07.06.2024 | 17:16
511
TARJIMA – DILLAR PAYVANDI
Badiiy adabiyotning eng ulkan sohalaridan biri, shubhasiz, tarjima san’atidir. Garchand tarjima tarixi olis davrlarga borib taqalsa-da, bugun o‘zaro yaqin va ayni damda turli til oilasiga mansub lahjalardan tarjima qilish an’anasi davom etmoqda. Dunyodagi eng go‘zal, e’tiborli, barchaning qalbidan birdek o‘rin ola biladigan asarlar tarjimasi bilan tillar tabiatini chuqur biladigan mutaxassis – tarjimonlar shug‘ullanadi.

Tarjimon – bu yuksak madaniyatli, badiiyatni chuqur his etadigan ziyoli. Uning mashaqqatli mehnati tufayli zohiran begona ko‘ringan ellar ellarga, dillar dillarga payvand bo‘ladi. Tarjimonning xizmati ortidan turli millatga mansub odamlar bir tilda – badiiy adabiyot tilida suhbat quradilar. Globallashuv zamoni bo‘lgan hozirgi kunimizda jahon ahlining dunyoqarashi, adabiy didi, mentaliteti, urf-udumlari va qadriyatlarini bilish uchun, albatta, ularning adabiy merosidan boxabar bo‘lmoq lozim. Shu e’tibordan Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qaror mamlakatimizda tarjima adabiyotining yuksalishida bevosita qanot bo‘ladi.
Prezidentimiz olib borayotgan adabiy siyosat alaloqibat xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni, davlatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgani hammamizga kunday ravshan. Bu tarixiy qaror tufayli o‘zga xalqlar va davlatlar o‘zbek xalqining madaniy-ma’rifiy merosidan bahra olib, qadimiy va boy adabiyotimizning zabardast siymolari hamda umrboqiy asarlari vositasida Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasini to‘laqonli tasavvur etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu xalqaro mukofotning mumtoz shoirimiz Ogahiy nomi bilan atalishi o‘z tarixiy asosiga ega. Zero, Muhammad Rizo Ogahiy Mirxondning “Ravzat us-safo”, Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’”, Sa’diyning “Guliston”, Nizomiyning “Haft paykar” va boshqa ko‘plab tarixiy-badiiy asarlarni forschadan o‘zbek tiliga katta mahorat bilan tarjima qilgan.
Qaror negizidagi “o‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima; o‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima; o‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima; xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima; xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima; xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tarjimonlarni taqdirlab borish ko‘zda tutilgani tillarni puxta bilguvchi ellararo ko‘prik vazifasini o‘tovchi mutarjimlarga kuch-g‘ayrat beradi. Zero, rag‘bat ijodkorga qanot bag‘ishlaydi.
Alohida ta’kidlash joizki, qarorda bolalar adabiyotiga berilgan yuksak e’tibor – bu aynan bugunning maqsad va muddaosidir. Chunki bolaning adabiy ta’limi, qalbining ma’naviy-ruhiy tarbiyasi bevosita irodasi bukilmas shaxs kamolotiga daxldor masaladir.
O‘zbek adabiyoti namunalarini xorij tillariga va dunyo adabiyotining nodir namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish ikki jihatdan qiymatli. Birinchidan, ming yillik muhtasham adabiy tariximizning go‘zal namunalari dunyoning turli el-elatlari o‘quvchilari qo‘liga yetib boradi. Dunyo o‘quvchisi bizning adabiy tafakkur tarzimiz, jahon adabiyoti durdonalari bilan bir qatorda turadigan bebaho asarlarimiz mohiyati bilan tanishadi. Bu sohada faoliyat olib borayotgan fidoyi, o‘zbek adabiyotining chin do‘stlari, tabiiyki, qadrlanadi. Ikkinchidan, dunyo adabiyotidagi eng nodir asarlarning o‘zbekona hayot tarzimizga, yoshlarning xulq-atvoriga muvofiq keladiganlarini tanlab, o‘zbek tiliga tarjima qiladigan soha mutaxassislarining xizmatlari ham munosib taqdirlanadi. Bu sohada o‘zbek tarjimonlari, adabiyotshunoslarida muayyan tajriba borligi sir emas.
