13.04.2024 | 13:25
361
HAVODAN ZAHAR-ZAQQUM YOG‘ILMASIN

Bundan 40-50 yilcha oldin farg‘onalik ustoz muallim va shoir Iqbol Nazarov Vatan haqidagi she’rida: “Arig‘ingdan yotib suv ichay”, deya orzulagandi. Chanqoq odam yugurib kelib ariqdan engashib suv ichgan damlar bugun ertakka aylandimi? Ogahiy yozganidek, samo ham “ondin yog‘ar girdi xatar”ga aylanib bormoqdami? O‘sha “girdi xatar” qayerdan kelmoqda? Yerdan o‘rlab ko‘kka yetmayaptimi?
To‘g‘ri, bugungi kunda “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish, yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq ekologiyani asrash va avlodlar uchun yaroqli iqlim sharoitini saqlab qolish har birimizning burchimizdir. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deb bejiz aytmagan xalqimiz.
Yaqinda Toshkent havosining me’yordan ortiq ifloslanishi haqida ko‘pchilik bong urdi, ko‘chalarda mashqlar bajarmaslik, niqob taqib yurish haqida tavsiyalar berildi. Bunga goh ko‘mir, goh mazut, qurilishlar, avtomobillar sabab qilib ko‘rsatildi. Bu omillar havoning sofligiga salbiy ta’sir qilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Aslida o‘zimiz ham uning ifloslanishiga ma’lum darajada “hissa” qo‘shyapmiz.
Shu xususda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Islom Xushvaqtovga murojaat qildik:
– Islom aka, bugungi kunda atmosfera havosining ifloslanishiga asosan nimalar sabab bo‘lmoqda?
– Ayni paytda sanoat korxonalari hamda avtotransport vositalari havoni ifloslantirayotgan asosiy omillar bo‘lib qolmoqda. 2023-yilda respublika bo‘yicha havoga chiqarilgan zararli moddalar 2138,3 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, shundan 1279,9 ming tonnasi avtotransport vositalari, 858,4 ming tonnasi sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi, xususan, sanoat chiqindilarini kamaytirish, sohaning xuquqiy asoslarini takomillashtirish, xalqaro xujjatlarni, yaqin va uzoq muddatga mo‘ljallangan davlat dasturlarini qabul qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan birgalikda ekologik muammolarni yechish yo‘lidan bormoqda. Biroq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim hududlarining, xususan, Toshkent shahrida havoning ifloslanishi ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda.
– Muammoning yechimiga doir qanday takliflarni bergan bo‘lardingiz?
– Avvalo, ifloslantiruvchi moddalarni atmosferaga chiqarishni kamaytirish maqsadida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi yirik korxonalarga zamonaviy chang-gaz tutgichlar o‘rnatish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqib amalga oshirish, xorijdan keltirilayotgan sanoat filtrlari, chang-gaz tutgichlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralarini ko‘rish va bu borada mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash lozim.
Shuningdek, shaharlarga kirishda yirik avtoturargohlar tashkil etib, shaharlarga kiradigan avtomobillar oqimini boshqarish, jamoat transporti xizmati va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish holatini tubdan o‘zgartirish, hududlarda yashil maydonlarni ko‘paytirish tavsiya etiladi.
Bu haqda gap ketganda yana bir muhim masalaga to‘xtalib o‘tishimiz joiz. Odatda, ko‘pchiligimiz tog‘li, bog‘li hududlarda dam olgandan so‘ng plastik idishlar, yelimxaltalarni o‘sha joyda qoldirib ketish tabiatga, qolaversa, o‘zimizga ziyon keltirishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Polietilen modda butunlay parchalanib ketishi uchun 100 yildan 500 yilgacha vaqt kerak bo‘larkan.
Bir necha yil oldin yelimxaltalar o‘rniga qog‘oz paketlardan foydalanishga o‘tishga da’vat etilgandi. Do‘konlarda yelimxaltalar pullik qilib ham qo‘yildi. Biroq ulardan foydalanish kamaydimi? Nazarimizda, hammasi avval qanday bo‘lsa, shundayligicha davom etmoqda.
