26.05.2024 | 16:45
355
NURLI YOG‘DU

Yaqinda, aniqrog‘i, 16-may kuni Alisher Navoiy nomidagi kinochilar uyida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan samimiy muloqot soha rivojida g‘oyat muhim bir hodisa bo‘lganini alohida qayd etmoq joiz. Bu – davlatimiz rahbarining kinematografiya muassasalariga ikkinchi tashrifi. Dastlab koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan 2020-yilning 20-noyabrida to‘liq rekonstruksiya qilinib, qayta ta’mirlangan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi faoliyati bilan tanishib, bir guruh kinoijodkorlar bilan dildan suhbat qurgan edilar. Umr oqar suv – shunga ham oradan uch yarim yil vaqt o‘tibdi. Bu safar Prezidentimizni qisqa vaqt ichida butunlay yangicha qiyofa va mazmun kasb etgan Kinochilar uyida faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston kino san’ati muzeyida kutib oldik.
Ochig‘i, bu galgi uchrashuv biz uchun har qachongidan ko‘ra hayajonli va mas’uliyatli bo‘ldi. Sababi, biz mamlakat rahbarini muzey ekspozitsiyasi bilan tanishtirish asnosida keyingi yetti yilda o‘zbek kinematografiyasida amalga oshirilgan ishlar – suratga olingan filmlar, iste’dodlarni yuzaga chiqarish, kadrlar tayyorlash, milliy kinomizni targ‘ib etish borasida olib borilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusi rejalarimiz haqida hisob berishimiz kerak edi.
Axir, Prezidentimiz ushbu soha vakillariga juda katta ishonch va umid bilan qarab, yaqin vaqtgacha tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan sharoitlarni yaratib berdilar. Yetti yil oralig‘ida kino san’atini rivojlantirish bo‘yicha o‘ndan ortiq Farmon, qaror va farmoyish qabul qilindi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikning qadriga yetib, belgilangan vazifalar ijrosini aniq amaliy ishlar vositasida namoyon etishimiz zarur edi. Bir necha oy davom etgan tinimsiz izlanishlar, yangi-yangi dizayn takliflari asosida ekspozitsiya qurish, o‘zgartirish, takomillashtirish natijasida maqtansa, g‘ururlansa arzigulik ma’rifiy-badiiy bir koshona bunyod etildi.
Kinematografiya sarhadlarida keyingi yillarda olib borilgan islohotlarning ulug‘vor va keng manzarasi aks ettirildi bu yerda. Shuningdek, muzey ekspozitsiyasining bir qismida O‘zbekistonda ushbu san’atning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq qariyb yuz yillik tarix jonli lavhalar, noyob hujjat va ashyoviy dalillar vositasida ko‘rsatib berildi.
Shu o‘rinda ayrim xotiralar ham yodga tushdiki, ularni aytmasak bo‘lmas. Prezidentimiz shu kuni kinochilar saroyida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida o‘tgan asrning 70-80-yillarida, endigina institutni bitirib, qizg‘in ish boshlagan kezlarida ushbu maskanda o‘tkazilgan bir anjumanda so‘zga chiqib, o‘sha paytlarda O‘zbekistonga rahbarlik qilgan Sharof Rashidovning nazariga tushganini ham tilga olib o‘tdilar. Ana shunda beixtiyor bundan yigirma yilcha avval yuz bergan bir voqea yodimga tushdi. Aynan shu paytda hamma yo‘nalishlarda avjiga chiqqan “privatizatsiya” – xususiylashtirish shiori ostida respublikadagi yuzlab kinoteatrlar turli tijoriy tadbirkorlar, hatto qog‘ozda bor-u amalda yo‘q xorijiy firmalar tasarrufiga o‘tkazilayotgan edi. Xalqimiz “Panorama” deb e’zozlaydigan ushbu tarixiy maskan ham yuqoridagi ro‘yxatga tushgan edi. Poytaxtning qoq markazidagi bu gavjum binoni “tungi klub” va hatto bir chekkasida hammom – “sauna” qurishni rejalashtirgan ayrim biznesmenlar katta lavozimdagi amaldorlar ko‘magida o‘z niyatiga erishay deb turgan vaziyat edi. Yaqinda Bosh vazir lavozimida faoliyat boshlagan Shavkat Mirziyoyev ayni shu vaziyatda qat’iyat va iroda ko‘rsatib, “yo‘q” deb ayta oldi va kino saroyini ma’naviyat o‘chog‘i, xalqning madaniy maskani sifatida saqlab qoldi. U kishi saroy binosining 1977-yildayoq “zamonaviy me’morlik namunasi” sifatida madaniy obidalar ro‘yxatiga kiritilganini asos qilib keltirib, kino saroyining sotib yuborilishiga yo‘l bermadi.
