20.10.2026 | 09:12
714
QADRIYATLARDA MUJASSAM UYG‘UNLIK
O‘zbekiston va Malayziya bir-biridan geografik uzoqlikda joylashgan bo‘lsa-da, qadim zamonlardan buyon bu ikki mamlakatni tarixiy aloqalar, madaniy va diniy umumiylik, bag‘rikenglik, an’ana va urf-odatlarning yaqinligi kabi umumiy qadriyatlar va jamiyatdagi xilma-xillik bir-biriga bog‘lab keladi. Bularning hammasi uzoq yillar davomida ikki davlatni vaqt sinovidan o‘tgan va hozirgi vaqtda ham yaqin sherikchilik aloqalarini amalga oshirayotgan hamkorlarga aylanishiga olib kelgan. Shunisi ahamiyatliki, har ikki davlat qadimdan strategik ahamiyatga ega bo‘lib kelgan xalqaro savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan. Malakka yarim oroli jahon savdosining muhim yo‘lagi sifatida mashhur shu nomdagi bo‘g‘izda joylashgan bo‘lsa, O‘zbekiston hududi qadimdan Osiyo va Yevropani o‘zaro bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘lining markaziy qismini tashkil etgan.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, Buyuk Ipak yo‘li tarmoqlari dengiz orqali Sharqiy Xitoydagi portlarga, so‘ng quruqlik orqali materikning ichkarisiga, ya’ni asosiy Ipak yo‘li bo‘ylab yo‘nalgan. Uning ayrim tarmoqlari Hindixitoy yarimorolidan Janubiy Xitoy va Shimoliy Hindiston orqali hozirgi Markaziy Osiyo hududidagi qadimiy davlatlar (So‘g‘diyona, Baqtriya, Kushon podsholigi) hududi orqali Yevropa mamlakatlarigacha davom etgan.
Malayziyada Islom dini XV asrdan boshlab keng tarqala boshlagan bo‘lsa, islomshunoslik va sivilizatsiya markazi hisoblangan O‘zbekiston hududida yashab o‘tgan ulamolar va ularning merosi ushbu jarayonda muhim rol o‘ynagan. Shuning uchun ham, malayziyalik olimlar qadimgi Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan va islom sivilizatsiyasining muhim markazlari bo‘lgan Buxoro va Samarqandning malay madaniyatining shakllanishidagi ta’siriga alohida e’tibor beradi. Ularning fikricha, bir necha asrlar davomida savdo va ilm-fan markazi bo‘lgan ushbu qadim shaharlar butun islom dunyosining intellektual va madaniy landshaftining yaratilishida muhim rol o‘ynagan. Islom dinining oltin asrlari (VIII-XIII asrlar) davomida bu yerda astronomiya, tibbiyot, falsafa, matematika va fiqh fanlarining jadal rivojlanishi butun dunyo olimlari e’tiborini jalb qilgan.
Xuddi shu davrlardan boshlab Buxoro va Samarqandning malay dunyosi bilan aloqalari Buyuk Ipak yo‘li va dengiz savdo yo‘llari orqali turli g‘oyalar, ilmiy adabiyotlar va madaniy an’analarning almashinishi bilan kuchaya borgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston zaminidan o‘tgan ko‘plab karvonlar ushbu zamindagi fan yutuqlari va islom dini asoslarini Janubi-Sharqiy Osiyoga, Malay arxipelagiga olib kelishgan.
Markaziy Osiyoda keng rivojlangan tasavvuf ilmi Malayziya hududida islom madaniyatining shakllanishida muhim rol o‘ynagan hamda mahalliy an’ana va urf-odatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Shuning uchun ham, tasavvufning ta’siri ilk malay sultonliklari davrida yaratilgan badiiy va diniy adabiyotlarda yaqqol seziladi. Malaylarning arab alifbosiga asoslangan javiy yozuvining rivojlanishida ham Buxoro va Samarqandda yaxshi rivojlangan ilm-fan va olimlarning asarlari orqali amalga oshirilgan aloqalar muhim o‘rin tutadi.
Shuning uchun Malayziyada Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi jahon tamadduni va Islom dini ilmi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan allomalarimizning buyuk merosiga yuksak ehtirom bilan qarashadi. Shunisi e’tiborliki, ushbu mamlakatda har ikki yilda Imom Buxoriy nomidagi Qur’on va hadis ilmi mutaxassislarining xalqaro musobaqasi o‘tkaziladi. Butunjahon So‘fiylar markazining bosh qarorgohi Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida joylashgan. Mamlakatning turli qismlarida Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy nomi bilan atalgan obyektlarni ko‘rib, shunday buyuk ajdodlarning avlodi ekaningizdan faxrlanishingiz, shubhasiz.
