12.06.2024 | 21:36
344
INSON QADRINI YUKSALTIRISH YO‘LIDAGI IZLANISHLAR
YER ELNI BOQQAN, BUNDAN KEYIN-CHI?
Xalqimizning “Yerning umri o‘tmasin, uvol-savobi bor” degan naqlini ko‘p eshitganmiz. Bugun ushbu naql davlat siyosatining ustuvor vazifasiga aylandi. Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha, ayniqsa, tomorqa va qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan oqilona foydalanishning intensiv texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Jumladan, qishloq joylarda bu amaliyot subsidiyalar asosida samarali tatbiq etib kelinmoqda.

Bu borada hukumat tomonidan mahallalar kesimida dasturlar qabul qilindi. Unga ko‘ra, aholining kam daromadli qatlamiga ajratilgan sarmoyalar hisobidan nol qiymatda issiqxonalar qurib berilmoqda. Mabodo o‘ziga to‘q xonadonlarda bo‘sh turgan yerga oziq-ovqat mahsulotlari ekilmagan bo‘lsa, o‘sha xonadon egasiga soliq qonunchiligi asosida choralar ko‘rilmoqda. Maqsad aholi xonadonlaridagi bo‘sh turgan tomorqadan samarali foydalanish, unga poliz va oziq-ovqat mahsulotlari olinadigan ekinlarni ekib, hududlarda dehqon bozorlarining narx-navosini moʻtadil saqlashdan iborat.
Rostdan ham bir qishloqda, deylik, mingta xonadon bor. Boringki, ushbu oilalarning 95 foizi tomorqasidan unumli foydalansin, masalan: kundalik iste’mol uchun kartoshka, sabzi, sholg‘om, piyoz, qovoq va boshqa turdagi poliz ekinlarini o‘z qo‘li bilan yetishtirib, ro‘zg‘ori uchun g‘amlab iqtisodini yuritishi foydadan xoli emas.
Chunki har bir xonadon oziq-ovqatga bo‘lgan kundalik xarajatlarini o‘z qo‘li bilan yetishtirgan sifatli poliz mahsulotlari evaziga qoplasa, uning sohibi bozorga sumka ko‘tarib kamroq qatnaydi. Tanganing ikkinchi tomoniga qarasak ham bu islohotlar samara berib, hududdagi bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni kamaytiradi, ehtiyoj bo‘lmagan bozorda narx-navo pasayishi turgan gap. Bu esa shaharda yashayotgan yurtdoshlar uchun ham oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashuviga olib keladi. Chetdan import qilinadigan mahsulotlarga ehtiyoj oshishining oldi olinadi. Pirovardida, samarali eksport ko‘rsatkichining o‘sishiga sabab bo‘ladi.
TIZIMLI ISHLAR NATIJA BERADI
Aholimiz turmush farovonligini oshirish uchun Prezidentimiz boshchiligida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yer va suv munosabatlarini integratsiyalashtirish, innovatsion agrobiznes infratuzilmalarini raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim hujjat bo‘ldi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash uchun mahalla va hokimiyat organlari xodimlari tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar olib borgan tashviqot va amaliy sa’y-harakatlar natijasida aholining sezilarli qismi o‘zini o‘zi band qilish va oilaviy daromadini oshirishga erishdi. Chunki mazkur qaror asosida kreditlar bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga berildi. Chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyalariga muvofiq tuman (shahar) Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi kreditlari butun respublika aholisiga yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, dehqon xo‘jaligi va to‘rt sotixdan kam bo‘lmagan tomorqa yerida band bo‘lgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud ellik boshdan kam bo‘lmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida sug‘urta badali to‘langan taqdirda, bir yil muddat uning mehnat stajiga kiritiladigan bo‘ldi. Bunday imtiyozlar aholi xonadonlarida nafaqat tomorqa, balki parrandachilik kabi oilaviy tadbirkorlik yo‘lga qo‘yilishiga olib keldi. Natijada qishloq joylardagi aksariyat xonadonlarda oziq-ovqatga bo‘lgan talab o‘z ichki imkoniyatidan qoplana boshlaganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu ko‘rsatkichlar ushbu tizimli ishlarni yanada jadallashtirishni taqozo etadi.
BELGILANGAN MAQSADLARGA ERISHILMOQDA
Oziq-ovqat xavfsizligi keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy, demografik va ekologik omillarga bog‘liq bo‘lib, mamlakat rivojlanishining asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Oziq-ovqat xavfsizligining to‘rt tarkibiy qismi (oziq-ovqatning mavjudligi, uni xarid qilish qobiliyati, undan foydalanish va uning barqarorligi) bo‘yicha davlat siyosati ishlab chiqildi.
Aholi sonining o‘sishi, yer, suv va energiya resurslariga bo‘lgan talabning ortishi, shuningdek, iqlimning keskin o‘zgarishi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ta’sir etuvchi asosiy omillardir. So‘nggi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha bir qator choralar amalga oshirilishi natijasida mamlakatimiz bosqichma-bosqich global reytinglarda o‘z mavqeini yaxshilab bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi 2022-yilda Global ochlik indeksi bo‘yicha 15,4 ko‘rsatkich bilan 121 mamlakat orasida 21-o‘rinni egallab, “moʻtadil” darajaga erishdi. Taqqoslash uchun, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘iston – 24, Rossiya – 28, Armaniston – 32, Ozarbayjon – 36, Qirg‘iziston – 40, Tojikiston – 67-o‘rinni egallagan. Shu bois sohaga kooperatsion bozor mexanizmlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish hamda kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” qabul qilindi.
