Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.10.2026 | 15:59

img187

YODGORLIKLARNING TIKLANISHI: MADANIY MEROS DAVLAT HIMOYASIDA

Tarix — xalqning xotirasi, madaniy meros esa ana shu xotiraning moddiy ifodasidir. Yurtimiz hududida asrlar davomida bunyod etilgan me’moriy obidalar, arxeologik yodgorliklar, ziyoratgohlar va boshqa moddiy madaniy meros obyektlari ajdodlarimizning bunyodkorlik salohiyati, ilm-fani, dunyoqarashi va ma’naviy hayotidan darak beradi. Ularni asrab-avaylash, ilmiy jihatdan o‘rganish, zarur hollarda restavratsiya va konservatsiya qilish hamda kelajak avlodlarga asl qiyofasini imkon qadar saqlagan holda yetkazish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Bugungi kunda bu boradagi ishlar faqat alohida yodgorliklarni ta’mirlash bilan cheklanmay, madaniy merosni muhofaza qilishning yaxlit tizimini shakllantirish, obyektlarning texnik holatini o‘rganish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, restavratsiya loyihalarini ishlab chiqish va ularni zamonaviy boshqaruv mexanizmlari asosida asrashni ham qamrab olmoqda.

So‘nggi yillarda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun davlat budjetidan 466,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 305 ta loyiha-smeta hujjati tayyorlandi, 55 ta obyektda ishlar yakunlandi, ayni paytda yana 152 ta obyektda restavratsiya va ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Bu raqamlar ortida yuzlab tarixiy obidalarning taqdiriga daxldor murakkab va mas’uliyatli jarayonlar turibdi. Chunki madaniy meros obyektini tiklash oddiy qurilish ishidan tubdan farq qiladi. Bu jarayonda yodgorlikning tarixiy qiyofasi, me’moriy yechimlari, qurilish materiali, bezaklari va konstruktiv xususiyatlari chuqur o‘rganilishi, har qanday aralashuv ilmiy va restavratsiya talablari asosida amalga oshirilishi lozim.

Shu bois Agentlik oldidagi asosiy vazifalardan biri — bunyodkorlik ishlarining ko‘lamini kengaytirish bilan birga, ularning ilmiy asoslanganligi, restavratsiya me’yorlariga muvofiqligi va tarixiy qiyofaning saqlanishini ta’minlashdir.

Yodgorliklarni muhofaza qilish — faqat restavratsiya emas

Madaniy merosni asrash tizimli yondashuvni talab etadi. Shu maqsadda 8 183 ta madaniy meros obyekti bo‘yicha kadastr hujjatlari shakllantirildi. Bu, avvalo, har bir obyektning huquqiy va muhofaza maqomini aniq belgilash, uning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish hamda kelgusidagi ta’mirlash-tiklash ishlarini puxta rejalashtirish imkonini beradi.

Yodgorliklardan oqilona foydalanish, ularni tadbirkorlik va turizm faoliyatiga jalb etish ham ularni saqlashning muhim mexanizmlaridan biridir. Xususan, yodgorliklarni qisqa muddatli ijaraga berish orqali 4 187 ta tadbirkorlik subyekti jalb etilib, sohaga oid jamg‘armaga 27,9 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

2025-yilda esa 52 ta obyektga 152,9 milliard so‘m miqdorida mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Bunda asosiy maqsad — madaniy meros obyektlaridan foydalanish orqali ularning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish barobarida, ularni asrash va muhofaza qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishdir.

Yangi bunyodkorlik — tarixiy xotira bilan uyg‘un

Bugungi bunyodkorlik jarayonlarida tarixiy merosga munosabat masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yangi barpo etilayotgan majmualar nafaqat zamonaviy infratuzilma, balki xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Buning yorqin misollaridan biri — Toshkentdagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi. Markaz 2026-yil 17-mart kuni rasman ish boshladi. Unda islom sivilizatsiyasining O‘zbekiston hududidagi ko‘p asrlik tarixi, ilm-fan va madaniyat rivoji, buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi zamonaviy ekspozitsiya va ilmiy-ma’rifiy yondashuvlar asosida namoyish etilmoqda.

Markazning konsepsiyasida tarixiy merosni shunchaki namoyish etish emas, balki uni ilmiy o‘rganish, yosh avlodga yetkazish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish vazifalari ham mujassam. Bugungi kunda markaz ilmiy-ma’rifiy va madaniy maskan sifatida faoliyat yuritmoqda.

Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ham buyuk alloma merosiga bo‘lgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir. Majmua zamonaviy me’moriy va infratuzilmaviy yechimlar bilan uyg‘unlashtirilgan holda qayta bunyod etildi. 2026-yil iyul oyida majmuada “I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumining yakuniy yalpi majlisi o‘tkazilgani ham uning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi misolida esa tarixiy-ma’naviy merosni zamonaviy ilmiy, ta’limiy va turizm infratuzilmasi bilan uyg‘unlashtirish jarayonini ko‘rish mumkin. 2026-yil may oyida majmuaning navbatdagi bosqichidagi yirik loyihalar qurilishiga start berildi. Ushbu bosqichda zamonaviy Ilmiy tadqiqot markazi, kutubxona, arxiv, seminar va ko‘rgazma zallari, shuningdek, 1 500 o‘rinli anjumanlar saroyi va fiqhshunoslik yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bu kabi loyihalar tarixiy shaxslar va allomalar nomi bilan bog‘liq merosni yangi avlod uchun ochiq, ilmiy va ma’rifiy muhitga aylantirish imkonini beradi. Shu bilan birga, bunday majmualar hududlarning turizm salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga xizmat qilishi mumkin.

Merosni asrash — davomiy jarayon

Madaniy merosni muhofaza qilish bir martalik tadbir yoki ma’lum bir davr bilan chegaralanmaydi. Yodgorlik tiklanganidan keyin ham uning texnik holatini kuzatish, muhofaza rejimiga rioya etilishini ta’minlash, ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish va undan foydalanish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish talab etiladi.

Shu ma’noda, restavratsiya — maqsadning o‘zi emas. Uning asosiy vazifasi yodgorlikning tarixiy va madaniy qiymatini saqlab qolish, undan ilmiy, ma’rifiy va madaniy maqsadlarda foydalanish uchun zarur sharoit yaratishdan iborat.

Biz uchun har bir yodgorlikning o‘z tarixi, o‘z ilmiy va madaniy qiymati bor. Shuning uchun madaniy meros obyektlariga munosabatda “saqlash”, “o‘rganish” va “foydalanish” tamoyillari bir-birini to‘ldirishi kerak.

Kelgusida ham madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, ularning huquqiy va muhofaza maqomini mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish hamda tarixiy obidalarni turizm va ma’rifat maskanlariga aylantirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz.

Zero, merosni asrash — faqat o‘tmishni muhofaza qilish emas. Bu xalqning tarixiy xotirasini, milliy o‘zligini va kelajak avlod uchun qoldiriladigan bebaho ma’naviy boylikni asrashdir.

Bahodir ABDIKARIMOV,
Madaniy meros agentligi direktori
 


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img113

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img143