18.04.2024 | 08:34
468
UYG‘OTGAN HAM, UYG‘ONGAN HAM OMON BO‘LSIN

DA’VAT
Uyg‘oq dilni uyg‘oq ruhlar xush ko‘rgaydir,
Gʻaflat bosgan bo‘lar-bo‘lmas tush ko‘rgaydir,
Imon hushyor yuragida nish urgaydir,
Har millatda uyg‘otguvchi inson bo‘lsin,
Uyg‘otgan ham, uyg‘ongan ham omon bo‘lsin.
Vatanparvar vatan ichra bir vatandir,
Oppoq guldek chaman ichra bir chamandir,
Millat mardi millat uchun oliy sha’ndir,
Ergashganlar mudom mardlar tomon bo‘lsin,
Uyg‘otgan ham, uyg‘ongan ham omon bo‘lsin.
Tinchlik tilab Xudoyimga zorlovchilar,
Dunyo ahlin ezgulikka chorlovchilar,
Xush niyatda quyosh kabi porlovchilar,
Har bir xalqda, har bir yurtda har on bo‘lsin,
Uyg‘otgan ham, uyg‘ongan ham omon bo‘lsin.
Mardum borki, orzusi bor, armoni bor,
Intilganga tole yordir, imkoni bor.
Qaysi elning uyg‘otguvchi sarboni bor,
Qadrin bilsin, umrin tilab, shodmon bo‘lsin,
Uyg‘otgan ham, uyg‘ongan ham omon bo‘lsin.
Inson bo‘lmoq bu, avvalo, Xudodandir,
Millat baxti, millat ko‘rgan vafodandir,
Oddiy odam qilgan oddiy duodandir –
O‘zbekiston jahon ichra jahon bo‘lsin,
Uyg‘otgan ham, uyg‘ongan ham omon bo‘lsin.
SENIKI
Oppoq atirgulni dilingda o‘stir,
Dilingga sig‘masa, qo‘lingda o‘stir.
Qo‘lingga sig‘maydi g‘unchalab ketsa,
Ayo do‘st, sen uni yo‘lingda o‘stir.
Gul bo‘lsang, go‘zalsan, ko‘zga sig‘maysan,
Bulbul bayotidek so‘zga sig‘maysan,
Baxtiyor bog‘bondek yuzing lovullab,
Xudoni xushlasang, o‘zga sig‘maysan.
Izingdan taralgan ifor seniki,
Gullarga yarashgan kibor seniki,
Dili gul, qo‘li gul, yo‘li gul o‘zing,
Shoirni shoshirgan ash’or seniki,
Seniki… seniki… seniki…
BESH KUNLIK DUNYO
Ko‘ngilning ko‘chasi ko‘ngildan kengdir,
Insonsan, iymonning izmiga ko‘ngil,
Qaro yer bag‘rida bandasi tengdir,
Besh kunlik dunyoga besh ketib qo‘yma.
Bu olam go‘zaldir orzusi bilan,
Ming rangda tovlanar yog‘dusi bilan,
Boyligi chirmaydi jodusi bilan,
Besh kunlik dunyoga besh ketib qo‘yma.
Yolg‘onlar joningda yaldaydi gohi,
O‘z ko‘zing o‘zingni aldaydi gohi,
Har yolg‘on aslida gunohning chohi,
Besh kunlik dunyoga besh ketib qo‘yma.
Oilang bag‘rida baxt bo‘lay, desang,
Bolang quvonchiga taxt bo‘lay, desang,
Oxirat g‘amini bugun ye, yesang,
Besh kunlik dunyoga besh ketib qo‘yma.
Savobing izingda porlab turadi,
Jannat o‘z bag‘riga chorlab turadi,
Shayton ham yoningda poylab yuradi,
Besh kunlik dunyoga besh ketib qo‘yma.
To‘lin oy qaro tun jismiga chiroy,
Yulduzlar yuz ochgan husniga chiroy,
Azizlik insonning ismiga chiroy,
Besh kunlik dunyoga besh ketib qo‘yma.
UMR UVOLI
Gilam to‘qimoqqa to‘qmoq kerakmas,
Oyga chiqish uchun so‘qmoq kerakmas.
Gugurtin olqishlab yurganlar aytar,
O‘tin yoqish uchun chaqmoq kerakmas.
– Nima kerak? – desang, boshin qashiydi,
– Voy, – deydi, – kechagi kunim yaxshiydi.
Oltmishdan oshsa ham bu bechoraning,
Qarang, aql tishi hamon tishiydi.
Iymonin qorniga sig‘dirib olgan,
Toliqsa, yeyishdan, ichishdan tolgan.
– Izida nima bor? – deya so‘ramang,
Ortida umrining uvoli qolgan..
