07.05.2024 | 20:53
535
QALBIM JAYHUN BILAN HAMNAFAS

MENING YIGIT VAQTIM, SENING QIZ VAQTING
B…ga
ToshDU desam, darhol tushadi esga,
Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting.
To‘g‘ri samolyotdan tushdim-da, kechda
Yotoq joyingizning eshigin qoqdim.
Nukusda ekanda sen meni kunda,
Hatto soat sayin sog‘inar eding.
Bu gal sen ko‘rding-u meni Toshkentda,
Ma’yus miyiq tortib “senmisan”, deding.
Gulshanda ochilgan bir toza gulday,
Chiroyingga chiroy qo‘shgan ekansan.
Quvonchimni qay tarz aytishni bilmay,
Yutinib, termulib boqar edim man.
Ketdik qo‘l ushlashib ko‘chani bo‘ylab,
Unsiz kelayapmiz. Esnab qo‘yasan.
“Jonim, aytgil, kelayapsan ne o‘ylab?
Erta uchrashamiz qayerda, qachon?!”
“Erta qo‘lim tegmas… Imtihonim bor…”,
Deding o‘ynab yo‘g‘on buraming bilan.
Navoiy teatri xalq bilan bisyor,
Sen kirgach u butkul yashnab ketdi sha’n.
Zar ko‘ylak cho‘g‘ sochib yonar ustingda,
Sen aytding “Afv et, tobim yo‘q”, deding.
Va marmar zinadan epchil tushding-da,
Ketding… Men sen uchun begona edim.
So‘nggi “Kazbek”imni tutatib olib,
Uzoq tentiradim anhor bo‘yida.
Majnuntol shoxlarin suvlarga solib,
Sening sochlaringni solar o‘yimga…
ToshDU desam, hamon tushadi esga,
Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting…
Senga yana qaytib ozor bermasga,
Bel bog‘lab, jonimni o‘tlarga yoqdim.
Ochiq derazalar imlardi “kel” deb,
Bog‘lar derdi “qayg‘u chekma, yigitim”.
Yurakni tirnardi “Tanovar” yig‘lab,
Shamollar izg‘irdi xazonni titib…
Endi men Toshkentga borganda doim,
Senga ko‘rinmasga tirishar edim.
Bir kuni duch keldik, nogoh muloyim,
“Rostdan bu senmisan, senmisan”, deding.
Ayni sahar chog‘da ochilgan guldek,
Qiz bo‘lib jur’atga to‘lgan ekansan.
Hind qo‘liga tushgan asrandi fildek,
Unsiz yetagingda ketaverdim man.
Tovusday tovlangan o‘zbek qizlari,
Do‘stlik ehtiromin ko‘rsatib shu on
Eski do‘stlarimdek kulishib bari,
Yozdi oldimga talabalik dasturxon.
ToshDU – bilim bog‘i, yoshlar do‘stligi,
Qancha ko‘ngillarga nur berar yog‘dung!
ToshDU ming-ming qiz, yigitlar yoshligi,
Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting…
QORAQALPOQNI KO‘P MAQTAMA KO‘ZIMCHA
Bir xalq ko‘rdim, yuragi qovurg‘asidan ko‘rinar.
Mixail Lukonin
Qoraqalpoqni ko‘p maqtama ko‘zimcha,
Qarmoqqa tez tushadigan baliqman.
Har kimning bor ojiz joyi o‘zicha,
Cho‘rtanimday sal anqovroq xalqman.
Bu kishini ko‘zga maqtashdan ko‘ra,
Yaxshisi so‘k, topib nafli nuqsonin.
“Qoraqalpoq yaxshi xalq-da!” deganda,
Bobom yechib berib ketgan chakmonin.
Yolg‘iz otin so‘yib berib qo‘noqqa,
Yayov qolib bu el talay bo‘lgan zor.
Shuni aytib agar yana maqtasang,
Muruvvatlar qilib tashlar ustuvor.
Bekligi ko‘p jo‘shib ketsa bu millat,
Dostonlarni to‘qir go‘yo matodan.
Barcha xalqni qoraqalpoqdan chiqazib,
O‘z tarixin boshlar Odam Atodan!
Mehnat desa yeng shimargan polvonday,
Aravada tog‘ keltir de, keltirar.
Do‘stlik desa, yulduz topib olganday,
Oq ko‘kragin ezgulikka to‘ldirar.
Yomon ko‘rsa, “seni yomon ko‘rdim!” deb,
To o‘zingga aytmaguncha tinmaydi.
Bir pul topsa, “mana, men boy bo‘ldim” deb,
Barin yumshab qaytmaguncha tinmaydi.
