Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.02.2026 | 19:45

img1845

“JAYHUN ORTIDAGI O‘ZBEK BOLASI…”

“BOBURNI SEVGUCHILAR KUNI”

14-fevralda Kobul ko‘chalari guldasta ko‘targan, yuraksimon sharlar tutgan kishilarga to‘lib ketdi. Hamma hazrat Bobur tavalludining 543 yilligini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlayotgandek tuyuldi menga.

Bir guruh yoshlar “Bog‘i Bobur”ga yig‘ildi. Birov hindcha gulchambar ko‘targan, birovi ulug‘ shoirning yangi shohona suratini namoyishkorona quchgancha mahzun odimlagan (albatta, uning ham gardishi gullar bilan bezalgan), birisi qabrtosh usti va atrofiga atirgul barglarini sochala qilgan… Bosh kiyimlar rango-ranglik kasb etgan: hindiy salla, afg‘oncha kallapo‘sh, pushtuncha shol qalpoq, to‘rli-to‘rli kufi, qorako‘l qalpoq, katak-katak lungi, chitrali pakol, hazora do‘ppisi, baloch salla, turkman telpak, imom salla, mamlakatning shimoliy hududlarida rasm bo‘lgan qizil rangli o‘zbek do‘ppisi ila – hammasi bir sag‘ana atrofida jam bo‘lib, uzundan uzoq qiroat qilishdi… Yana bir guruh xorijiylar bor edikim, ularni pokistonlik mo‘g‘ullar atab, alohida hurmat bajo keltirdilar. Mehmonlar “O‘tkan kunlar” filmidagi Otabekka o‘xshash kiyimda – biroz katta, mo‘ynali, oq tumoqni boshga qo‘ndirgan, egnida kurk, ya’ni, ichki tomoni qo‘zi terisidan ishlangan, usti jigarrang, silliq chopon kiyib edi. Muborak qabr atrofida yig‘ilganlar, avvalo, o‘zbekcha, keyin forsiy, dariycha uzundan uzoq nutq irod etdilar.

Shundan so‘ng, odmiroq to‘yxonada O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi va mahalliy o‘zbeklar tashabbusi bilan tashkil etilgan “Buyuk mutafakkirlarimizni eslab” nomli xotira kechasi o‘tkazildi. Unda muhtaram elchimiz – Oybek Usmonov ham ishtirok etib, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy xazina haqida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi va ayni damda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan Mozori Sharifdagi chorrahaga hazrat Alisher Navoiy nomi berilgani, u yerda o‘rnatilajak yodgorlikka tamal toshi qo‘yilgani bilan yig‘ilganlarni qizg‘in qutladi.

Tadbir o‘tkazilayotgan joyga kiraverishda ikkala dahoning turli tillar va yozuvlarda chop etilgan asarlari, O‘zbekistonda faoliyat olib boradigan oynoma va haftalik nashrlarning Navoiy va Boburga oid sonlari qo‘yilgan.

Xotira kechasida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ham ishtirok etib, mazkur yig‘indan maxsus barqnoma (ko‘rsatuv) tayyorladi.

Ertasi kuni Faryob viloyati Andxo‘y tumanida joylashgan “Yangi yo‘l” xususiy o‘rta ta’lim maktabi tashabbusi bilan xuddi shu mazmundagi yirik tadbir bo‘lib o‘tdi. Ma’lumot uchun, mazkur maktab Afg‘onistondagi o‘zbek tilida faoliyat olib boradigan sanoqli o‘quv muassasalaridan biri hisoblanib, unda ming ikki yuz o‘quvchi tahsil oladi. Farzandlari ona tilida o‘qishini istagan ota-onalar oyiga ming afg‘oni (qariyb ikki yuz ming so‘m) to‘lov qiladi. Maktab asoschisi Zikrillo Rahimiy bizni maktabdagi sharoitlar bilan tanishtirdi. U yerda barcha zamonaviy fanlar maxsus o‘quv qurollari yordamida o‘rgatiladi. Direktor o‘rinbosari Asadullo Bashoshning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda dars beradigan o‘qituvchilarning aksariyati, xususan, o‘zi ham bir necha yillar davomida Toshkent va Termiz shaharlarida tahsil olgan va shuning uchun ham maktabdagi ta’lim sifatini imkoni boricha O‘zbekiston darajasiga olib chiqishni reja qilishgan.

