Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.04.2025 | 17:19

img406

XO‘JAND: MANGU QARDOSHLIK YO‘LIDAGI ZALVORLI QADAMLAR

Qardoshlarimizda yaxshi bir udum bor. Mehmon kelishi haqidagi xabarni xushxabar sifatida qabul qilishadi. Aslan sarishta uy qaytadan supurib-sidiriladi, suv sepilib, hovli chinniday tus oladi. Mehmonnavozlikka eng sarxil meva-cheva olib, tansiq taomlar pishirishga taraddud ko‘riladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev janobi oliylarining Tojikistonga kelishi haqidagi xushxabar oddiy odamlardan tortib ziyolilargacha, rahbarlik vazifalarida ishlayotgan kishilargacha barchani birdek to‘lqinlantirib, yuksak ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Tojikiston Prezidenti hurmatli Emomali Rahmon va markazi Xo‘jand shahri bo‘lgan Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda oliyqadrli mehmonni izzat-ikrom bilan kutib olish taraddudiga kirishdilar. Ustiga Xo‘jandga yana bir oliyqadr mehmon – Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov-ning kelishi nur ustiga nur bo‘ldi. Uch qo‘shni mamlakat prezidentlarining qadimiy Xo‘jand shahrida uchrashishlari tarixiy voqeaga aylanishi kutilgandi va xuddi shunday bo‘ldi ham.

Emomali Rahmon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘zgacha ehtirom ila kutib oldi. Ikki qadrdon do‘stning bir-birini mehr bilan qarshi olishini ko‘rgan qaysi bir kishining bu samimiyatga havasi kelmadi deysiz. Yaxshi qo‘shnichilik va mehmonnavozlik an’analariga sodiqlikni ko‘rgan ko‘zlar quvonadi. Aeroport maydonida oliyqadrli mehmon poyi qadamiga qirmizi yo‘lak to‘shalib, har uch davlat rahbarlarining suratlari, davlatlar bayroqlari va uch qo‘shni mamlakat xalqlarining do‘stligi va birodarligini madh etuvchi shiorlar o‘rnatilgan. Guldasta tutgan milliy libosdagi xushqomat qizlar o‘zbek va tojik tillarida “Xush kelibsiz, aziz mehmon” – “Xush omaded, mehmoni aziz”, debon har ikki tilda jozibali she’rlar aytishdi. Kuy qo‘shiqqa, qo‘shiq raqsga ulandi. Aeroport maydonini to‘ldirgan qizlar o‘zbek va tojik navolariga xiromon aylashardi.

Xo‘janddagi uchrashuvda uch mamlakat Prezidentlari bir-birlarini Navro‘z bayrami bilan qutlashdi. O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari ikki davlat o‘rtasida barcha sohalardagi hamkorliklar jadal sur’atlarda kengayib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Ayniqsa, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarning faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Davlatlar rahbarlari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ittifoqchilik shartnomasi imzolanishining naqadar muhim ekanini urg‘ulab, bu amal har ikki mamlakat xalqlarining mustahkam do‘stligi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashining yorqin dalili deb atashdi.

Shu kuni uch davlat chegaralarining tutashuv nuqtasi hududi borasida shartnoma imzolandi. Uch tomonlama muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikalari davlat chegaralarini bog‘lovchi nuqta hamda abadiy do‘stlikka doir Xo‘jand deklaratsiyasi imzolanib, mamlakatlar chegaralarini tutashuv-bog‘lash nuqtasida ramziy stella ochildi.

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston va Qirg‘iz Respublikalari orasida ikki o‘rtadagi barcha masalalar uzil-kesil hal etilgani hamda chegarani demilitatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani bilan qo‘shni mamlakatlar sarvarlarini samimiy tabrikladi.

– Qirg‘iz qo‘shnilarimiz bilan qanchalik yaqin bo‘lsak, o‘zbek do‘stlarimiz bilan ham shunchalik qadrdonmiz, – dedi Isfaradagi 54-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Nodira Otaxonova. – Dadamning onalari aslida Yaypandan bo‘ladi. Ammamni o‘sha yerga uzatganmiz. Vafot etganlarida borolmadik. Chegaradan o‘tishga qo‘yishmagan. Shavkat Mirziyoyev davlat boshiga kelgach, chegara ochilib, kech bo‘lsa-da, fotiha qilib, ko‘ngil so‘rab keldik. Yaypandan qishlog‘imizga 70 nafardan ortiq qiz kelin bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi hozir o‘g‘il-qizli, nevarali bo‘lib ketishgan. Yaypandagi ammamning qizini Lakkondagi ammamning o‘g‘liga kelin qilib olganmiz. Yaqinda yana bir lakkonlik yigit yaypanlik qizga uylandi. O‘z navbatida lakkonlik qizlar Yaypanga uzatiladi. Ikki yonimdagi ikki qo‘shnimning qizlari ham Farg‘onaga kelin bo‘lib tushishgan.

