Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.05.2024 | 15:26

img343

GULXAN RANGLARI

Oxirgi marta qachon gul­xan atrofida gurung qilgansiz? Eslay olasizmi? Agar yodingizda bo‘lsa, sizga havasim keladi. Sababi, me­ning esimda yo‘q, chunki o‘n yil, yigirma yil emas, juda ko‘p bo‘lgan bunday zavqni tuymaganimga. Ha, gulxan atrofida to‘planib, dildan suhbat qurish kishiga betakror zavq, huzur-halovat beradi.


Tasavvur qiling: tun, atrof­­ni oy nuri yoritib turibdi, qayerdandir chigirtkaning chirillashi eshitildi, o‘rtada gulxan… Darvoqe, gulxanning rangi­ga, hidiga e’tibor berganmisiz? Gulxan necha xil rangda tovlanadi? Qizil deysizmi? Yo‘q, unda faqat qizil emas, sariq, ko‘kish, hatto oq va yana qanaqadir ranglar bor. Biz kamalak rangiga oshufta bo‘lamiz, ammo gulxan rangi­ga ahamiyat bermaymiz. Holbuki, gulxanning sonsiz ranglari, ularning tovlanishi, raqqosalar kabi o‘ynoqlab, jilvalanib yonishi naqadar go‘­zal, naqadar fusunkor. Gul­xanning isini aytmaysizmi! Biron marta bo‘lsin hidlaganmisiz? Bu hidni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi! Gulxanning chirs-chirs yonishi-chi? Qandaydir musiqani yodingizga solmaydimi?! Bular qalbga orom, dilga rohat, asabga malham beradi. Go‘zallik deganda beix­tiyor gulni tasavvur qilamiz. Chunki gul – go‘zallik, nafosat ramzi. Biroq astoydil go‘zallik istagan odam hamma narsadan uni topa oladi, barcha mavjudotda ko‘radi go‘zallikni. Men yaqinda gulxan go‘zalligidan bahramand bo‘ldim, uning zavqiga oshno, maftun bo‘ldim. Uning jilva qilib, eshi­lib, to‘lg‘anib yonishiga termulib o‘tirarkanman, ozgina fursatga bo‘lsa-da, barcha g‘am-u tashvishlarni unutdim, vujudimdagi jamiki g‘uborlar ko‘tarildi, gulxanning ta’riflab bo‘lmas darajadagi tafti ruhimni tozaladi, juda yengil tortdim. Eng muhimi, oltmish yillar ortga qaytdim, yon-atrofimda o‘tirgan talaba yigit-qizlar yoshidagi davrimga tushdim go‘yo. Ishonasizmi, o‘zimni ulug‘ yoshdagi kishi emas, yigir­maga borib-bormagan, tog‘­­ni ursa talqon qiladigan, qa­damidan o‘t chaqnaydigan yi­­­­git kabi seza boshladim. Go‘yo ko‘zlari yonib turgan yigit-qizlar o‘rtasida yoshi bir joyga borgan “yigit” o‘tirardi. Ular ham asta-sekin meni tengqurlari kabi ko‘ra bosh­ladi. Va davramiz tengdosh­lar gurungiga aylandi. Avvaliga sal tortinib, iymanib turgan talabalar erkin, ochiq va dadil gapirishga o‘tdi. Kutilmagan savollar, turli-tuman takliflar aytildi. Hatto bir talaba universitetning birinchi prorektoriga “dashnom” berib: “Domla, bu davrani tashkil etish haqida gap ketganda, emin-erkin o‘tiramiz, ochiqchasiga gurung qilamiz, rasmiy kiyimlarni yechib tashlaymiz, degan edingiz. Aytganingizga amal qilib, hamma oddiy kiyimda, hatto mehmonlar ham, siz esa loaqal bo‘yinbog‘ingizni yechmapsiz”, dedi. Hamma qarsak chaldi. Prorektor Alibek Gʻafforov zamonaviy, madaniyatli rahbar ekan, talabaning e’tirofidan ranjimadi, mamnun bo‘ldi. “To‘g‘ri aytasan, shunday deganman. Afsuski, uyim uzoq bo‘lgani uchun kiyi­mimni almashtirib kelishga ulgurma­dim. Ammo sizlar bunga e’tibor bermang­lar”, dedi. Ellik-oltmish atrofida talaba yig‘ilgan. Biri qo‘yib, ikkinchisi she’r o‘qiy­di, savol beradi, raqsga tushadi. Kaminaning bir hikoyasi asosida sahna ko‘rinishi tayyorlashibdi. Bir necha talabalar o‘zlarining she’rlarini o‘qidi. Vaqt o‘tib boryapti. Lekin hech kim­ning ketgisi kelmaydi, aksincha she’r­xonlik, bahs-munozara, fikr almashish, savol-javoblar avjiga chiqadi. O‘rtada gulxan lovullab yona­di. Havo ham g‘oyat moʻtadil. Prorektor qulog‘imga shivirladi: “Vaqt ancha mahal bo‘ldi, charcha­ma­dingizmi? Balki, tugatarmiz. Ertaga yana bir