Shu maktab o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani sezildi. Adabiy-ma’rifiy kechadan xabar topgan keksa-yu yoshga kattagina to‘yxonadagi o‘rinlar yetmay qoldi. Shunday bo‘lsa-da, qariyb uch soat davom etgan anjumanni tik oyoqda ko‘rganlar ham anchagina edi. Avvalroq, mamlakatning turli shaharlarida “O‘zbek tili va mutafakkirlari uchun tadbir o‘tkazishda hech kim faryobliklarga yetolmas”ligi haqida ko‘p eshitgandim. Gaplari rost ekan. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallarini aruz qoidalariga muvofiq tarzda yoddan o‘qigan adabiyot ixlosmandlarini ko‘rib ko‘zim quvnadi. Har qancha kuy-qo‘shiq, she’r aytish ta’qiqlangan bo‘lsa-da, bir davra bo‘lib, jo‘rlikda bobolarimiz satrlarini kuylashdi. Mana buni nazm-u navo kechasi deydilar! Mana buni jasorat ataydilar!

Albatta, tadbirda boshlovchilik qilgan qizgina hali to‘qqizga to‘lmagani, ammo bo‘y-bastidan kattaroq ko‘ringani uchun tadbir tashkilotchilarni mahkamaga chaqirtirib, so‘roq-savol qilishgani haqida bu yerda yozib o‘tirishim shart emas…

“KOLUMBDA BOR ALAMIM MANIM…”

Orada qadimiy G‘aznaga borib kelishga ham ulgirdim. Kobuldan keta-ketguncha tog‘ ekan, usti-boshi qor ekan. Past-u baland, loy-u tuproq ko‘chalar oralab kutilgan manzilga yetdim.

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy qadimgi Xorazmning Kot qishlog‘ida tug‘ilgan. U qomusiy olim bo‘lib, 150 dan ortiq asar yozgan. Xususan, astronomiya, matematika, geodeziya, tarix, etnografiya, tabobat kabi fanlarni chuqur bilgan. “Mineralogiya”, “Qonuni Mas’udiy”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hinduston” asarlari mashhur.

Tarixni ko‘ringki, hukmdorlar faqat tabiiy boyliklar ilinjida yoki xavfsizlik uchungina o‘zga yurtlarga yurish qilmas ekan. Masalan, Mahmud G‘aznaviy yillar davomida o‘z saltanatida ham “Ma’mun akademiyasi” bo‘lishini juda-juda istagan va 1017-1018-yillarda qadimgi Xorazmga qo‘shin tortib, u yerdagi olimlarni majburiy tarzda poytaxtiga keltirgan. Ular orasida Beruniy ham bor edi. Keyinchalik buyuk olim g‘aznaviylar sultoni homiyligi ostida jahonning bir necha mamlakatlariga safar uyushtirib, ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Birgina Beruniy emas, saroyda dunyoga mashhur “Shohnoma” muallifi – Firdavsiy, Beruniyning shogirdlari, xususan, Abu Nasr Mansur, o‘z davrning mashhur shoirlari Unsuriy va Asjadiy kabi olimu qalam ahli bir muddat yashab, ijod etgan. Hozir o‘sha saroy va qal’adan faqat tuproq tepaliklari va xarobalar qolgan. Unga ham mahalliy aholi uy qurib, hovli qilib olibdi.

“MANI YO‘QLAR KISHIM   BORMU?”

18-fevral, chahorshanba, ramazon oyining birinchi kuni (Afg‘oniston mezoniga ko‘ra) Andxo‘ydan Tahhor sari yo‘lga tushdik. Safarning eng mashaqqatli qismi mutasavvuf shoir Boborahim Mashrab ziyorati bo‘ldi. Ko‘likda 600 km yo‘lni, 15 soatda bosib o‘tdik.

Tong-sahar otlandik. Qarshimizda bopkashday qo‘yosh zamin uzra ilk nurlarini sochmoqda edi. Peshinga yaqin Xulum dovoniga yetdik. Mo‘tar (mashina)dan tushib, sahrosifat yalanglik va mayin qumli tepaliklar uzra esayotgan shiddatli shamolga quloch yozdik. Faryobliklar birdan chang-to‘zon ko‘tarilsa, “Nima balo, Xulum devonani shamoli keldimi”, deyisharkan.

Ravon yo‘llar tugab, avval Hindikush tizmasining shimoliy tarmoqlari, keyin Xo‘ja G‘or va Farxar vodiysi tog‘lari ko‘rindi. Va to‘satdan… yo‘l yo‘qolib qoldi. Lalmikor yerlarda tarvaqaylab ketgan yo‘lsimon tarmoqlarda mashinalar salkam o‘mbaloq oshib yuribdi. Bir keskin balandlab ketamiz. Tushishda ulovimiz yon tomonga chunonam og‘adiki, hali-hali dumalab ketishdan beri bo‘lib yuramiz. Qo‘qqisdan qarshimizda ulkan jarlik paydo bo‘lib, oyoq ilgancha hay-haylab qolamiz. Adashganimiz alamidan achchiq tabassum qilib, ot boshini ortga buramiz. Tag‘in mehnat-u mashaqqat-u sarsonlig‘…

Qunduz viloyatiga yetganda qosh qoraya boshladi. Shu yerlardan boshlangan Xonobod, Oqtosh, Qunduz daryolari borib-borib Amudaryoga quyilarkan. Atrofda sholidan bo‘shagan yerlar, bug‘doy ko‘kargan ekinzorlar…

Tahhorga borganda “og‘iz ochar” boshlanib qoldi. Shu yerlik yo‘lboshchimiz kutib olib, bizni bir o‘zbekning iftoriga boshladi.

