Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.06.2024 | 18:41

img665

UCH BUYUK TIL YUZLASHGAN MAYDON

O‘zbek jadid adiblarining

Fuzuliyga munosabati xususida

-1-

O‘zbek xalqi ma’naviyati tari­xi­dagi eng muhim va dovruqli adabiy hodisalardan biri jamoaviy bo‘lib kitob o‘qish, o‘qilganlari­ni sharhlab, muhokama qilish bo‘lsa ke­rak. Zero, bunday mutolaalar sharofati bilan navoiy­xonlik, bedilxonlik, fuzuliyxonlik, rumiyxon­lik keng ommalashdi. Jadid ziyolilari davriga kelib, bu hodisa yozma shaklga kira boshladi. Ya’ni tarixda o‘tgan allomalar­ning asarlarini vaqtli matbuot orqali targ‘ib qilish va talqin etish jarayonlari boshlandi. Xususan, jadidlar Alisher Navoiy, Imom Gʻazzoliy, Abu Nasr Forobiy kabi allomalar qatorida Fuzuliyga ham diqqat qaratishdi.

O‘z asarlari tarkibidagi obrazlar – qahramonlarni Fuzuliy kitoblariga oshno tutintirishdi. Bu jihatdan Abdulla Qodiriy romanlari muhim ahamiyatga ega. Mahzun bir epizodda Otabek Fuzuliy devonini o‘qib o‘tirganida kirib kelgan Kumushning “Fuzuliy yaxshi kitob, men ham yolg‘iz qolg‘an kezlarimda bu kitobdan boshimni ololmas edim, siz hammi?” degan savolli gapini zukko o‘quvchi eslab qoladi, albatta. Bundan tashqari, Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon” romanidagi Ra’noga ham “Devoni Fuzuliy ma’a Layli Majnun”ini o‘qiganlar qatoridan joy beradi. Ayni romanning boshqa bir sahifasida Fuzuliyning “Dahr bir bozordir, har kim mato’in arz edar” misrasi keladi.

Aslida, Abdulla Qodiriyning o‘zi Fuzuliy ijodini sevib o‘qigani ayni haqiqat­dir. Zamondoshlarining xotirlashlariga ko‘ra, dastlab, Abdulla Qodiriy Kumush qabriga Fuzuliyning “Hamrohim eding bu yo‘lda, ey moh, Hamrohni tashlab ketarmi hamroh…” misralarini bitmoqchi bo‘ladi. Keyin fikri o‘zgaradi va adib:

“Ayo charx, etding ortuq jabr bunyod,

Ko‘zim yoshlig‘, tilimda qoldi faryod.

Hayotim lolazoridin ayurding,

Yoqib jonim, kulim ko‘kka sovurding”, – degan yuraklarni iztirobga solguvchi she’rini yozib qo‘yadi.

Yunus Maqsudiy “Ulug‘lar davrasida” nomli xotira kitobida Cho‘lponning: “Menimcha, Fuzuliyga “Layli va Maj­nun”ni yozish juda og‘ir, ayni zamon­da juda zavqli ham bo‘lgan. Chunki Fuzuliy Majnun qiyofasiga kirmay, ishq yo‘lida u chekkan azob-uqubatlarni o‘z boshidan kechirmay turib, bunday shoh asarni yoza olmas edi. Zotan, Qodiriy ham Otabek bilan maslakdosh, hamfikr bo‘lmaganida “O‘tkan kunlar” bunchalik shuhrat qozonmas edi”, degan fikrini keltiradi.

Darhaqiqat, 20-yillar adabiy muhitida jadid ziyolilari Fuzuliyni zavq-shavq bilan mutolaa qilishgan. Ayni chog‘da, uning ijodiga adabiy-nazariy tomondan baho berish jarayonlari ham ular­ning zimmasiga tushdi. Bu o‘rinda jadid munaqqidi Vadud Mahmudning “Fuzuliy Bag‘dodiy” maqolasi muhim qiymat kasb etadi.