necha uchrashuvingiz bor”. Soat necha bo‘lganini ham so‘ramadim. “Yana biroz o‘tiraylik. Bunday davra har doim bo‘lavermaydi”, dedim. Ko‘pincha bunday tadbirlar nomigagina, rasmiyatchilik uchun o‘tkaziladi. Shunaqa holatlarda Abdulla Oripovning “Ko‘lmak davra ko‘rsam ezilar ko‘nglim”, degan mis­rasi yodga keladi. Bugungi davra nihoyat­da jo‘shqin, toshqin. Ishtirokchilarning tuyg‘ulari, hissiyotlari, hayajonlari ichi­­ga sig‘mayapti. Ularni to‘xtatish uvol edi… Bu davra – Samarqand davlat vete­rinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tgan tadbirlardan biri. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur loyiha ijrosini ta’minlash uchun Yozuvchilar uyushmasi tomonidan shoir va yozuv­chilar ellik ikki guruhga (har bir guruhda uch nafar shoir va yozuvchi) bo‘linib, mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga yo‘l oldi. Ular avval muayyan universitet yoki institutda, so‘ng­ra o‘sha oliy ta’lim muassasasiga biriktirilgan maktablarda uchrashuvlar o‘tkazayo­tir. Biz – “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri, taniqli jurnalist Maqsud Jonixonov, shoi­ra Zuhra Eshonqulova Samarqand davlat ve­terinariya medi­tsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari hamda ularga biriktirilgan oltita maktabda uchrashuvlar o‘tkazdik, talabalar, o‘quvchilar bilan ochiq muloqot qildik, “Yashil makon” tadbiri doirasida talaba va o‘quvchilar bilan birgalikda daraxt ko‘chatlari ekdik. Avvalo shuni alohida ta’kidlash ke­rakki, ushbu loyiha zamirida te­ran ma’no-mazmun mujassam. Bu­­gun dunyo dengiz to‘lqinlariday chay­­qalib turibdi. Qaysi to‘lqin qay tomonga yo‘naladi, qaysi to‘lqinlar o‘zaro to‘qnashib ketadi? Bu to‘lqinlar qachon tinadi? Umuman, tinadimi? Prezidentimiz Jizzax viloyati faollari bilan o‘tkazilgan yig‘i­lishda shu haqda gapirib bunday dedi: “Xalqaro maydonda balans buzildi. Qonun-qoidalari mutlaqo o‘zgarib ketdi… Ertaga dunyoda bu notinchlik ko‘lami qayergacha kengayishini hech kim bilmaydi”. Ana shunday murakkab, qaltis davrda vatanparvarlik, el-u yurtni sevish, ardoqlash, asrab-avaylash, himoya qi­lish, ulug‘­lash har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Shu bois uchrashuvlarda mustaqilligi­miz, ­uning xalqimiz hayoti, farzandlari­miz ke­la­jagida tut­gan o‘rni, ahamiyati haqida suhbatlar qildik. Dunyoda inson uchun birovga bo‘yin egmay, erkin, ozod va farovon yashashdan ko‘ra muhim, qadrli narsa yo‘q. Demak, istiqloli­mizni mustahkamlash, uni turli yovuz kuchlardan, xususan, g‘araz­li axborot xurujlaridan himoya qilish mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaro­ning muqaddas burchi hisoblanadi. Xalqimizning ozod yashashi­ni orzu qilib, shu ezgu niyat yo‘lida kurashib qancha-qancha jadid bobo­larimiz jonlarini qurbon qildi. Ular xalqimizni ro‘shnolikka olib chiqish uchun turli vositalardan foydalandi: gazetalar, jurnallar chiqardi, maktab­lar ochdi, teatrlar tashkil etdi. O‘sha fidoyi bobo­larimiz hayoti va faoliyatini o‘rga­nish, tahlil qilish, ulardan o‘rnak olish bugun nihoyatda muhim va zarur. Bunga davlatimiz rahbari katta yo‘l ochib berdi, keng imkoniyatlar yaratdi. U kishi­ning tashabbusi bilan “Jadid” nomi bilan maxsus gazeta nashr qilina boshladi. Biz uzoq-yaqin tarixda o‘tgan buyuk ajdodlarimiz, jumladan, jadid bobolarimiz bilan faxrlanamiz, g‘ururlanamiz. Ammo faxrlanishning o‘zi yetmaydi. Har birimiz ularga munosib bo‘lmog‘imiz kerak. Biron ishga qo‘l urar ekanmiz, tepamizda o‘sha bobolarimiz kuzatib turganday his etaylik. Masalan, shifokor bemor bilan muloqot qilayotganda, uni davolashga kirishganda yelkam osha Ibn Sino