi sahifa ochgan bu san’atkorni boshqacha tasavvur etish mumkin emas…
Chig‘atoydagi Hamza Umarov mangu qo‘nim topgan makonda yodgorlik o‘rnatilgan. Bu qabr toshining ahamiyati shundaki, san’atkor vafotidan keyin bir kechada – 28-noyabr kuni o‘rnatib ketilgan ekan. Kim tarafidan qo‘yilgani hanuzgacha jumboq. Qabr toshiga “Muxlislaringizdan” deb yozilgan, xolos. Mashhurlik havosida, ijod va san’at da’vosida yurgan har kim o‘ziga shu savolni berishi kerak: “Mening shunday muxlisim bormi?”
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan
Saida ZUNNUNOVA
Farmonda mukofotlangan marhum adib va san’atkorlardan barchasining ism-familiyasini o‘qib, xursand bo‘ldim, behad quvondim. Biroq, Saida Zunnunovaga kelganda, negadir yig‘lagim keldi. Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi… Birgina “Qanoatda Saida shuncha bo‘lurmu, hay-hay” satrini qarang!
Turmush o‘rtog‘i Said Ahmad nohaq qamalib, erining “xalq dushmani” ekani haqida tilxat yozishi talab qilingan vaqtda chinakam matonat va jasorat namunasini ko‘rsatganini tarannum va talqin etish uchun bir qancha musiqiy asarlar va badiiy filmlar ham ojizlik qilmoqda. Axir, Saida xonimning tuhmatnomalarga kiprik qoqmay imzo chekib bergan zamondoshlari oz edi deysizmi?! Inchunin, bu jur’at va jasurlik, mardlikka haykal qo‘yish kerak edi va shunday bo‘ldi ham.
Umrining gul fasli sobiq tuzum davrida xazonga aylantirilgan, ijodining qaynoq davrida ham yochitib e’tirof etilmagan Saida Zunnunova tavalludining yuz yilligidagi yodlov xoksor va jafokash adibamizning tom ma’nodagi fidokorligining adolatli e’tirofi bo‘ldi.
“Mehnat shuhrati” ordeni bilan
Ikroma BOLTAYEVA
Ikroma Boltayeva nafaqat ijodda, balki jamoat ishlarida ham juda faol bo‘lgan. U uzoq yillar hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri kasaba uyushmasining raisi sifatida halol mehnat qilgan.
San’atkor teatrda ish boshlagan o‘nlab “bola”larining mashinali, uy-joyli bo‘lishi uchun kasaba uyushmasi raisi sifatida yelib-yugurgan, ter to‘kkan. Buning uchun Toshkentdagi katta amaldorlar, olis shimoldan yuborilgan arboblarning qabullariga kirib chiqishdan tap tortgan emas. U yosh aktyorlar faqat sahnada emas, hayotda ham o‘z o‘rnini topishi uchun harakat qilgan. Teatrdagi shuncha “bola”sini poytaxtda ham, sahnada ham vatanli qilgan bu fidoyi zot o‘z o‘g‘liga kelganida qo‘li kaltalik qilganini o‘ylab, ming bir iztirob chekkani tabiiy…
1983-yillar. O‘shanda teatr sahnasida komediya janridagi bir spektakl qo‘yilayotgan, Ikroma Boltayeva bosh rollardan birini ijro etayotgandi. Sahna ortida navbatini kutib turgan aktrisaga Buxoro viloyatida xizmat qilayotgan yolg‘iz o‘g‘li “paxta ishi” bo‘yicha hibsga olinganini aytishadi. hayotiy tragediya girdobida qolsa-da, komedik rolni oxirigacha ijro etish uchun o‘zida kuch topa oladi. U ko‘p harakat qiladi. Biroq to‘qqiz oy yuragi ostida asrab, dunyoga keltirgan; oq yuvib-oq tarab ulg‘aytirgan, endi rohatini ko‘raman degan o‘g‘lini tuhmat girdobidan asrab qolish uchun ojiz qoladi…
Farzand dog‘i qarshisida jigari kabob bo‘lgan teatrning onasi hisoblanmish Ikroma Boltayevaga mustaqil O‘zbekiston onalarcha mehribonlik ko‘rsatdi. Ozod O‘zbekiston tarixidagi “Mustaqillik” nishoni eng birinchi Ikroma Boltayevaga topshirildi.
Ochilxon OTAXONOV
Shirin nafas egalariga qadimda “Xonaqohiy ovoz sohibi” nisbati berilgan ekan. Uning o‘z ijrochilik yo‘li bo‘lib, san’atda xos maktab yaratgan. Shu kunlarda bu maktabda kamol topib, xalqqa xizmat qilib kelayotgan hofizlar oz emas.
Hofizlikning ilk saboqlarini tog‘alari Eshonboboxon, Ko‘kxon va Afandixon hofizlardan o‘rgangan Ochilxon Otaxonov yosh yuragida san’atga bo‘lgan mehrni baland tutib, “Dilraboni axtarib” degan she’r bilan kuylanuvchi birinchi mualliflik ashulasini kuylaganida 21 yoshda edi. Zahmatkash hofiz 46 yoshida Respublika maqomchilar tanlovida g‘olib bo‘ladi. Shu tariqa andijonlik san’atkorning Yangiyo‘l madaniyat uyidagi ijodiy faoliyati boshlanadi. Yunus Rajabiy, Faxriddin Sodiqovni o‘ziga ustoz deb bilgan san’atkor Mahmudjon Tojiboyev kabi hofizlarga ustozlik qiladi.
Repertuari tom ma’noda rang-barang bo‘lgan hofiz katta ashulalar va Farg‘ona-Toshkent yo‘llaridagi maqomlarni maromiga yetkazib ijro etish barobarida, musiqali spektakllarda aktyor sifatida ham faol qatnashib kelgan. Ochilxon Otaxonov o‘zining noyob ovozi va insoniy fazilatlari bilan el-yurt hurmati va san’at shinavandalari e’tiborini qozongan, mehnatdan shuhrat topgan san’atkor edi.
Otabek ISROILOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 5-iyundagi 23-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



