07.06.2024 | 20:35
408
MA’NAVIYAT TANTANASI, ADOLAT G‘ALABASI
Bundan ikki yil burun “Buxoronoma” gazetasida taniqli tarixchi olim Sulaymon Inoyatovning jadid ma’rifatparvari Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev qismati haqidagi maqolasi e’lon qilingan, undagi bir lavha tahririyat xodimlari va ko‘p sonli muxlislar qalbini o‘rtagan edi…

Maqolada Usmonxo‘janing farzandi, hozirda xorijda yashab, ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan professor Temur Xo‘jao‘g‘lining Buxoroga tashrifi chog‘ida ota uyida (o‘sha paytlarda bu uy mehmonxonaga aylantirilgan edi) bir kecha tunash uchun pul to‘lashga rozi bo‘lgani, ota uyida o‘tkazgan tuni uning qalbidagi iztiroblarni alangalatgani, imkoni bo‘lsa-yu, ota mulkini xarid qilib, xalqqa topshirishga rozi bo‘lgani haqida hikoya qilingan edi…
Bugun biz bunday xabarlar tez tarqaladigan, bahs-munozara uyg‘otadigan bir davrda yashayapmiz. Tarixiy xotirani tiklash bilan bog‘liq bu kabi masalalar doimo davlat rahbarining e’tiborida bo‘layotgani, tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi sa’y-harakat va tashabbuslar tezkorlik bilan qo‘llab-quvvatlanayotgani esa xalqimizning chinakam baxti, omadidir.
Darvoqe, Prezidentimiz tomonidan jadid ma’rifatparvarlari, jumladan, Xo‘jayevlar sulolasining sha’nini tiklash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish bilan bog‘liq tashabbuslar u kishi lavozimga kirishgan ilk yillaridayoq ilgari surilgan edi. Poytaxtimizdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining joylardagi filiallari sifatida har bir viloyatda shu nomdagi muzey tashkil etilgani ana shunday tashabbuslar samarasi bo‘ldi.
Muqimiy, Furqat, Is’hoqxon Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi ma’rifatparvarlarimiz hayoti va faoliyati haqida badiiy va hujjatli filmlar suratga olingani, o‘nlab fidoyilarimiz, jumladan, Xo‘jayevlar sulolasining ayanchli qismati haqida hikoya qiluvchi “Armon” hujjatli filmi yaratilgani, tarixiy siymolarimiz, inchunin, ma’rifatparvar jadidlarimiz haqida bolalar va yoshlar uchun asarlar yaratish choralari ko‘rilayotgani ziyolilarimiz va yurtdoshlarimiz tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi.
2021-yili Qorako‘l tumanida bo‘lib o‘tgan saylovchilar bilan uchrashuvda Prezidentimiz ilgari surgan ikki taklif – Buxoro shahridagi “Buxorolik savdogar uy-muzeyi” nomi bilan yuritib kelingan muzey nomini aslicha tiklash, ya’ni “Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi” nomi bilan atash va Buxoro shahrida Abdurauf Fitrat nomidagi o‘zbek tili va xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Ijod maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq takliflar ko‘zda yosh va davomli olqishlar bilan qarshi olingani ham ko‘pchilikning yodida.
Eng muhimi, o‘sha muloqotdan ko‘p o‘tmay muzey nomi tiklandi, shahar turizm marshrutiga kiritilgan qadamjo yana gavjum manzillardan biriga aylandi. Buxoro shahri markazidan ajratilgan hududda Ijod maktabini qurish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.
Prezidentimiz o‘z nutqida sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy kabi ulug‘larimiz, ayniqsa, jadid ma’rifatparvarlarining merosidan tez-tez iqtibos keltiradilar. Ularning ma’naviy jasorati aslida Prezidentimiz jism-u jonida har lahza barq urib turishi bugun nafaqat o‘zimizda, balki xorijda ham takror-takror e’tirof etilyapti. Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessans g‘oyalari mohiyatida ulug‘larimizning orzu-umidlari mujassam ekanligi ham allaqachon o‘z isbotini topdi. Buning uchun amaliy choralar ko‘rilishi, ulug‘larimiz dahosi va merosini xalqqa, ayniqsa, yoshlarimizga yanada yaqinlashtirish zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Joriy yil 30-may kuni qabul qilingan “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori, avvalo, ana shu hayotiy ma’naviy ehtiyoj, eng muhimi, ma’rifatparvar bobolarimiz siymosiga cheksiz hurmat-ehtirom ramzidir.
Qarorda ta’kidlanganidek, “ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi fidoyiliklarini, ibratli hayoti va faoliyatini, boy ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va faol targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni yanada kengaytirish” maqsadi bundan keyin ham ustuvor ahamiyat kasb etaveradi. Bu jarayonda 2023-yil 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbus muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz tomonidan mazkur tashabbus ilgari surilgan sanadan e’tiboran Buxoroda jadidlik harakatiga oid mamlakatimiz va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, to‘plash, saqlash, o‘rganish, tiklash, nusxalash, e’lon qilish, ular asosida muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratishga kirishilgan edi. Endilikda bu boradagi ishlar davlat ahamiyatiga molik faoliyat sifatida yangicha sur’atda davom etadi va xalqimiz qalbidagi orzular aks sadosi o‘laroq, yaqin fursatlarda muzey o‘z ishini boshlaydi.
So‘zimiz avvalida professor Temur Xo‘jao‘g‘lining orzu-armonlari haqida to‘xtalgan edik. Ne baxtki, uning orzusi amalga oshdi, armoni aridi. Qarorga ko‘ra, Usmonxo‘jadan meros qolgan, o‘z vaqtida jadid bobolarimizning o‘ziga xos ma’naviy maktabi maqomiga erishgan, Buxoro shahri, Xo‘ja Gulrez ko‘chasi, 13-uy manzilida joylashgan Hovli Poyon majmuasi Jadidlar merosi davlat muzeyiga aylantirildi. Muhtaram Prezidentimiz sa’y-harakati bilan tarixiy adolat tiklandi.
Bu – chinakam ma’naviyat tantanasi, adolat g‘alabasi. Va o‘z navbatida, ulkan ma’rifiy saboq hamdir. Demak, ezgulik yo‘lida sa’y etganlar xalq qalbidan hech qachon o‘chib ketmaydi. Vatan ozodligi yo‘lida jonini tikkanlar aslo unutilmaydi.
Shodmon SULAYMON,
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



