21.07.2024 | 15:54
542
ADABIY DO‘STLIGIMIZ RAMZI EDI
Bir yigit qirq yilda bino bo‘ladi, deyishadi. Chin olim kamoloti uchun ham shuncha vaqt zarur. Olimning martabasini uning yozgan kitoblari, xolis dunyoqarashi, haqqoniy talqinlari, hamkasblarining e’tirofi belgilab beradi. Nazarimda, ozarbayjonlik atoqli adabiyotshunos va tarjimon Ramiz Asqar turkiyshunos olimlar orasida ana shunday yuksak martaba qozona olgan zahmatkash tadqiqotchi edi. Uning ozarbayjon va boshqa qardosh xalqlar adabiyoti sohasidagi ilmiy faoliyatining qamrovi nihoyatda kengligidan xabarim bor.

Ramiz Asqar barcha turkiy xalqlar adabiyoti namoyandalari xususida muqoyasali-e’tiborli so‘z ayta oladigan noyob adabiyotshunoslar sirasiga kirardi.
Bugun rasm zamoni, rasm urfda. Ijod ahlining so‘zi qadrli bo‘lgan mumtoz zamonlarda ular dastavval bir-birini asarlari orqali tanishar edi. Shu xayolda men Ramiz Asqarni dastlab yozgan asarlari, umumturkiy adabiyot tadqiqotchisi, mumtoz asarlarimizning mohir tarjimoni, o‘zbek adabiyotining Ozarbayjondagi do‘sti sifatida tanidim. Keyin Ashxobod shahridagi ulkan bir xalqaro anjumanda o‘zini uchratdim. Dildan muloqot qilib, birga rasmga ham tushdik…
Ramiz Asqar O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan navoiyxonlik, boburxonlik xalqaro anjumanlarining doimiy ishtirokchisi edi. Tarjimon-olim uch-to‘rt yil oldingi bir anjumanda ozarbayjon tilida to‘rt jildda nashr etilgan “Devoni lug‘otit turk”ni taqdim etdi. Tanaffus paytida yurtimizdagi turli oliy ta’lim muassasalaridan malaka oshirish uchun kelgan filolog-adabiyotshunos muallimlarga Ramiz Asqarni tanishtirdim. Suhbatimiz qizg‘in kechdi. Tinglovchilar havas qilishdi. O‘sha kezlarda u kishi “Qutadg‘u bilig”ni ozar tiliga tarjima qilayotgan ekan. Ilm qudrati, adabiy do‘stlik qadri haqida, Bobur xususida, ayriliq, diydor va sog‘inch to‘g‘risida hayajon bilan so‘zladi. O‘n-o‘n besh daqiqalik ayni gurungimiz auditoriyadagi mashg‘ulotlardan ko‘ra samaraliroq kechgan edi.
Har bir asar – ijodkor umr kitobining bir sahifasidir. Ramiz Asqar ijodida bunday zarrin sahifalar ko‘p. U o‘z adabiy-ilmiy faoliyati davomida juda sermahsul ishladi. O‘ndan ortiq kitob, yuzlab maqola yozdi. Turk dunyosi adiblarining qirqdan ortiq asarlarini ozarbayjon tiliga o‘girdi. Tarjimalar orasida o‘zbek adabiyoti alohida o‘rin tutadi. Dastlab u “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi”ni tuzib, ozarbayjon o‘quvchilariga taqdim etgan edi. Shundan keyin Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib asarlari, Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub”, “Xamsa” kitoblari, “Boburnoma”, Bobur va Husayniy “Devon”larini, zamonaviy adabiyotimizning bir qancha sara namunalarini qardosh ozar tiliga mahorat bilan tarjima qildi. O‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari, turk, turkman, qozoq, tatar, qirg‘iz adabiyoti bo‘yicha qator tadqiqotlar olib bordi. Shu e’tibordan bu nom nafaqat o‘zbek-ozarbayjon, balki umumturkiy adabiy aloqalari tarixida ham alohida o‘ringa ega.
Ramiz Asqar bir suhbatida “Boburnoma”ni shoh asar o‘laroq ta’riflar ekan, shunday fikrni aytadi: “Dunyoning ko‘pgina, hatto, g‘arb tillariga tarjima qilingan bu asarni ozarbayjon kitobxoni ham o‘z tilida o‘qib, bahramand bo‘lishi zamon talabi edi”. Darhaqiqat, “Boburnoma”ni ozarbayjon o‘quvchisi Ramiz Asqar tarjimasida o‘qish baxtiga erishdi.