Malayziya texnologiya universitetining rahnamosi sanalgan mamlakat qirolichasi Raja Zarit Sofiya joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan chog‘ida, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’analar: manbalar, dolzarb masalalar va salohiyat” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ikki davlatni ilm-fan, meros va sivilizatsion qadriyatlar birlashtirib turishini ta’kidlab, O‘zbekistonni musulmon olamining yirik ilmiy markazlaridan biri sifatida e’tirof etganini alohida ta’kidlash joiz. Malayziya qirolichasining qayd etishicha, Imom Buxoriy, Moturidiy va Beruniy kabi allomalar merosi bugun ham Malayziya ta’lim tizimida chuqur o‘rganilib, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik umumiy ma’naviy va ilmiy qadriyatlarga tayangan holda, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shuningdek, Malayziya Milliy universitetining Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimiz hududida yashab o‘tgan ulug‘ allomalarning ilmiy merosini o‘rganish borasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy markazlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan. Ushbu hamkorlikning amaliy natijasi o‘laroq, har yili qo‘shma anjumanlar o‘tkazilmoqda va har ikkala mamlakatda yashab o‘tgan ulamolarning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan hissasiga oid ilmiy to‘plamlar chop etilmoqda.
Butunjahon so‘fiylar markazi tomonidan har yili O‘zbekistonda Naqshbandiya festivali va Imom Buxoriy anjumanlari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro anjumani 2026-yilning iyun oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan bo‘lsa, 6-Naqshbandiya xalqaro festivali 17-23-sentyabr kunlari Buxoro shahrida tashkil etildi.
Malayziyani o‘rgangan buxorolik dengizchi
O‘zbekiston zaminida tug‘ilgan shaxslarning Janubi-Sharqiy Osiyoni tadqiq etish va uning jahon sahnasiga chiqishidagi o‘rni katta. Ularning ushbu mintaqa, jumladan, Malayziya hududlarini o‘rganishdagi bevosita roli XIII-XV asrlarga borib taqaladi. Xuddi ana shu paytda, ya’ni XIII asrning ikkinchi yarmigacha Xitoyda hukmronlik qilgan mo‘g‘ullar sulolasi davrida asli kelib chiqishi buxorolik bo‘lgan ulamo Sayyid al Ajal Shamsuddin Umar bin Sayyid Kamoliddin Buxoriy ushbu mamlakatda taniqli davlat va din arbobi sanalgan. U o‘sha paytlarda Xitoy hududida ham hukmronlik qilgan mo‘g‘ul xoni Hubilayxonning harbiy qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan. U o‘zining harbiy san’ati bilan Xitoyning Yunan provinsiyasini zabt etib, 1271–1279-yillarda uning xoqoni bo‘lgan.
Uning avlodlari, hatto Xitoyda mo‘g‘ullar sulolasi hokimiyatni qo‘ldan boy berganidan so‘ng tashkil topgan Ming sulolasi davrida ham taniqli davlat xizmatchilari bo‘lgan. Jumladan, Shamsuddin Umarning o‘g‘li Sayyid Nasriddin bin Sayyid al Ajal Shamsuddin Umar Buxoriy otasidan so‘ng 1292-yilga qadar Yunan provinsiyasida xoqon bo‘lgan. Ayniqsa, Sayyid Nasriddin Buxoriyning chevarasi Ma Xe Minlar sulolasi davridagi mashhur dengizchi, diplomat sifatida Xitoy va Malayziyada juda mashhur. Ma asl ismi Muhammad (yoki Mahmud)ning qisqartmasi bo‘lib, Chjeng ismi unga Xitoy imperatori tomonidan jangda ko‘rsatgan jasurligi uchun berilgan. U 1405-yildan 1433-yilgacha, qariyb 30 yilga yaqin vaqt mobaynida yetti marta Xitoyning yirik dengiz ekspeditsiyalariga “bosh elchi” sifatida rahbarlik qilgan va flot admirali darajasigacha erishgan. Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo, Afrika hamda Yaqin Sharq mamlakatlarini o‘rganish, Xitoyning ushbu mamlakatlar bilan savdo aloqalarini o‘rnatishiga katta hissa qo‘shgan.
Mutaxassislar Chjen Xeni “dengiz ipak yo‘li”ning asoschisi sifatida Xitoy tarixidagi eng buyuk dengizchi-sayyoh deb atashadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning dengiz flotida 250 dan ortiq kema va 30 mingga yaqin dengizchi bo‘lgan. U mashhur portugaliyalik sayyoh, dunyo bo‘ylab ilk aylana sayohatni amalga oshirgan Fernando Magellandan 116 yil, Amerikani kashf etgan ispaniyalik Xristofor Kolumbdan 90 yil oldin Afrika va Amerikani ochishga muvaffaq bo‘lgan. Yaqin Sharqdagi Hormuz va Adan, Afrika janubidagi Mozambik bo‘g‘ozlarida ulkan flot bilan suzib, arab dengizchilari va venetsiyalik savdogarlarni hayron qoldirgan. Shuning uchun ham, mutaxassislar sharq ertaklaridagi Sindbod-dengizchi obrazi aynan Chjen Xening tarjimayi holidan olingan, degan fikrni ilgari suradi.