Mazkur ustuvor yo‘nalishning asosiy maqsadi – respublika aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirishdan iborat. Ustuvor yo‘nalish aholini barqaror narxlardagi xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu esa O‘zbekiston Respublikasining barqaror rivojlanish maqsadlarining ikkinchisi, ya’ni “Ochlikka barham berish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iste’molni yaxshilash va barqaror qishloq xo‘jaligini targ‘ib qilish”da belgilangan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.
FAROVONLIKKA ELTUVCHI YO‘L
Global iqlim o‘zgarishlari oqibatida bugungi kunda dolzarb masalaga aylangan oziq-ovqat ta’minoti barqarorligini ta’minlash nafaqat qashshoq mamlakatlarni, balki rivojlanayotgan, hatto taraqqiy etgan davlatlarni ham tashvishga solmoqda. Shu o‘rinda yapon xalqining “Sen farzandingning qornini emas, miyasini to‘ydir, u o‘zini boqib oladi”, degan naqlini eslashni joiz deb o‘ylayman. Jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlarining keskin tebranishini hisobga olib, ichki bozorda ham narxlar barqarorligini saqlash, avvalo, aholini yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga e’tibor qaratish zarur.
Binobarin, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini subsidiya va tomorqadan unumli foydalanish texnologiyalari asosida oziq-ovqat bilan ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish talab etiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni ijtimoiy obyektlar bilan integratsiyalash, boshoqli don yetishtirishda davlat intervension xaridlar tizimini joriy qilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmidan bosqichma-bosqich voz kechish muhim ahamiyatga ega.
Boshoqli donni kvota asosida bozor narxlarida sotib olish mexanizmini joriy etish, aholi orasida sog‘lom iste’mol madaniyatini targ‘ib qilish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish, xalqaro darajada tan olingan uslubiyatlar va ilg‘or tajribalar asosida oziq-ovqat xavfsizligini baholash tizimini joriy qilishni jadallashtirish maqsadga muvofiq.
Yuqoridagi tomorqa tizimini isloh qilish orqali uning ijrosini doimiy monitoring qilish va hokimlarning faoliyatini shu orqali muntazam baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ta’sirchan ahamiyatga ega bo‘ldi. Ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot turlari ishlab chiqarishni intensivlashtirishga doir tarmoq dasturlarini moliyalashtirish ham dolzarb hisoblanadi.
AHOLINING DOIMIY OZIQ-OVQAT TA’MINOTI BARQARORLIGI
Joriy yilning 16-fevralida qabul qilingan “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoniga asosan “O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi” hamda ushbu strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangani bu borada muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Davlat rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligida almashlab ekishni jadallashtirish, fermerlarni serhosil urug‘lar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yilgani bejiz emas. Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirishda parrandachilik va chorvachilikni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati katta, chunki ushbu sohalar aholini arzon, to‘yimli va tez yetishtiriladigan mahsulotlar bilan ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Biroq aksariyat viloyatlarda parranda go‘shti aholi talabiga yarasha yetishtirilmayotgani va bu yo‘nalishdagi 50 dan ziyod yirik korxonalar yarim quvvatda ishlayotgani hali bu borada oldimizda salmoqli vazifalar turganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda 2 million gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarning gumus miqdori 1 foizdan past darajaga tushib qolgani, 44 foizi turli darajada sho‘rlangani ekinlardan mo‘l hosil olishga va ekin maydonlaridan barqaror foydalanishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yana bir e’tiborli jihati, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining bozordagi narx-navoni asossiz oshirish, raqobatni buzish, bozorga kirishga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha vakolatlari kuchaytirildi. Viloyatlar hokimlariga o‘z hududida yetishtirilmaydigan mahsulotlar importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga kredit olishida ko‘maklashish, logistika va import bilan bog‘liq barcha jarayonlarda ularga amaliy yordam ko‘rsatish belgilab berildi.
Bu jarayonda aholi tomorqalaridan zaxira sifatida oqilona foydalanish, buning uchun ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, ya’ni aholi tomorqasini suv bilan ta’minlash uchun mahallabay ishlash rejasi asosida har bir ko‘chaga katta artezian quduqlar qurib berish va ularni samarali ishlatish mexanizmlarini tatbiq qilish zarur.
YANGI O‘ZBEKISTON STRATEGIYASI – TARAQQIYOT YO‘LI
Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq xavf-xatarlarni o‘rganadigan va uning iqtisodiy-ijtimoiy holatlariga baho bera oladigan kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi zarur. Albatta, bu borada xorijiy tajribalardan kelib chiqib “Bioekologiya” va “Ekolog-iqtisodchi” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish lozim.
Qolaversa, tabiat injiqliklari ortib borayotgan hozirgi davrda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlash bilan bog‘liq xavf-xatarlar oqibatlarining oldini olish va keltirilgan zararlar hisobini yuritishda ham malakali mutaxassislarga talab ortib bormoqda.
Shu bois “Bioekologiya”, “Bioiqtisodiyot” va “Ekolog-iqtisodchi” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga e’tibor qaratish vaqti keldi.
Muxtasar aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish yo‘lida shaxdam qadam tashlayotgan Yangi O‘zbekiston barcha tarmoq va sohalarda barqaror rivojlanish sari dadil odimlamoqda.
Ibodulla HOTAMOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Yashil iqtisodiyot” kafedrasi mudiri, dotsent
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