Olim o‘zbek adabiyotini Ozarbayjon va umuman, turkiy xalqlar orasida targ‘ib qilish borasidagi ulkan xizmatlari uchun mamlakatimizning Bobur nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan, Navoiy davlat pedagogika instituti faxriy professori etib saylangan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zoligiga qabul qilingan edi. U kishi Navoiy shahrining faxriy fuqarosi sifatida har yili u yerda o‘tkaziladigan xalqaro navoiyxonlik anjumanlarida muntazam ishtirok etardi.
Ayniqsa, bundan bir necha yil burun muhtaram Prezidentimiz Farmoniga binoan Ramiz og‘a mamlakatimizning “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlanganida barchamiz chin dildan quvongan edik. Zotan, uzoq yillardan buyon o‘zga ellarda milliy adabiyotimizni beg‘araz, beta’ma targ‘ib etib kelayotgan kamtarin va kamsuqum insonning bunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rilishi madaniy hayotimizda o‘ziga xos voqea bo‘lgan edi.
Ramiz Asqarning ozarbayjon madaniyati va adabiyotini rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona faoliyati o‘z yurtida ham munosib bahosini olgan, xususan, u kishi tavalludining 70 yilligi munosabati bilan Ozarbayjon Respublikasining “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo‘lgan edi. O‘rni kelganda taniqli turkolog olim qardosh respublikalar hamda bir qator xalqaro tashkilotlarning nufuzli mukofotlariga loyiq ko‘rilganini ham e’tirof etish lozim.
Odam odamga g‘animat ekan. Bir yil oldin yozda Bokuda “O‘zbek-ozarbayjon adabiyoti va san’ati kunlari”da Ramiz og‘a bilan yana uchrashdik. Aniq esimda, Ozarbayjon Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan anjumanda so‘zlagan ma’ruzasida u kishi gapini “vazir” va “nozir” so‘zlari muhokamasidan boshlagan edi. Ramiz Asqar dillarni, ko‘ngillarni o‘zaro bog‘laydigan, turkiylarning olis tarixdagi adabiy manbalarini zamonamizga yaqinlashtiradigan so‘z zahmatkashi – mahoratli tarjimon, bilimdon olim edi. Uning e’tiroficha, “ilm dunyosi – bepoyon dengiz”. Ramiz Asqar ana shu dengizning tolmas g‘avvosi edi. Dur-javharlar izladi, topdi, terdi…
Odatda adabiy anjumanlarda o‘tgan ulug‘larning buyuk ishlari faxr bilan tilga olinadi, taqqoslanadi. Alisher Navoiy va uning xamsachilikdagi ijodi xususida gap borganida, albatta, Nizomiy Ganjaviy esga keladi. Vaqtida Alisher Navoiy hazratlari “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida turkiy tilning beqiyos imkoniyatini ko‘rsatib bergan bo‘lsa, shu yo‘lda ozarbayjonlik bir olim “Muqoyasat ul-lug‘atayn” kitobini yozgan ekan. Bu asar o‘zbek tiliga o‘girilishi lozim. Ramiz Asqar qatnashgan anjumanlarda shu kabi yangi va muhim ma’lumot hamda takliflar aytilar edi. Jadidlar zamonidan Abdurauf Fitrat asarlarini tarjima qilish taraddudida yurgan edi…
Bugun Ramiz Asqarni yodlab, u haqdagi fikrlarni o‘tgan zamon kesimida bayon qilmoqdamiz. Bundan bir oycha burun u kishi bu dunyoni tark etdi. Bu noxush xabar yurtimizda ham ko‘plab adabiyot muxlislarini, Ramiz Asqarni yaqindan taniydigan olim-u ijodkorlarni chuqur qayg‘uga soldi. Zotan, o‘zbek adabiyotining ozar eli, va umuman, turkiy dunyodagi tolmas targ‘ibotchisi bo‘lgan bu inson biz uchun nihoyatda qadrdon siymoga aylanib qolgan edi.
Ramiz Asqar… Mudom chehrasida nimtabassum akslanib, suhbatdoshiga muloyim, savolchan va o‘tkir boqadigan bu insonni aslo unutib bo‘lmaydi. Hali katta-katta ilmiy-adabiy yig‘inlarda, do‘st-u qadrdonlar davrasida uning o‘rni bilinadi, amalga oshirgan ezgu ishlari va yuksak insoniy fazilatlari ko‘p bor tilga olinadi. Taskin shuki, u kishining ruhiga rost yozganlaridan to qiyomatgacha savob yetib boradi. Shoir aytmoqchi, “Umrlar bo‘ladiki, o‘lgan odam tirikdir”.
Biz sizdan mingdan ming rozimiz, siz ham bizdan rozi bo‘ling, Ramiz og‘a!
Bahodir NURMUHAMMAD
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