Chjen Xe o‘zining birinchi dengiz ekspeditsiyasini Janubi-Sharqiy Osiyoga uyushtirib, Indoneziya orollari va Malakka yarimorolidagi o‘sha paytlardayoq birmuncha rivojlangan davlat markazi bo‘lgan hozirgi Malakka shtatini o‘rgangan. Keyingi har bir dengiz safari davomida, albatta, Malakka bo‘g‘ozini kesib o‘tib, hozirgi Malayziyaning Malakka, Kelantan va Paxang shtatlari hududini batafsil tadqiq qilgan. Ushbu hududlar bilan Xitoy o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan.
Malakka yarimorolining butun dunyoga tanilishida Chjen Xening o‘rni katta bo‘lgan. XV asrda Malakka yarimorolidagi aholi 80 dan ortiq turli tillarda gaplashgan. Chjen Xening dengiz ekspeditsiyalari turli mamlakatlar kemalari kelib to‘xtaydigan Malakkani mintaqadagi yirik savdo markazlaridan biriga aylanishiga olib kelgan. Shuningdek, u mohir diplomat sifatida Malakka yarim orolidagi sultonliklarning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarini rivojlantirishga, mojarolarni bartaraf etishga katta hissa qo‘shgan.
Chjen Xe Malakka yarimorolidagi mahalliy aholiga dehqonchilik va chorvachilik hamda tropik suvlarda serob bo‘lgan timsohlarning terisidan chet mamlakatlarda xaridorgir bo‘lgan poyabzal tayyorlash malakalarini o‘rgatgan. Shuningdek, Chjen Xe floti bilan birga Malayziya hududiga Xitoydan ko‘prik quruvchilar, port xo‘jaligi mutaxassislari, tanga zarb qiluvchi ustalar va boshqa qator soha hunarmandlari va savdogarlar kirib kelgan.
Mutaxassislar Janubi-Sharqiy Osiyo va Hind okeani qirg‘oqlarini batafsil o‘rgangan Chjen Xening dengiz sayohatlarini miqyosiga ko‘ra yevropalik sayyohlar tomonidan amalga oshirilgan Buyuk geografik kashfiyotlarga taqqoslashadi. Ammo yevropaliklarning sayohatlari turli mustamlaka va imperiyalarning paydo bo‘lishiga olib kelgan bo‘lsa, Chjen Xening sayohatlari turli mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalarining kuchayishiga sabab bo‘lgan. Shuning uchun ham Amerikaning Life jurnali 1997-yilda e’lon qilingan so‘nggi ming yillik davomida dunyo tarixiga salmoqli ta’sir ko‘rsatgan 100 ta shaxs ro‘yxatida Chjen Xeni 14-o‘ringa qo‘ygan.
Ota-bobolari asli buxorolik bo‘lgan dengizchi-sayyoh Malakkada shunchalik katta obro‘ga ega bo‘lganki, unga sultonlik filida malaylarning milliy kiyimida saroyga kirib kelishiga ruxsat berilgan. Mahmud (Muhammad) – Chjen Xening Malakka yarimorolini o‘rganishdagi xizmatlarining e’tirofi sifatida 2016-yilda Malakka shtatining shu nom bilan ataluvchi markazida uning haykali o‘rnatilgan.
Boburiylar madaniyatining in’ikosi
1498-yilda yevropalik sayyoh Vasko da Gama tomonidan Afrika janubi orqali Hindistonga dengiz yo‘lining ochilishi natijasida XVI asrdan boshlab portugallar Malakka bo‘g‘oziga tutash yerlarda hukmronlik o‘rnatgan. Xuddi shu davrda Hindistonda taniqli davlat arbobi, sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari tomonidan kuchli markazlashgan davlat barpo etilgan. Boburiylar saltanati davrida Hindiston Malakka bo‘g‘ozi atrofidagi hududlar bilan dengiz orqali yaqin savdo-sotiq aloqalarini amalga oshirgan.
Malakka va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar ushbu ikkala hududda Buyuk Britaniyaning mustamlaka hukmronligi o‘rnatilgan davrda, ayniqsa, XIX-XX asrlarda kuchaygan. Ushbu asrlar davomida hozirgi malayziyalik tamil hindlarining avlodlari mamlakatdagi kauchuk va palma plantatsiyalarida ishlash uchun ko‘chirib kelingan. Shu tariqa, Boburiylar davrida O‘rta Osiyodan, asosan, hozirgi O‘zbekiston hududidan Hindiston zaminiga ko‘chgan madaniyat, an’ana va urf-odatlarning aksariyat elementlari savdo munosabatlari sababli, asta-sekinlik bilan Malakka yarimorolidagi hududlarda o‘rnasha boshlagan.