Shumlik qilsa sir oldirar boladay,
Ko‘ngilchanlik, bo‘shligiga kuyaman.
Lekin uning poyoni yo‘q daladay,
Azamatlik keng fe’lini suyaman.
Toyin maqtab, otin minsang sinamas,
Men bu elning xush xulqiga bergum tan.
Mening qalbim Jayhun bilan hamnafas,
Sal narsaga jo‘shadigan xalqman.
Yaxshi so‘z jon ozig‘idir, naql bor,
Xushomadga har kim havas o‘zicha.
Shundayam, bir o‘tinchim bor, odamlar:
Qoraqalpoqni ko‘p maqtamang ko‘zimcha.
NAVOIYGA
Sen armonsan cho‘lga bitgan bog‘ bo‘lib,
Soyali, mevali bir daraxt bo‘lib,
Zamonlar dovuli chayqagan sayin
Jamoling qulf urgan zarvaraq bo‘lib.
Yetti iqlim guzarida bir gumbaz
Davrlarning ofatidan yiroq bo‘lib –
Ul turar. O‘tar takabbur podsholar
Dunyoga yaxshi-yomon qo‘noq bo‘lib.
Go‘zallik iqlimin etding nurafshon,
Zulmatda porlagan shamchiroq bo‘lib.
Avlodlar hurmating bajo keltirur,
Seni eslab yurar vaqtichog‘ bo‘lib.
Sahro gullarini sochay poyingga,
Navoiyni suygan qoraqalpoq bo‘lib,
Ibroyim der: ulug‘ ruhing oldida
Bosh egayin shogirding Berdaq bo‘lib.
MAXTUMQULIGA
El hosil moliga bozor topolmay,
Cho‘lda ko‘chgan karvonmisan, nesan sen?
Ko‘krakda g‘am bo‘lib, sirtga chiqolmay,
Ichda ketgan armonmisan, nesan sen?
Sellar quturmasa Atrakda soyda,
“Qut qochdi” deb Gerkez qochar ul joydan.
Chopilmagan qilich, mardga zor maydon,
Surilmagan davronmisan, nesan sen?
Yashmoq tishlab, gulyoqalar toqinib,
Oq yuzingga qora ro‘mol yopilib,
Ayriliqdan bag‘ri o‘tda yoqilib,
Yig‘lab ketgan jononmisan, nesan sen?
Zargarsiz zarmisan, bog‘bonsiz bo‘ston,
Qalamsiz yurakka bitilgan doston,
Cho‘lda Gʻarib Shohsanamga qovushgan,
Go‘zal ko‘shki ayvonmisan, nesan sen?
Go‘zal mohir usta to‘qigan g‘oli ,
Sotib ola bilmas dunyoning moli.
Vaqti kelib o‘ngdan esmay shamoli,
Sovrilmagan xirmonmisan, nesan sen?
Yetti iqlim kalitin zehnga solib,
Gul yaprog‘in xazon ayozi qorib,
Johillik dardiga darmon axtarib,
Topmay ketgan donomisan, nesan sen?
Shodmon davron kelib, gullab diyoring,
Zar zargarin topdi, karvon bozorin.
Yangi avlodlarga to‘lib guzaring,
Chechak otgan bo‘stonmisan, nesan sen?
Ibroyim der: chin shoirlik yo‘lisan,
Sen odam ko‘nglining so‘lmas gulisan,
Qo‘shiqning tangrisi Maxtumqulisan,
Teng-toyi yo‘q turkiy zabon chechansan.
VATAN
Sen, ey amri vojib, oliy hukmdor,
Ne qudratsan, qalbga hokimlik etgan?
Biz tugul, ne ulug‘, dono shoirlar
Sening ta’rifingni aytolmay ketgan…
Bag‘ringda qancha xalq – mardonalar bor,
Ular g‘ururini ko‘tarolmas tog‘.
Biroq sensiz ular – qanotsiz shunqor,
Qaynoq mehri senga baxshida har chog‘.
Mehnat va aqldan obro‘si baland,
Ulug‘lar yashaydi bag‘ringda omon.
Biror nomard senga berar bo‘lsa pand,
Chaqirsang, “labbay” deb kelar shu zamon.
Biri otdan tushib, biri – taxtidan,
Gunohkor bolangday koringga yarar.
“Vatan” desa olov to‘smas shaxdidan,
O‘qqa kiprik qoqmay tippa-tik qarar!
SOGʻINISH
Sahar vaqti chiqsam Ma’shuq tog‘iga,
Sharqdan kulib boqdi Zuhro yulduzi.