-2-

Vadud Mahmudning ushbu maqolasi 1925-yili “Maorif va o‘qituvchi” jurnali­da nashr etiladi. Unda shoir shaxsiyati va dunyoqarashi, asarlari, ularning qaysi tilda bitilgani hamda Fuzuliyning Turkiston shoirlariga ta’siri kabi masalalar yoritilgan. Muallif shoirning Bag‘dod shahri atrofida tug‘ilgani, ismi Muhammad, otasining ismi Sulaymon bo‘lib, olim kishi bo‘lganidan, Bag‘dod “uch buyuk – arab, fors va turk til va adabiyotining uchrashg‘on maydoni” ekanidan xabar beradi. Shoir islom madaniyatidan bahramand bo‘lgani aniqdir. Xo‘sh, shunday bir sharoitda tarbiya topgan shoirning tafakkur tarzi, tili qanday bo‘lishi mumkin? Fuzuliyning o‘z iqroricha, unga arab tilida she’r aytish unchalik mushkul emas, negaki o‘sha davrning ilmiy-adabiy tili arabcha edi. Ba’zan u “forsiy iboralar ipiga durru marjon taqib, o‘sha mevali daraxtning shoxidagi gullarni” teradi. Ammo uning zuvalasi turkiyda pishgan, shu bois bu tilda she’rlar yozish shoir uchun mutlaqo muammo emas. Turkiycha Fuzuliyning asl tabiatiga mos, ona tili ham o‘shadir.

Vadud Mahmud shoirning turkiy ekanini o‘z maqolasida takror va takror uqtiradi. Buning sababi bor. Ayrim fakt­lar 20-yillarda mashhur shaxs­larning millati yuzasidan bahs-munozaralar bo‘lib o‘tganini ko‘rsatadi. Alisher Navoiyni “urug‘i-nasli ham, tili ham o‘zbekcha bo‘lmag‘on, balki chig‘atoy yoki uyg‘ur shoiri”, “fors shoiri” deb da’vo qiluvchilar bo‘lganidek, Fuzuliyning ham turkiy ekaniga shubha bilan qarovchilar bor edi. Masalan, Cho‘lponning “Rizo Tavfiqbek” maqolasida shunday jumlalarni o‘qiymiz: “Turkiyaning yangi shoirlaridan eng kuchlisi bo‘lg‘on Yahyo Kamolbek bilan Istanbul dorilfununining fors (eron) adabiyoti mudarrisi Husayn Donishbek orasida milliyat janjali boshlanib ketgandan so‘ng, Eron millatchilari bo‘lgan Husayn Donish tarafidan Rizo Tavfiq ham turk millatchilari bo‘lgan Yahyo Kamolga qarshi chiqdi. Da’vosini isbot qilish uchun, bu muqtadir faylasuf mashhur Fuzuliyni turk emas, eronli (fors) qilib chiqdi.

Fuzuliyning asarlarini Eronning mash­hur bir shoiridan olg‘onligini da’vo qildi. Mana shu kundan boshlab Rizo Tavfiqning shuhratda, hurmatda past­lashishi boshlandi”.

Ko‘chirmadagi mavzuga tegishli gap aniq. Taxminimizcha, Vadud Mahmud maqolasida shoirning millati turkiyligiga qayta-qayta urg‘u berishidan, turli hujjatlar keltirishidan maqsad – avvalo, ilmiy-adabiy jamoatchilikdagi ana shunga o‘x­shash bahs va chalkashliklarga barham berish ham edi…

“Maorif va o‘qituvchi” jurnaliga qiyosan ozarbayjon tilida chiqadigan “Maorif va madaniyat” jurnalini varaqlagan kishi ularning mundarijasi, o‘sha davrda yoritilgan ijtimoiy, madaniy, maorif va teatr, tarix va adabiyot mavzularida yaqinlik borligini bilib oladi. “Maorif va madaniyat” majallasining 1926-yil birinchi sonida “Fuzuliy va tasavvuf” sarlavhali maqola bor. Muallifi – Ali Husaynzoda.

Yuqorida eslatilganidek, u shunday satrlarni yozadi: “Fuzuliyning mu­tasav­vufona bir ruha molik o‘ldig‘ini kim­salar rad edyurlarsa-da, bizcha, bu dugri dagil (emas – B.K)dir. Uning bahs etdigi “sharob”ing oddiy sharob o‘lmasini-da iddao edanlar vordir.

Pak muhtaram sevgili professor Bakir Chubanzoda Fuzuliydan bahs edar ekan: “Fuzuliy so‘fiy, mistik dagildir, faqat so‘fiylar kibi u-da “sharob”dan, “ishq”dan bahs edar. Lokin uning bahs etdigi sharob uzumdan yopil­mish qirmizi sharob “mayi la’l”dir”, deya Fuzuliydaki tasavvufiy ruhing hokimiyatini rad edyur. Va so‘zini quvvatlandirmak uchun “Bang va Boda”dan:

“Tarafa” odi zamona mashhur,

Laqabi “boda” asli angur,

va bir-da “Bang va Boda”ning so‘ng­gi:

“Chun Fuzuliy banim laqabim

Ajab ermas gar o‘lmasa adabim” –

bandina ishora edarak “Kandisining bahsi harom, shar’i va shariat odobina zid, muxolif shay’laridan bahs edigi­ni tasdiqida bo‘lunur” jumlasini ilova edyur.