Migratsiya oqibatida Malayziya hududiga kirib kelgan va tub aholining urf-odatlari bilan uyg‘unlashib ketgan madaniyat O‘zbekiston va Malayziya jamiyatlari o‘rtasida qator o‘xshashliklarning asosini tashkil etadi. Hozirgi paytda Malayziyada tamil hindlarining uchinchi-to‘rtinchi avlodlari yashayotgan bo‘lsa-da, ular ota-bobolaridan qolgan va Hindiston diyoridan ko‘chib o‘tgan boburiylarga xos qator an’analarni hamon saqlab kelmoqda. Jamiyatni yanada jipslashtirishga qaratilgan ushbu qadriyatlarning aksariyati mamlakatning tub aholisi bo‘lgan malaylarning ham turmush tarzida o‘z aksini topgan.
Ayniqsa, ushbu qadriyatlar mamlakat aholisining turmush tarzida oilaga va farzand tarbiyasiga bo‘lgan ulkan e’tibor, kattalarga hurmat, to‘y-ma’rakalarni tashkil qilish uslubi hamda me’morchilik an’analarida yaqqol ko‘rinadi. Jumladan, Malayziyadagi aksariyat binolarning gumbazlari Agradagi boburiylar barpo etgan Toj Mahalga monand holda barpo etilgan. Shuningdek, bu yerda Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalarga o‘xshash moviy gumbazlarga ega bo‘lgan qator binolarni ham uchratish mumkin.
Bundan tashqari, malaylar turli millat va elatlar vakillari o‘rtasidagi o‘zaro munosabat va bag‘rikenglik masalasida xuddi o‘zbeklarga o‘xshash. Shuning uchun ham, turli din va millat vakillari yashaydigan ushbu mamlakatda ichki barqarorlik juda mustahkam bo‘lib, hamisha tinchlik va osoyishtalik hukmron. Bu esa Malayziyani dunyoning yetakchi turizm mamlakatlaridan biriga aylantirgan.
Yangi bosqichdagi hamkorlik
So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Malayziya munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini alohida ta’kidlash lozim. Bu nimalarda ko‘rinadi?
Avvalambor, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot faollashdi. Jumladan, 16 yillik tanaffusdan so‘ng, 2024-yilning may oyida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim janobi oliylari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 2025-yilning fevral oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziyaga tashrif buyurib, O‘zbekiston-Malayziya munosabatlarida yangi davrni boshlab berdi. O‘zbekiston rahbarining Malayziyaga so‘nggi 20 yilda ilk bor oliy darajali tashrifni amalga oshirganini haqiqiy tarixiy voqea deb atash mumkin.
Ikkinchidan, parlamentlararo aloqalar mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Har ikkala mamlakat parlamentlarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotgan do‘stlik guruhlari tuzilib, ularning yig‘ilishlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri boshchiligidagi delegatsiya Malayziyaga tashrif buyurib, o‘zaro hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, Malayziya parlamenti Vakillari palatasi spikeri va Senat raisi o‘rinbosarining O‘zbekistonga tashriflari davomida har ikkala mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchinchidan, har ikkala mamlakat tadbirkorlari va ziyolilari o‘rtasidagi bordi-keldi hamda almashinuvlar sezilarli darajada kuchaydi. Jumladan, malayziyalik investorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar, o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi, Malayziyadan tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yildan yilga oshib bormoqda. O‘tgan yili Malayziyada ikki davlat oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida birinchi oliy ta’lim forumi va O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro turizm ko‘rgazmasi doirasida Malayziya madaniyati kunlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hozirgi vaqtda 1000 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba Malayziyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida biznes boshqaruvi, energetika, axborot texnologiyalari, islom moliyasi, tibbiyot, kiberxavfsizlik kabi qator zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olmoqda.
Bularning hammasi O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi tarixi o‘rta asrlarga borib taqaladigan, vaqt sinovidan o‘tgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos mavjudligidan dalolat. Eng asosiysi, keyingi yillarda Malayziyada dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yurti bo‘lmish O‘zbekistonni yanada teranroq taniy boshlashdi. Malayziyaliklarning, xoh u oddiy sayyoh bo‘lsin, xoh turli sohadagi tadbirkor yoki ta’lim sohasi vakili bo‘lsin, O‘zbekistonga intilishi va mehri bo‘lakcha bo‘lib, ularning mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati, boy tarixi va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi yanada ortib boryapti. Bu esa har ikkala mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni kelajakda yanada rivojlantirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Karomiddin GADOYEV,
O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi, geografiya fanlari nomzodi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-oktyabrdagi 42-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
64
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
584