bobomiz qarab turibdi, deb o‘ylasin. Qilayotgan ishimni ko‘rib, barakalla, o‘g‘lim, baraka top, qizim, deydimi yoki “Oq xalatingni yech-da, boshqa ish qil”, deydimi, degan hadik va mas’uliyatni unutmasligi lozim. Shifokor bo‘lish niyati­da tibbiyot universitetiga kelgan har bir yigit-qiz ilk qadamidan ana shu mas’uliyatni zimmasiga olmog‘i ke­rak. Bunday mas’uliyat barcha sohaga tegishli. Samarqand davlat tibbiyot universiteti faoliyati bilan tanishib, professor va o‘qituvchilar, talabalar bilan suhbatlashib, bu maskanda ana shu mas’uliyatni unutmaslik zarur, degan tushuncha hukmron ekaniga amin bo‘ldik. Universitet tarixi muzeyi yaratilibdi. Birinchi prorektor Eldor Tangirov muzey bilan batafsil tanishtirdi. Ochig‘i, bu muzeyni ko‘rib hayratda qoldik. Nihoyatda katta ish qilingan: universitet tarixi yilma-yil xronologik tarzda aks ettirilgan, juda noyob suratlar, ashyolar topib qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, muzey – universitet tarixi­ning ko‘zgusi. Ushbu dargohdan o‘nlab akademiklar, professorlar, viloyat va respub­lika darajasidagi rahbarlar yetishib chiqqan. Talabalar uchun muzey tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ikkala universitetda o‘tgan uchra­shuv va muloqotlarimiz bir-biridan zavqli, qiziqarli bo‘ldi. Bizni quvontirgan jihatlar ko‘p. Ulardan eng asosiysi – Veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham, Tibbiyot universitetida ham ma’naviyat va ma’rifat­ga katta e’tibor berilar ekan. Birin­chi universitetda “Besh tashab­bus markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markazning asosiy maqsadi – ta’lim-­tarbiya jarayonini har tomonlama rivoj­lantirish, besh muhim tashabbus aso­si­da talabalarni ilg‘or g‘oyalarga yo‘naltirish, milliy qadriyat, urf-odat va an’analarni mujassam etgan das­­turlar ishlab chiqish va amalga oshirishdir. Shu asosda markazda “Quvnoqlar va zukkolar”, “Talabalar teatr studiyasi” klubi, “Sozanda yosh­lar”, “Ranglar sehri” to‘garak­lari tashkil etilgan. Ularda yetti yuzga yaqin talaba ishtirok etadi. Sportning bir necha turi bo‘yicha faoliyat olib borayotgan to‘garak­lar talabalar­ning sevimli mas­kaniga aylanibdi. “Kompyuter bilimdonlari”, “Zakovat”, “Mutolaa zavqi”, “Notiqlik san’ati” klub va to‘garaklar ham doimo tala­balar bilan gavjum. Beshinchi ta­shab­bus bo‘yicha tashkil etilgan “Dilbar qizlar” klubi, “Mohir qo‘llar”, “Pazandalik” va “Tikuvchilik” to‘garaklariga 380 nafar talaba qiz jalb qilingan. Muxtasar aytganda, universitetda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, tashabbusla­­ri­ni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlan­tirish­ga alohida ahamiyat berilishi diq­qatga molik. Tibbiyot universitetida “Feruza” ashula va raqs ansambli to‘garagi, “Ibn Sino izdoshlari” teatr-­studiyasi tashkil etilgan. Ushbu studiya qatnashchilari “Ona – hayot beshigi”, “Qush tili”, “Urush, noming o‘chsin jahonda” kabi spektakllar va ko‘plab etyudlarni sahnaga olib chiqqan. “Renessans”, “Ko‘chki” spektaklla­ri va “Bir jadid tarixi” nomli sahna ko‘rinishi bir qancha tanlovlarda faxr­li o‘rinlarni egallagan. Universitetda jamoatchilik asosida rassomlik to‘garagi ishlab turibdi. Unga rassom Asror Turdiyev rahbarlik qiladi. To‘garakka oltmishdan ziyod talaba qatnar ekan. Ular ishlagan kartinalar­ni tomosha qilib, havasimiz keldi. Har ikkala oliy ta’lim muassa­sasi talabalari orasida adabiyotga, san’atga qiziquvchi yoshlar ko‘p ekan. Bu ularning savollar berishidan ham ko‘rinib turibdi. Boz ustiga, o‘zlarining she’rlaridan o‘qib berishdi. Atoqli shoirlarimizning she’rlaridan bir misra o‘qilishi bilan