NISHAB
Bahorni sog‘ingan bog‘larga bordim,
Qorlardan zerikkan tog‘larga bordim.
Qishning qabog‘iga osilgan muzni
Ketmonning sopida urib yubordim.
Yer uzra tushdi-yu, chilparchin bo‘ldi,
Loylarga sanchilib, gilparchin bo‘ldi.
Nogahon yuz burib tomlarga boqsam,
Bahorni sog‘ingan tarnovlar kuldi.
Fevral o‘z umrini yashab bo‘lyapti,
Osmon so‘nggi qorin to‘shab bo‘lyapti.
Kela qol, bahorim, sog‘intirma ko‘p,
Olam sen tomonga nishab bo‘lyapti.
DO‘RMON BOGʻLARIDA
Do‘rmon bog‘larida salqin saharlar,
Bahor kelishidan berar xabarlar.
Erishdan erinib qolgan qorlar bor –
Saflarning ortida qolgan navkarlar.
Archalar qorlardan qutulib yayrar,
Tonggi shamollarga ignasin qayrar,
Bu bog‘lar bulbuli bormikin omon –
Ularning o‘rniga yuragim sayrar.
Musicha bo‘g‘otda “ku-ku”lar asta,
Ko‘klam sog‘inchidan ko‘ngil shikasta.
Nazdimda, bahorning barmog‘i bilan,
Shukr, ushbu she’rni yozdim birpasda.
TOSH
Uyingizning gullari,
Cho‘ldagidan afzaldir.
Og‘zingizga solgan tosh,
Qo‘ldagidan afzaldir.
Og‘zingizdagi toshni,
Tilingiz totlagaydir.
Ammo qo‘ldagi kabi,
Hech kimga otmagaydir.
TO‘RTLIKLAR
* * *
She’r manim qalbimning qanoti bo‘ldi,
She’r manim umrimning bayoti bo‘ldi.
Bilmam, qanday o‘tdim el elagidan,
Shukr, she’r Mahmudning hayoti bo‘ldi.
* * *
Bolalikda umring uzun ko‘rinar,
Barchasi ziyoda, fuzun ko‘rinar.
Keksalik yel misol yetib kelganda,
Odamzot bechora, zabun ko‘rinar.
* * *
Muz asli bu qishning zardasi erur,
Qish o‘zi bahorning pardasi erur.
Bulbullarga beshik belagan bahor,
O‘n sakkiz ming olam xandasi erur.
* * *
O‘zing yer, ko‘lankang maydon bo‘lsa ham,
Nazdingda makoning osmon bo‘lsa ham,
Ayt, nechun o‘zingni anglamaysan hech,
Bu davr-u davroning yolg‘on bo‘lsa ham?!
* * *
Yo‘llar umrimizga abad yo‘ldoshdir,
Quvonch-u qayg‘uga tilsiz dildoshdir.
Bizlar tobut tutib ketayotganda,
Bizga yelka tutgan mangu bardoshdir.
* * *
Topganin tutamlab bolasin boqqan,
Topmasa, qalbdagi nolasin boqqan.
U mening onamdir, u mening onam –
Oppoq sochlarining tolasin boqqan.
* * *
Qalbimning qo‘ridan judo qilmagin,
Ko‘zimning nuridan judo qilmagin.
Shoirning sharafi so‘zida Egam,
So‘zimning nuridan judo qilmagin.
IKKILIKLAR
* * *
Oshiqlik – umrimiz oliy unvoni,
Bu shunday unvonki, ko‘pdir armoni
* * *
Xazon kuz hayrati chirib ketguncha,
Qor ham qish quvonchi erib ketguncha.
* * *
Soxta salomingga alik so‘raysan,
O‘chgan chirog‘ingga pilik so‘raysan.
* * *
Uyatdan qizarsang qoning tozadir,
Shukur qil, ko‘plarga bu andozadir.
* * *
Qancha ko‘p gapirding, shuncha sir sotding,
O‘zingning sha’ningga o‘zing tosh otding.
* * *
Gʻiybatning xirmoni sira to‘lmagan,
Shundan g‘iybatchining baxti kulmagan.
* * *
O‘qigan odamni uqqanda ko‘rgin,
Yaxshilik yaxshiga yuqqanda ko‘rgin.
* * *
Dunyo asli qo‘lning kiri, deganlar
Bir umr shu kirning g‘amin yeganlar.
* * *
Tongda kulgan quyosh oqshom qizarar,
Inson qilmishidan balki bo‘zarar.
* * *
O‘zing uzoqdasan, mehring nuri bor,
Sen uni ko‘ngildan ko‘ngilga yubor.
Mahmud TOIR, O‘zbekiston xalq shoiri
“Jadid” gazetasi 2024-yil 22-mart 13-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
103
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
614
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
611



