09.09.2025 | 12:49
884
O‘ZBEKISTON–YAPONIYA: XALQLARNI MA’NAVIYAT BIRLASHTIRADI
Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yil 27-avgust kuni Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivayani rasman qabul qilishi, aslida, protokoldan kengroq ma’no kasb etdi. Unda O‘zbekiston–Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston–Yaponiya markazi faoliyatini kengaytirish va kelgusida uning negizida Yaponiyaning yetakchi universitetlari ishtirokida qo‘shma universitet tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi bo‘lajak sammitni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.

* * *
Tarixga nazar solsak, Yaponiyada Markaziy Osiyoga qiziqish XIX asr oxirida yangi bosqichga ko‘tarilgan. Bu yapon davlat arbobi va diplomati Nishi Tokudziro (1847–1912) nomi bilan bevosita bog‘liqdir.
1847-yilda tug‘ilgan Nishi Tokudziro Meydzi davrida yangi hukumat tomonidan Rossiyaga yuborilib, Sankt-Peterburg universitetida tahsil oldi. Bu yerda u til, madaniyat va siyosiy muhitni chuqur angladi. Keyinchalik muvaqqat elchi sifatida faoliyat ko‘rsatdi va ana shu tajribalar unga tarixiy voqelikni kuzatish va tahlil qilish malakasini berdi. Shu bois, 1880-yildagi sayohat uning hayotidagi burilish nuqtasiga aylandi.
XIX asr oxiri – dunyo xaritasi qayta chizilayotgan, eski yo‘llar yangi mazmun kasb etayotgan, yangi qudratlar tarix sahnasiga qadam qo‘yayotgan davr edi. Ana shu burilishlar girdobida yosh yapon diplomati Nishi Tokudziro o‘z hayotidagi eng jasur qarorlardan birini qabul qildi: u dengiz yo‘lidan qaytish o‘rniga qit’a ichkarisiga – Turkiston tuprog‘iga qadam qo‘ydi. Bu tasodifiy tanlov emas, balki tarixiy izlanish va ma’naviy jasoratning ifodasi edi. Uning rasmiy maqsadi Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi asosiy bahs – Ili (Yettisuv) masalasini o‘rganish edi, ammo yo‘l uni bundan ham kengroq ma’no izlashga yetakladi.
Yo‘l Peterburgdan boshlandi. Iyul oyida rasmiy vazifalarini topshirib, u Orenburg orqali Qazalinga yo‘l oldi va Sirdaryo bo‘ylab Toshkentga keldi. Yo‘l manzaralari – rus qo‘shinlari, yangi ma’muriy tartiblar va eski karvon yo‘llarining qorishuvi, bozorlardagi tinimsiz harakat, odamlarning yangi tartibga endi-endi ko‘nikayotgan holati – barchasi Nishining kundaligida jonli tasvirlandi.
U uchun Toshkent faqat geografik nuqta emas, balki yangi markaz edi: harbiy quvvat, savdo yo‘llari va madaniy iplar ayni shu yerda tutashardi. Nishining yo‘li mantiqiy davom etar ekan, keyingi manzil Samarqand edi. Dunyoga mashhur bu ulug‘ shahar o‘zida tarix va zamon quvvatini mujassam etgan: Registon maydoni va madrasalar ulug‘vorlikni, bozorlar va karvonlar esa hayotning jo‘shqin ritmini namoyon etardi.
Samarqandda u nafaqat shaharning ulkan ruhini his etdi, balki “Katta o‘yin”ning – Rossiya va Angliya o‘rtasidagi siyosiy bellashuvning yaxlit manzarasini ham anglay boshladi. Bu yerda uning zimmasiga shunchaki faktlarni qayd etish emas, balki kelajak manzarasini anglash mas’uliyati tushdi.
Safarning navbatdagi yo‘nalishi Nishini Buxoroga yetakladi. 1880-yil sentyabr oyida u amir Muzaffar huzuriga kirdi. Saroyning qator qoidalari, marosimning o‘ziga xos ohangi, siyosiy va diniy hayotning chambarchas tartibi – barchasi uning kundaligida o‘z aksini topdi. Nishi bu manzarani befarq kuzatuvchi sifatida emas, balki “Sharq yuragi”ni his etgan ziyoli sifatida qayd etdi. U Buxoroda hokimiyatning faqat tashqi suratini emas, balki uning ortidagi ma’naviy mohiyatini ham ko‘ra oldi. Shu jihati bilan uning qaydlari shunchaki safar xotirasi emas, balki ichiga ruh joylangan tarixiy hujjat sifatida qadrlidir.