talabalar jo‘r bo‘lib davom ettiradi. “Zakovat” intellektual o‘yinlari bu­gun yoshlar, xususan, talabalar ora­sida ommalashgani ma’lum. Ikki uni­versitet talabalari ham ushbu yo‘na­­lishda faol ekan. “Zakovat”da qat­nashuvchilar safi kengayib bora­yot­ganini aytishdi. Veterinariya meditsinasi, chor­va­chilik va biotexnologiyalar universiteti rektori Xudoynazar Yunusov ham, Tibbiyot universiteti rektori Ja­sur Rizayev ham ma’naviyat va ma’rifatga oshno, adabiyot va san’atni xush ko‘radigan rahbar ekanligi e’tiborimizni tortdi. Ular talabalari­ning yutug‘idan quvonib, yayrab gapiradi. Bugungi zamon yoshlari hamma sohani bilishi, ma’rifatli bo‘lishi, adabiyot, san’at va sportni sevishi lozimligini ta’kidlaydi. Veterinariya meditsinasi, chor­va­chilik va biotexnologiyalar universitetiga biriktirilgan Jom­­boy tumanidagi uchta, Tibbiyot universitetiga biriktirilgan Samarqand tumanidagi uchta maktabda ham uchrashuvlar o‘tkazdik. Bu jarayonda “Bog‘cha – maktab – oliy ta’lim muassasasi” konsepsiyasi bo‘yicha olib borilayot­gan tizimli ishlar o‘z samarasini berayotganiga amin bo‘ldik. Chunki maktab o‘quvchilarining bilim doirasi, fikrlash tarzi kishini mamnun etadi. Ular­ning savollar berishi, she’rlar o‘qishi havasimizni keltirdi. Eng muhimi, yoshlarning aksariyati o‘zini erkin tutadi, tortinmay savol beradi, she’rlarni ja­ranglatib o‘qiydi. Xususan, kamina Jomboy tumanidagi 17-maktab o‘quvchilari bilan ochiq muloqotda bunga guvoh bo‘ldim. O‘quvchilar pianino chalyapti, ashula aytyapti, raqsga tushyapti, she’rlar o‘qiyapti. Shu tumandagi 12-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva “Yosh kitobxon” tan­lovi­ning mamlakat bosqichida o‘n-­o‘n to‘rt yosh toi­fasida birinchi o‘rin­ga sazovor bo‘lib, Prezidentimiz sov­g‘asi – “Cobalt” avtomobili bilan taqdirlangani bejiz emasligiga amin bo‘ldim. Shoir va yozuvchilarning maktab­lar­ga borib, o‘quvchilar bilan ochiq suh­batlar qilishi katta tarbiya­viy ahami­yatga ega. Ular shu uchra­shuv­lar­ni keyin ham eslab yuradi, o‘quv­chilar uchun nihoyatda muhim rag‘­bat – motivatsiya bu. Biz maktabda o‘n bir yil o‘qib, biron marta shoir va yozuvchi yoxud boshqa taniqli kishilar bilan uchrashmaganmiz. Adib­larning asarlarini o‘qirdik, ammo ularning o‘zlari bilan bevosita muloqotda bo‘lish, dastxati bitilgan kitob­larini olish xayolimizga ham kelmagan. Bugungi o‘quvchilarda shunday imkoniyatlar bor. Bunday imkoniyatlardan samarali foydala­nish har ikki taraf, ya’ni o‘quvchilar uchun ham, adiblar uchun ham foydali. Bu kabi tadbirlar boshqa sohalardagi taniqli kishilar bilan ham tashkil etilsa, nur ustiga nur bo‘ladi… …Sokin tun. Osmonga qarayman. Yaqindagina tepamizda turgan oy daraxtlar ortiga o‘tibdi. “Kecha oqshom falakda oy bo‘zarib botganda, Zuhro yulduz miltirab, xira xanda otganda…”, deya Abdulla Oripov misralarini shivirladim. Gul­xan tovlanib, jilvalanib yonardi, go‘yo sira o‘chgisi kelmasdi. Uning atrofidagi yigit-qizlarning ham jilgisi yo‘q, davra endigina boshlanganday sho‘x-shodon qiyqirib she’r o‘qir, ashula aytar edi. Bunga sari ular­ning ko‘zlari gul­xan yog‘dusida charaqlab ko‘rinardi. Nazarimda, har birining qalbi gulxan kabi qaynoq, tuyg‘ulari rang-barang, hissiyotlari tizginsiz edi. Bu olovqalb yoshlarga havas va hayrat ila qara­gancha istak-xohishimizga qarshi bo‘lsa-da, vaqt hukmiga bo‘ysungan holda xayr­lashdik. Uzoqlashganimiz sari ularning sho‘x-sha’n ovozlari yanada baland­roq, yanada tiniqroq eshitilar edi….

Mamatqul HAZRATQULOV, yozuvchi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 3-may 19-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599