Kumush buloqlarning sho‘x qaynashi ham
Seni esga soldi, Amuning qizi.
Tog‘dan bulutlarni haydasa shamol,
Silkib turgandaysan menga oq ro‘mol,
Suv ichishga kelgan yeldek sho‘x marol
Senga o‘xshab ketdi, Amuning qizi.
Go‘yo cho‘ng Elbrus osmonga tekkan,
Bulutlar mahliyo, boshini eggan,
Bahor bayramida oq ko‘ylak kiygan
Paytlaring yod etdim Amuning qizi.
Shamol shildiratsa tollar yaprog‘in,
Seni keldimi deb aldandim tag‘in,
Kakliklar gurlashib uchgani sayin
Xandangni eslatar, Amuning qizi.
Ko‘rsam jimirlagan suvlarin soyning,
Tinglab cho‘pon chalgan shodon surnayin,
Shunda bir sen bo‘lib shodligim, qayg‘um,
Ko‘z oldimda turding, Amuning qizi.
Narzan buloqlari qandayin shinam,
Sening ko‘ngling yanglig‘ tiniq va ko‘rkam,
Tog‘lar uyg‘onadi, qalbimda bir g‘am –
Orzuyim o‘zingsan, Amuning qizi.
Sog‘inching tugatdi bor toqatimni,
Tosh ustida turdim o‘qib xatingni,
Yozsam yosh emanga o‘yib otingni,
Tog‘lar yodlab oldi, Amuning qizi.
Beshtov jilvalanib turar qoshimda,
Bulutlar o‘rmalar xarsang toshida,
Har kim kuyar bo‘lsa sevgi yoshida,
Mendek bo‘lib kuysin, Amuning qizi.
TUGʻISHGANLIK
Tarixlarga guvohli so‘z,
Har bir dardga davoli so‘z,
Muqaddas so‘z, duoli so‘z:
Tug‘ishganlik, tug‘ishganlik.
Or-nomus, vijdoni sherik,
Moli bilan joni sherik,
Tomirdagi qoni sherik,
Qon-qardosh so‘z – tug‘ishganlik.
Bir o‘choqqa o‘t yoqtirgan,
Bir yaylovda mol boqtirgan,
To‘y-hashamda ot choptirgan,
Rizqi yo‘ldosh tug‘ishganlik.
Bir tandirga non yoptirgan,
Zarur narsangni toptirgan,
Bevaqt eshik qoqtirgan,
Tug‘ishganlik, tug‘ishganlik.
O‘zbekni o‘z og‘am etgan,
Ulkan baxtni in’om etgan,
Bir qozonda osh damlatgan,
Mehri issiq tug‘ishganlik.
Suvimni daryodosh etgan,
Elimni do‘st-qardosh etgan,
Turkmanga nag‘madosh etgan,
Xosiyatli tug‘ishganlik.
Qozoqlarga toy so‘ydirgan,
Qirg‘izlarga qo‘y so‘ydirgan,
O‘tov tiklab, bosh qo‘ydirgan,
Himmatli so‘z – tug‘ishganlik.
Daryoni daryoga qo‘shgan,
Fazolarning sirin ochgan,
Bir oiladek uyushgan,
Mangu yasha, tug‘ishganlik.
TOSHQIN BO‘LIB OQIB O‘T
Zamonang bor, yayrab davron surmoqqa,
Daryo bo‘lsang, toshib-toshib oqib o‘t.
Yelman desang, shamolday chop to‘rt yoqqa,
Bulut bo‘lsang, ko‘ngillarga yog‘ib o‘t.
Gulman desang, xumor boqtir ko‘zlarni,
Tilman desang, marjonday tiz so‘zlarni.
Qon-qardoshdan burma aslo yuzlarni,
Goh-gohida eshigini qoqib o‘t.
Botir bo‘lsang, arg‘umoqday ko‘pik soch,
Shunqor bo‘lsang, yozgin samoda quloch,
Keng fe’l bo‘lib el-yurtingga quchoq och,
Havolanmay, sen muloyim boqib o‘t.
Vaqt g‘animat, bilgin olmosdan qimmat,
Unutma, bu gaplar emas behikmat,
Er yigitda bo‘lsin saxovat, himmat,
Tog‘lar osha chaqmoq bo‘lib chaqib o‘t.
Yoshlik fasli yozilmagan bir doston,
Dog‘ tushmasin unga, avayla, inson,
Yashash Yaratgandan bizgadir ehson,
Tiriklik bir marta berilar faqat.
Ibroyim YUSUPOV,
O‘zbekiston Qahramoni
“Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