“Yangi O‘zbekiston kino san’ati” muzeyining asosiy ekspozitsiyalari to‘liq yangi davrning filmlariga bag‘ishlangan. Albatta, so‘nggi yetti yillik davr bilan qariyb yuz yillik tarixning nisbati tomoshabinda savol uyg‘otishi tabiiy. Gap shundaki, o‘zbek kinosining milliy san’at sifatida yangicha mazmun va miqyos kashf etish ko‘lami so‘nggi yetti yilda yuz berdi, desak, sira mubolag‘a emas.
Shu o‘rinda birgina filmlar suratga olish hajmlarini qiyoslab ko‘raylik. Sobiq ittifoq davrida “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga har yili 6 tagina badiiy film suratga olish uchun mablag‘ ajratilardi. Shunda ham bu ijodiy mahsulotlarning yarmi mahalliy rejissyorlarga tegishli bo‘lsa, yarmi sobiq Markazda o‘tirgan kinorejissyor va ssenariynavislarning “haqi” hisoblanar edi. “Samolyotlar qo‘nolmadi” (1962), “107-instruksiya” bo‘yicha to‘ntarish” (1982), “Chuqurlikdan reportaj” (1984), “Leytenant Nekrasovning aybi” (1985), “Qo‘pol qo‘nish” (1985) kabi “O‘zbekfilm”da suratga olingan, xalqimizga ham, O‘zbekistonga ham mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ko‘plab filmlar shu tariqa paydo bo‘lgan edi.
Mustaqillikka erishilgandan so‘ng dastlabki davrlarga kelib kino sohasi deyarli unutildi. Keyinroq esa filmlar yaratishdan ko‘ra ko‘proq kinoteatrlar, kinoqurilma va boshqa mulklarni sotishga zo‘r berildi. Shu tariqa kinotarmoq “goh u, goh bu qirg‘oqqa urilib”, rosmana qanot yozolmay, tayin rivoj topmay yashadi. Yuzlab kinoijodkorlar sohadan butunlay chiqib ketdi. Kinematografiyani qayta tiklashga bo‘lgan urinishlar rag‘bat va munosabatning tizimli yo‘lga qo‘yilmagani uchun nochor ahvolda qolaverdi.
2017-yilga kelib vaziyat tubdan o‘zgardi. Badiiy, hujjatli va animatsion filmlar yaratish hajmi bir necha barobarga oshirildi, rejissyorlar, ssenariynavislar, operator, rassom va boshqa mutaxassislar yana o‘z kasbiga qaytdi, yangi, yosh iste’dodlar bo‘y ko‘rsatdi, “O‘zbekfilm” kinostudiyasining mog‘or bosgan, mudom rutubat ufurib turadigan binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlash uchun katta mablag‘lar ajratildi. Natijada u tez orada jozibador, gavjum ijodiy dargohga aylandi.
2017-yilgacha bo‘lgan davrda “O‘zbekfilm”ning binosi va hududi go‘yoki uning tanasiga kanadek yopishib olib, “qonini so‘rib yotgan” har xil tijoriy firma, do‘kon, qurilish ashyolarini ishlab chiqaruvchi katta-kichik ijarador korxonalardan tozalanib, faqat kino sohasiga yo‘naltirilgan yumushlar bilan mashg‘ul yirik muassasa holiga keltirildi. 2021-yili Prezidentimizning Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash haqidagi qarori qabul qilingach, bu maskan azim poytaxtimizning eng diltortar go‘shasiga aylandi. Tabiiyki, ushbu dargohda hozirda faoliyat yuritayotgan barcha xodimlar, umuman, soha ijodkorlari va texnik kasb vakillari muntazam ish va ijod bilan mashg‘uldirlar.
Bunday ulkan o‘zgarishlar natijasi o‘laroq, mamlakatimiz rahbari kinotarmoq oldiga qo‘yayotgan vazifalar – tarixiy va zamonaviy mavzularda yetuk filmlar yaratish, milliy qadriyatlarimiz, bezavol an’analar, ijod, yaratish, bunyodkorlik zavqi, yurt hayotiga daxldorlik tuyg‘ularini kino vositasida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning onggi va qalbiga singdirish, Vatanga muhabbat va sadoqat hissiyotini yuksaltirish borasida talaygina ishlar amalga oshirildi. Ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan yuzlab yangi badiiy, hujjatli, animatsion filmlar yaratildi, tanlov va festivallar o‘tkazilmoqda. Bu asarlar “Kino karvoni” vositasida bepoyon yurtimizning shahr-u qishloqlari, mahalla-ovullariga, chekka-chekka hududlarigacha yetkazilmoqda, xalqimiz sevgan kino ustalari, aktyor-aktrisalar, yosh va faxriy ijodkorlar joylarda xalqimiz bilan uchrashib, ular bilan hamnafas bo‘lishmoqda. Shukrki, xalqimiz san’atkorlarini suyadi, e’zozlaydi, ularning so‘ziga quloq tutadi.