Bizcha, bu bayt-la, yalg‘iz bu fakt ila hech bir zamon yuqoridaki fikrlar isbot o‘linmamish o‘lur”.

“Bang va Boda” asarining tasavvufona ruhi ustida bahs ochgan Ali Husaynzoda Bakir Chubanzoda­ning asarni ramziy istilohlardan uzib, dunyo­viy tahlil etishini singdira olmaydi, “pak muhtaram sevgili” professor­ning qarashlarini inkor etishga urinadi. Shoirni shakllantirgan ijtimoiy muhit hamda asarlaridan olingan jiddiy fakt­larni keltiradi. “Fuzuliyning yasha­digi muhiti tasavvufing yoyilmasina va bo‘yamasina sabab o‘lan muhit dagil-da nadir?” Xullas, Fuzuliy asarlarining falsafiy asosida ma’lum darajada tasavvuf ta’limoti yotishi aniq. Hatto, nafaqat “Bang va Boda”, balki bahslashuvchining fikricha, fors tilida yozilgan “Haft jom” asari ham Fuzuliy­ning “daho oydin va qutli tasavvufiy ruha molik o‘lan” asarlari sirasiga kiradi.

Ali Husaynzodadan sal ilgari Vadud Mahmud Fuzuliy ijodidagi so‘fiyona ruhni “islomiy tasavvuf” sifatida izohladi. Islomiy tasavvuf – bu Alloh hukmlari va Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislariga muvofiq hayot tarzi demakdir. Shunga ko‘ra ayni tushuncha shariatga to‘la mos keladi; bu yo‘ldagi inson islom dini hukmlarini ixlos bilan samimiy bajaradi…

Bu ulug‘ shoir din va tasavvufdan boshqa hikmat va tib singari ilmlardan ham voqif bo‘lgan. Ayrim asarlari­ni shu yo‘sinda yozgan, “Forsiyda ham bir devon, bir necha qasida va masnaviyati bordir. Faqat bular turkchasi qadar samimiy, san’atkorona va go‘zal emasdir…

Fuzuliy turk she’rida forsiydagi Hofiz qadar (lirik) rubobiydir. Turkda Fuzuliy kabi dardli va o‘tli bir shoir yo‘qdir”. 

Nazmiy tafakkurning so‘lim gulshanidan taralgan misralarning musiqiy ohangi nozikta’b insonni o‘ziga maf­tun etadi. Muhammad Fuzuliy o‘zi­dan oldingi so‘z gavhari zargarlari­ning san’atiga havas qildi, dilgir bo‘ldi. Ayniqsa, Vadud Mahmud ta’kidlagani­dek, Alisher Navoiy asrida Sharq turkchasidan-chig‘atoychadan Gʻarb turklari qattiq ta’sirlandi.

Kuzatishimizcha, Vadud Mahmud adabiy merosga daxldor maqolalarida “o‘zbekcha”, “turkcha”, “ozarbayjoncha” til va adabiyot istilohlarini qo‘llamaydi. Avlod-ajdodlari bir, o‘t­mi­shi bir-biri bilan bog‘lanib-chati­shib ketgan xalqning ikki xil shevasi­ni ikki xil atama – “Gʻarb turkchasi” va “Sharq turkchasi” deb nomlaydi. “Hozirda joriy atamalar ommaga ancha singib ketgan bo‘lsa-da, o‘sha 20-yillarda iste’molda bo‘lgan ilmiy atamalarni muomalaga olib kirmasdan turib, turkiy tillar tarixini, turkiy­larning madaniy va fikriy tadrijini bataf­sil yoritish mumkin emas” (Ertug‘rul Yamon fikri).

Ha, badiiy asarlarning uslubi, tili, ohangi masalasida ham ahvol shunday. Bir chinorning ikki katta shoxlari har vaqt ta’sir va aks ta’sir doirasida bo‘ldi. Aytib o‘tganimizdek, Alisher Navoiy zamonasida Sharq turkchasi Gʻarb turkchasiga sezilarli ta’sir qildi. “Faqat Fuzuliydan so‘ng, – deb yozadi Vadud Mahmud “Fuzuliy Bag‘dodiy” maqolasida, – Gʻarb turkchasi Sharq turkchasiga ta’sirini kuchaytirdi va bu kun usmonli lahjasining takomili bilan ta’sir yana kuchaydi”.