Buxoroda u shunday xulosaga keldi: har qanday marosim, har qanday tantana ortida ma’naviy mazmun yashiringan bo‘ladi. Agar tarixda Buxoro marosimi sharqona odob va axloqning ramzi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi Toshkentdagi diplomatik qabul ham xuddi shunday – zamonaviy odob va hurmatning yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zotan, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarda eng ishonarli til – hurmat va ishonch tilidir.
Shundan keyin, sentyabr oyining oxirlarida Nishi yana yo‘lga chiqdi. U Tyan-Shan tog‘lari shimoliy yo‘lidan Iliga o‘tdi. Bu safarda u yana bir muhim manzilga – geosiyosiy ahamiyati beqiyos chorrahaga yetdi. 1880-yil noyabr oyida Yettisuv yuragi, Sharqiy Turkiston va Markaziy Osiyo chorrahasi uning kundaligidagi eng diqqatga sazovor sahifalardan biriga aylandi. Chunki bu yerda savdo oqimlari, xalqlar turmush tarzi, yo‘l-u yolg‘onlar, diplomatik manfaatlar bir nuqtada to‘qnashardi. Bozorlardagi harakat, karvonlar qadamlari, turli xalqlarning yuzlaridagi umid va xavotir alomatlari – Nishi barchasini diqqat bilan qayd etdi.
Shundan so‘ng, u yana uzoq yo‘lga chiqdi. Sibirning keng o‘lkalari, Mo‘g‘uliston sahrolari, Xitoyning shahar va qishloqlaridan o‘tdi. Har bir manzil uning kundaligida bitta jumla yoki qisqa qayd bilan emas, balki jonli voqea, diqqat bilan kuzatilgan holat sifatida aks eta bordi. Va nihoyat, 1881-yil aprel oyida u Tokioga qaytib keldi.
Sakkiz oylik bu sayohat yuzlab bekatlar va o‘nlab shaharlar manzarasini o‘zida jamladi. Har bir bekat – tarixiy dalil, har bir manzara – ma’naviy guvoh edi. Nishining kundaligi ana shu guvohliklarni kelajakka yetkazdi. Bugungi qabul esa ana shu guvohliklarning davomidek – o‘tmishdan kelgan ma’no bugungi muloqotda yangi mazmunga aylanmoqda.
Nishi Tokudzironing shaxsiy tajribasi ilmiy merosga aylandi: 1886-yilda u ikki jildlik “Markaziy Osiyo yilnomalari” asarini nashr etdi. Unda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Ili haqidagi satrlar, shaharsozlik, savdo oqimlari, temiryo‘l g‘oyasiga qiziqish, rus ma’muriyati tutumi va mahalliy an’ana kabi jihatlar jonli hujjat sifatida qayd etiladi. Bu kitob Yaponiyada Markaziy Osiyoni anglash poydevorlaridan biri sifatida qabul qilindi; keyingi yillardagi tarjimalar va qayta nashrlar esa uning manba sifatidagi qiymatini yanada mustahkamladi.
Tarixda ba’zi voqealar borki, sodir bo‘lgan paytda oddiydek ko‘rinadi, ammo yillar o‘tgach, uning asl mohiyati namoyon bo‘ladi. Nishi Tokudzironing 1880-yildagi sayohati ham ana shunday voqealar sirasiga kiradi: u shunchaki yo‘l emas – ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy eshik bo‘lgan.
Endilikda tarixiy iz va zamonaviy muloqot o‘rtasidagi rishtani yanada ochiqroq ko‘ramiz: Toshkentda yangi sahifa ochildi – Nishining Toshkentdagi qaydlarida “yangi markaz” hissi bor edi; Samarqandda Nishi ulug‘vorlikni yozgan – bugungi muloqot ham ulug‘ niyat va hayotiy amal uyg‘unligini ko‘zlaydi; Buxoroda u diplomatik odobni kuzatgan – bugungi qabul ham odobning zamonaviy qiyofasini ko‘rsatadi.
Yakunda bir haqiqat yanada ravshan ko‘rinadi: xalqlarni birlashtiradigan kuch qurol yoki bosim emas – ilm, madaniyat va ma’naviyatdir.
Bo‘ri QODIROV,
Alisher ATAYEV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti xodimlari
“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-sentyabrdagi 36-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