Yuqorida eslatilgan mumtoz adabiyot tarixida o‘tgan Ogahiydek allomalar amalga oshirgan tarjima ishlari keyingi avlodlar tomonidan davom ettirildi. Jadidlar zamonasida Ajziy, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Sanjar Siddiq, Saidg‘ani Valiyev, Fozilbek Otabek o‘g‘li kabi bir qancha adiblar tarjima bilan shug‘ullanishdi. Bugungi “Jahon adabiyoti” jurnali zimmasiga olib, ado etayotgan vazifani o‘sha paytda “Yer yuzi” jurnali bajardi. XX asrning 20-yillarida Gʻarb va Sharq adabiyoti namunalaridan qilingan tarjimalar ayni jurnalda nashr bo‘ldi. Deylik, Anton Chexovdek so‘z ustasining bitta “Buqalamun” asarining uchta tarjimasi bir zamonda maydonga kelganidan xabarimiz bor. Darvoqe, Poelo Koeloning “Alkimyogar” asarini yangi zamonda uch tarjimon o‘z uslubi va bilim darajasiga mos ravishda o‘zbek tiliga o‘girdi.
Shu e’tibordan dunyo adabiyoti namunalarini tarjima etish bilan birga ularni qiyoslab o‘rganish jarayonida ayni sohaning muhim bir ilmiy-nazariy tadqiqotlar qirrasi, ya’ni tarjimashunoslik yo‘nalishi ham rivoj topadi. Tarjima asarlari, tarjimonlar, tarjimashunoslik – bular o‘zaro biri birini taqozo qiladigan tushunchalardir. XX va XXI asr o‘zbek tarjima maktabining ulkan, tajribali, mohir tarjimonlari, shuningdek, bu sohada o‘z maktabiga ega yetuk mutaxassislari bor.
Yaqinda bir xalqaro anjumanda ispaniyalik er-xotin bilan tanishib qoldim. Eri nemischada menga o‘xshab bazo‘r gapirar ekan. Ular bizning adabiyotdan bir og‘iz so‘zlagan bo‘ldi. Men Migel Servantesning “Don Kixot” asarini o‘qiganimni eslatganimda ular “ha, shundaymi” degan ma’noda bosh irg‘ab qo‘yishdi. Iste’dodli shoir va mutarjim Shavkat Rahmon tarjimasida Garsiya Lorka, Rafael Alberti she’rlari o‘zbek tiliga o‘girilganini aytganimda ularning hayrat va quvonchdan ko‘zlari chaqnadi. To‘g‘risi, imo-ishora yo‘sinida, ammo asosan biz adabiyot tilida, tuyg‘ular tilida ancha dildan suhbatlashdik.
Dunyo adabiyotidan barcha adabiy tur va janrlarni qoyilmaqom qilib o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimonlarni bugun eslash, ularning tajribalaridan, so‘z yasash, so‘z izlash va so‘z qo‘llash mahoratidan o‘rnak olmoq lozim.
Zamona zayli bilan gugl-tarjimon paydo bo‘lgan bugungi ilg‘or texnologiyalar davrida tarjimonlik ishida yuzaki, oson va soxta yo‘l tutish kitob bilan oshno bo‘lgan ziyoli odamning sha’niga aslo munosib ish emas. O‘zbek tarjimonlari xizmati tufayli yaqin tarixda jahon adabiyoti durdonalari (JAD) ruknida ko‘plab kitoblar nashr bo‘lgani barchaga ma’lum. Yaqinda “Turkiy adabiyot durdonalari”ning 100 jildligi bosilib chiqib, qardoshlarimiz kutubxonalariga ham yetib bordi. Bu muhtasham ma’naviy xazina o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotidan tanlangan asarlar bilan bir qatorda qoraqalpoq, turk, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirg‘iz, venger adabiyotidan saralab olingan asarlar tarjimalari evaziga maydonga keldi.
Bir so‘z bilan aytganda, adabiy tarjimaga doir tarixiy qaror tarjimonlar faoliyatining rivoji, tarjimashunoslik ilmining taraqqiyoti, eng muhimi, badiiy so‘z san’ati vositasida dunyo xalqlari o‘rtasidagi adabiy aloqalar, o‘zaro do‘stlik va hamkorlik rishtalarining mustahkamlanishida ulkan ahamiyat kasb etadi.
Bahodir KARIM
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