Vadud Mahmud maqolasining “Fuzuliyning Turkistonga ta’siri” bo‘limida ozarbayjon shoirining go‘zal she’rlari­dan bahramand bo‘lgan turkistonlik ijod ahlining nomlarini sanaydi, ular­ning she’rlaridan misollar keltiradi. Fuzuliyning chig‘atoychilar orasida tarqalishi bilan uning lahjasida she’r aytuvchilar maydonga chiqqani aniq, ulardan ba’zilari maxsus devonlar tuzishgan, Umarxon, Xotif singari shoirlar Fuzuliy g‘azallariga muxammaslar bog‘ladi. 

-3-

Vadud Mahmud o‘ziga zamondosh bo‘lgan Ajziyning fuzuliyxonligi haqida “Turk shoiri Ajziy” maqolasida: “Ajziy shevada Fuzuliy yo‘lini tutgan shoirlardandur. Bu shoirimiz ham oshiqdur, ma’shuqasi xalqdur, millatdur. Millat va xalqiga muhabbati uning ishqidur”, deb qayd qiladi.

Munaqqidning “Fuzuliy tilining bu kungisi, ya’ni usmonlicha ila ­shoirimiz Cho‘lpon ham ba’zi chiroylik parchalar yozadir”, degan fikri ham o‘z asosiga ega.

“Ilk avval go‘zimi ishq ila ochdim,

Ishqing maydonina  qonimi sochdim.

Ishqsiz o‘lkalardan u onda qochdim,

Na zamon bog‘ladim zunnori ishq…”

Munaqqid Cho‘lponning shunday bosh­langan she’rini misol qilib keltiradi.

Ma’rifat ahli, she’riyat shaydolari Cho‘lpon ijodida bunday onda-sonda uchraydigan Gʻarb turkchasi ta’sirida bitilgan ayrim jo‘shqin misralarni zukkolik bilan ilg‘ab oladi, albatta.

Olovning issiq tafti sovuq kunda, oyning yorug‘ nuri qorong‘i tunda bilinadi. Shunga muvofiq har bir voqea-hodisa muayyan tarixiy sharoit bilan izohlanishi e’tiborga olinsa, Vadud Mahmudning qardosh xalqlar adabiyotiga murojaati, xususan, “Fuzuliy Bag‘dodiy” maqolasi o‘quvchilarni Fuzuliy hayoti va ijodi bilan tanishtiruvchi, ommaga uning asarlaridan namunalar yetkazuvchi va ozarbayjon mumtoz shoiri uslubida she’rlar yozgan tur­kis­tonlik shoirlar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi dastlabki manbalardan biri sifatida bugungi kun uchun ham qiy­mat kasb etadi, albatta.

Maqola boshida eslangan Yunus Maqsudiy kitobida Cho‘lponning Fuzuliyga tegishli maqolasi xususida bir og‘iz gap bor: “Darvoqe, Cho‘lpon Fuzuliy she’riyatining chin oshiqlari­dan edi. Uning xalq orasida Navoiy kabi mashhurligini e’tirof etib, “Fuzuliy piching­lari” degan bir maqolasida o‘zining fikrlarini bildiradi”. Yunus ota Cho‘lpon maqolasidan kichik ko‘chirma ham beradi. Ammo taxmin qilib, bu maqola 1938-yilda nashr bo‘lganini aytadi. Maqolaning to‘liq matni yaqinda topildi. Cho‘lponning “Fuzuliy piching­lari” maqolasini Iskandar Madg‘oziyev “Guliston” jurnalining 1935-yil 10-sonidan qayta nashrga tayyorlab, “Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qildirdi. Adabiyotshunos Dilmurod Quronov “Cho‘lpon Fuzuliy haqida” degan maxsus o‘ngso‘zida ushbu manbaga “…Cho‘lponning ulug‘ ozarbayjon shoiri bilan ma’naviy aloqalari haqidagi tasav­vurlarimizni bo­yitadi”, deb baho berdi.

Xullas, o‘zbek jadid ziyolilari muhitida Fuzuliy asarlari o‘qildi, shu bilan birga, “Fuzuliy Bag‘dodiy”, “Fuzuliy pichinglari” kabi maqolalarda maxsus adabiy-nazariy tahlillar qilindi. Shu zaylda jadid ziyolilari ulug‘ ozarbayjon shoiri ijodining qadr topishi va o‘zbek xalqi ichida ommalashuvida o‘ziga xos ulkan hissa qo‘shdilar.

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasi | 2024-yil 26 -aprel | 18-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img68

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584