Dasturxon boshida yig‘ilganlar maqsadimizdan voqif bo‘lgach, takalluf ila “Oshdan oling, qarindosh! Sizni Shoh Mashrab mehmon qilyapti!” deyishdi… Bu yerlarda dasturxon ustiga oyoq bosib yurishga ijozat bor.

Mehmonlar orasidagi 5-6 yoshlar chamasidagi bola ko‘rpachadagi miltiqqa yopishdi. Chollar uning qurolsevarligidan miriqib kulishdi. Qiziqqon bolakay ehtiyoti shart, o‘qdonni olib qo‘ymoqchi bo‘lgan otasi ustidan bobolarga shikoyat qildi. Yengil kulgi ko‘tarildi.

Duodan so‘ng qo‘zg‘aldik. Oldinda past-u baland va yo‘lsiz qishloqlar oralagan ikki soatlik yo‘l kutib turibdi.

Tungi soat o‘nlarda qadimiy Iskamish qishlog‘iga yetib keldik. Mahalliy qo‘mondon har ehtimolga qarshi bizga bir askar berdi. U esa Boborahim Mashrab nomi bilan ataluvchi ko‘cha va qabriston sari boshladi.

Bir yil avval qurilgan maqbaraga ming hayajon bilan kirdik. Mezbonlardan bu haqiqatdan ham Shoh Mashrab qabrimi deya qayta-qayta so‘radik. Ishontirish uchun, bino tepasidagi peshlavhaga fonar tutdilar.

Ko‘nglimiz bir yoqli bo‘lgach, ichkarilab, hazratimizni ziyorat etdik.

Qorong‘u bo‘lgani uchun sakkiz telefondan yorug‘lik tarqatib, tasvirga oldim. Shu tariqa “Safarnoma”m hayotimdagi bebaho kadrlar va xotiralar bilan boyidi.

Qaytdik. Shu bo‘yi Hayraton ko‘prigigacha tongotar gurung bo‘ldi. Ochig‘i, afg‘onistonlik o‘zbeklarning har biri umrida bir marta bo‘lsa ham O‘zbekistonni ko‘rish orzusida yashaydi. Yurtimizga tijorat yoki o‘qish maqsadida kelib-ketganlari u yerda doim maqtanib yuradi. Erkinligimiz, zamonaviy fikrlashimiz, diniy mo‘tadillik, madaniy-ma’rifiy tadbirlarimiz, kuy-qo‘shiq va xursandchilikka boy kunlarimizga havas bilan qaraydilar. Mamlakatimiz rahbarining xayrli tashabbuslari, yurtimizdagi ezgu amaliy ishlar, yangilanishlar, tadbirkorlik, ijodkorlik va shu kabi ko‘plab sohalardagi yutuqlarimiz haqida havas bilan gaplashishni xush ko‘rishadi. Ayollarga berilayotgan imkoniyatlar, xotin-qizlar ta’limi va erkinligini maqtagan insonlarni ko‘p uchratdim.

Umuman olganda, Afg‘oniston xalqi tinchlik va adolatni sevadi, qadrlaydi, dunyoning boshqa ellari kabi rivoj topishni chin dildan istaydi. Daryoning narigi tomonidan kelgan tildoshlarimizni afg‘on atashimiz ularni eng ko‘p ranjitarkan. Biz Amir Temur, Navoiy, Bobur davridan ancha avval ham shu tuproqlarda yashagan haqiqiy o‘zbeklarmiz, bizni o‘z nomimiz bilan atang deya yozg‘irgan ko‘p bo‘ldi.

“ISTARAM, YETSAM QUYUNDEK GULZORIM QOSHIG‘A…”

Ushbu safar menga nihoyatda ko‘p narsani o‘rgatdi. Avvalo, O‘zbekistonda tinch-osoyishta kechayotgan har kunimiz, o‘zimizda borini qadrlash va asrash shartligini chuqurroq angladim. Yurtimizda harakatchan, qonunga amal qilgan, niyati pok bo‘lgan har kim tilagan murodiga yetishi mumkin.

Jonajon O‘zbekiston tuproqlariga qayta qadam bosarkanman, qalbimda cheksiz hayajon va sevinch, fikrimda allaqanday yorug‘lik barq urdi. Ajdodlarimizdan meros qolgan muqaddas makonni asrab-avaylab, uning rivojida kichik bo‘lsa-da hissa qo‘shish eng oliy saodat ekanligini to‘la angladim!

Shahriyor SHAVKAT,
Andxo‘y – Tahhor – Termiz

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-fevraldagi 8-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599