Yana deputatga yuzlanamiz:
– Islom aka, deputatlarning ekologik muvozanatni saqlash yo‘lida qanday rejalari bor?
– Polietilen kashf etilgandan buyon dunyo bo‘yicha jami 9 milliard tonnaga yaqin plastmassa xomashyosi ishlab chiqarilgan. Uning asosiy qismi chiqindixonalar va atrof-muhitga tashlab yuborilgan. Agar dunyodagi mavjud yelimxaltalar bir-biriga bog‘langanida ular Yer sharini 4200 marta aylantirishga yetar edi. Plastik chiqindilar suv havzalari va tuproqni ifloslantiradi. O‘z navbatida, suv, yer va atmosfera havosining ifloslanishi insonlar sog‘lig‘i va hayotiga, biologik xilma-xillikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, bir kishi o‘zi bilmagan holda haftasiga o‘rtacha 5 gramm, bir yilda esa 250 gramm mikro va nanoplastik unsurlarni “iste’mol qilarkan”. Kuniga 1,5 – 2 litr suv ichadigan odam bir yilda 90 ming plastik zarrachalarni qabul qilib oladi. Shunday ekan, bugungi kunda plastik idishlardan qutulishning imkoni bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bir qator davlatlarda plastik mahsulotlardan foydalanish qonun yo‘li bilan taqiqlangan. Xususan, 2016-yildan boshlab Fransiya o‘z hududida bir martalik plastik idishlar ishlab chiqarish va sotishni man etgan birinchi davlat bo‘ldi. Yevroparlament ham bundan besh yil ilgari bunday mahsulotlarga taqiq kiritishni ko‘pchilik ovoz bilan qo‘llab-quvvatladi. Bugungi kunda dunyodagi qirqqa yaqin mamlakatda plastik idishlarni sotish va ishlab chiqarishni taqiqlash yoki ularga cheklov joriy qilingan. Bu davlatlarda yelimxaltalarni ishlatish ko‘rsatkichi 94 foizga kamayib, bir marta ishlatiladigan qog‘oz yoki qayta ishlatiladigan matodan tikilgan xaltachalarga o‘tildi. Shuningdek, ayrim davlatlarda yelimxaltalar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishga qarshi keskin choralar qo‘llanilmoqda. Xususan, Tanzaniyada bunday huquqbuzarlik uchun 2 ming AQSH dollari miqdorida jarima yoki bir yil qamoq jazosi belgilangan. Avstraliyada plastik paketdan foydalanganlarga 4600 dollar jarima solinadi. Bizda ham polietilen mahsulotlardan foydalanishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, mamlakat hududida qalinligi 40 mikrondan kam bo‘lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish taqiqlangan (eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va xo‘jalikda foydalanish uchun o‘ramlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, chiriydigan polimer materiallaridan tayyorlangan paketlar bundan mustasno). Biroq bu amaliyot bugungi kunda to‘liq joriy etilmagani bois atrof-muhitda ushbu turdagi chiqindilar ko‘payib bormoqda.
Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusi bilan mazkur turdagi chiqindilarni tartibga solishni qonuniylashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Loyihada bir martalik plastik mahsulotlar, xususan, qadoqlash plyonkasi va ayrim turdagi yelimxaltalarni chetdan olib kirish, sotish va ishlab chiqarishni hamda savdo shoxobchalarida ularning savdosini taqiqlash, shuningdek, foydalanilgan plastmassa qadoqlarni qayta ishlash tizimi va ikkilamchi mahsulotga aylantirish orqali muomalaga kiritish tartiblari belgilanmoqda.
“Qars ikki qo‘ldan” deb bejiz aytishmagan. Jonajon Vatanimiz tabiatini muhofaza qilish va shu orqali xalqimiz salomatligini asrash faqatgina davlatning ishi emas, balki har birimizning vazifamizga aylanishi kerak. Toki, osmonimiz, havomiz “girdi xatar”dan xoli bo‘lsin.
Gulbahor SAIDGʻANIYEVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
“Jadid” gazetasi 2024-yil 8-mart 11-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596