Shu bilan birga, oxirgi yillarda o‘zbek kinosi va soha zahmatkashlarining qadami yetti iqlimga yetdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Milliy filmlarimiz Yevropa, Amerika va Osiyodan tortib, bu yog‘i Afrika-yu Avstraliyada ham o‘tkazilayotgan kinofestivallarda namoyish qilinib, nufuzli mukofot va sovrinlarni qo‘lga kirityapti.
Kino san’ati muzeyi ekspozitsiyasining eng muhtasham bo‘limlaridan biri – bu Imom Termiziy, Bahodir Yalangto‘sh, Amir Umarxon, Nodirabegim, Is’hoqxon Ibrat, Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Zulfiya va Hamid Olimjon, Said Ahmad va Saida Zunnunova, Abdulla Oripov singari ulug‘ siymolarga bag‘ishlab suratga olingan o‘nlab tarixiy filmlarimiz uchun tayyorlangan “Tarixiy liboslar ko‘rgazmasi” hamda “Yangi O‘zbekiston kinosining xalqaro e’tirofi” deb nomlangan sovrinlar stendi har qanday tomoshabinning e’tiborini jalb qiladi. Agar 2017-yilgacha olingan xalqaro mukofotlar soni o‘n-o‘n beshta atrofida bo‘lsa, so‘nggi yetti yilda o‘zbek kinofilmlari va kinoijodkorlari nufuzli xalqaro kino tanlovlarida 60 ga yaqin sovrinlarga sazovor bo‘lib, dunyo miqyosida e’tirof qozondilar.
Yurtboshimizga hujjatli kino sohasida madaniyat, san’at, adabiyot, tarix, arxeologiya, arxitektura, sport, turizm, diniy-ma’rifiy va boshqa ko‘plab mavzular bo‘yicha filmlar yaratish jarayoni va uning natijalari haqida hikoya qiluvchi ko‘rgazma ham taqdim etildi. Muhtaram Prezidentimiz bu ekspozitsiyani ham diqqat bilan ko‘zdan kechirib, o‘zlarining fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi. “Ustoz va shogird” ustaxonasi, xorijiy hamkorlar bilan tashkil etilgan animatsiya studiyasi, xotira portretlar galereyasi, zamonaviy badiiy filmlar ko‘rgazmalari, kinomizda oxirgi yillarda yuz bergan ijodiy jarayonlar, xorijdan raqamlashtirilgan holda sotib olingan 100 ta retro-filmlarimizning “oltin fondi” bilan ham tanishdilar. “Ipak yo‘li durdonasi” deya yangi nom bilan tiklanib, 2021-yildan buyoni uch marotaba o‘tkazilgan Toshkent xalqaro kinofestivalining unutilmas lahzalari, jahonga mashhur rejissyorlar, aktyor va aktrisalar, kinoarboblarning tasvirlari aks etgan alohida ekspozitsiya u kishining nazaridan chetda qolmadi.
Muzey bilan tanishgach, muhtaram Prezidentimiz kinochilar uyining anjumanlar zalida bir guruh kinoijodkorlar bilan uchrashib, ular bilan samimiy suhbat qurdilar. E’tirof va tahsinlarini izhor etib, kino san’atining hozirgi global jarayonlardagi o‘rni va ahamiyati, ma’naviy qadriyatlarimizni yoshlar qalbi va shuuriga ta’sirchan usullarda yetkazish, bugun erishayotgan yuksak yutuq va natijalarimizni kino vositasida dunyoda targ‘ib qilish bo‘yicha bir qator muhim vazifalarni belgilab berdilar.
Uchrashuvda Prezidentimizning tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” loyihasi doirasida 50 dan ortiq tarixiy, tarixiy-biografik filmlar yaratish dasturining taqdimoti ham o‘tkazildi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi o‘zbek kinoijodkorlarining so‘nggi yetti yillik faoliyatiga berilgan xolis va haqqoniy baho bo‘ldi, deyish mumkin.
Shuhrat RIZAYEV,
Kinematografiya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari
“Jadid” gazetasi 2024-yil 24-may 22-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