Oliy martabali mehmonlar yangilangan qadimiy Xo‘jand qal’asini borib ko‘rishdi. Ular qal’a kiraverishidagi hunarmandchilik uylarida ochilgan o‘zbek, tojik va qirg‘iz xalq hunarlari ustalarining mehnat mahsullari ko‘rgazmasi bilan tanishishdi. O‘zbekistonlik miskar usta shu yerning o‘zida mis tovoqqa o‘ymakorlik ishlarini tugatayotgan edi. Gilam to‘quvchi qirg‘iz hunarmand ayol guldor jun namat to‘qirdi. Tojikistonlik pichoqchi usta san’at asariga aylangan qilichni namoyish qilardi. Bu ko‘rgazmadagi har bir hunarmandchilik mahsuli chinakam san’at asarining o‘zginasidir.

Tojik xalqi hayotini aks ettiruvchi, Xo‘jandda yashab o‘tgan olimlar va shoirlar ijodi bilan tanishtiruvchi, qadimiy naqshlar, idishlar, bezaklar, taqinchoqlar, devorsuratlar, o‘ymakorlik san’ati bilan ishlangan yog‘och ustunlar, mahalliy an’analar asosida qurilgan va bezatilgan uylar, hunarmandlar shaharchasi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

– Xo‘jand qal’asini qayta qurishda o‘zbekistonlik ustalar – samarqandlik koshinkorlar va rishtonlik kulollarning katta hissalari bor, – deydi Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda.

– Men Samarqanddanman. Xo‘jand qal’asini qayta qurishda ikkita katta guruhimiz ishladi. Biz koshin tayyorlash va o‘rnatishni xo‘jandliklarga ham o‘rgatdik. Hammadan ham biz – samarqandliklar va xo‘jandliklar do‘stlashib ketdik, – deydi usta Shahobiddin Amriddinov.

O‘rni kelganda, O‘zbekiston Prezidentining Xo‘jandga tashrifi oldidan bu qadimiy shaharda o‘zbekistonliklar ishtirokida qator tadbirlar bo‘lib o‘tganini eslatib o‘tish joiz. O‘zbekistonning “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan o‘zbek va tojik do‘stligi tamal toshini qo‘ygan ikki buyuk mutafakkir – Mavlono Abdurahmon Jomiy va hazrat Mir Alisher Navoiyga bag‘ishlangan adabiy kecha o‘tkazildi. So‘zga chiqqan tojikistonlik o‘zbek shoiri Sultonmurod Hojiboyevning fikricha, dunyoda o‘zbek va tojikni ajratguvchi hech qanday kuch yo‘q. Shu kuni “Vatandoshlar” jamoat fondi Sug‘d viloyatidagi o‘zbek maktablarga va kutubxonalarga kitoblar sovg‘a qildi.

“Do‘stlik bahori” deb atalgan xalqaro Navro‘z bayrami boshlanishidan oldin so‘zlagan har uchala davlat rahbarlari stadionga yig‘ilgan yigirma besh ming kishini qo‘shni, qardosh xalqlarning umumiy shodligi bilan tabriklashdi. “Biz Tojikiston bilan ittifoqchi davlatga aylandik, endi Qirg‘iz Respublikasi bilan ham ittifoqchi bo‘lishimizga yaqin qoldi”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Shavkat Mirziyoyev uzoq davom etgan qarsaklar bilan kutib olingan yana bir fikrni o‘rtaga tashladi: “Biz xalqaro Navro‘zni an’anaga aylantirishni istaymiz. Kelasi yili sizni Farg‘onada o‘tkaziladigan Navro‘z bayramiga taklif etamiz”. U yana har ikki qo‘shni mamlakatga O‘zbekistondan parvoz qiladigan samolyot reyslarini va chegaraoldi shaharlariga avtobus qatnovlarini ko‘paytirish uchun ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov uch mamlakat aro vizasiz bordi-keldini yo‘lga qo‘yish taklifini o‘rtaga tashladi.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Navro‘z va uning an’anaviy urf-odatlari haqida gapirib: “Bu bayram tariximiz va madaniyatimizning tarkibiy qismi sifatida asrlar osha bizni tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga undab kelgan”, dedi.

Rahbarlari birlashgan yurtlarning xalqlari ham do‘stlashadi. Bu isbotlangan haqiqat O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari Prezidentlarining Xo‘jandga safari, ularga keng quloch ochgan Tojikiston Prezidenti bilan muloqoti, xalqlar orasida do‘stlik iplarining chiyran bog‘lanishi misolida yanada kuchliroq, yangicha tus oldi.

Xo‘jandda qo‘shnilar – uch mamlakat xalqlari orasida mangu do‘stlik uchun chinakam zalvorli qadamlar tashlandi. Xo‘jand osmonida bejiz har uchala davlat Prezidentlari tasviri, har uchala mamlakat xaritasi yorqin nurlar sochmadi. Go‘yo mustaqil davlatlar xaritalariga ishora qilayotgan Prezidentlar bu dunyoda juda ko‘p muammolarni bartaraf etuvchi, kelishmovchiliklarni chetga surib tashlovchi, kutilmagan va kutilgan nizolarning oldini oluvchi qudratli kuch borligi haqida so‘zlayotgandek edi. Bu yengib bo‘lmas kuch – do‘stlikdir! Xo‘janddagi xalqaro Navro‘z endi O‘zbekiston va Qirg‘iz eli shaharlarida davom etajak!

O‘rinboy USMON,
Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zosi, adib
Xo‘jand shahri

“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-apreldagi 14-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596